Tojikiston YeI sanksiyalaridan chuqur xavotir va afsusda

8 oktyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Dushanbe aeroportida kutib oldi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, 8 oktyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Dushanbe aeroportida kutib oldi
O'qilish vaqti: 4 daq

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning uchta banki Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi joriy etilgan eng oxirgi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan bayonot e’lon qildi.

YeIning so‘nggi qadamidan Tojikiston "chuqur xavotirda" deyiladi 1 noyabr kuni e’lon qilingan bayonotda.

"Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning ayrim banklari mazkur sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan chuqur xavotirda va afsus bildiradi.

Tojikiston Respublikasi o‘zining xalqaro majburiyatlariga qat’iy rioya qilib keladi va sanksiya choralarini chetlab o‘tish bilan bog‘liq xavf-xatarlarni birgalikda oldini olish maqsadida xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor.

Tojikiston Respublikasi Hukumati yuzaga kelgan vaziyatni har tomonlama o‘rganayapti va kuzatib borayapti, shuningdek, ushbu sanksiyalar orqali kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni eng kam darajaga tushirish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda", deyiladi bayonotda.

Tojikistonning uchta banki - "Cpitamen", Dushanbe City Bank va Tojikiston Tijorat banki - "Sarmoyaguzorӣ bonki Toҷikiston" Yevropa Ittifoqining 2025 yil 23 oktyabr kuni Rossiyaga qarshi qabul qilgan 19-sanksiyalari paketiga kiritildi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston, Birlashgan Arab Amirliklari va Gonkongdagi sakkiz bank va neft savdogarlariga pul o‘tkazmalari taqiqini joriy etdi.

Iqtisodiy jazo choralarini A7A5 deb nomlangan kripto valyutaga va bu steblkoynni ta’sis etgan Qirg‘izistondagi shirkatga qarshi kiritishga ham qaror qilindi, chunki YeIga ko‘ra, Rossiya o‘ziga qarshi kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish maqsadida kripto valyutalardan ham foydalanayapti, A7A5 Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini moliyalashning ko‘zga ko‘ringan vositasiga aylangan.

Shuningdek, Belarus va Qozog‘istondagi to‘rtta bank ham Rossiyadagi xabar uzatish va to‘lov tizimiga bog‘langanlari uchun ularga qarshi tranzaktsiya taqiqi kiritildi.

2 noyabr kuni Turkiya neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya nefti xarididan voz kechishlari haqida e’lon qildilar.

31 oktyabr. Rossiya: "Lukoyl" Tramp sanksiyalariga chap berishning yo‘lini topdimi? Uning O‘zbekistondagi aktivlariga nima bo‘ladi?

Muxtamalan, Lukoilning qaysidir yig‘ilishidan rasm

Surat manbasi, Getty Images/Anadolu

Rossiyaning yirik neftь kompaniyasi "Lukoyl" 2025 yil 30 oktabr kuni o‘zining xorijdagi sho‘ba korxonasini neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi "Gunvor Group" ga sotishga kelishganini e’lon qildi. Bu muhim qaror AQSh tomonidan joriy etilgan cheklovlar va sanksiyalar fonida qabul qilindi.

Kompaniya boshqa xaridorlar bilan muzokara olib bormaslik majburiyatini olgan.

Bu qaror sanksiyalarining bevosita natijasidir. AQSh prezidenti Donald Tramp 23 oktabr kuni Rossiyaning yirik neft kompaniyalari, jumladan "Lukoyl" va "Rosneft" hamda ularning sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar e’lon qilgan edi.

Boshqa yo‘l bormidi?

BBC Rus xizmati tahliliga ko‘ra, AQSh sanksiyalari Lukoylning xalqaro faoliyatini deyarli imkonsiz qiladi, chunki sanksiyalar Amerika banklaridagi hisoblarni bloklaydi, va bu kompaniyalar bilan hamkorlik qilgan har qanday biznes ikkinchi darajali sanksiyalar xavfiga duch keladi.

Rejalashtirilgan ushbu sotish Ukrainadagi urush tufayli G‘arb sanksiyalari joriy etilganidan so‘ng Rossiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan eng muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Bitimning asosiy shartlari kelishilgan bo‘lsa-da, yakuniy shartnoma bir nechta talablar bajarilishiga bog‘liq. Eng muhim talab - "Gunvor Group" AQSh Moliya vazirligining Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasidan (OFAC) ruxsat olishi, shuningdek, boshqa mamlakatlarda ham litsenziyalar talab qilinishi mumkin.

Xaridor haqida

"Gunvor Group" kompaniyasi shved tadbirkor Torborn Tornkvist va rossiyalik biznesmen Gennadiy Timchenko tomonidan asos solingan. Timchenko Vladimir Putinning yaqin doiralariga mansub shaxs sifatida tanilgan.

Timchenko 2014 yilda o‘z ulushini Tornkvistga sotgan, bu orqali kompaniya sanksiyalardan qochishga harakat qilgan.

AQSh Moliya vazirligi ilgari Rossiya prezidenti "Gunvor" da "investitsiyalarga ega" va "kompaniya mablag‘lariga kirish imkoniga ega bo‘lishi mumkin" degan da’volarni ilgari surgan, "Gunvor" esa bu ayblovlarni rad etgan.

"Gunvor" hozirda Tornkvist kompaniyaning taxminan 86 foiziga egalik qilayotganini, qolgan ulush esa xodimlarga tegishli ekanini bildirgan. Kompaniya "Rossiyaga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi" va Rossiya nefti bilan savdoni ancha oldin to‘xtatganini ta’kidlagan.

O‘zbekistonga ta’siri qanday bo‘ladi?

Neft quvurlari yig‘ilmasiga o‘xshash joy

Surat manbasi, Getty images/anadolu

Biroq, "O‘zbekneftgaz" raisi Bahodir Siddiqov Gazeta.uz ga 29 oktabrda bergan intervyusida "Lukoyl"ning O‘zbekistondagi aktivlarini sotib olish masalasi hozircha kun tartibida emasligini aytdi. U AQSh Moliya vazirligining 22 oktabrda "Lukoyl" va uning sho‘ba korxonalari bilan operatsiyalarni 21 noyabrgacha to‘xtatish bo‘yicha bergan muddati haqida fikr bildirar ekan, shunday dedi: "Hozircha aktivlarni sotib olish masalasi kun tartibida emas, deb o‘ylayman. Lukoilning pozitsiyasini ham tez orada eshitamiz. 21 noyabrgacha narx bo‘yicha kelishish - bu juda qisqa muddat. Masalan, agar men o‘sha holatda bo‘lganimda, men ham sotmagan bo‘lardim."

Siddiqovning aytishicha, "Lukoyl" xalqaro loyihalarini davom ettirish uchun litsenziyalarni uzaytirishga harakat qilishi mumkin, ammo bu AQSh rasmiylari bilan uzoq muzokaralarni talab qiladi. U sanksiyalar "Lukoyl"ning O‘zbekistondagi faoliyatiga, jumladan moliyaviy operatsiyalarga ta’sir qilishi muqarrar ekanini tan oldi. "Ammo biz barcha variantlarni ko‘rib chiqamiz," dedi u Gazeta.uz ga.

"Lukoyl" O‘zbekistonning yoqilg‘i va energetika sohasidagi eng yirik xorijiy investorlaridan biri bo‘lib, 2024 yilda umumiy investitsiyalari 10 milliard dollardan oshgan.

O‘zbekistondagi nufuzli internet nashrlarning aytishicha, "Lukoyl" O‘zbekistonda "O‘zbekneftgaz" dan keyin ikkinchi yirik gaz ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. 2024 yil 1 iyunga kelib, kompaniyaning jami gaz ishlab chiqarishi 134,4 milliard kub metrga yetgan.

Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ham boshqaradi.

Saytning yozishicha, "Lukoyl" hozircha qaysi aktivlarini sotmoqchi ekanini yoki sanksiyalar O‘zbekistondagi loyihalariga qanday ta’sir qilishini aniqlamagan.