Tug‘ilish misli ko‘rilmagan darajada kamaymoqda - bu yaxshimi yo yomon?

UNFPA 14 mamlakatda 14 ming kishi o‘rtasida ularning farzand ko‘rish bo‘yicha rejalari haqida so‘rovnoma o‘tkazgan. Har besh kishidan biri o‘z xohlagancha farzand ko‘rmaganini yoki ko‘ra olmasligini aytgan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, UNFPA 14 mamlakatda 14 ming kishi o‘rtasida ularning farzand ko‘rish bo‘yicha rejalari haqida so‘rovnoma o‘tkazgan. Har besh kishidan biri o‘z xohlagancha farzand ko‘rmaganini yoki ko‘ra olmasligini aytgan.
    • Author, Stephanie Hegarty
    • Role, BBC muxbiri
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Namrata Nangiya va uning urmush o‘rtog‘i besh yoshli qizlari tug‘ilgandan beri yana bir farzandli bo‘lish haqida o‘ylashadi. Ammo bu fikr har safar bir savolga kelib taqaladi: "Bunga qurbimiz yetadimi?"

Namrata Mumbayda yashaydi va farmatsevtika sohasida ishlaydi, eri esa shina kompaniyasida mehnat qiladi. Lekin bitta bolaning o‘zi anchayin xarajat talab qiladi – maktab to‘lovi, maktab avtobusi, suzish mashg‘ulotlari, hatto oddiy shifokorga borish ham qimmatga tushadi.

Namrataning bolaligida bu boshqacha edi. "Biz shunchaki maktabga borardik, hech qanday to‘garaklar yo‘q edi. Hozir esa bolani suzishga olib borish kerak, chizishga yuborish kerak, yana nimaga qiziqishini aniqlash kerak."

BMTning Aholi jamg‘armasi (UNFPA), BMTning reproduktiv huquqlar bo‘yicha agentligi yaqinda e’lon qilgan hisobotida Namrataning hozirgi ahvoli dunyo bo‘ylab tobora keng tarqalayotgan holat ekani aytiladi.

UNFPA tug‘ilish darajasi pasayishi bo‘yicha hozirgacha eng qat’iy ogohlantirishini berdi: yuz millionlab odamlar istagancha farzandli bo‘la olmayapti. Bunga ota-onalikning haddan ortiq qimmatga tushayotgani va munosib umr yo‘ldoshi topilmasligi sabab bo‘layotgani ta’kidlanadi.

Agentlik 14 mamlakatda 14 ming kishi o‘rtasida ularning farzand ko‘rish bo‘yicha rejalari haqida so‘rovnoma o‘tkazgan. Har besh kishidan biri o‘z xohlagancha farzand ko‘rmaganini yoki ko‘ra olmasligini aytgan.

So‘rov o‘tkazilgan davlatlar – Janubiy Koreya, Tailand, Italiya, Vengriya, Germaniya, Shvetsiya, Braziliya, Meksika, AQSh, Hindiston, Indoneziya, Marokash, Janubiy Afrika va Nigeriya – dunyo aholisining uchdan bir qismini tashkil etadi.

Bu ro‘yxatda turli darajadagi daromadga ega, past va yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichli mamlakatlar bor. UNFPA nafaqat yoshlardan, balki tug‘ish yoshi o‘tgan odamlardan ham fikr olgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Dunyo tug‘ilish darajasining misli ko‘rilmagan pasayishiga guvoh bo‘lmoqda, – deydi UNFPA rahbari doktor Nataliya Kanem. – So‘rov qatnashchilarining aksariyati ikki yoki undan ortiq farzandni istaydi. Tug‘ilish darajalari pasaymoqda, chunki odamlar orzu qilgan oilani tuzishga imkon topolmayapti. Asl inqiroz ana shu."

"Bunga inqiroz deb ochiq aytilayotgani o‘zi yangilik", deydi demograf Anna Rotkirch. U Yevropada farzand ko‘rish rejalarini tadqiq qilgan va Finlyandiya hukumatiga aholi siyosati bo‘yicha maslahat berib keladi. "Umuman olganda, odamlar ko‘p hollarda istaganidan kam farzandli bo‘lishmoqda", deydi u. Bu holat Yevropada anchadan beri kuzatilgan, lekin endi global miqyosda ham ko‘rinmoqda.

baby
EPA
Bola ko'rishga to'siqlar orasida

moliyaviy yetishmovchilik:

  • 39%respondentlar

    Manba: UNFPA

    Uni ayniqsa hayratga solgan narsa – 50 yoshdan oshgan respondentlarning 31 foizi aslida istaganidan kam farzandli bo‘lganidir.

    So‘rovnoma bu yil oxirida 50 mamlakatda o‘tkaziladigan yirik tadqiqot uchun poydevor vazifasini o‘taydi, ammo hozircha uning ko‘lami cheklangan. Masalan, ayrim davlatlardagi yosh guruhlari bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarish hali erta.

    Shu bilan birga, ayrim raqamlar aniq. Barcha mamlakatlar bo‘yicha 39% respondent farzand ko‘rish yo‘lidagi to‘siq sifatida moliyaviy qiyinchiliklarni ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich eng yuqori bo‘lgan mamlakat – Janubiy Koreya (58%), eng past bo‘lgan mamlakat esa – Shvetsiya (19%).

    Farzand ko‘rmaslik sababi sifatida bepushtlik yoki homiladorlikda qiynalishni atigi 12% odam tilga olgan. Lekin bu ko‘rsatkich ba’zi mamlakatlarda yuqoriroq: Tailand (19%), AQSh (16%), Janubiy Afrika (15%), Nigeriya (14%) va Hindiston (13%).

    "Bu – BMTning tug‘ilish pasaygani muammosini ilk marta bunchalik qat’iy ko‘tarishi", deydi Xitoy Fan va texnologiyalar universiteti demografi, professor Styuart Gitel-Basten.

    Yaqin vaqtgacha UNFPA asosan ayollar o‘z istagidan ko‘ra ko‘proq farzandli bo‘layotganiga va kontratseptsiya vositalariga bo‘lgan ehtiyojga e’tibor qaratardi.

    Biroq agentlik past tug‘ilish masalasida hozircha ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.

    "Hozir haddan tashqari xavotirli ritorikani ko‘ryapmiz – kimdir haddan ortiq ko‘payishdan, boshqalar esa aholining qisqarishidan cho‘chimoqda. Bu esa haddan tashqari keskin, ba’zida esa manipulyativ siyosatga olib kelmoqda, – deydi doktor Kanem. – Gap ayollarni ko‘proq yoki kamroq farzandli bo‘lishga majburlash haqida ketmoqda."

    U 40 yil avval Xitoy, Koreya, Yaponiya, Tailand va Turkiya ortiqcha aholidan xavotir bildirganini eslatadi. Ammo 2015 yilga kelib bu davlatlar endi tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirishga intilmoqda.

    "Bu mamlakatlar vahimaga berilib, keskin siyosat qabul qilmasligini istaymiz, – deydi professor Gitel-Basten. – Afsuski, past tug‘ilish, qarish va aholi o‘smayotgani ko‘plab joylarda millatchi, migratsiyaga qarshi va gender jihatdan konservativ siyosatni oqlash uchun bahona qilib keltirilmoqda", deydi u.

    UNFPA hisobotida yana bir narsa ta’kidlanadi: moliyaviy sabablardan ham muhimroq to‘siq – bu vaqt yetishmovchiligi. Mumbaylik Namrata uchun bu ayni haqiqat.

    U har kuni ishga borib kelishga yo‘lning o‘ziga kamida uch soat sarflaydi. Uyga kelganida charchaydi, lekin baribir qizi bilan vaqt o‘tkazishga harakat qiladi. Oila a’zolari to‘liq dam ololmaydi.

    "Ish kunidan keyin, ona sifatida o‘zingni aybdor his qilasan – bolang bilan yetarli vaqt o‘tkazmayotgandeksan, – deydi u. – Shuning uchun bor e’tiborimizni bitta farzandga qaratyapmiz, xolos."