Turkiya: Minglab odamlar namoyishlarga chiqishmoqda. Gap Imomo‘g‘lidami yoki Erdo‘g‘anda - Video

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jeyms Gregori
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 4 daq
Turkiya bo‘ylab o‘n minglab odamlar Istanbul meri Akram Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi norozilik bildirmoqda – u Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning asosiy siyosiy raqibi hisoblanadi.
Namoyishchilar ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘qlar bilan nishonga olinib, yaqin o‘n yilda ko‘rilmagan tartibsizlikka aylandi.
Turkiya hal qiluvchi pallada turibdimi yoki muxolifat endi nima qilmoqchi - videomizni tomosha qiling:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Norozilik namoyishlariga nima sabab bo‘ldi?
19 mart kuni Istanbulda Akram Imomo‘g‘lining hibsga olinishi norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.
Bu voqea Imomo‘g‘lining dunyoviy Respublika xalq partiyasi (CHP)dan prezidentlik sayloviga nomzod sifatida saylanishidan r necha kun oldin sodir bo‘ldi. Yakshanba kuni u qamoqxonada bo‘lgan holda ramziy ovoz berish natijasida 2028 yilgi saylov uchun partiya nomzodi sifatida tasdiqlandi.
Prokurorlar Imomo‘g‘lini korruptsiyada ayblamoqda, u esa bu ayblovlarni rad etmoqda. Tergov doirasida 100 dan ortiq kishi hibsga olingan.
Yakshanba kuni u rasman hibsga olinib, unga "jinoiy tashkilot tuzish va boshqarish, pora olish, tovlamachilik, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy yozib olish va tenderni soxtalashtirish" ayblovlari qo‘yildi. Shuningdek, u Istanbul meri lavozimidan chetlashtirildi.
Uning CHP partiyasi bu hibsni "keyingi prezidentimizga qarshi to‘ntarish" deb baholadi va tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.

Surat manbasi, Getty Images
Istanbuldagi bir necha universitet talabalari "Biz qo‘rqmaymiz, jim turmaymiz, bo‘ysunmaymiz" deb shiorlar aytib namoyish o‘tkazdi – bu Turkiyada muxolifatchilari orasida mashhur bo‘lgan shiordir.
Dastlab, Istanbul kabi 16 million aholiga ega shahar uchun namoyishlar nisbatan kichik miqyosda bo‘ldi.
Biroq, bu namoyishlar keyinchalik Turkiyaning boshqa o‘nlab shaharlariga tarqaldi va oxirgi o‘n yil ichida kuzatilmagan darajaga yetdi.
Namoyishlar asosan tinch o‘tmoqda, lekin politsiya tomonidan suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatilgan holatlar ham kuzatilmoqda.
So‘nggi oylarda muxolifatchi siyosatchilar, jurnalistlar va san’at ahliga qarshi katta miqyosda bosimlar o‘tkazilayotgandi.
Ayrim namoyishchilar bu noroziliklar nafaqat Imomo‘g‘lini himoya qilish, balki Turkiyaning tobora avtokratik tuzumga og‘ishi, iqtisod va sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni ham ko‘tarishini ta’kidlashmoqda.
Kimlar namoyish o‘tkazmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi chiqayotganlarning ko‘pchiligi universitet talabalaridir.
Chorshanba kuni Istanbul universiteti oldida talabalar yig‘ilib, politsiya to‘sig‘ini buzib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi va shahar meriyasi joylashgan Sarchane hududiga yo‘l oldi.
Payshanba kuni ham Istanbuldagi bir necha universitet shaharchalarida namoyishlar o‘tkazildi va keyinchalik ko‘chalarga tarqaldi.
Turkiya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar boshlanganidan beri 1,100 dan ortiq kishi hibsga olingan.
Har safar Erdog‘anga kuchli raqib chiqsa, uni qamashadi. Turkiyada hozir diktatura hukm suryapti, boshqa hech narsa yo‘q
Shuningdek, Istanbul va Izmirda namoyishlarni yoritgan kamida 10 nafar jurnalist politsiya tomonidan hibsga olindi.
Yakshanba kuni CHP partiyadan prezidentlik nomzodi uchun ovoz berish jarayonini davom ettirdi. Tarafdorlar ramziy ovoz berishda Imomo‘g‘liga ovoz berdilar.
Istanbul shahar meriyasi oldida ovoz bergan 29 yoshli Ferhat AFP agentligiga shunday dedi:
"Har safar Erdog‘anga kuchli raqib chiqsa, uni qamashadi. Turkiyada hozir diktatura hukm suryapti, boshqa hech narsa yo‘q".
70 yoshli Shukru Ilker esa namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashishni xohlamayotganini, faqat saylangan nomzodni himoya qilish uchun chiqqanini ta’kidladi.
63 yoshli dorixonachi Ayten Oktay esa:
"Turkiya uyg‘ondi. Biz huquqlarimizni oxirigacha himoya qilamiz," – dedi.
Turkiya hukumati qanday javob qaytarmoqda?
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an namoyishlarni qoralab, hukumat "vandalizm" yoki "ko‘cha terrorizmi" oldida taslim bo‘lmasligini aytdi.
"Jamoat tartibini buzishga yo‘l qo‘ymaymiz," – dedi u.
Turk hukumati ommaviy yig‘ilishlarni ta’qiqladi, lekin bu namoyishchilarni to‘xtata olmadi.
Erdog‘an va uning ma’muriyati Imomo‘g‘lining hibsga olinishi siyosiy sabablarga bog‘liq emasligini ta’kidlab, Turkiya sud tizimi mustaqil ekanini aytmoqda.
Turkiya prezidenti CHP korruptsiya ayblovlariga aniq javob bermaganini va partiya rahbari O‘zgur O‘zelni ko‘chalarda tartibsizlik chiqarishda aybladi.
Dushanba kuni Yevropa Komissiyasi Turkiyani "Yevropa Kengashi a’zosi va YeIga nomzod davlat sifatida demokratik qadriyatlarga rioya qilishga" chaqirdi.
Erdog‘an qachondan beri hokimiyatda?

Surat manbasi, Getty Images
Erdog‘an 22 yildan buyon hokimiyatda bo‘lib, Turkiyaning Islomga moyil Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) asoschisi sifatida bosh vazir va prezident lavozimlarini egallab kelmoqda.
Konstitutsiyaga ko‘ra, u konstitutsiyani o‘zgartirmasa, 2028 yilgi saylovda nomzod bo‘la olmaydi.
2016 yilda Erdog‘an va uning hukumati Istanbul va Anqarada 256 kishi halok bo‘lgan davlat to‘ntarishiga urinishdan omon qolgan.
Tarafdorlari uni yillar davomida iqtisodiy o‘sishni ta’minlagan yetakchi deb biladi. Ammo tanqidchilari uni muxolifatga toqatsiz va mustabid hokim deb hisoblaydi.












