O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimova "oshxonada sudlangani" va uning ishi siyosiy degan da’volarga javob berdi - Video

Karimova

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston hukumati marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova oshxonada sudlangani va uning ishi siyosiy degan da’volarni rad qildi. O‘zbek hukumati BMT Inson huquqlari kengashi chiqargan xulosani bir tomonlama va asossiz, dedi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi BMT Inson huquqlari kengashining Gulnora Karimova bo‘yicha chiqargan xulosalarni rad qilib chiqdi.

O‘zbek hukumatiga ko‘ra, Gulnora Karimovaning jinoiy javobgarlikka tortilishi haqidagi BMT Ishchi guruhining fikri bir manba taqdim etgan bir tomonlama sub’ektiv ma’lumotlar asosida shakllantirilgan.

BMT Ishchi guruhi Karimova huquqlari poymol etilgani yuzasidan so‘rovni O‘zbekiston hukumatiga 2024 yil 24 dekabrida yuborgan va 2025 yil 24 fevraligacha javob yuborishni so‘ragan.

So‘ng bu muddat 17 martgacha uzaytirilgan, lekin O‘zbekiston hukumati javobni kechikib 18 martda bergan.

O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi "hukumatning rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli e’tiborga olinmaganidan tashvish" bildirgan.

Aloqador mavzular:

"Bunday yondashuv BMT organlari amal qilishi zarur bo‘lgan xolislik va beg‘azarlik printsiplariga putur yetkazadi", deyiladi Milliy markaz bayonotida.

O‘zbek hukumatiga ko‘ra, Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar O‘zbekiston qonunchiligi va mamlakatning xalqaro majburiyatlariga mos ko‘rib chiqilgan.

Gulnora Karimovaning himoya va odil sudlov huquqlari to‘la ta’minlangan, uning o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ida saqlangani, "oshxona sudi" va boshqa shu kabi da’volar asossiz, deyiladi O‘zbek hukumati bayonotida.

BMTga ko‘ra, Gulnora Karimovaning ishi o‘zboshimcha hibsga olish hisoblanadi, bu ish Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar Xalqaro paktiga zid.

BMTga ko‘ra, Gulnora Karimova ustidan uch marta sud bo‘lgan, uning qamoq muddati noma’lum qolayapti.

Xalqaro tashkilot xulosasidagi manba Karimovaning ushlab turilishi uning siyosiy faoliyati va sobiq prezidentning qizi sifatidagi maqomi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Biroq, Ishchi guruh bu kategoriya bo‘yicha yetarli dalillar yo‘qligi sababli unga doir xulosa bermagan.

Gulnora Karimova
Karimovaning 2014 yilda o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ida saqlangani, „oshxonadagi sud“ va boshqa shu kabi da’volar asossizdir.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi
Batafsil: bbc.com/uzbek

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni ham qat’iyan rad etadi.

BMT ishchi guruhi O‘zbekiston hukumatidan Karimovaning erkinligidan mahrum qilinishini to‘xtatishni, uning huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiq tiklashni va unga kompensatsiya to‘lashga chaqirgan.

Ushbu vaziyatning sabablari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazish va mas’ul shaxslarga chora ko‘rish tavsiya etilgan.

Karimova ustidan 2020 yilgi Toshkent shahar sudi hukmida u jinoiy guruh tuzish, firibgarlik, mablag‘larni o‘zlashtirish, jinoiy yo‘llar bilan topilgan daromadlarni legallashtirish bandlarida aybdor deb topilgan, 13 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

2014 yili Gulnora Karimova VVS muxbiri Natalya Antelava bilan Tvitterda yozishgan, o‘zining erki bo‘g‘ilayotganidan shikoyat qilgan edi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Otasi tirik vaqti ochilgan jinoyat ishi

Gulnora Karimova 2014 yil uy qamog‘ida saqlangan vaqti tarqalgan tasvir

Surat manbasi, Davidson Ryan Dore

Surat tagso‘zi, Gulnora Karimova 2014 yil uy qamog‘ida saqlangan vaqti tarqalgan tasvir

Gulnora Karimovaga nisbatan ilk jinoyat ishi 2013 yilda, prezident otasi hali hayot va qudratda bo‘lgan paytda ochilgan.

Xuddi o‘sha yili G‘arbda boshlangan tergovlar uning siyosiy karьerasiga yakun yasagan.

Gulnora Karimova 2014 yilda omma ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan, yaqinlari o‘shanda uning amalda uy qamog‘iga olinganini aytishgan.

Buning ortidan Gulnora Karimova O‘zbekistonda avvaliga 5 yillik ozodlikni cheklash va ketma-ket ikki bor uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilgan.

Ozodligi 2015 yilda cheklangani esa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining faqat oradan 2,5 yil o‘tib bergan bayonoti ortidan ma’lum bo‘lgan.

Bosh prokuratura Gulnora Karimova soliq to‘lashdan bosh tortish kabi ayb bilan ozodlikdan cheklash jazosiga mahkum etilganini bildirgan.

2017 yilda unga berilgan dastlabki 10 yillik qamoq muddatining yana besh yilga ozodlikni cheklash jazosi bilan almashtirilgani, ammo uy qamog‘i shartlarini buzganligi aytilib, 2019 yilda uning yana qamoqqa olingani xabar qilingan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi so‘nggi bor qo‘shimcha ayblovlar bilan 2020 yilning mart oyida qamoq jazosiga hukm qilingan.

Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etgan.

Ammo, hukmga muvofiq, uning jazo muddatini 2015 yilning 21 avgustidan boshlab hisoblanishi belgilangani aytilgan.

Jazoning to‘liq muddati amal qilsa, Islom Karimov to‘ng‘ich qizining 2028 yilgacha qamoqda qolishi ko‘zda tutilgandi.

Gulnora Karimova davlat mol-mulkini o‘zlashtirish, soliq to‘lashdan bosh tortish, jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik va yana boshqa qator iqtisodiy-moliyaviy jinoyatlarda aybdor, deb topilgan.

Unga nisbatan pul yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishlarini orada AQSh, Gollandiya, Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlari ham tergov qilishgan.