You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Meni Asad kallakesarlari zo‘rlashdi - lekin endi yuzimni ko‘rsatishdan qo‘rqmayman"
- Author, Fergal Kin
- Role, Maxsus muxbir
- O'qilish vaqti: 5 daq
U buvisiniki edi. Qattiqroq narsa. Uni qo‘lida ushlab, barmoqlarini yurgizib, xotira sari safar qiladigan vosita. Mo‘’jazgina chiroyli, nozik mozaika bilan bezatilgan matoh.
Rene musiqa qutichasini ochadi va Damashqdagi uyida, olis zamonda eshitgan musiqa ovozi jaranglaydi.
"Uyimdan faqat shu qoldi", deydi u.
Bu yigitning borlig‘m muloyimlikdan dalolat beradi. Rene Shevanning bo‘yi past, ozg‘in va ohista gapiradi.
Butun hafta uning his-tuyg‘ulari o‘ynab turdi. Bashar al-Assad qulaganidan xursand bo‘lsa, uning Suriyadagi qamoqxonalarida o‘tkazgan bir necha oy davrini eslab yuragi ezildi.
"Bir ayol bor edi. Hozirgacha siymosi ko‘z oldimda. U burchakda turib, iltijo qilardi... Uni zo‘rlaganliklari aniq edi".
"15-16 yoshlarda bir bola bor edi, zo‘rlashayotgan edi, onasini chaqirardi, "ona... onam... ona" derdi".
Uni ham jinsiy zo‘rlashgan edi.
Men Rene bilan birinchi marta uchrashganimda, u endigina Suriyadan qochib chiqqan edi. Bu 12 yil oldin bo‘lgandi. U kameraga yuzini ko‘rsatishdan qo‘rqib, tebranib, yig‘lab, qarshimda o‘tirardi.
Maxfiy politsiya uni demokratiya tarafdori namoyishga borgani uchun olib ketgan edi. Ular uning gey ekanligini ham bilishgan.
Ulardan uchtasi guruh bo‘lib Reneni zo‘rlagan. U rahm-shafqat qishilarini so‘ragan, lekin ular kulishgan.
"Hech kim meni eshitmadi. Men yolg‘iz edim", deb eslagandi u 2012 yilda.
Ular unga buni ozodlik talab qilgani uchun qilishganini aytishgan. Yana bir zobit uni har kuni tahqirlagan. Bu zo‘ravonliklarni u olti oy davomida boshdan kechirgan.
Televidenie orqali Damashqda ozodlikka chiqqan mahbuslar tasvirlari paydo bo‘lganda, Rene o‘tmishini esladi.
"Men hozir qamoqxonada emasman, shu yerdaman. Lekin Suriyadagi odamlarning suratlari va tasvirlarida o‘zimni ko‘rdim. Ular uchun juda xursand bo‘ldim, o‘zimni ular bilan his qildim... U yerda o‘zimning eski holimni ko‘rdim. Meni qanday zo‘rlashgani va qanday qiynoqqa solganini his qildim".
U yig‘laydi va biz intervyuni to‘xtatamiz. Bir necha daqiqa, deydi u.
Men uning xonasi devoriga qarayman.
Uning Suriyadagi vayron bo‘lgan uyi, Renening Utrextdagi marafonda yugurgan fotosurati bor. Keyin 2014 yilda o‘ldirilgunga qadar Suriyadagi psixoterapevt va ekumenik faol iezuit ruhoniysi, 75 yoshli Frants Van Der Lugtning surati.
Chuqur konservativ muhitda kurashayotgan Renega Van Der Lugt ota uning oddiy inson ekanligini, jinsiy orientatsiyasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Iso uni sevishini aytgandi.
Rene bir stakan suv olib, suhbatimizni davom ettirishni so‘raydi.
Nega endi yuzini kameraga ko‘rsatishga rozi bo‘lding, deb hayron bo‘ldim.
"Chunki qo‘rquv respublikasi yo‘q bo‘ldi. Chunki men endi ulardan qo‘rqmayman. Asad Moskvada qochqin. Suriyadagi barcha jinoyatchilar qochib ketishdi. Suriya barcha suriyaliklarga qaytdi", - deya javob beradi u.
"Umid qilamanki, biz xalq sifatida erkin, tenglikda yashay olamiz. Men suriyalik, golland, LGBT sifatida o‘zim bilan juda faxrlanaman."
Bu uning Suriyada gey sifatida yashay olishiga ishonchi komil degani emas.
Asad rejimi davrida gomoseksual harakatlar jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Mamlakatning yangi boshqaruvchilari fundamental diniy ildizlarga ega va geylarga nisbatan zo‘ravonlik va ta’qiblarga aloqador bo‘lgan.
"Ko‘plab suriyalik LGBTlar jang qilganlar", deydi Rene.
"Ular inqilobning bir qismi bo‘lgan va hayotlarini yo‘qotgan. [Suriya rejimi] ularni LGBT bo‘lgani uchun va inqilobning bir qismi bo‘lgani uchun o‘ldirgan."
Rene menga o‘zgarish istiqboli haqida "realist" ekanligini aytdi. Shuningdek, u barcha diniy va etnik guruhlar, jumladan kurdlarlar ham himoya taklif qilinganidan xavotirda.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Rene mamlakatdan qochgan va ko‘pchiligi qo‘shni mamlakatlar - Livan, Iordaniya va Turkiyada yoki Yevropada o‘z xavfsizligini topgan olti millionga yaqin suriyaliklar biri.
Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng bir qancha Yevropa davlatlari suriyaliklarning boshpana so‘rashini to‘xtatib qo‘ygan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bu harakatni erta deb tanqid qilmoqda.
Germaniyada bir millionga yaqin suriyalik bor. Ular orasida men birinchi marta 2015 yil avgust oyida Gretsiyaning Lesbos oroliga tushgan ko‘plab odamlar orasida tanishgan ajoyib nogiron kurd qizi bor edi.
U shimolga Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya va Avstriya orqali sayohat qilgandi.
Suriya shimolidan Yevropaga yetib borish uchun Nujin tog‘lar, daryolar va dengizni kesib o‘tgan. Singlisi Nisrin nogironlar aravachasini uni itarib borgan.
"Men astronavt bo‘lishni va balki o‘zga sayyoralik bilan uchrashishni xohlayman. Va men qirolicha bilan uchrashishni xohlayman ", degandi u.
Men uning yoniga chang bosgan yo‘lda cho‘kkalab o‘tirdim, u yerda minglab boshpana izlovchilar kunduzgi jaziramada charchab yotardi. Uning yaxshi kayfiyati va nekbinligi yuqumli edi.
Bu Amerika teledasturlarini tomosha qilib, ingliz tilini ravon o‘rgatgan qiz edi. Nujin Halabda ulg‘aygan va keyin urush avj olgani sari oilasining ona shahri, keyinchalik "Islomiy Davlat" (IShID) guruhi hujumiga uchragan kurd tayanch shahri Kobaniga yo‘l olgandi.
Men uni hozir Kyolndagi gavjum Noymarkt maydonida uchratdim. U yerda mahalliy aholi sosiska yeb, vino ichmoqda va Suriyadagi hodisalar esa ancha olisda bo‘lib tuyuladi.
Lekin Nujin uchun emas.
Qolgan oila a’zolari uxlab qolgandan keyin ham ancha vaqt butun hafta davomida televizor ko‘rdi. Uning biznes boshqaruvi kursidan imtihoni bo‘lsa ham e’tibor bermadi. U eplaydi.
Nujin shuni yaxshi anglaydiki, endi hech qachon yagona umid lahzasi bo‘lgan Asadning qulashi kabi lahza boshqa qaytarilmaydi.
"Hech narsa abadiy emas. Zulmatdan keyin tong otadi", deydi u.
"Men Asad prezident bo‘lgan Suriyaga hech qachon qaytib kelmasligimni va uning rahbarligi ostida bizda hech qachon yaxshi davlat bo‘lish imkoniyati yo‘qligini bilardim. Agar u ketmasa, biz hech qachon tinchlikka erisha olmasligimizni bilardik. Endi u sahifa yopilgach, menimcha, haqiqiy imtihon boshlanadi".
Rene singari u xilma-xillikka bag‘rikeng va nogironlarga g‘amxo‘r davlatni xohlaydi.
"Men lifti yo‘q va to‘rtinchi qavatdagi kvartiraga faqat zinapoya orqali ko‘tariladigan joyga qaytishni xohlamayman".
Bir kurd sifatida u o‘z millatdoshlarining mintaqadagi azob-uqubatlarini yaxshi biladi.
Endi kurd qo‘shinlari shimoldagi neftga boy shaharlardan chiqib ketishga majbur bo‘layotgan bir paytda, Nujin Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yangi rejim tomonidan xavf ko‘radi.
"Biz hozir hokimiyatga kelgan bu odamlarni bilamiz. Biz ularni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar va kuchlarni bilamiz va ular kurdlarning fanati emas. Ular bizni aniq sevishmaydi. Hozir bizning eng katta tashvishimiz shu".
Suriyaning yangi rahbarlari mamlakatda barqarorlikka erisha olmasa, IShIDning qayta tuzilishidan qo‘rquv ham bor.
Kurdlarning hududlarida yashayotgan yaqinlariga doim qo‘ng‘iroq qilib turadi.
"Ular ham biz kabi kelajak haqida qayg‘urmoqda va xavotirda", deydi Nujin.
"Biz hech qachon qo‘ng‘iroq qilishni to‘xtatmaymiz va agar ular birinchi qo‘ng‘iroqdan keyin ko‘tarmasalar, doimo xavotirga tushamiz. Keyinchalik nima bo‘lishi haqida juda ko‘p noaniqlik bor".
Noaniqlik Yevropadagi boshpana berish siyosatidagi o‘zgarishlar bilan kuchaydi.
Shunday bo‘lsa-da, bu yosh ayol, uning hayot tajribasi - tug‘ma jiddiy nogironlik tajribasi, urush dahshatlariga guvoh bo‘lish, xavfsiz joy izlab Yaqin Sharq va Yevropa bo‘ylab sayohati - unda umidli bo‘lish qobiliyatini shakllantirgan.
Men uni taniganimdan, o‘n yil ichida o‘zgarmadi. Asadning qulashi uning Suriya va xalqiga ishonchini yanada kuchaytirdi.
"Suriyaning qandaydir jarlikka qulashini kutayotganlar ko‘p", - deydi u.
"Biz bir-birini yomon ko‘radigan yoki hasad qiladigan yo bir-birini yo‘q qilishni xohlaydigan odamlar emasmiz. Biz bir-birimizdan qo‘rqish uchun o‘stirilgan odamlarmiz. Lekin bizning tabiatimiz shundayki, biz qanday bo‘lsak shunday sevamiz va qabul qilamiz".
"Biz betartiblik, qo‘rquv va vayronagarchilik emas, balki sevgi, yuoriday qabul qiluvchi va tinchlik xalqi bo‘lishimiz mumkin va bo‘lamiz".
Suriyada va undan tashqarida uning haq bo‘lishiga umid qiladigan qalblar ko‘p.