Rossiyaning muzlatilgan mablag‘lari: ulardan Ukraina mudofaasi uchun foydalaniladimi?

Surat manbasi, Global Images Ukraine via Getty Images
- Author, Luis Barrucho
- Role, BBC Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 6 daq
Rossiyaning 2022 yil fevralda boshlangan keng ko‘lamli bosqinidan beri Ukraina duch kelgan ko‘plab muammolar orasida bittasi jang maydonidan olisda: mudofaa uchun mablag‘ topish.
Bu ehtiyoj yanada dolzarblashdi, Moskva o‘z mavqeini mustahkamlayotganini da’vo qilmoqda va uning iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan sanksiyalarga kutilganidan bardoshliroq bo‘lib chiqdi.
Bunga javoban Ukrainaning Germaniya yetakchiligidagi Yevropadagi ittifoqchilari kelgusi yilda Kievni moliyaviy quvvatlash uchun Belgiyada saqlanayotgan Rossiya davlat aktivlarini "reparatsiya krediti"ga aylantirish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Ammo aktivlarning o‘zidan foydalanish ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, Belgiya esa Yevropa Ittifoqini xavflarga "engil qarash"da aybladi.
Xo‘sh, Rossiyaning G‘arbda muzlatib qo‘yilgan aktivlari nima va nima uchun taklif bunday qarshilikka duch kelayapti?

Surat manbasi, Global Images Ukraine via Getty Images
Qanday mablag‘lar muzlatilgan va qaerda?
Ko‘plab ekspertlar va Rossiya Markaziy bankining o‘z hisob-kitobiga ko‘ra, G‘arbda 300 dan 350 milliard dollargacha Rossiya aktivlari, jumladan, bir nechta mamlakatda naqd pullar, obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlar muzlatilgan.
Boshqa markaziy banklarda bo‘lgani kabi, Rossiyaning oltin-valyuta zaxiralarining bir qismi asosiy valyutalar, oltin va davlat obligatsiyalari kabi aktivlarga investitsiya qilingan.
Bu aktivlarni muzlatilgan xususiy boyliklar bilan adashtirmaslik kerak; G‘arb sanksiyalari qo‘llangan ko‘plab rossiyalik jismoniy shaxslar va kompaniyalarning xususiy mulklari ham ko‘chmas mulk yoki yaxtalar kabi muzlatib qo‘yilgan.
Yevropa Ittifoqi tomonidan muzlatilgan Rossiya davlat aktivlarining aksariyati – taxminan 210 milliard yevrodan 185 milliard yevro (215 milliard dollar) – Bryusseldagi qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi Euroclear'da saqlanadi. Chunki sanksiyalardan oldin Rossiya valyuta zaxiralarining katta qismi shu yerga joylashtirilgan edi.
Ushbu aktivlarning aksariyati 2022 yildan beri muddati o‘tgan va hozirda naqd pulga aylangan.
Rossiya Markaziy banki muzlatib qo‘yilgan aktivlar haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Surat manbasi, Alexander Nemenov / AFP via Getty Images
Yevropa Ittifoqining taklifi qanday va nima uchun Belgiya uni rad etdi?
Germaniya Kantsleri Fridrix Merts qo‘llab-quvvatlagan Yevropa Ittifoqi taklifi kelgusi yilda Rossiyaning Belgiyada saqlanayotgan 140 milliard yevro (162 milliard dollar) miqdoridagi davlat aktivlarini Ukraina uchun "reparatsiya krediti"ga aylantiradi, dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Surat manbasi, EPA
U, shuningdek, sxema pulni musodara qilishdan iborat emasligini aytdi, chunki bu kredit shaklida bo‘ladi – ammo Ukraina uni Rossiya urushda yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lagan taqdirdagina qaytarishi mumkin bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqi davlatlari allaqachon muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan taxminan 210 milliard yevro atrofidagi foizlardan Ukraina mudofaasini quvvatlash uchun foydalana boshlagan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 va 2027 yillarda Ukrainaga 135 milliard yevro (157 milliard dollar) kerak bo‘ladi.

Surat manbasi, EPA / Shutterstock
Yevropa Ittifoqi yetakchilari 18 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda reparatsiya krediti bo‘yicha ovoz berishi kutilmoqda.
Ittifoqning aksariyat davlatlari rejani qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo muzlatilgan aktivlarning eng katta ulushiga ega Belgiya uni qattiq tanqid qilmoqda.
Belgiya hukumati ta’kidlashicha, agar Yevropa Ittifoqining ushbu aktivlar bilan ta’minlangan krediti bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, Rossiyaning har qanday qonuniy da’vosi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Shuningdek, u bunday qadam qisqa muddatda tinchlik kelishuvi istiqbollarini xavf ostiga qo‘yishini aytdi.
"Biz muqobil variant, ya’ni Yevropa Ittifoqining bozorlarda zarur bo‘lgan miqdorda qarz olishini taklif qilamiz," dedi Belgiya Tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo.

Surat manbasi, Reuters
Yevrokomissiya boshi berk ko‘chadan chiqish variantlarini taklif etishi kutilmoqda, biroq Prevoning ta’kidlashicha, matn loyihasi "bizning xavotirlarimizga qoniqarli javob bermayapti."
Uning so‘zlariga ko‘ra, xavflar "Belgiya uchun bankrotlikka olib kelishi mumkin."
"Agar Rossiya bizni sudga bersa, unda g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi va biz, Belgiya, o‘sha 200 milliard yevroni (236 milliard dollar) qaytara olmaymiz, chunki bu federal byudjetning butun bir yiliga teng. Bu Belgiya uchun bankrotlikni anglatardi."
Belgiya bosh vaziri Bart De Vever ham o‘z xavotirlarini bildirib, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga xat yozib, reja "tubdan noto‘g‘ri" ekanidan shikoyat qildi.

Surat manbasi, Scott Peterson / Getty Images
Euroclear nima deydi?
Xuddi shunday fikrlarni Euroclear bosh direktori Valeri Urben ham bildirdi.
De Veverning aytishicha, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari Belgiyaga Ukraina krediti barbod bo‘lsa yoki Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinsa, xavf taqsimlanishi haqida qonuniy kafolat berishi kerak.
Ammo bu qiyin hisoblanadi, chunki Yevropa Markaziy banki bunday sxema uchun pirovard kreditor bo‘la olmasligi haqida ogohlantirgan.

Surat manbasi, EPA
Buning o‘rniga Belgiya Ukrainaga kelasi yil uchun 27 a’zo davlatning mavjud umumiy byudjeti doirasida Yevropa Ittifoqining 45 milliard yevro (52 milliard dollar) miqdoridagi kreditini taklif qildi.
Germaniya kantsleri Merts esa muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishni eng maqbul yo‘l deb hisoblaydi.
U bu ehtiyojni "tobora dolzarblashyapti" deb ta’riflab, rahbarlarni mazkur g‘oya atrofida birlashishga chaqirdi:
"Ukraina bizning yordamimizga muhtoj. Rossiya hujumlari kuchaymoqda. Qish yaqinlashyapti... shu bois, Yevropa Ittifoqi doirasida birgalikda yechim topa olamiz deb umid qilaman."

Surat manbasi, EPA
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas ham reparatsiya krediti rejasini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki bu Yevropaning Moskvaga qarshi mavqeini mustahkamlaydi va Prezident Vladimir Putinni muzokaralarga undaydi.
Leven Universitetining moliyaviy huquq professori Virle Kolert BBC News'ga bergan intervyusida Belgiyaning xavotirlari asosli ekanini ta’kidladi.
"Euroclear Rossiya Markaziy bankiga birinchi talab bo‘lgandayoq pulni qaytarish majburiyatiga ega. Buni bajarmasligining yagona sababi – sanksiyalardir."

Surat manbasi, .
U yana qo‘shimcha qildiki, agar pul Yevropa Ittifoqiga berilgandan so‘ng sanksiyalar bekor qilinsa, Euroclear emas, Belgiya moliyaviy xavf ostida qoladi.
Uning ogohlantirishicha, muzlatilgan xorijiy zaxiralardan boshqa maqsadlarda foydalanish Yevropa moliyaviy tizimiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishi mumkin. Kolertning fikricha, Kiev uchun Yevropa Ittifoqining bozorga asoslangan kreditini jalb qilish xavfsizroq.
"Euroclear'ning muzlatilgan mablag‘laridan pul olishning afzalligi shundaki, u foizsiz, ammo xavfsiz emas."
Bosim kuchayishi fonida kantsler Merts Norvegiyaga rejalashtirilgan tashrifi o‘rniga o‘tgan hafta Bryusselga borib, Bosh vazir De Vever va komissiya rahbari fon der Lyayen bilan uchrashdi.
Shundan so‘ng, fon der Lyayen va Merts De Vever bilan "juda samarali" muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi rahbarlari oktyabr oyida shunga o‘xshash reja bo‘yicha kelishuvga erisha olmadilar.
Rossiya nima deydi?

Surat manbasi, EPA
Rossiya bu taklifni qat’iyan qoraladi.
Uning yetakchi bankirlaridan biri, agar reja amalga oshsa, Yevropa Ittifoqiga 50 yillik sud jarayoni bilan tahdid qildi.
Rossiyaning yirik davlat banklaridan biri – VTB prezidenti va raisi Andrey Kostin Moskvaning muzlatilgan mablag‘lari Ukrainaga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi.
"Pullarimizni musodara qilish masalasiga kelsak, oxir-oqibat biz busiz ham yashay olamiz, – dedi u. – Yagona muammo shundaki, bu pullar tinchlik uchun emas, balki urush uchun ishlatilishi mumkin."
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova jahon moliya tizimi Rossiya aktivlarini musodara qilish yoki yo‘naltirish harakati "oqibatlarini his qilishi" haqida ogohlantirdi.
Davlat tasarrufidagi RIA agentligi xabar berishicha, G‘arbning Rossiyaga kiritgan 285 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari qasos sifatida nishonga olinishi mumkin.
Endryu Uebb tahriri












