O‘zbekiston: Tibbiyotda sun’iy aqlni rivojlantirayotgan dasturchi qiz

O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekistonlik IT mutaxassisi Dildoraxon G‘anieva tibbiyotda tashxis qo‘yishni osonlashtirishga mo‘ljallangan startap ustida ishlayapti. Uning nomi – Aortavision.

To‘rt yildan beri O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida ishlab kelayotgan Dildoraxonga ko‘ra, sun’iy aql tibbiyotda keskin burilishlar qilish salohiyatiga ega.

BBC undan avvalo Aortavision g‘oyasi unda qaerdan paydo bo‘lgani haqida so‘radi.

G‘anieva: Hozirgi vaqtda men rivojlantirayotgan Aortavision nomli loyiha sun’iy aql, ya’ni AI yordamida tibbiy tasvirlarni tahlil qilishga qodir bo‘ladi.

Asosiy texnologiyamiz tibbiy tasvirlarni tezkor va aniq tahlil qilish uchun takomillashtirilgan mashinaviy o‘qitish algoritmlaridan foydalanadi. Namunalar va anomaliyalarni aniqlash orqali biz sog‘liqni saqlash muassasalariga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish uchun asosli qarorlar qabul qilish imkonini beramiz.

Bu g‘oya pandemiya paytida, menda yallig‘lanish yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun o‘zim o‘pkaning MSKT tekshiruviga borishimga to‘g‘ri kelganida paydo bo‘ldi. Shifokor suratimni uzoq vaqt ko‘zdan kechirib, taxminan 5-10 foiz o‘pkam zararlangani haqida xulosa yozdi. Shunda menga 5 va 10 foiz o‘rtasidagi oraliq juda katta bo‘lib tuyuldi va menda "Aniqroq raqamlarni olishning boshqa usuli bormikan?" degan savol paydo bo‘ldi.

Men dasturchi bo‘lganim sababli, har doim sun’iy intellekt sohasida o‘zimni sinab ko‘rishga qiziqqanman. Shunday ekan, bu loyiha jamiyatga foyda keltiradigan kasbiy rivojlanishning ajoyib usuli deb qaror qildim. Avvaliga bu qo‘rqinchli edi, chunki bilaman, noto‘g‘ri natijalar yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin va birovning hayoti uchun javobgarlik juda katta, lekin kelajakda afsuslangandan ko‘ra, hozir o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim.

BBC: Tibbiyotda sun’iy aql shu paytgacha qanday muvaffaqiyatlarga erishdi?

G‘anieva: Sun’iy aql allaqachon tibbiyotda muhim rol o‘ynamoqda va undan foydalanish kengayishda davom etmoqda. Quyida undan muvaffaqiyatli foydalanishning bir nechta misollari keltiraman:

  • Kasalliklarni tashxislash: sun’iy aql kasallikni erta bosqichlarda aniqlashga yordam beradi. Mashina o‘rganish algoritmlari rentgen, MRT yoki KT kabi tibbiy tasvirlarni tahlil qiladi va patologik o‘zgarishlarni, shu jumladan o‘smalarni yuqori aniqlik bilan aniqlaydi. Bu onkologiyada ayniqsa muhim, chunki o‘z vaqtida tashxis qo‘yish inson hayotini saqlab qolishi mumkin;
  • Yangi dori vositalarini ishlab chiqish: dori vositalarini yaratish ko‘p vaqtni oladi va katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Sun’iy intellekt moddalarning hujayralar bilan o‘zaro ta’sirini modellashtirish va mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlarni bashorat qilish orqali bu jarayonni tezlashtiradi;
  • Virtual yordamchilar: chat-botlar va boshqa AI-assistentlar bemorlarga qabulga yozilish, maslahatlar va dori-darmonlarni qabul qilish haqida eslatmalar olishda yordam beradi. Bu tibbiyot xodimlari yelkasidagi yuklamani kamaytiradi va tibbiy xizmatlarni yanada arzonlashtiradi;
  • Shaxsiylashtirilgan davolash: genetik ma’lumotlar, kasallik tarixi va boshqa omillar asosida sun’iy aql individual davolash rejalarini ishlab chiqadi. Masalan, u saraton kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda eng mos davolash sxemalarini tanlaydi;

BBC: Yosh ayol sifatida IT sohasini o‘rganish va undagi bugungi raqobat sizga qanchalar oson yo qiyin tuyuladi?

G‘anieva: IT ayollar uchun qiyinroq degan stereotip mavjud. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, katta qiziqish va qobiliyat bilan bu sohada har qanday yuksaklikka erishish mumkin. Universitetda o‘qiyotganimda, boshida men o‘zimga butun oqimdagi eng ahmoq talaba bo‘lib tuyulgandim, lekin bir muncha vaqt o‘tgach, bularning barchasi bizning o‘zimizdagi qo‘rquv va yolg‘on e’tiqodlarimiz ekanligini angladim. Yaxshi akademik natijalar uchun stipendiya olganimdan so‘ng, hammasi mening qo‘limda ekanligini o‘zimga isbotladim.

Bitiruv arafasida men xalqaro kompaniyaga dasturchi sifatida ishga joylashdim va juda qimmatli tajribaga ega bo‘ldim. Men backend yo‘nalishini tanlaganimdan hamma hayron bo‘ldi, chunki ko‘p hollarda qizlar frontend yoki loyiha boshqaruvini tanlaydilar. Avvaliga to‘liq erkaklar jamoasiga qo‘shilish biroz qiyin bo‘lishi mumkin, ammo biroz vaqt o‘tgach, aksincha, sizga ehtiyotkorroq munosabatda bo‘lishlarini va har qanday qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga harakat qilishlarini tushunasiz.

Mening har bir qizga yetkazmoqchi bo‘lgan shiorim shuki, eng muhimi - bu sizning mahoratingiz va professionalligingizga bog‘liq, jamiyatda mavjud afsonalarga ishonmang.

BBC: O‘zbekistonda yaxshi IT mutaxassisi bo‘lib yetishish mumkinmi?

G‘anieva: Albatta! Hozirda IT mutaxassislari uchun o‘zbek tilidagi dasturchilar bepul kurslaridan tortib, ushbu sohadagi startaplar uchun inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarigacha bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar mavjud.

Agar siz nimadan boshlashni yoki kim bilan maslahatlashishni bilmasangiz, unda IT Community, Women In Tech va boshqa turli hamjamiyatlarga qo‘shilish orqali O‘zbekistondagi barcha tadbirlar va seminarlardan xabardor bo‘lishingiz, shuningdek, hamfikrlar bilan tanishishingiz mumkin. Chunki bu sohada netvorking juda muhim.

Yuqorida aytganimdek, hamma narsa sizning qo‘lingizda va agar siz haqiqatan ham xohlasangiz, katta muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin.

Telegram kanalimiz: