Falastinlik mahbuslarning tarqab ketgan videosi, Uyg‘urlar masalasida Xitoyning qo‘li qanchalik uzun? Tehron ikki haftada suvsiz qoladimi?

2023 yil 11 aprel kuni to‘rt nafar eronlik ayol qizil ko‘ylakda Urmiya ko‘lining qurib qolgan tubida iqlim o‘zgarishi inqirozlariga e’tibor qaratish maqsadida sahnaviy chiqish namoyishini o‘tkazishdi, qo‘llarida aylana shaklidagi tasvirlarni ushlab turishdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ayollar iqlim o‘zgarishi inqirozi va suv tanqisligiga e’tibor qaratish maqsadida Urmiya ko‘lining qurib qolgan tubida norozilik namoyishi o‘tkazishdi
O'qilish vaqti: 3 daq

Huquqshunosdan huquqbuzarlik

Isroil armiyasining sobiq Harbiy Prokurori, general-mayor Yifat Tomer-Yerushalmi, falastinlik mahbusga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan videoning sizdirilishi bilan bog‘liq siyosiy mojaro fonida hibsga olindi. Tomer-Yerushalmi ilgari Isroil Mudofaa Kuchlarining Harbiy Prokurori lavozimida ishlagan va iste’foga chiqishdan oldin mediaga tarqatilgan material uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini bildirgan edi.

U videoni tarqatishga ruxsat berganini tan olib, bu qarorni zo‘ravonlik haqidagi da’volar soxta degan targ‘ibotga qarshi javob sifatida qabul qilganini tushuntirgan. 2024 yil avgust oyida efirga uzatilgan videoda Sde Teyman harbiy bazasida zaxiradagi askarlar falastinlik mahbusni to‘siqlar bilan o‘rab, so‘ng uni kaltaklagani va o‘tkir buyum bilan jarohatlagani aks etgan.

Ushbu hodisadan so‘ng besh nafar zaxiradagi askarga "og‘ir zo‘ravonlik" va "jiddiy tan jarohati yetkazish" ayblovlari qo‘yildi. Ular bu ayblovlarni rad etgan. Videodagi mahbus esa 2024 yil oktabr oyida HAMAS bilan mahbuslar almashinuvi doirasida G‘azoga qaytarilgan.

Tomer-Yerushalmi iste’foga chiqqanidan so‘ng, mudofaa vaziri Isroil Kats va bosh vazir Binyamin Netanyaxu uning harakatlarini keskin tanqid qildi. Netanyaxu bu voqeani "Isroil tarixidagi eng og‘ir PR hujumi" deb atadi.

Bu mojaro Isroil jamiyatida keskin bo‘linishga sabab bo‘ldi: o‘ng qanot vakillari videoning sizdirilishini tuhmat deb hisoblashsa, chap qanot vakillari uni mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini tasdiqlovchi dalil sifatida ko‘rmoqda.

Xitoy uchun hassos tadqiqot

Uyg'ur ayollar va bola gaplashib o'tirishipti.

Surat manbasi, Getty Images

Xitoy Buyuk Britaniyadagi bir universitetga bosim o‘tkazib, professor Laura Merfi boshchiligidagi uyg‘ur musulmonlariga nisbatan inson huquqlari buzilishi bo‘yicha olib borilayotgan hassos tadqiqotni to‘xtatishga urindi. Xususan, Xitoy Shinjon mintaqasida uyg‘ur musulmonlar majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi da’volarni o‘rganishni to‘xtatishni talab qildi. Uyg‘urlar — Xitoyning shimoli-g‘arbiy Shinjon hududidagi eng yirik etnik ozchilik guruhidir.

Professor Merfi rahbarligidagi tadqiqot guruhi global ta’minot zanjirlarini tahlil qilib, G‘arb iste’molchilariga yetib borayotgan mahsulotlar uyg‘urlar majburiy mehnat qilgan korxonalarda ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan hisobotlar e’lon qilgan.

Xitoy uyg‘urlarga qarshi insoniyatga qarshi jinoyatlar yoki genotsid sodir etganlik haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etadi.

2024 yilda universitet ichki elektron xatida ushbu tadqiqotlar tufayli universitetning Xitoydagi faoliyati xavf ostida qolganligi qayd etilgan. Xitoy elchixonasi bu tadqiqot natijalarini tanqid qilib, hisobotlarni "bir nechta soxta hujjatlar" va "dezinformatsiyaga asoslangan bayonotlar" deb atagan.

Universitet bosimlardan so‘ng tadqiqot bo‘limi yopilgan va professor Merfining aytishicha butun jamoa jumladan ko‘plab uyg‘ur hamkasblari ishdan bo‘shatilgan.

Damba va daryo
GETTY IMAGES
Amir Kabir to‘g‘onida suv sathi pasaymoqda, 2025-yil 29-iyulda olingan ushbu suratda ko‘rinib turibdiki, to‘g‘onni oziqlantiruvchi daryolar qurib qolgan.
Batafsil:BBC.COM/UZBEK

"Suvsiz Tehron"

Tehron yaqin orada yuz berishi mumkin bo‘lgan suv inqirozi bilan yuzlashmoqda. Eron davlat OAVlariga ko‘ra, 10 millionga yaqin aholiga ega poytaxt shaharning asosiy ichimlik suvi manbai ikki hafta ichida qurib qolishi mumkin. Tehronning asosiy suv ombori bo‘lgan Amir Kabir to‘g‘oni hozirda atigi 14 million kub metr suvni saqlamoqda — bu o‘tgan yilgi 86 million kub metrdan keskin kamayishdir.

Rasmiylar ogohlantirishicha, agar suv iste’moli sezilarli darajada kamaytirilmasa, poytaxtning ayrim hududlarida "Suvsizlik kuni" yuz berishi mumkin — ya’ni, uy xo‘jaliklarida suv kranlari navbat bilan o‘chiriladi. Bu holat uzoq davom etgan qurg‘oqchilik, tarixiy darajadagi past yog‘ingarchilik, ketma-ket besh yil quruq ob-havo va rekord darajadagi issiqlik tufayli yuzaga kelgan.

Mutaxassislar bu vaziyatni oddiy suv inqirozi emas, balki "suv bankrotligi" deb atashmoqda. Tizim shunchalik haddan tashqari foydalanilganki, endi yuzaga kelgan zararni to‘liq tiklashning iloji yo‘q. Yillar davomida Eron tabiat ta’minlay oladigan miqdordan ko‘proq suv iste’mol qilib kelgan — bu muammo iqlim o‘zgarishidan ancha oldin boshlangan.

Qishloq xo‘jaligi eng katta muammo bo‘lib, mamlakatdagi suvning taxminan 90 foizini iste’mol qiladi. Ko‘pincha qurg‘oqchil hududlarda suvni ko‘p talab qiladigan ekinlar uchun samarasiz sug‘orish usullari qo‘llaniladi.

Suv tanqisligi energiya inqiroziga ham olib keldi, chunki qurigan to‘g‘onlar gidroenergiya ishlab chiqarishni to‘xtatdi, bu esa kuniga ikki-to‘rt soat davom etadigan elektr uzilishlariga sabab bo‘lmoqda. Suv bosimining keskin pasayishi va elektr ta’minotidagi uzilishlar turli viloyatlarda jamoatchilik noroziligini va norasmiy norozilik namoyishlarini kuchaytirmoqda.

Prezident Mas’ud Pezeshkian aholiga suv iste’molini kamida 20 foizga kamaytirishni tavsiya qilgan, biroq rasmiylar hozirgi sa’y-harakatlardan tashqari yana qo‘shimcha 12 foiz qisqartirish zarurligini aytmoqda.