23 yildan so‘ng: "11 sentyabrь" hujumi tashkilotchisi o‘z aybiga iqror bo‘lishi kutilmoqda. U kim o‘zi?

O'qilish vaqti: 4 daq

2001 yil 11 sentyabrь seshanba kuni xudkush hujumchilar AQShning yo‘lovchi samolyotlarini egallab olib, ularni Nyu-Yorkdagi ikkita osmono‘par binoga urdi va minglab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi.

O‘sha kuni sodir bo‘lgan voqealar butun dunyo bo‘ylab chuqur oqibatlarga olib keldi.

Oradan yigirma uch yil o‘tgach, Xolid Shayx Muhammad va yana ikki kishi "11 sentyabrь" deb nomlanuvchi hujumni rejalashtirganlikda ayblanib, harbiy sudda o‘z aybiga iqror bo‘lishi kutilmoqda.

Hujum maqsadlari nimalar edi?

AQShning sharqiy qismida parvoz qilayotgan to‘rtta samolyot bir vaqtning o‘zida kichik guruhlar tomonidan o‘g‘irlandi.

Keyin ular Nyu-York va Vashingtondagi muhim binolarga qarshi ulkan boshqariladigan raketalar sifatida ishlatildi.

Ikki samolyot Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak minoralariga urildi, ikkinchi zarba birinchisidan 17 daqiqa o‘tgach sodir bo‘ldi.

Binolarga o‘t ketdi, yuqori qavatlarda odamlar qolib ketdi va shaharni tutun qopladi. Ikki soatdan kamroq vaqt ichida ikkala 110 qavatli minora ham ulkan chang bulutlari ichida qulab tushdi.

Uchinchi samolyot Pentagonning g‘arbiy qismini – AQSh harbiy kuchlarining poytaxt Vashington yaqinidagi ulkan shtab-kvartirasini vayron qildi.

To‘rtinchi samolyot yo‘lovchilar qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng Pensilvaniyadagi dalaga qulab tushgan. Taxminlarga ko‘ra, bosqinchilar Vashingtonning Kapitoliy binosiga hujum qilmoqchi bo‘lishgan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

11 sentyabrь hujumlarida qancha odam halok bo‘ldi?

Jami 2977 kishi (19 nafar hujumchini hisobga olmaganda) hayotdan ko‘z yumdi, ularning aksariyati Nyu-Yorkda.

• To‘rtta samolyotdagi barcha 246 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ldi

• Egizak minoralarda 2606 kishi vafot etdi – voqea paytida yoki keyinchalik olgan jarohatlar tufayli

• Pentagonda 125 kishi halok bo‘ldi

Qurbonlarning eng kichigi ikki yoshli Kristin Li Xanson, eng kattasi esa 82 yoshli Robert Norton bo‘lib, ular samolyot yo‘lovchilari edi.

Birinchi samolyot urilganda, minoralarda taxminan 17400 kishi bo‘lgan. Shimoliy minoradagi zarba zonasidan yuqorida hech kim omon qolmadi, ammo Janubiy minoradagi zarba zonasidan yuqoridagi qavatlardan 18 kishi qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan.

Qurbonlar orasida 77 ta turli davlat fuqarolari bor edi. Nyu-York shahri 441 nafar birinchi yordam ko‘rsatuvchi xodimini yo‘qotdi.

Minglab odamlar jarohatlandi yoki keyinchalik hujumlar bilan bog‘liq kasalliklarni boshdan kechirdi, jumladan, zaharli qoldiqlar orasida ishlagan o‘t o‘chiruvchilar ham.

11 sentyabrь hujumchilarini kimlar edi?

"Al-Qoida" nomi bilan tanilgan islomiy ekstremistik tarmoq hujumlarni Afg‘onistondan turib rejalashtirgan.

Usoma bin Laden boshchiligidagi al-Qoida AQSh va uning ittifoqchilarini musulmon dunyosidagi falokatlarda aybladi.

Besh kishidan iborat uchta guruh va to‘rt kishidan iborat bitta guruh – jami o‘n to‘qqiz kishi edi (Pensilvaniyada halokatga uchragan samolyotda) bo‘lib samolyotlarni olib qochishni amalga oshirdi.

Har bir guruhga uchuvchilik ta’limini olganlar kiritilgan edi. Bu ta’lim AQShning o‘zidagi uchuvchilik maktablarida olingan.

O‘n besh qotil bin Laden kabi saudiyalik edi. Ikkitasi Birlashgan Arab Amirliklaridan, bittasi Misrdan va yana biri Livandan edi.

AQSh 11 sentyabrь voqealari uchun qanday javob qaytardi?

Hujumlardan bir oy o‘tar-o‘tmas, prezident Jorj Bush xalqaro koalitsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda Al-Qoidani yo‘q qilish va bin Ladenni qo‘lga olish maqsadida Afg‘onistonga bostirib kirdi.

Biroq AQSh qo‘shinlari bin Ladenni faqat 2011 yilda qo‘shni Pokistonda topib o‘ldirdi.

11 sentyabrь hujumlari tashkilotchisi deb taxmin qilinayotgan Xolid Shayx Muhammad 2003 yilda Pokistonda hibsga olingan.

"Al-Qoida" hali ham mavjud. U Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada eng kuchli, ammo hozir ham Afg‘oniston ichida a’zolarga ega.

AQSh qo‘shinlari deyarli 20 yildan so‘ng, 2022 yilda Afg‘onistonni tark etdi, bu esa ko‘pchilikda islomiy tarmoqning yana qaytib kelishi mumkinligidan xavotir uyg‘otdi.

Xolid Shayx Muhammad kim?

Prokurorlar uni 11 sentyabrь voqealari bosh rejachisi deb hisoblaydilar. U o‘g‘irlangan samolyotlar g‘oyasini Bin Ladenga taqdim etgan va keyinchalik uchuvchilarni yollashga ko‘maklashgan.

U Quvaytda tug‘ilgan bo‘lib, AQShda muhandislik bo‘yicha tahsil olgan, so‘ngra 1980 yillarda Afg‘onistonda jang qilgan.

Hatto 11 sentyabrь voqealaridan oldin ham FQB uning izidan tushgan, chunki ular uni boshqa portlashlar va bartaraf etilgan hujumlar ortida turgan deb hisoblashgan.

2006 yilda, qo‘lga olinganidan uch yil o‘tgach, u Kubadagi Guantanamo ko‘rfazidagi AQSh harbiy-dengiz bazasiga yuborildi va o‘shandan beri u yerda saqlanmoqda.

O‘sha davrda uni sudga tortilmaganining asosiy sabablaridan biri, unga nisbatan qo‘llanilgan shafqatsiz so‘roq usullari ayblov tarafining ishini barbod qilishi mumkinligidan qo‘rqish edi.

Hozirda u va u yerda saqlanayotgan yana ikki kishi aybnomada ko‘rsatilgan 2976 kishini o‘ldirishda aybdorligini tan olishga rozi bo‘lishdi. Buning evaziga ularga o‘lim jazosi tayinlanmaydi.

Boshqa ikki kishi – Valid Muhammad Solih Muborak Bin Attosh va Mustafo Ahmad Adam al-Havsaviydir.

11 sentyabrda halok bo‘lganlarning ba’zi qarindoshlari bu kelishuvdan g‘oyat norozi bo‘lib, uni jinoyatchilarning g‘alabasi deb baholashmoqda.

11 sentyabrь voqealarining qanday oqibatlari bo‘ldi?

11 sentyabrь hujumlaridan keyingi yillarda butun dunyo bo‘ylab parvozlar xavfsizligi kuchaytirildi.

AQShda aeroportlar va samolyotlarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Transport xavfsizligi boshqarmasi tashkil etildi.

"Ground Zero" – qulab tushgan egizak minoralar joylashgan hududni tozalash uchun sakkiz oydan ortiq vaqt sarflandi.

Hozirda bu yerda xotira majmuasi va muzey barpo etilgan, binolar esa yangi loyiha asosida qayta qurilgan.

Markaziy inshoot – One World Trade Center yoki "Ozodlik minorasi" balandligi 541 metr bo‘lib, qulagan avvalgi Shimoliy minoradan ham balandroqdir.

Pentagondagi qayta qurish ishlari bir yildan kamroq vaqtni oldi, xodimlar 2002 yil avgustga kelib o‘z ish joylariga qaytishdi.