O‘zbekiston va dunyo: "Markaziy Osiyo kuchliroq qizib borayapti"

Surat manbasi, Reuters
Yana bir xalqaro hisobot iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo mamlakatlari hayotini qiyinlashtirishidan ogohlantirdi, tahdidga qarshi barcha amallarni samarali muvofiqlashtirib kurashish zarurligi ta’kidlandi.
Jahon Meteorologiya tashkiloti "2025-2029 yillar uchun iqlim istiqboli" uzoq muddatli prognozini e’lon qildi.
Ushbu hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo dunyoning boshqa joylariga solishtirganda ham kuchliroq qizib borayapti.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Markaziy Osiyo mamlakatlari zudlik bilan qurg‘oqchilik, muzliklarning shiddat bilan erishi va beqaror yog‘ingarchiliklar sharoitiga moslashishlari lozim, aks holda suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va energetika bilan bog‘liq tahdidlar yanada kuchayadi.
Jahon Meteorologiya tashkilotiga ko‘ra, 2025–2029 yillar davomida har bir yil 1991–2020 yillar normasidan issiqroq bo‘lishi mumkin.
Global harorat ba’zi yillarda sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan solishtirganda +1.5°C dan ko‘tarilib ketish ehtimoli bor.
Haroratning oshishi Qirg‘iziston va Tojikistondagi ko‘p asrlik muzliklarning yanada tez erishiga olib keladi, mintaqaning ikki yirik daryosi Sirdaryo va Amudaryo asosiy suvlarini ana shu muzliklardan oladi, ularning tez erishi esa suv manbalariga xavf soladi.
O‘zbekistondagi "Suvchi" jamoat birlashmasi rahbari Tohir Majitovning Kazinform axborot agentligiga aytishicha, mintaqaning eng yirik muzligi - Tojikistondagi Fedchenko muzligining 40 foizi allaqachon erib bo‘lgan.
Qirg‘iziston o‘zining asriy muzliklarining 30 foizidan ayrilgan.
Ayni holat Qirg‘iziston va Tojikiston kabi iqtisodiyoti gidroelektrostantsiyalarga bog‘liq mamlakatlar uchun katta muammo.
Odatda may-sentyabr oylarida mintaqaning aksar hududida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, bundan buyog‘iga esa Jahon Meteorologiya tashkiloti yoz oylaridagi vaziyatning normadan yuqori bo‘lishi ehtimoli 82% ni tashkil etishi mumkinligidan ogohlantirayapti, bu degani yozda yog‘ingarchilik, keyin esa qurg‘oqchilik ro‘y beradi deganidir.

Surat manbasi, .
2024 yil tarixdagi eng issiq yil sifatida qayd etildi — harorat sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan +1.55°C ga ko‘tarilgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, suv taqchilligi Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘layapti.
Asriy muzliklar hozirgi sur’atda erishda davom etaversa, mintaqa ekologik falokatga to‘qnash kelishi mumkin.
Mercy Corps xalqaro insonparvarlik tashkiloti Afg‘oniston poytaxti Kobul shahri yaqin orada dunyodagi toza ichimlik suvi manbasidan ayrilgan ilk shahar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib chiqdi.
Ayni paytda O‘zbekistondagi kun.uz veb nashri xabar qilishicha, mamlakatda tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir bo‘lgan hududlar soni ko‘paymoqda.
Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Bo‘zatov tumanlarini tuman koeffitsientlari hamda yillik qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddati qo‘llanadigan tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir va noqulay bo‘lgan hududlar ro‘yxatiga kiritgan.
Shu yil mart oyi oyida Markaziy Osiyoni kutilmagan issiqlik to‘lqini qopladi.
Iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarini o‘rganadigan olimlar ittifoqi World Weather Attribution tadqiqotiga ko‘ra, mart oyi davomida havo harorati sanoat davrigacha bo‘lgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan 10 daraja yuqori bo‘lgan.
Guruhning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi issiqlik to‘lqinini taxminan 4 darajaga oshirgan.
Bu esa mintaqada allaqachon iqlim o‘zgarishidan jiddiy jabr ko‘rayotgan qishloq xo‘jaligi va suv ta’minotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirish bildirilgan edi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post












