Afg‘oniston Pokiston bug‘doyiga qaramlikni qanday yo‘qotdi? Bunda O‘zbekistonning o‘rni qanday?

Surat manbasi, Getty Images
Afg‘oniston so‘nggi o‘n yil ichida Pokistondan bug‘doy importini deyarli nolga tushirdi. Tolibon hukumati Afg‘onistonning Pokistonga savdo qaramligini kamaytirish yo‘lida harakat qilayotgani ayniqsa so‘nggi keskinliklar va ikki davlat o‘rtasidagi chegaralar aro to‘qnashuvlar va yo‘lning uzoq muddat yopilishi ortidan e’lon qildi.
Pokiston so‘nggi bir necha o‘n yillik davomida Afg‘onistonning eng katta savdo va tranzit yo‘li bo‘lib kelgan va Afg‘oniston savdosining taxminan yarmini bu mamlakat orqali amalga oshirgan.
Jahon va Osiyo bozorlarini kuzatadigan tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston 2015 yilda, 10 yil oldin Afg‘onistonga 320 million dollarga teng bug‘doy va un eksport qilgan - ammo hozir bu ko‘rsatkich deyarli nolga tushib ketgan.
Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Afg‘oniston endi Pokiston uni va bug‘doyiga muhtoj emas va yangi ishonchli sheriklar topgan.
Afg‘oniston 2024 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyadan 689 million dollarga barobar bug‘doy va un xarid qilgan va bu ko‘rsatkich bu yil 750 million dollarga yetishi bashorat qilinmoqda.
Pokiston "ishonchsiz" savdo sherigimi?
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati Pokistonni bir necha bor "ishonchli savdo sherigi" emasligida va iqtisodiy aloqalarni "siyosiy maqsadlarga" erishish uchun foydalanayotganlikda ayblagan.
Afg‘onistonlik tadbirkorlar ham Pokistonni savdodan bosim vositasi sifatida foydalanishda ayblamoqda. Ularga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganda, birinchi navbatda Pokiston chegaralarini yopadi va savdo zarar ko‘radi.
Pokiston chegaralarning yopilishi siyosiy qaror emas, balki "chegaradagi zo‘ravonlikning kuchayishi va fuqarolarning hayotini himoya qilish" bilan bog‘liqligini bildirib, "odamlarning hayoti har qanday tovarlar savdosidan muhimroqdir" degan.
Pokiston orqali savdo va tranzit bilan bog‘liq muammolar sobiq hukumat amaldorlari, hozirgi Tolibon hukumati va afg‘on tadbirkorlarini asta-sekin muqobil va ishonchli boshqa yo‘llarni izlashga majbur qilgan.
Jahon va Osiyo bozorlarini kuzatadigan tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston 2020 yildan beri Pokiston bug‘doyiga qaramligini sezilarli darajada kamaytirdi va buning uchun Markaziy Osiyo davlatlariga murojaat qildi.
Pokiston 2019 yilda Afg‘onistonga 111 million dollarlik un eksport qilgan, ammo (Observatory of Economic Complexity - OEC) ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘sha yili yarim million dollardan oshmagan, bu katta o‘zgarishni ko‘rsatadi.
BBC xabar berishicha, 2020 yilda Pokistonning bug‘doy dalalarida, ayniqsa Panjobda chigirtkalar va mavsumiy suv toshqinlari hosildorlikning keskin pasayishiga olib keldi va Panjob hukumati hatto Pokistonning Xaybar Paxtunxva shtatiga un yuborishni taqiqladi.
Pokiston ilgari Afg‘onistonga bug‘doy va un eksportini taqiqlagan edi, va bu cheklovlar afg‘on tadbirkorlarini tanqislikni qoplash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga murojaat qilishga undagan.
Ilgari Pokistondan un import qilgan afg‘on savdogari Gul Muhammad, so‘nggi yetti yil ichida Pokiston bilan tijoriy aloqasini to‘xtatgani va endi Qozog‘iston va O‘zbekistondan bug‘doy sotib olayotganini aytdi.
"Birinchidan, Pokistonning o‘zi un tanqisligiga duch kelmoqda, ikkinchidan, Afg‘onistonda un Pokistonga qaraganda arzonroq, shuning uchun bizga hozir bu mamlakatdan un kerak emas va biz so‘nggi yetti yil davomida Markaziy Osiyodan bug‘doy import qilib kelmoqdamiz."
Afg‘onistonlik savdogarning aytishicha, Qozog‘iston va O‘zbekistondan keltirilgan bug‘doyning sifati Pokistonga qaraganda bir necha barobar yaxshi va ancha arzon.
Afg‘oniston bug‘doyni qaysi davlatlardan oladi?
Moskvada, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi bozori bo‘yicha ekspert Marina Sidokga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya - hozirda Afg‘onistonning uchta asosiy bug‘doy eksportchisi.
Sidok xonimning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston bug‘doy va unni Afg‘onistonga eksportida yetakchi bo‘lib, Qozog‘istonni ortda qoldirgan.
"2024-yilda Afg‘onistonga import qilingan bug‘doy va unning 47 foizi O‘zbekistondan va 44 foizi Qozog‘istondan bo‘lgan".
Sidok xonim 2024 yil, 18-sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Osiyo don va yog‘lar bo‘yicha xalqaro konferentsiyasida" Afg‘oniston O‘zbekistondan 1,2 million tonna bug‘doy va un (tonnasi 273 million dollar), Qozog‘istondan 1,1 million tonna bug‘doy va un (tonnasi 265 dollar) va Rossiyadan 237 ming tonna (tonnasi 209 dollar) import qilagan.
Don bozori bo‘yicha mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Afg‘onistonga 691 ming tonna un eksport qilib yetakchi bo‘lgan, undan keyin Qozog‘iston 537 ming tonna un eksporti bilan ikkinchi o‘rinda.
Rossiyaning eksporti juda kam bo‘lib, atigi 14 ming tonnani tashkil qilgan.
Afg‘oniston 2024 yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Rossiyadan 689 million dollarlik bug‘doy va un import qilgan, bu raqam 2023 yilda 888 million dollar va 2022-yilda esa 846 million dollar boshqa yillarga nisbatan juda past bo‘lgan.
Afg‘oniston yiliga qancha bug‘doyga muhtoj?
Afg‘onistonga yiliga 6,87 million tonna bug‘doy kerak, shundan taxminan 70% ichki mahsulotdan qoplanadi, qolgan qismi esa xorijdan ta’minlanadi.
Tolibon hukumatining Milliy statistika va ma’lumotlar boshqarmasi so‘nggi hisobotiga ko‘ra, joriy yil ichki ishlab chiqarish 4,54 million metrik tonnani tashkil qilgan, o‘tgan yilda esa 4,83 million tonna bo‘lgan.
Hisobotga ko‘ra, 2014 yilda 1,89 million gektardan ortiq maydonga bug‘doy ekilgan, o‘tgan yilda bu 2,12 million gektar bo‘lgan.
Afg‘onistonning shimoliy va g‘arbiy qismida suv tanqisligi sabab bug‘doy yetishtirish, ayniqsa lalmi maydonlar hosildorligi keskin kamaygan.
Milliy statistika va axborot idorasining so‘nggi hisobotida joriy yilda 562 ming gektar lalmi bug‘doy ekilgan, o‘tgan yilda esa 736 ming gektar bo‘lgan.
Buyuk Britaniyaning "Alcis" tadqiqot instituti sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida Qandahorda bug‘doy yetishtirish darajasi 2023 yilga nisbatan taxminan 35 foizga pasayganini ko‘rsatgan.
Hisobotga ko‘ra, Faroh, Helmand, Nangrahor, Nimruz va O‘ruzgon viloyatlarida ham bug‘doy yetishtirish so‘nggi yetti yil ichida eng past darajaga yetgan. Suv tanqisligi bunga asosiy sababchi deb ko‘rsatilgan.
Tashkilot, ketma ket kuchli qurg‘oqchilikni mintaqadagi bug‘doy hosili bilan bog‘laydi va suv toshqinlari ba’zi hududlarda lalmi dalalarga ham zarar yetkazganini aytadi.
Afg‘oniston so‘nggi o‘n yil ichida, Pokiston bug‘doyi va uniga tarixiy qaramligiga nuqta qo‘yib, Markaziy Osiyodagi yangi imkoniyatlardan foydalanib, don ta’minoti yo‘nalishini xilma-xil qilishga va saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Ammo bu rivojlanishga qaramay, Afg‘oniston hali ham importga bog‘liq. Ichki ishlab chiqarish, qurg‘oqchilik va ekin maydonlarining kamayishi sabab yetarli emas.
Mutaxassislarning fikricha, agar qishloq xo‘jaligi sohasiga ko‘proq sarmoya kiritilsa, sug‘orish usullari yangilansa va qishloq xo‘jaligi yerlari himoya qilinsa, Afg‘oniston kelajakda bug‘doy ishlab chiqarishda nisbatan o‘zini o‘zi ta’minlashga erishishi mumkin.
Aks holda, Pokistonga bo‘lgan qaramlik tugatilgan bo‘lsa-da, boshqa mamlakatlardan import qilish zarurati saqlanib qoladi.












