You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
G‘arbda savdosi cheklangan "Huawei" ishchilari Toshkentda bayroq ko‘tarib tadbir o‘tkazishi mumkinmi? Video
Xitoyliklar Toshkent markazida o‘ziga xos parad uyushtirgani aytilgan Kun.uzning xabarini O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi "yolg‘on" deb atadi.
Ammo, rasmiylarning bu borada bergan bayonoti jamoatchilikda boshqa bir savolni yuzaga keltirmoqda.
Taniqli Kun.uz nashri poytaxtda bir guruh xitoyliklar 15-fevral kuni bayroqlar ko‘targancha, Milliy bog‘da ommaviy tadbir uyushtirgani videosi aks etgan xabarni chop qilgandi.
Nashr bu masalada Toshkent shahar hokimligidan izoh olgani, hokimlik xitoyliklar tadbiridan xabari bo‘lmaganini aytganini tilga olgan.
Xabarda bog‘ hududini doimiy qo‘riqlab turadigan Milliy gvardiya xodimlari ham nashr muxbiriga xitoyliklar tadbiridan bexabar bo‘lganini aytgani qo‘shimcha qilingan.
Kun.uz videosi tarmoqda aylana boshlashi ortidan ko‘p o‘tmay, Ichki ishlar vazirligi voizi Shohrux G‘iyosov bayonot bilan chiqib, xabarni "yolg‘on" deya atadi. Voizning ta’kidlashicha, "Huawei" kompaniyasining ishchilari o‘zbek idora va tashkilotlari o‘rnak olsa arziydigan yugurish aktsiyasini o‘tkazgan.
Rasmiy bayonot ortidan Kun.uz mavzuga doir materiallarni o‘z platformalaridan o‘chirib tashlagan.
Vazirlikning bu bayonoti yuzaga chiqqan mavhumlikni bosish o‘rniga yanada ko‘plab savollarning o‘rtaga tashlanishiga sabab bo‘ldi.
Ko‘plab tarmoq foydalanuvchilari o‘zbekistonlik faollar choyxonada yig‘ilsa ham, ommaviy tadbir uyushtirishda ayblanayotgan bir paytda hokimiyat vakillari
xorijliklar tashkillagan haqiqiy ommaviy tadbirdan bexabar qolganidan taajjubga tushgani haqida yozgan.
Shuningdek, ayrim foydalanuvchilar mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun avvaldan ruxsatnoma olish shartligini ham eslatgan.
Xo‘sh, xitoyliklik bir guruh odamlar mamlakat poytaxtida sport aktsiyasini o‘tkazish uchun ruxsat olishganmi? Kimdan? Nega bundan Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimligi va IIBB bexabar bo‘lgan?
G‘iyosovga ko‘ra, xitoyliklar bayroqlarida «Sport sog‘liq garovi, siz ham yugurib sog‘lom bo‘ling" degan shiorlar yozilgan. Ammo, buni oddiy jamoatchilik, ayniqsa o‘sha vaqtda Milliy bog‘da bo‘lgan fuqarolar va qo‘riqchilar qayerdan bilishi mumkin?
O‘zbekiston fuqarolari turli bayroqlar bilan bir joyga yig‘ilib sport aktsiyasini o‘tkazishsa, Milliy bog‘ ma’muriyati va Ichki ishlar boshqarmasi ularga ruxsat olishni tavsiya qilgan bo‘larmidi? Xitoyliklarga qonun-qoidalar IIV tomonidan tushuntirildimi?
Hozircha rasmiylar matbuotda va jamoatchilikda yuzaga bu savollarga biror izoh bergani ko‘zga tashlanmayapti.
HUAWEI
Huawei telekommunikatsiya va smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri, ammo uning mahsulotlari savdosi qator davlatlar, jumladan AQSh, Britaniya, Hindiston, Yaponiya va beshta Yevropa Ittifoqi a’zo davlatida cheklangan yo man qilingan.
AQSh "Huawei"ni amerikaliklar ustidan maxfiy nazoratni o‘rnatish xavotiri bilan 2019 yilda uni AQSh savdo cheklovlari ro‘yxatiga kiritgan.
2020 yilda esa Britaniya 2027 yilgacha mamlakatdagi barcha 5G texnologiyalaridan "Huawei" mahsulotlari olib tashlanishini buyurdi. Endilikda Britaniyadagi uyali aloqa operatorlari bu shirkat mahsulotlarini sotib ololmaydi.
Britaniya hukumati bunga Xitoyning josuslik amaliyotlari borasidagi xavotirlar sabab bo‘lganini aytgan.
2021 yilda "Huawei" yo‘lovchilar orasida ko‘rinishidan uyg‘ur bo‘lib ko‘ringan odamlarni ajratib oluvchi tizimni ishga tushirgani iddao qilindi.
BBC News bilan suhbatlashgan IPVM videokuzatuv kompaniyasiga ko‘ra, avvalroq "Huawei" o‘z saytidagi "maxfiy" hujjatda "uyg‘ur alert", ya’ni uyg‘urlarni aniqlashi bilanoq xabar beruvchi tizimi haqida yozgan.
"Huawei" unda bu sahifa sinov shaklida bo‘lganini aytgan va odamlarning etnik kelib chiqishiga qarab aniqlaydigan tizimni sotganini rad qilgan.