Tramp Erondan "shartsiz taslim bo‘lishi"ni talab qildi, Eron Oliy ruhoniy rahbarini nima qilishlarini ham aytdi - AQSh Isroilning hujumlariga qo‘shiladimi?

Surat manbasi, Getty Images
AQSh nima qilmoqchi?
Bu shu soatlarda kun taribiga chiqqan savol bo‘ladi...
So‘nggi tafsilotlar:
AQSh Prezidenti Donald Tramp urushga kirish-kirmaslik va Isroilning Eronga hujumlariga qo‘shilish-qo‘shilmaslik haqida o‘ylamoqda.
U kecha, seshanba kuni AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashining yig‘inini o‘tkazdi. Yig‘in qariyb bir yarim soat davom etgani aytilmoqda.
Amerika uchun ehtimoliy nishon Eronning Fordo yadroviy inshooti bo‘lishi mumkin. U chuqur yer ostida joylashgan. BBSning Xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frank Gardner yozishicha, faqat AQSh uni yo‘q qilishga qodir qariyb 14 tonnalik bombaga ega.
Trampning maslahatchilari bu borada yakdil fikrda emas. Ekspertlarga ko‘ra, bunga o‘xshash bir qadam mojaroni "butkul o‘zgartirib yuborishi" mumkin.
So‘nggi uch kun ichida qiruvchi va bombardimonchi samolyotlarga yonilg‘i quyish uchun Amerikaning kamida 30 ta harbiy tankeri Yevropaga yo‘llangan.
Eron Oliy ruhoniy rahbari mamlakati hech qachon Isroil bilan murosaga bormasligini bayon qildi. Xomanaiy, "biz sionistlarga rahm qilmaymiz", dedi.
Yevropa esa ikkiga bo‘lingan, Frantsiya Erondagi tuzumni o‘zgartirmaslik kerakligi bilan ogohlantirmoqda, Germaniya esa "iflos ish"ni qilayotgani uchun Isroildan minnatdor.
Eron Oliy rahbari esa, uni AQSh Isroil hujumlariga qo‘shilsa, "o‘nglab bo‘lmas ziyon yetkazishlari" bilan ogohlantirgan.
So‘nggi hujumlar
Isroilga o‘zining javob zarbalarini berib kelayotgan Eron o‘tgan tun ham yana bir hujum uyushtirgan.
Xabarlarga ko‘ra, Isroil bu gal Tel-Avivga o‘zining "Fattoh-1" rusumidagi gipertovushli raketasi bilan zarba bergan, sirenalar ikki bor chalingan.
Ammo Eronning hujumlari ko‘lami kamaydi, deb yozdi BBS muxbiri Ugo Bachega.
Isroil esa, o‘tgan tun Eronning poytaxt Tehrondagi sentrifuga va qurol-aslaha inshootlarini hujumga tutgan.

Surat manbasi, Getty Images
Trampning posti xavotirga molikmi?
Entoni Surcher
BBSning Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri
Tramp Kanadaga safarini qisqa qilib, rivojlangan yettilik sammitidagi ishtirokiga erta yasab, ortga qaytarkan, kechagi tong nisbatan tinch o‘tdi.
Ammo Tramp Truth Social ga xavotir uyg‘otmay qolmaydigan postlar bilan qaytdi.
Bu mamlakatning havo mudofaasi yaxshi bo‘lgani, ammo u Amerikada ishlab chiqarilgan jihozlar qadar kuchli emasligini aytarkan, "biz hozir Eron havo hududi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdik", - deb yozdi.
Mazkur postga prezident yana bir bor "Amerikada ishlab chiqarilgan" bilan maqtandi, deb qarash mumkin, ammo undagi birinchi kelgan "biz" so‘zi hayratga molik.
Eronning havodan mudofaa tizimi Isroil harbiylari buzishgan.
Ammo Tramp bu muvaffaqiyatni tasvirlashda ko‘plik olmoshini qo‘lladi.
Ma’muriyati esa, bir necha kundan buyon bu hujumlarga AQShning bevosita aloqasi yo‘qligini ta’kidlab kelayotgandi.
Tramp ularning ayni mazmundagi ta’kidlaridan keyin shunday qildi.
Uning Truth Social dagi postlari juda o‘zgacha taassurot qoldiradi.
Tramp nimalar dedi?

Surat manbasi, EPA
AQSh prezidenti birinchi marta "biz", dedi. Darhol e’tibor tortdi. Tramp shu paytgacha Isroilning hujumlarida ishtiroklari borligini rad etib kelayotgandi.
- AQSh prezidenti "hozircha" Eron Oliy ruhoniy rahbarini o‘ldirish rejalarini yo‘qligini aytdi.
- Bunday deyishdan avval Tramp Eronni "shartsiz taslim bo‘lish"ga chaqirdi.
- Trampga ko‘ra, Oyatullohning "qaerda ekanligini aniq bilishadi" – "u oson nishon, lekin u yerda xavfsiz".
- Shunday deyish bilan birga, AQSh prezidenti "sabrlari tugab borayotgani" bilan ham ogohlantirdi.
- Isroil Eronga hujum boshlaganiga olti kun bo‘ldi, mojaro hanuz tinmagan.
- Eron Tel-Aviv va Hayfadagilardan shaharni tark etishlarini so‘radi.
- Tehronda yana portlashlar yuz berganiga oid xabarlar olindi.
- Ko‘plab eronliklar poytaxtni tark etish ilinjida – ammo boshqalari boradigan yerlari yo‘qligini aytib o‘tirishibdi.
- AQSh Isroilning havo hujumlarida bizning ishtirokimiz yo‘q, demoqda.
- Ammo Tramp kecha, 17 iyun kuni "Biz Eron havo hududi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdik", degan post ham qoldirgan.
"Qo‘shimcha choralar"...

Surat manbasi, EPA
AQSh vitse-prezidentining aytishicha, Eronning uranni boyitishini to‘xtatish uchun Tramp "qo‘shimcha choralar" ko‘rishi mumkin.
J.D. Vensga ko‘ra, AQSh prezidenti bu borada "qaror qilishi mumkin".
U ijtimoiy tarmoqdagi postida Eron "uranni har qanday fuqarolik maqsadlari uchun zarur bo‘lgan darajadan ancha ko‘p boyitgani" va AQSh prezidenti "Eron boyitishni to‘xtatishi uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish kerakligiga qaror qilishi mumkin"ligi haqida yozgan.
Vens Trampni "harbiylari diqqat-e’tiborini qo‘shinlar va tinch aholini himoya qilishga qaratayotganligi" uchun maqtagan.
Shunday deyish barobarida, u haligacha "Eron yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzishga nega haqli ekani haqida bitta ham yaxshi dalil ko‘rmaganligi"ni aytgan.
Postini Tramp, "Armiyani faqat Amerika xalqining maqsadlariga erishish uchungina ishga solishdan manfaatdor" ekaniga oid ishonch so‘zlari bilan yakunlagan.
"Nima qilmasin, xuddi shu narsa uning diqqat-markazida", degan.
Ammo "qo‘shimcha choralar" derkan, AQSh vitse-prezidenti ularning aynan nimalardan iborat ekanini ochiqlamagan.

Surat manbasi, Getty Images
Tom Betman
Prezident Donald Trampning Isroil bilan Eron o‘rtasidagi mojaro yuzasidan aytgan gaplari Isroilning zarbalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashdan to ulardan qat’iy masofa saqlashgacha o‘zgarib turibdi.
Uning ikki ma’noli bayonotlari harbiy harakatlar keskin avj olayotgan bir paytda noaniqlik hissini kuchaytirdi. Bu holat uning Kanadadagi G7 sammitida ishtirok etgandan so‘ng kutilmaganda ketib qolishi bilan yanada murakkablashdi. Tramp faqat shunchaki "Vashingtonda hal qilinadigan katta ishlar bor" deb aytdi, xolos.
Oq uy esa prezidentning ketishini "Yaqin Sharqdagi vaziyat" bilan bog‘ladi. Ammo keyinroq Tramp Truth Social tarmog‘ida buning "otishmani to‘xtatish bilan hech qanday aloqasi yo‘q"ligini ta’kidladi.
Bundan avval Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu hujumlar AQSh bilan "to‘liq muvofiqlashtirilgan" holda amalga oshirilayotganini aytgandi.
Xo‘sh, Trampga qanday omillar ta’sir qilmoqda va endi uning oldida qanday yo‘llar bor?
1. Netanyahu bosimiga bosh egish va mojaroni avj oldirish

Surat manbasi, Getty Images
Payshanba kuni Isroil raketa zarbalari Tehronni nishon olgan paytda, Tramp Eron rahbarlarini "bundan-da shafqatsizroq" hujumlar bilan qo‘rqitdi. Bu hujumlarni AQSh qurollari bilan qurollangan Isroil amalga oshirgandi.
Trampning eng katta maqsadi aniq: u, Netanyahu kabi, Eron yadroviy bombaga ega bo‘lishiga qarshi. Ammo farqi shundaki, u bu maqsadga AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv orqali erishishni afzal ko‘radi (bu yondashuv Tramp o‘zini "dunyo darajasidagi kelishuv ustasi" deb ko‘rsatishiga mos keladi).
Biroq u maqsadga qanday yetish masalasida ikkilanmoqda: ba’zi paytlarda kuch ishlatish bilan tahdid qilsa, ba’zida diplomatiyani ilgari suradi. O‘tgan hafta u shunday degandi: Isroilning Eronga hujumi kelishuvga yordam beradi, yoki "uni yo‘q qiladi".
Uning noaniq pozitsiyasi tarafdorlari tomonidan ba’zan "strategiya" deb baholanadi — ya’ni xalqaro aloqalarda "aqldan ozgan odam"ning nazariyasi deb ham ataladi. Bu nazariyaga ko‘ra, Trampning nomuayyan yoki kutilmagan xatti-harakati raqiblar (ba’zan ittifoqchilar)ni unga bo‘ysunishga majbur qilishi mumkin. Ushbu nazariya avval sobiq prezident Richard Niksonning Sovet Ittifoqi bilan munosabatlariga nisbatan ham ishlatilgan.
Trampning ba’zi maslahatchilari va tarafdorlari Eronga nisbatan "maksimal bosim" nazariyasini qo‘llab-quvvatlashadi. Ularga ko‘ra, tahdidlar oxir-oqibat samara beradi, chunki Eron muzokara olib borishga jiddiy yondashmaydi. Holbuki, 2015 yilda Eron AQSh prezidenti Barak Obama boshchiligidagi yadroviy kelishuvni imzolagandi (Tramp keyinchalik undan chiqib ketgan).
Netanyahu doimiy ravishda Trampni harbiy yo‘lni tanlashga undab kelmoqda. Tramp esa, har qancha Nobel tinchlik mukofotini olish istagini bildirmasin, oxir-oqibat Tehron rahbariyatiga qarshi harbiy tahdidlarini amalga oshirishga majbur bo‘lishi mumkin.
Isroil esa AQShning aralvshuvi uchun sirtdan bosim o‘tkazishi mumkin. AQShda bunkerga qarshi kuchli bomba bor. Isroil u Eronning Fordodagi yer osti uran boyitish majmuasini yo‘q qilishga qodir, deb hisoblaydi.
Mojaro kuchayishi ortidan AQSh Kongressidagi tajovuzkor Respublikachi senatorlar Eronda hokimiyatni o‘zgartirishni talab qilib, Trampga bosimni oshirmoqda.
Bunday harakatlar Eronni Tramp bilan muzokaralarga bir bosh past holda kirishishga majbur qilishi mumkin. Ammo shunga qaramay, Eron avvaldan muzokara stolida edi — Trampning vakili Stiv Vitkoff rahbarligidagi oltinchi raund joriy yakshanba kuni Ummonda o‘tkazilishi kerak edi.
Bu muzokaralar hozirda bekor qilindi.
2. O‘rta yo‘l – vaziyatni ushlab turish
Hozircha Tramp AQSh Isroilning hujumlarida ishtirok etmayotganini qayta-qayta ta’kidlamoqda.
Ammo mojaroni kuchaytirish Tramp uchun siyosiy va tarixiy jihatdan katta xavf tug‘diradi. AQSh dengiz floti esminetslari va yerdagi raketa tizimlari Isroilni Eronning javob zarbalaridan himoya qilmoqda.
Milliy xavfsizlik kengashidagi ba’zi maslahatchilar Trampga Isroilning hozirgi hujumlarini kuchaytirishga xizmat qiladigan har qanday qadamdan ogoh bo‘lishni maslahat berishyapti — ayniqsa Eronning ayrim raketa hujumlari Isroil-AQSh mudofaasini yorib o‘tib, talafot yetkazganini hisobga olsak.
Netanyahu esa Eron Oliy rahbari Oli Xomanaiyni nishonga olish urushni to‘xtatadi, deb iddao qilmoqda.
Biroq o‘tgan haftada AQShdagi ba’zi OAVlarga ma’lum qilgan bir rasmiy manbadan ma’lum bo‘lishicha, Tramp bunday harakatga qarshi ekanini bildirgan.
3. MAGA ovozlarini eshitish va ortga chekinish

Surat manbasi, Getty Images
Tramp uchun siyosiy jihatdan muhim bo‘lgan ichki siyosiy omillar ham bor — u o‘z elektoratini e’tiborga olmoqda.
Kongressdagi ko‘plab respublikachilar Isroilni qattiq qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, AQSh qurollarini yetkazib berishni ham qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ko‘pchiligi Isroilning Eronga qarshi amaliyotlarini ochiq qo‘llab-quvvatladi.
Biroq Trampning "Amerikani yana buyuk qilish" (Make America Great Again – MAGA) harakatining ba’zi ta’sirli a’zolari bu an’anaviy Isroilni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga butunlay qarshi chiqishmoqda.
So‘nggi kunlarda ular savol qo‘ymoqda: agar Tramp tashqi siyosatda "Avvalo, Amerika" deb va’da bergan bo‘lsa, nega AQSh Yaqin Sharqdagi urushga tortilish xavfini o‘z zimmasiga olyapti?
Tramp tarafdori jurnalist Taker Karlson juma kuni chiqargan tanqidiy maqolasida hukumatning "AQSh urushda ishtirok etmayapti" degan bayonotiga ishonmasligini yozib, "AQSh Isroildan voz kechishi kerak", dedi.
Uning ta’kidlashicha, «Netanyahu va uning urushga chanqoq hukumati" AQSh askarlarini o‘zining urishiga tortayotgan bo‘lishi mumkin.
Karlson shunday yozdi: "Bu urushda ishtirok etish millionlab odamlarning "Avvalo, Amerika" uchun deb ovoz berganlarning yuzigao‘rta barmoqni ko‘rsatish bo‘ladi".
Shuningdek, Trampning sadoqatli tarafdorlaridan biri, Kongress a’zosi Mardjori Teylor Grin ham X tarmog‘ida shunday deb yozdi: "AQSh Isroil-Eron urushiga to‘liq qo‘shilishi kerak deydigan har qanday kishi "Avvalo, Amerika" tarafdori emas".
Bu holat Tramp uchun katta siyosiy zaiflikdir.
Bu unga bosimni orttirmoqda, natijada AQSh va Isroil hujumlaridan masofa saqlayotgani kuzatilmoqda.
Mana shunday MAGA muhokamalari davom etayotgan bir vaqtda Tramp ijtimoiy tarmoqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda urushni tugatishga chaqirganini e’lon qildi. Yakshanba kuni esa u "Eron va Isroil kelishuvga erishishi kerak" dedi va qo‘shimcha qildi: "AQShning Eronga hujum bilan hech qanday aloqasi yo‘q".
Eron allaqachon, agar Vashington Isroilni himoya qiladigan bo‘lsa, AQSh bazalariga zarba berish bilan tahdid qilgan.
Agar amerikalik harbiylar qurbon bo‘lsa, MAGAning ixotalanish qarashlari yanada kuchayishi mumkin va bu Trampni urushdan orqaga chekinishga hamda Netanyahuni hujumni tezroq to‘xtatishga chaqirishga majbur etishi ehtimoldan xoli emas.
Tramp aholini zudlik bilan Tehrondan chiqishga chaqirgandan so‘ng nima bo‘ldi?

Surat manbasi, EPA
Trampning yarim tunda "hamma zudlik bilan Tehrondan ketishi kerak" degan gapi, Eron poytaxtidan odamlarning to‘p-to‘p bo‘lib chiqishiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik Tramp bu gapni odamlar shunchaki xavfsizlikda bo‘lishi uchun aytganini ma’lum qildi. Eron va Isroil o‘rtasida mojaro keskinlasharkan Trampning oldida qanday yo‘llar bor?
"Tehrondan chiqing"

Surat manbasi, Reuters
Dushanba tunda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth ietimoiy tarmog‘ida g‘ayritabiiy izoh qoldirdi.
U yadroviy bitimni imzolamagan Eron rahbarlarini tergagan posti ostiga "Hamma zudlik bilan Tehrondan ketishi kerak!", deb yozdi.
Bu xabarni lentasi boshiga "mixlab" qo‘ydi.
BBC muxbiri Ozoda Moshirining xabar berishicha, Tramp izohidan so‘ng Tehrondan chiqish yo‘llari to‘lib toshgan va yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbat paydo bo‘lgan.
Uning aytishicha, Trampning ogohlantirishidan so‘ng ayrim eronliklar unga amalga qilishga oshiqqan, boshqalar esa unga amal qilib bo‘lmasligini aytgan.
Ismi o‘zgartirilgan Nargiz qo‘rqsa ham Tehronda qolishga qaror qilgan. "Shahar bo‘shab qolganga o‘xshaydi. Kecha tunda Tramp odamlarni ketishga chaqirgandan keyin yana-da ko‘proq aholi chiqib ketayotganga o‘xshaydi", deydi u.
Uning aytishicha, yo‘llar to‘lib toshgan va "dahshat tirbandlik". Tehronda qariyb 10 million aholi yashaydi va Nargiz ketishga harakat qilib, yo‘lda qolib ketishdan ma’no ko‘rmaganini aytadi.
Keyinchalik jurnalistlar Trampdan u Isroil uchun yana nima qilishi mumkinligini so‘raganda Donald Tramp "Hozir bizda hammasi yaxshi, ESlab qolinglar, Eron yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin emas" degan.
Tehronni zudlik bilan tark etish chaqirig‘ini "Men shunchaki, odamlar xavfsizlikda bo‘lishini xohlayman", deb javob berdi.
16 iyun: Erondagi tuzum "o‘ta zaif"mi, Isroil Eron Oliy ruhoniy rahbarini o‘ldirish rejasida bo‘lganmi, Putin Isroil va Eron o‘rtasida vositachi bo‘lsa, Tramp bunga nima deydi? Video

Surat manbasi, EPA
Isroil va Eron o‘rtasidagi hujumlar manzarasida yangi tafsilotlar ham yuzaga chiqmoqda – nima gap?
Erondagi tuzum "o‘ta zaif"mi?
Isroilning maqsadi – "kelishuv" va otashkesim emas, Eronning yadroviy qurol-yarog‘ ishlab chiqarishdan butkul voz kechishi.
Voqealarning Eron bilan bog‘liq so‘nggi rivoji manzarasida Isroil Bosh vaziri Amerikaning Fox News telekanaliga intervyu berdi.
Mana, uning suhbat chog‘ida qilgan asosiy bayonotlari:
- Isroil Donald Tramp bilan "mutlaq muvofiqlashtirilgan tarzda" ish olib bormoqda. (AQSh prezidenti bundan avval mazkur mojaroda o‘zlarining biror bir ishtiroklari yo‘qligini aytgandi).
- Isroilning hujumlari Eronning yadroviy sanoatini "allaqachon ancha orqaga tashlagan".
- Isroil Havo kuchlarida Tehronga "to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochilgan". "Biz endi Tehron va boshqa joylardagi kerakli nishonlarni ura olishimiz mumkin", - deb aytgan Isroil Bosh vaziri.
- Isroilning maqsadi – "kelishuv" va otashkesim emas, Eronning yadroviy qurol-yarog‘ ishlab chiqarishdan butkul voz kechishi.
- Eron bilan so‘nggi nizo fonida Netanьyaxu "Isroil va Fors xalqlari qadimdan do‘st", deyish bilan, hujumlari bu mamlakatdagi oddiy odamlar emas, Eron hukumatiga qaratilganiga ham ishora qilgan.
- Isroil operatsiyasining maqsadlaridan biri Eronda hokimiyatni almashtirish bo‘lishi mumkin. "Bu, albatta, natija bo‘lishi mumkin, chunki Eron rejimi juda zaif", - deya bayon qilgan Isroil Bosh vaziri.
- U, shuningdek, jurnalistning Trampdan bunkerlardagi nishonlarga (Eronning asosiy yadroviy inshootlari chuqur yer ostida joylashgan) zarba berishga qodir bo‘lgan bombalaridan so‘ragani yoki yo‘qligi haqidagi savoliga javob berishdan bosh tortgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Putin vositachi?

Surat manbasi, EPA
AQSh prezidenti Putinning Eron va Isroil orasida vositachilik qilishiga qarshi emasligini aytdi.
Unga ko‘ra, Putin bu ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatishda vositachi rolini o‘z zimmasiga olsa, bunga e’tiroz bildirmaydi.
Donald Tramp bu haqda Amerikaning ABC News televizion kanaliga bergan intervyusi chog‘ida to‘xtalib o‘tgan.
Tramp, "Ha, men bunga e’tiroz bildirmagan bo‘lardim. U [Putin] menga bu borada qo‘ng‘iroq qildi. Biz uning vaziyati emas, shu haqda ko‘proq gaplashdik. [AQSh prezidenti ayni o‘rinda Putin Ukrainaga boshlagan urushni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin – tahr.]. – O‘ylaymanki, bularning barchasi hal bo‘ladi", - deb aytgan. (Tramp bilan suhbatlashgan ABC News jurnalisti Reychel Skottning X tarmog‘idagi postidan olingan iqtibos).
Bundan avval Tramp Rossiya prezidenti tug‘ilgan kuni bilan "juda samimiy tabriklash" uchun o‘ziga qo‘ng‘iroq qilgani haqida xabar bergandi.
Shu bilan birga, Oq uy rahbariga ko‘ra, bir soatga yaqin davom etgan mazkur suhbatlari chog‘ida tomonlar Ukrainadagi urushga "ancha kam vaqt ajratishgan".
"[Putin] men kabi Isroil-Eron urushi yakun topishi kerak, deb o‘ylaydi, men unga o‘zining urushi ham tugashi kerakligini anglatdim", - deb yozgan Tramp.
Shu yil yanvar oyida Eron va Rossiya strategik sheriklik shartnomasini imzolashgan.
Ukraina va uning G‘arbdagi ittifoqchilari Tehron Moskvani qurol va harbiy texnologiyalar bilan faol ta’minlab keladi, degan o‘yda.
Shu bilan birga, Rossiya Isroil bilan ham munosabatlarini yaxshi ushlab turibdi.
Isroilning rejasi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Xabarlarga ko‘ra, AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqinda Isroilni Eron Oliy ruhoniy rahbarini o‘ldirish rejasidan qaytargan.
Bu haqda amerikalik uch mulozim BBC ning shtatlardagi hamkori CBS News telekanaliga aytishgan.
Ulardan biriga ko‘ra, isroilliklar Eron Oliy ruhoniy rahbariga suiqasd qilish imkoniyatiga ega bo‘lganlar va Tramp "yaxshi" emasligini aytib, Isroil Bosh vazirini bu fikrdan qaytargan.
Agar, amerikalik mulozimlarning so‘zlariga tayanilsa, ikkovlon o‘rtasidagi suhbat o‘tgan hafta, Isroilning Eronga yirik hujumi ortidan bo‘lib o‘tgan.
Trampning mazkur taklifni rad etgani haqida birinchi bo‘lib Reuters xabar bergan.
Isroil Bosh vaziri esa, Fox News telekanaliga bergan suhbatida bu xarbarni na-da bevosita tasdiqlagan va nad-da rad etgan.
"Hech qachon bo‘lmagan suhbatlar haqida ko‘plab yolg‘on xabarlar bor va men ularga berilmayman", - derkan, - "lekin men sizga biz nima qilishimiz kerak, deb o‘ylashimni ayta olaman. Biz nima qilishimiz lozim bo‘lsa, shuni qilamiz va menimcha, Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zlari uchun nima yaxshi ekanini biladi, men bunga to‘xtalib o‘tirmayman", - deya javobiga yakun yasagan Benyamin Netanyaxu.
Nizoning to‘rtinchi kuni

Surat manbasi, Reuters
Tomonlar o‘z talafotlariga oid yangi raqamlarni e’lon qilishdi.
Eronning hujumida ukrainaliklar ham halok bo‘lishganiga oid ma’lumotlar chiqdi.
Yangi tafsilotlar
O‘zaro hujumlar to‘rtinchi tun ham tinmadi.
Qisqa satrlarda
- Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi raqamlarni e’lon qildi. Vazirlikka ko‘ra, mojaroning dastlabki uch kunida Isroilning hujumlari kamida 224 kishini o‘ldirgan, 1277 nafarini yaralagan.
- Eronning Isroilga o‘tgan tungi hujumi besh insonning umriga zomin bo‘lgan, Isroilning so‘nggi uch kundagi jami talafotlari soni 19 kishiga chiqqan.
- Isroil Armiyasi bugun tongda yangi bayonot bilan chiqdi, bu gal Tehrondagi "Al-Quds" maxsus kuchlarining qo‘mondonlik markazlariga zarba berganliklarini aytdi. Hozircha zarbalari natijasi haqida batafsil ma’lumot bermadi.
- Kecha, yakshanba kuni esa, Isroilning zarbalari natijasida Eron Qurolli kuchlarining Razvedka bo‘limi boshlig‘i halok bo‘lgan.
- Isroilning Bat-Yam shahrida qurbon bo‘lganlar soni 9 kishiga chiqdi. Eronning hujumi ortidan shaharda qutqaruv ishlari davom etayotgandi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, uch bola ilova ulardan besh nafari o‘z fuqarolaridir.
- Eron Qatar va O‘monga "Isroilning hujumlari ostida ekan, otashkesimga oid muzokaralarga ochiq emas"ligini bildirdi. Bu ikki davlat Eronning Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muzokaralarida vositachilik qilib kelishadi.
- Hujumni o‘tgan payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Isroil boshlagan, Eronning yadroviy, harbiy sathlariga zarba bergan. Eron bunga yuzga yaqin dron otish bilan javob qaytargan. Buning ortidan o‘zaro hujumlar o‘zining to‘rtinchi kuniga kirgan.
- AQSh Prezidenti Donald Tramp ikki tomon kelishuvga erishishi kerakligini aytdi. Bu xususda allaqachon telefon qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tayotganini ma’lum qildi.
- Trampning aytishicha, Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi mojaroga AQShning aloqasi yo‘q va urushayotgan tomonlar "osonlik bilan til topa olishlari mumkin".
- Isroil Bosh vaziri esa, bu yerda masala keskinlikni yumshatish emas, Eronni yadroviy salohiyatini rivojlantirishdan to‘xtatib qolish ekanini aytdi.
Maqola yangilab borilmoqda.
Eronning bugun tongda Isroilga uyushtirgan hujumi oqibatlari. Suratlar Tel-Avivda olingan:

Surat manbasi, Reuters

Surat manbasi, Reuters

Surat manbasi, MEGHDAD MADADI/TASNIM NEWS/AFP via Getty Images
Eronga zarba bergan kunning ikkinchi yarmiga kelib, Isroil Mudofaa kuchlari "Qalqayotgan sher" amaliyoti doirasida Eronga hujumlar davom etayotganini bildirdi.
Isroil davlat matbuoti Isroil hujumlari natijasida 78 inson halok bo‘lganini yozdi.
Nur nashriga ko‘ra, 329 kishi jarohat olgan.
AQSh prezidenti Eronni yadro shartnomasi imzolashga chaqirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronni yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv tuzishga chaqirdi va Tehronga "ketma-ket imkoniyat bergani"ni ta’kidladi.
Yakshanba kuni AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar oltinchi bosqichga kirishi kutilmoqda edi.
"Men ularga qattiq qilib "shunchaki bajaring", dedim. Lekin ular qanchalik harakat qilmasin, qanchalik yaqinlashmasin, buni uddalay olishmadi", - deb yozdi Tramp Truth Social platformasida.
"Allaqachon katta qirg‘in va vayrona bo‘ldi, lekin bu qon to‘kilishni to‘xtatishga hali vaqt bor. Keyingi rejalashtirilgan zarbalar yanada shafqatsiz bo‘ladi", - dedi u.
"Eron hech narsa qolmasidan avval, kelishuv tuzishi kerak. Ilgari Eron Imperiyasi deb atalgan nomni saqlab qolish uchun buni amalga oshiring. Yana o‘lim, yana vayrona yo‘q. JUDA KYeCh BO‘LIShIDAN AVVAL, ShUNChAKI BAJARING", - deya yakunladi u.
Tramp avvalroq Isroilning zarba berish rejalaridan xabardor bo‘lganini aytgan, ammo AQSh harbiylari bu operatsiyada hech qanday ishtirok etmaganini alohida ta’kidlagan.
O‘zbekiston tomonlarni vazminlikka chaqirdi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi "insonlarning halokatiga va Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan Isroilning Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir" bildirib bayonot chiqardi.
"Barcha tomonlarni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqiramiz", deyiladi unda.
Bayonotda keng ko‘lamli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy vaziyatning yanada keskinlashuvi xavotir uyg‘otayotgani aytilgan.
"O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi va mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi".
Isroil Eron yadroviy inshootlariga hujum boshladi – Nimalar ma’lum?
Lana Lam
BBC News
Isroil juma kuni Eron bo‘ylab hujumlar uyushtirdi va ular Eron yadroviy dasturining "yuragini" nishonga olganini bildirdi.
Isroil harbiylarining aytishicha, Eron 100 dan ortiq dron bilan qarshi hujum boshlagan. Isroil bu dronlarni o‘z hududidan tashqarida to‘xtatishga kirishganini aytdi. Isroilda favqulodda holat e’lon qilindi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rahbari Hussain Salomiy va yadroviy olimlar halok bo‘lgan.
AQSh Eronning asosiy uranni to‘yintirish markazini ham nishonga olgan hujumlarda ishtirok etmaganini bildirdi.
Hujumlar qachon va qaerda sodir bo‘ldi?

Mahalliy vaqt bilan soat 03:30 atrofida Eron poytaxti Tehronda portlashlar ro‘y bergani haqida xabarlar tarqaldi.
Eron davlat OAV turar joylar nishonga olinganini bildirdi, shuningdek Tehronning shimoli-sharqida ham portlashlar eshitilgan. Bu xabarlarni BBC mustaqil tarzda tasdiqlay olmadi.
Isroilda ham ayni vaqtda havo hujumidan ogohlantirish sirenalari ishga tushdi va aholiga favqulodda ogohlantirishlar yuborildi.
Isroil harbiylari "Eronning turli hududlaridagi o‘nlab harbiy ob’ektlar, shu jumladan yadroviy ob’ektlar" nishonga olinganini bildirdi.
Dastlabki hujumlardan bir necha soat o‘tib, Eron davlat OAVlariga ko‘ra, poytaxtdan 225 km janubda joylashgan Natanz yadroviy inshootida portlash sodir bo‘ldi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi keyinchalik Natanz inshooti zarba ostida qolganini tasdiqladi.
Agentlik Eron rasmiylari ushbu ob’ektda radiatsiya darajasi oshmaganini bildirganini ma’lum qildi.
Isroil nima demoqda?
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu hujumlarni — "Qalqayotgan sher amaliyoti" deb nomlagan va "Isroilning omon qolishi uchun Eron tahdidini bartaraf etishga qaratilgan aniq nishonga olingan harbiy operatsiya" deb atadi.
Uning aytishicha, amaliyot "tahdidni butunlay yo‘q qilish uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi".
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
"Oxirgi oylarda Eron ilgari hech qachon qilmagan ishlarni qilmoqda — to‘yintirilgan uranni qurolga aylantirish choralarini ko‘rmoqda. Agar bu to‘xtatilmasa, Eron qisqa vaqt ichida, ehtimol bir yil ichida, balki bir necha oy ichida yadroviy qurol yaratishi mumkin. Bu Isroilning omon qolishiga ochiq va bevosita tahdiddir", degan u.
Netanyahu shuningdek, AQSh Prezidenti Donald Trampga Eronning yadroviy dasturiga qarshi turgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Isroil harbiy rasmiysi BBCga bergan intervyusida Eron bir necha kun ichida yadroviy bomba yaratishga yetarli materialga ega ekanini aytdi.
Eron qanday javob berdi?
Isroil Mudofaa kuchlariga ko‘ra, juma kuni ertalab Eron Isroilga qarshi 100 dan ortiq dron uchirgan, ularni Isroil armiyasi tutishga harakat qilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi esa, Eron qurolli kuchlari mamlakat suverenitetini "to‘liq kuch bilan va zarur deb hisoblangan tarzda" himoya qilishdan aslo tortinmasligini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotida Isroil amaliyotlari "tajovuzkor harakatlar" deb ataldi va "AQSh hukumati bu rejimning asosiy homiysi sifatida javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi" deyiladi.
AQSh nima dedi?
AQSh davlat kotibi Marko Rubio AQSh bu hujumlarda ishtirok etmaganini va hech qanday yordam ko‘rsatmaganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh uchun eng ustuvor masala mintaqadagi amerikalik harbiylarni himoya qilishdir.
Donald Tramp hozircha hujumlar haqida izoh bermadi.
Jahon hamjamiyatining munosabati sifatida Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong bu keskinlashuvdan "juda xavotirda" ekanini, hujumlar esa "allaqachon noaniq vaziyatdagi mintaqani yanada beqarorlashtirish xavfini keltirib chiqarayotganini" bildirdi.
Eronning yadroviy dasturi nima?

Eron uzoq vaqtdan buyon yadroviy dasturi faqat fuqarolik maqsadlariga qaratilganini ta’kidlab keladi. Mamlakat bo‘ylab bir nechta yadroviy inshootlar mavjud bo‘lib, ularning ayrimlari Isroilning hozirgi hujumlarida nishonga olingan.
Biroq ko‘plab davlatlar, shu jumladan Xalqaro atom energiyasi agentligi ham Eronning yadroviy dasturi faqat tinchlik maqsadlariga qaratilganiga ishonmaydi.
Shu hafta agentlikning boshqaruv kengashi so‘nggi 20 yil ichida birinchi marta rasman Eronni yadroviy qurol tarqatmaslik bo‘yicha majburiyatlarini buzgan, deb e’lon qildi.
Uning bayonotida Eron tomonidan ma’lum qilinmagan yadroviy materiallar bo‘yicha to‘liq javob berilmagani va to‘yintirilgan uran zahirasi borasida ko‘plab yetishmovchiliklar qayd etilgani aytildi.
Oldinroq e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Eron uranni 60% soflik darajasigacha to‘yintirgan. Bu miqdordagi material 9 ta yadroviy bomba yasashga yetarli bo‘lishi mumkin.
Kimlar halok bo‘ldi?
Isroil mudofaa kuchlarining ma’lum qilishicha, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni va Eron Favqulodda holatlar bo‘yicha qo‘mondoni "Isroil hujumlari natijasida halok etilgan".
Isroil armiyasining bildirishicha, kechasi amalga oshirilgan hujumlar 100 dan ortiq nishonni o‘z ichiga olgan — ular qatorida Eron Bosh shtabi yetakchilari va yadroviy dastur rahbarlari ham bor.
Eron davlat OAVlari bildirishicha, halok bo‘lganlar orasida quyidagilar bor:
- Hussayn Salomi – Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni
- G‘ulomali Rashid – "Xotamul-Anbiyo" markaziy qo‘mondonligi rahbari
- Muhammad Boqiriy – Eron qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari
Eron islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq "Tasnim" axborot agentligi ma’lum qilishicha, hujumlar davomida 6 nafar yadroviy olim ham halok bo‘lgan, ulardan 5 nafari aniqlandi:
- Fareydun Abbosiy – Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari
- Muhammad Mahdiy Tehronchi – Eron yadroviy qurol dasturida ishtirok etgan
- Abdulhamid Minuchehr – Shahid Behishti universitetining yadroviy muhandislik bo‘limi rahbari
- Ahmad Rizo Zulfaqoriy – yadroviy muhandislik professori, Shahid Behishti universiteti
- Amirhusayn Faqhiӣ – yadroviy fanlar professori, Shahid Behishti universiteti
Bundan tashqari, Oliy rahbar Oyatullo Ali Xomanaiyning katta maslahatchisi Ali Shamxoni ham jiddiy jarohat olgani haqida xabar qilinmoqda.
BBC bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi
12 iyun: Urushdan oldin nima bo‘lgandi? Eron bilan taranglik manzarasida AQSh Iroqdagi elchixonasini qisman olib chiqadi

Surat manbasi, Getty Images
AQSh hukumati manbalariga ko‘ra, xavfsizlik tahdidlarining kuchayishi sababli Bag‘doddagi AQSh elchixonasining muhim bo‘lmagan xodimlari va ularning oila a’zolari Iroqdan evakuatsiya qilinadi.
Rasmiylar bunga nima sabab bo‘lganini aniq aytganlari yo‘q, ammo Bi-bi-sining AQShdagi hamkori CBS xabar berishicha, Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlashga tayyor ekani haqida xabar berilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, bu ba’zi amerikaliklarga mintaqani tark etish tavsiya qilingani sabablardan biridir, ular Eron AQShning Iroqdagi ayrim ob’ektlariga javob zarbasi berishi mumkin deb o‘ylashadi. Shuningdek, AQSh rasmiylari Isroil ichidagi xodimlari harakatlarini ham cheklaganlar.
Ushbu voqealar AQSh va Eron o‘rtasidagi yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar so‘nggi kunlarda to‘xtab qolgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
CBS'ga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoff 15 iyun kuni Eron bilan yadroviy dastur haqida muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Axios nashrining xabar berishicha, Uitkoff O‘monning Muskat shahrida Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bilan uchrashadi.
AQSh davlat departamentining Bi-bi-siga ma’lum qilishicha: "Biz elchixonalarimizdagi xodimlar sonini doimiy ravishda qayta baholab boramiz. Oxirgi tahlillarimizga asosan, Iroqdagi missiyamiz miqyosini qisqartirishga qaror qildik."
Departament keyinroq ma’lum qilishicha, mintaqadagi "kuchaygan keskinlik" sababli AQSh hukumati xodimlariga Isroil ichida Tel-Aviv, Quddus va Beer-Shevadan tashqariga sayohat qilish taqiqlangan.
11 iyun kuni Vashingtondagi Kennedi markazida so‘zga chiqqan AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga shunday dedi: "mintaqa xavfli bo‘lishi mumkinligi sababli amerikaliklarga u yerni tark etish tavsiya qilindi. Nima bo‘lishini ko‘ramiz."
Tramp, shuningdek, AQSh Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymasligini yana bir bor ta’kidladi. "Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz", dedi u.
Prezident Tramp Eronga zarba Tehronning yadroviy qurol ishlab chiqarishini to‘xtatadi deb o‘ylaydi.
Shu hafta boshida Prezident Tramp Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan 40 daqiqalik telefon suhbati o‘tkazgan. Bu suhbat "tarang" bo‘lgani xabar qilindi. Netanyahu uzoq vaqtdan beri Eron yadroviy dasturining yechimi diplomatik emas, harbiy yondashuv deb biladi.
9 iyun kuni Venada Xalqaro Atom energiyasi agentligi (IAEA) boshqaruv kengashi Eronning yadroviy dasturi va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun yig‘ilish boshladi.

Bu IAEAning Tehron bilan hamkorlikni "qoniqarsiz" deb baholagan hisoboti ortidan tashkil qilindi. Xususan, hisobotda agentlik Eronning bundan oldin e’lon qilinmagan ob’ektlarda topilgan yadroviy moddalar bo‘yicha tushuntirishidan qoniqmagan.
Eron xalqaro atom agentligi hisobotini nomuvozanatli deb baholadi, bu hisobot Isroil taqdim qilgan "soxta hujjatlar"ga tayangan dedi.
Yadroviy muzokaralar hal qiluvchi bosqichda ekan, AQShning so‘nggi bayonoti haqiqiy xavotirmi yoki faqat signal berishmi — hozircha aniq emas.
Biroq Eron mudofaa vaziri Aziz Nasirzoda agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa va Tramp Eronga harbiy zarba berish buyrug‘ini bersa, AQShning mintaqadagi bazalariga javob qaytarilishini aytdi.
Reuters agentligining xabar berishicha, AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset ham Yaqin Sharqdagi, jumladan, Quvayt va Bahrayndagi amerikalik harbiy xizmatchilar oilalarining ixtiyoriy evakuatsiyasiga ruxsat bergan.
11 iyun kuni Kongress qo‘mitasi oldida guvohlik bergan Pentagon vakili Eron "yadroviy qurolga o‘xshash narsa yaratish yo‘lida harakat qilayotgani"ni ko‘rsatuvchi "etarlicha dalillar" mavjud deb aytdi.
Eron esa o‘zining uran boyitish dasturi faqat tinch maqsaddagi energiya ishlab chiqarish uchun ekanini va atom bombasi yaratish niyati yo‘qligini ta’kidlaydi.
Buyuk Britaniyaning Qirollik dengiz flotiga qarashli Dengiz savdosi operatsiyalari tashkiloti chorshanba kuni Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlikning ortishi dengiz yuk tashishiga ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
AQSh evakuatsiyasi haqidagi xabar tarqalgani ortidan neft narxi 4% dan yuqoriga ko‘tarildi.
AQSh Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Iroqda taxminan 2500 nafar amerikalik harbiy xizmatchi joylashgan.
2020 yil yanvar oyida Eron AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa zarbalari bergan edi.
Bu zarbalar AQSh tomonidan Eron generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganiga javob sifatida uyushtirilgan edi.
Bazadagi amerikalik harbiylar orasida qurbonlar bo‘lmagan, ammo o‘nlab harbiylar jarohatlangan edi.













