Eron: Ko‘chada it aylantirish ham siyosiy isyonmi?

Surat manbasi, EPA
- Author, Jessika Ronsli va Parhom Qubodiy
- Author, Parhom Qubodiy
- O'qilish vaqti: 2 daq
Eron rasmiylari mamlakatning bir necha shaharlarida it aylantirishni taqiqlashdi. Ayni qaror jamoat xavfsizligi va salomatlik xavotirlari bilan izohlanmoqda.
Ko‘chada it aylantirish hali 2019 yili poytaxt Tehronda taqiqlangandi. Ayni qaror o‘tgan haftadadan beri kamida 18 shaharda qo‘llanila boshlandi.
Itingizni o‘z ulovingizda ham olib yurolmaysiz.
Eronning Isfahon va Kermon kabi shaharlarida kuni-kecha itni ko‘chada aylantirish taqiqlandi, deya xabar berdi AFP.
O‘tgan yakshanba kunidan beri taqiq ishga tushgan boshqa shahar - Ilamdagi mulozimning mahalliy matbuotga aytishicha, yangi tartibni buzgan odamlarga qarshi "qonuniy chora" ko‘riladi.
Ammo shu paytgacha Eronda bunday taqiqni to‘liq yo‘lga qo‘yish imkoni bo‘lmagan. Cheklovlarga qaramay, Tehronda juda ko‘pchilik o‘z itini aylantirish uchun ko‘chaga olib chiqadi.
1979 yilgi Islomiy Inqilobdan beri Eronda it boqishga munosabat salbiy. Hukumat itni "nopok" jonzod deb, it boqishni G‘arb madaniyati ta’siridagi odat, deb biladi.
Shunga qaramay, yosh eronliklar o‘rtasida it boqish ko‘paygan. Va bu hatto Eron tuzumiga qarshi isyon sifatida ham ko‘riladi.
Mamlakatda it boqishni taqiqlovchi qonun yo‘q. Ammo prokurorlar ko‘pincha mahalliy doirada cheklovlar kiritishadi va politsiya uning ijrosini ta’minlaydi.
"It aylantirish jamoat salomatligi, tinchligi va xotirjamligiga tahdid soladi" - deb aytgan Hamadon shahri prokurori Abbos Najafiy.
Ba’zi hollarda ko‘chada it aylantirgan odamlar hibsga olingan va ularning kuchuklari musodara etilgan.
Ayrim odamlar itlarini tunda kimsasiz joylarda aylantirishadi yoki qo‘lga tushmaslik uchun avtoulovda ko‘chaga olib chiqadilar.
It aylantirish jamoat salomatligi, tinchligi va xotirjamligiga tahdid soladi...
Islomiy Eron siyosatchilari it boqishni g‘ayriislomiy, deb urg‘ulashadi.
Ko‘plab diniy ulamolarga ko‘ra, itni silaganda, jonivorning so‘lagi odamning tana a’zosi yoki kiyimiga teksa, o‘sha tana a’zosi va kiyim nopok bo‘ladi.
Eron Oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xamaniiy ham cho‘ponlik, ovchilik hamda qo‘riqchilik maqsadlaridan tashqari hollarda it boqishni ilgarilari qoralab chiqqan.
2021 yili 75 nafar deputat it boqishni "buzg‘unchi ijtimoiy muammo" deb atagan va u "sekin-asta Erondagi Islomiy turmush tarzini o‘zgartirishi mumkin", deya ogohlantirishgandi.
Eronning Madaniyat va Islomiy Axloq vazirligi hali 2010 yili uy hayvonlari va ularga oid mahsulotlarni reklama qilishni taqiqlagan.
Keyinroq, 2014 yilda esa itini ko‘chada aylantirgan odamlarni jarimaga tortish va hatto darralash tashabbusi ham parlamentda ko‘tarilgan, biroq u qonun sifatida ma’qullanmagandi.
Tanqidchilarning aytishicha, politsiya shaxsiy erkinliklarni cheklash va it egalarini ta’qib qilish o‘rniga, zo‘ravon jinoyatlarni nishonga olib, jamoat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratishi lozim.
It boqish, hijob yopinmaslik, maxfiy ziyofatlarga borish va spirtli ichimliklar ichish ancha vaqtdan beri Erondagi diniy tuzumga qarshi isyon sifatida ham o‘rtaga chiqmoqda.












