Ukraina frontidan Istanbulgacha: Tinchlik muzokaralari nimani o‘zgartiradi?

    • Author, Yogita Limae
    • Role, Sharqiy Ukraina
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Men hozir Ukraina dronlarining sharqiy Pokrovsk shahri chekkasidagi eng qizg‘in front chizig‘idan olib uzatilayotgan jonli efirida katta tutun bulutlarini ko‘rib turibman.

Bir necha soniya oldin Ukraina artilleriyasi rus pozitsiyalariga zarba berdi. Biz aynan shu joylarda rus askarlarining Pokrovskga olib boradigan asosiy yo‘lga yaqinlashishga urinayotganini ko‘rgan edik.

Zarba natijasida kamida bir rus askari yaralangan, ehtimol halok bo‘lgan.

Bo‘layotganlarni jonli efirdan tomosha qilish dahshatli.

Bular Rossiya boshlagan urushning qonli oqibatlarini yaqqol ko‘rsatadi. Bu urushda hozirga qadar yuz minglab odamlar halok bo‘ldi.AQSh prezidenti Donald Tramp ta’biri bilan aytganda - "tugamaydigan qonli qirg‘in".

Biz Ukraina armiyasining 155-mexanizatsiyalashgan brigadasi uchun qo‘mondonlik markaziga aylantirilgan qishloqdagi bir uydamiz.

Ekranlarda ko‘rib turganimiz vayronagarchilik ko‘lami; butunlay tekislangan uylar va binolar - olti oy oldin ko‘rganlarimizdan ancha katta.

Bu Donetsk viloyatidagi muhim transport tuguni bo‘lgan Pokrovskni himoya qilish uchun so‘nggi bir necha oy davomida olib borilgan shiddatli janglarning isbotidir.

Bu hafta o‘t ochishni to‘xtatishga bo‘lgan umidlar qayta-qayta puchga chiqqaniga guvoh bo‘lgan ishonchsiz askarlar orasida ham ehtiyotkorona optimizm sezilmoqda. Buning sababi AQSh, Yevropa, Turkiya va boshqa davlatlarning diplomatik sa’y-harakatlari Rossiya va Ukrainani uch yildan beri birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga undaganidir.

O‘zini "Kozak" chaqiruv belgisi bilan tanishtirmoqchi bo‘lgan ofitser shunday dedi: "O‘ylaymanki, nimadir sodir bo‘lishi kerak, chunki bu muzokaralarni birinchi bo‘lib Rossiya talab qildi. Nazarimda, ular 2022 yildan beri har qanday muzokaralarga kirishishni rad etishgan."

"Men bu urushga xotimaning boshlanishi bo‘lishiga ishonmoqchiman."

"Ayni vaqtda biz ularning zaxira qismlari va ta’minot liniyalarini muvaffaqiyatli yo‘q qilganimizni ko‘rib turibman. Rossiyaning boshidagi kuchi va qudrati yo‘qolgan. Shu sababdan ham bir narsa sodir bo‘ladi deb o‘ylayman."

37 yoshli Yuriy Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli bostirib kirishidan oldin texnologiya kompaniyasida ishlagan.

"Ular (Rossiya va Ukraina) o‘zaro gaplashishni boshlashlari kerak. Biz, askarlar, bu urushning tugashini xohlaymiz. Ammo shuni yodda tutish kerakki, biz uni to‘xtata olmaymiz, chunki biz uni boshlamadik", deydi u.

U ekranga qaraydi va yana rus askarlarining harakatlanayotganini ko‘radi. U va uning hamkasblari ularning pozitsiyalari koordinatalarini hisoblab chiqadilar va ularni o‘zlarining artilleriya bo‘linmasiga uzatadilar.

Biz qo‘mondonlik markazidan artilleriya pozitsiyasiga keng ochiq dalalar bo‘ylab o‘tadigan loyqa yo‘llar orqali mashinada ketyapmiz. Loy parchalari havoga ko‘tariladi, mashinamiz sirpanib, toyilib ketadi, biz esa imkon qadar tezroq harakat qilamiz. Tezlikni bunday oshirish - 2023 yilda katta miqdorda qo‘llana boshlangach, Rossiya va Ukraina uchun o‘lim holatlarini keskin oshirgan dron zarbalaridan saqlanishning bir usulidir.

Urush texnologiyalari esa rivojlanishda davom etmoqda. Endi yangi tahdid paydo bo‘ldi – uchayotganda o‘zidan haqiqiy optik tolali kabelni yoyadigan dronlar.

"Biz ularni aniqlay yoki zararsizlantira olmaymiz, shuning uchun hozir bu hududda biz bilganimizdan ancha ko‘p dronlar bo‘lishi mumkin", deydi Yuriy.

Daraxtlar va butalar ostida yashiringan artilleriya pozitsiyasiga kirib borar ekanmiz, askarlar allaqachon to‘pni o‘qlashmoqda. Bu Frantsiyada ishlab chiqarilgan o‘ziyurar artilleriya qurilmasi bo‘lib, "Sezar" deb ataladi. Urush boshidan beri Ukrainada ko‘plab shunday qurilmalar ishlatilgan va Frantsiya ularning ishlab chiqarishini ko‘paytirishga harakat qilmoqda.

"Menga uning aniq nishonga olishi juda yoqadi. Biz turli xil o‘q-dorilardan foydalanishimiz mumkin. Eng muhimi, uni juda tez jangovar holatga keltirish mumkin. Bu men ishlatgan eski Sovet texnikasidan ancha samaraliroq", deydi Kozak.

Ukraina askarlari to‘rtta o‘q otishdi, har biri quloqni qomatga keltiradigan ovoz chiqaradi. Atrofimizdan kiruvchi snaryadlar ovozini ham eshitamiz. Jang davom etmoqda.

"Eshitib turganingizdek, dushmandan hujum to‘lqini kelyapti va biz ularni bostirish uchun ko‘p o‘q-dorilarga muhtojmiz. Umid qilamizki, xalqaro hamkorlarimiz bizga imkon qadar ko‘proq o‘q-dori berishadi, chunki agar biz muhim va muhim bo‘lmagan nishonlar orasida tanlashga majbur bo‘lsak, dushman muvaffaqiyatga erishadi", deydi Kozak.

Biz askarlardan Ukrainaning yon berishiga, tinchlikni ta’minlash uchun yerlarini berishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqidagi takliflar haqida nima o‘ylashlarini so‘raymiz.

"Buni hatto eshitish azob. Men ham oilam bag‘riga qaytishni xohlayman. Qizim sakkiz yoshda, men uni juda sog‘indim. Ammo biz kuchli bo‘lishimiz kerak. Agar biz bir qancha hududni beradigan bo‘lsak, ular to‘xtaydi deb o‘ylamayman. Bir necha yildan keyin ular qaytib kelib, hammasini boshidan-boshlashadi", deydi Yuriy.

"Bu yerga kelmagan, Rossiya tajovuzining oqibatlarini sezmagan odamlar, o‘sha kreslodagi sharhlovchilar yer berishing mumkin va hamma narsa tugaydi deyishadi. Ular biz qancha aka-uka va do‘stlarimizni yo‘qotganimizni hech qachon tushunishmaydi. Biz yerimizning bir metrini ham bermasligimiz kerak", deydi Kozak.

Ukrainaning o‘z yerini himoya qilish uchun to‘lagan badali hamma joyda ko‘rinadi. Bu ayniqsa avtomobil yo‘llari bo‘ylab, shahar markaziy maydonlaridagi yodgorlik devorlarida va mamlakatdagi yangi qazilgan qator-qator qabrlarda jilmayib turgan yosh askarlarning fotosuratlarida yaqqol seziladi.

Yana Stepanenko mehr bilan o‘g‘lining sevimli yeguliklari – bir chashka issiq shokolad va shokoladli pishiriq sotib oladi.

So‘ngra u Zaporojьe janubiy shahridagi qabristonga boradi va ularni 22 yoshli Vladislavning qabri yoniga ehtiyotkorlik bilan qo‘yadi. 13 yoshli qizi Nikol bilan qabrni nam salfetkalarda artishadi. Ko‘p o‘tmay, ular bir-birlarining quchog‘ida taskin topolmay yig‘lab yuborishadi.

Vladislav Ukraina armiyasida dron operatori bo‘lgan. U shu yilning 21 fevralida Rossiya zarbasi natijasida jangda halok bo‘lgan.

Yanaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar qayta boshlangani haqidagi xabar hech qanday umid bermaydi. "Menga bu urush abadiydek tuyuladi. Albatta, ular yechim topishiga umid qilaman. Chunki u yerda ham, bu yerda ham (Rossiyada) odamlar halok bo‘lyapti. Ammo Putin ochko‘z. Uning bizning yerimizga bo‘lgan ishtahasini qondirib bo‘lmaydi", deydi Yana.

Zaporojьe viloyatining bir qismi hozirda Rossiya tomonidan bosib olingan, front chizig‘i shahardan 40 mildan kamroq masofada joylashgan.

Ammo Rossiya bir necha bor har qanday tinchlik shartnomasining bir qismi sifatida Zaporojьe, Lugansk, Donetsk va Xerson viloyatlarining to‘liq nazoratini talab qilgan.

"Yo‘q. Men Rossiyada emas, Ukrainada yashashni xohlayman. Biz ularning bosqin ostida nimalar qilishganini, Bucha kabi joylarda nimalar qilganini – ularning shafqatsizligi va qiynoqlarini ko‘rdik", deydi Yana.

"Tasavvur qiling-a, ular hatto bu qabristonni ham ayashmadi", deya qo‘shimcha qiladi u bir necha oy oldin bomba portlagan yaqin atrofdagi katta chuqurlikni ko‘rsatib.

Ko‘zlaridan yosh oqib, u yana shunday deydi: "Bolam bekorga o‘lmadi deb umid qilaman. Hali g‘alaba bo‘ladi va butun Ukraina ozod bo‘ladi".