Kartoshka qimmatchiligi: nega zamini hosildor O‘zbekiston hamon importga qaram?

O‘zbekiston bozorlaridan birida poliz mahsulotlari

Surat manbasi, Gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Qish mavsumida O‘zbekiston bozorlari mo‘l-ko‘lchiligini ta’minlash rahbarlar uchun haligacha mushkul ish bo‘lib turipti.
O'qilish vaqti: 4 daq

Rasmiy idoralarning yetarli zaxira g‘amlangani haqidagi hisobotlariga qaramasdan, oddiy o‘zbekistonliklar yana bir "anomal" vaziyatning guvohi bo‘lmoqdalar, "chaqib oladigan" kutilmagan narxlar haqida o‘ylanib qolganlar: butun O‘zbekiston bozorlarida kartoshkaning narxi sapchib ketdi.

Bu Kovid zamonida mamlakatning o‘zi uchun yetarli mahsulotlarni g‘amlab qo‘yish tajribasi yo‘lga qo‘yilgani, hukumatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash haqidagi ko‘p yillik hujjatlari va raportlari, yangi O‘zbekiston faqat paxta va bug‘doy ekmasdan, boshqa meva hamda sabzavot mashulotlarini yetishtirishga kirishgani haqidagi balandparvoz bayonotlarga qaramasdan.

Xulosa shuki, Sovet komsomolining ma’muriy-buyruqbozlik usulidagi "bo‘l" degan siyosati bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.

Aloqador mavzular

Qishloq xo‘jaligi vazirligining jamoatchilikni tinchlantirish maqsadidagi O‘zbekiston o‘z ehtiyoji uchun yetarli 4 million tonna kartoshka omborlarda saqlanayotgani haqidagi bayonoti ish berdimi?

Qarshi shahri yashovchilari ham, poytaxt Toshkentning mashhur "Chorsu" yoki rasmiy "Eski Jo‘vasi", Farhodu Yunusobod bozorlari xaridorlari bir hafta oldingi kilosi 6000-7000 so‘mlik kartoshka 10000 so‘m va undan yuqori sotilayotganining guvohi bo‘layaptilar, mas’ul idoralarning narxlarni tushirish maqsadidagi reydlari faqat o‘sha vaqtdagina "effekt" berayapti.

Bunda odamlarning rasmiy tashkilotlar beradigan axborotga naqadar ishonishlari omili ham muhim rol o‘ynashini eslatish joiz.

Sohani biladiganlar rasman e’lon qilinayotgan raqamlarni shubha ostiga oladilar.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Kartoshka importiga qaramlik

Qozog‘iston chetga kartoshka eksportini taqiqlagani ortidan O‘zbekiston bozorlarida ham kartoshka yanada qimmatladi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda kartoshka nega qimmatlagani sababini ochiqlagani yo‘q, aftidan, vazirlik bayonoti jamoatchilikni tinchlantirish maqsadini ko‘zlagan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, mamlakatning yillik 4 million tonna kartoshka talabi ichki yetishtirish va import orqali qondirilayapti.

2024 yili O‘zbekiston dalalarida 3,7 million tonna kartoshka yetishtirilgan.

Shundan 2,7 million tonnasi asosiy mavsumdagi hosildan, yana 1 million tonnasi ikkilamchi hosildan olingan.

"Umumiy ishlab chiqarishning 3 million tonnasi ichki iste’molga yo‘naltiriladi, shundan 2, 25 million tonnasi 2024 yil aprel-oktyabr oylari orasida asosiy hosildan iste’mol qilinadi va 750 ming tonnasi 2024 yil noyabr - 2025 yil aprel oylari orasida ikkilamchi hosildan iste’mol qilinadi", deb bayonot berdi vazirlik.

O‘zbekiston Statistika agentligining 2024 yil 11 oyiga oid ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga 627000 tonna kartoshka 52,6 million dollarga sotib olib kelingan.

O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumoti

Surat manbasi, Telegram Statistika rasmiy kanali

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston kartoshka importining 74, 2 foizi yoki 465 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Rasman xabar berilishicha, potentsial tanqislik oldini olish uchun O‘zbekiston delegatsiyasi O‘simlik karantini va himoya qilish agentligi rahbari Ibrohim Ergashev boshchiligida dekabr oyining oxirida Eron va Pokistonga borgan.

2025 yil yanvar-may oylari orasida Eron va Pokistondan 100000 tonnadan kartoshka import qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston dehqon bozorlaridagi narxlarni barqaror ushlab turish choralarini ko‘rganini xabar qiladi.

Bunga 239200 tonna saqlab qo‘yilgan kartoshkani ichki bozorlarga tizimli ravishda chiqarish kiradi, har 10 kunda 15000-25000 tonnani tarqatish mo‘ljallangan.

"Fitosanitar talablarga muvofiq Afg‘onistondan qo‘shimcha import rejalashtirilgan", deb bayon qildi vazirlik.

"Yanvar oyida Surxondaryo viloyatida 7500 gektar va fevral oyida barcha viloyatlarda (Qoraqalpog‘iston va Xorazm bundan mustasno) 28500 gektar maydonga ekish rejalashtirilgan. Bu aprel oyida 70000 tonna va may oyida 450000 tonna hosil olishni kutish mumkin", deb e’lon qildi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov yozishicha, 3-17 yanvar oralig‘ida kartoshka ulgurji narxlari 6200 so‘mdan 7000 so‘mgacha (0, 52 dollardan 0, 58 dollargacha) yoki 12, 9% ko‘tarilgan.

"Raqobat qo‘mitasi Toshkent bozorlarida kartoshka narxini kuzatib borishni boshladi, bu yerda ulgurji narxlar oligarxlar tomonidan hali egallab olinmagan bozorlarda hatto 8000 so‘m yoki 0, 67 dollargacha yetdi", deb yozdi bakiroo o‘zining Telegram kanalida.

"Bu keskin narx oshishi kuzgi kartoshka 2000 so‘mga juda arzon bo‘lib qolgan davrda sodir bo‘ldi va ko‘plab fermerlar yoqilg‘i, o‘g‘it va transportning qimmatlashuvi tufayli ekishdan bosh tortdilar. Samarali xarid qilish va aralashuv tizimining yo‘qligi muqarrar ravishda bunday narx beqarorligiga olib keladi", deb qo‘shimcha qildi iqtisodchi.

"... kartoshka xalqning ikkinchi noni, oshayotgan kartoshka narxi bo‘yicha darhol o‘rganishlar boshlagani xursand qiladi", deb yozdi Otabek Bakirov.

O‘tgan yili O‘zbekistondan piyozni tashqariga chiqarish taqiqlanganini rasmiylar rad etdilar.

Ammo millionlab so‘mga urug‘lik piyoz sotib olib, piyoz dalada yetishgan kunlarda narxi yerga urib yuborilgani oqibatida sotolmay qolgan dehqon va fermerlar juda ko‘p moliyaviy yo‘qotishlarga duch keldilar.

Buyam samarasiz boshqaruv oqibatlaridan biridir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating