Isroil Eronga javob “halokatli” va “kutilmagan” boʻlishini aytdi – AQSh nega Yaqin Sharq mojarosini hal eta olmayapti?

Ўқилиш вақти: 7 дақ

Prezident Jo Bayden va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu telefon orqali soʻzlashgan. Suhbatdan koʻp oʻtmay, Isroil Eronga javob "halokatli" boʻlishidan ogohlantirgan.

AQSh prezidenti va Isroil Bosh vaziri oʻrtasida uzoq vaqtdan beri kutilayotgan bevosita suhbat boʻlib oʻtgan.

Telefon orqali 30 daqiqa davomida kechgan suhbat ikki yetakchining avgust oyidan buyon ilk soʻzlashuvi boʻlgani aytiladi.

Suhbatda Eronning 1-oktyabr kunidagi Isroilga qarshi raketa hujumiga nisbatan qanday javob qaytarilishi masalasi ham koʻtarilgan.

Oq Uy suhbatni "samarali" kechganini maʼlum qilgan.

Ikki yetakchi suhbatidan koʻp oʻtmay, Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Eronga qarshi javob zarbasi "halokatli" va "kutilmagan" boʻlishini maʼlum qilgan.

"Bizga kim hujum qilsa ham, zarar koʻradi va javobini beradi. Bizning hujumimiz halokatli, aniq va hammasidan ham koʻra, kutilmagan boʻladi. Ular nima yuz bergani, qanday yuz berganini ham bilmay qoladilar, faqat natijani koʻradilar", deydi Gallant Mudofaa vazirligi tomonidan eʼlon qilingan videoda.

AQSh Isroilning Eron dastagidagi Hizbulloh va Hamas kabi guruhlarga qarshi kurashini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlab keladi, ammo Oq Uy Eron bilan bevosita urushni keraksiz va xavfli, deb hisoblaydi.

Isroilda esa joriy kayfiyat shunday - koʻplab siyosatchilar, hatto, muxolifat yetakchilari ham Hamas va Hizbullohga berilgan zarbalardan soʻng Eron ancha zaiflashib qoldi va hozir unga hujum qilish uchun ayni fursat, deya ishonadi.

AQSh nega vositachilikni eplay olmayapti? - Tahlil

Tom Beytman

AQSh Davlat Departamentidagi muxbir, BBC News

Oʻtgan yili, 7-oktyabr hujumlari va Isroilning Gʻazoga bosqini boshlanishi bilan Jo Bayden urush davrida Isroilga tashrif buyurgan birinchi AQSh prezidenti boʻldi.

Tel-Avivda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va urush kabineti bilan uchrasharkan u televizor kameralariga qarab, "Siz yolgʻiz emassiz" deya Isroil xalqiga murojaat yoʻllashining guvohi boʻlgan edim.

Ammo u Isroil rahbariyatini 9-noyabr voqealaridan keyin jahl otiga mingan Amerika qilgan xatolarni aslo takrorlamaslikka ham chaqirgan edi.

Joriy yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda, Birlashgan Millatlar Tashkilotida, Prezident Bayden Isroil va Hizbulloh oʻrtasidagi masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirgan yetakchilar roʻyxatining boshida edi.

Netanyahu esa bu murojaatni javobsiz qoldirmadi. U Isroilning qoʻli butun mintaqaga yetishi mumkinligini taʼkidladi.

Oradan atigi toʻqson daqiqa oʻtib, Isroil uchuvchilari Amerika yetkazib bergan "bunkerlarni tilka-pora qiluvchi" bombalarni Beyrut janubidagi binolarga otishdi.

Hujum natijasida Hizbulloh yetakchisi Hasan Nasralla oʻldi.

Bu Hamas 7-oktyabrda Isroilga hujum qilganidan buyon yil davomida sodir boʻlgan eng muhim burilish nuqtalaridan biriga aylandi.

Bayden diplomatiyasi Amerika bombalari yordamida amalga oshirilgan Isroil havo hujumi yaratgan xarobalar ostiga koʻmildi.

Matbuot vakillari safida boʻlib, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan Yaqin Sharqqa bir necha marta safar qildim.

2023-yil dekabriga qadar oʻtgan u yerdagi yetti yillik faoliyatim davomida Amerika diplomatiyasini yaqindan kuzatishga muvaffaq boʻldim.

Bayden maʼmuriyati diplomatiyasining eng katta maqsadi Gʻazoda asirlarni ozod qilish boʻyicha kelishuvga erishish edi.

Vaziyat juda keskin.

Hamas janubiy Isroilda harbiylashgan toʻsiqlarni buzib kirib, 1200 dan ortiq odamni oʻldirgani va 250 kishini, jumladan, yetti nafar AQSh fuqarosini garovga olganiga bir yil boʻldi.

Ular hanuz tutqunlikda, baʼzilari esa allaqachon oʻlgan boʻlishi ham mumkin.

Gʻazoda Isroilning katta miqyosdagi javob hujumi deyarli 42 ming falastinlikni oʻldirdi, Gʻazo hududi esa vayronalar, qochqinlar va ocharchilik makoniga aylandi.

Yana minglab falastinliklar bedarak yoʻqolgan.

BMTning xabar berishicha, Isroilning zarbalari natijasida rekord darajada koʻp koʻngilli yordamchilar halok boʻlgan.

Gumanitar tashkilotlar Isroilni yordam joʻnatmalarini toʻsib qoʻyishda ayblab kelmoqda — Isroil hukumati esa halicha bu aybni tan olmadi.

Bu orada urush Gʻarbiy Sohil va Livanga tarqaldi.

1-oktyabr kuni Eron Hizbulloh yetakchisi Nasrallaning oʻldirilishiga javoban Isroilga 180 ta raketa otdi.

Mojaro yanada chuqurlashib, butun mintaqani qamrab olishi mumkin.

Yutuqlar va yoʻqotishlar

AQSh Davlat departamenti faoliyatini yoritish davomida Bayden maʼmuriyati bir vaqtning oʻzida Isroil bosh vaziri Netanyahuni ham qoʻllab-quvvatlashga, ham cheklashga urinishiga guvoh boʻldim.

Ammo mojaroni bartaraf etish va kelishuvga erishish maqsadi maʼmuriyat uchun har doim muvaffaqiyatsiz yakunlanib keldi.

Bayden maʼmuriyati vakillarining fikricha, AQSh bosimi Isroil "harbiy operatsiyalarining shaklini" oʻzgartirdi.

AQSh aralashuvisiz Isroil hujumi Gʻazo janubidagi Rafahni bundan-da ayanchli holatga olib kelishi mumkin edi, deya taʼkidlaydi ular - garchi shahar allaqachon vayronaga aylanib ulgurgan boʻlsa ham.

Rafahga hujumdan oldin, Bayden Isroilliklarni toʻliq hujumdan qaytarish uchun 2000 va 500 funtlik bombalar joʻnatilishini taqiqlagan edi.

Ammo prezident darhol Vashingtondagi respublikachilar va uni "qurol embargosi" deya taʼriflagan Netanyahuning qarshiligiga duch keldi.

Shundan soʻng Bayden bu toʻxtatishni qisman bekor qildi va boshqa bunday harakatni takrorlamadi.

Garchi BMT Gʻazoda yil boshida ocharchilik holati kuzatilganini xabar bergan boʻlsa ham Davlat departamenti vakillari AQSh saʼy-harakatlari bilan anchayin koʻp yordam oqimi hududga yetib borganini daʼvo qiladi.

"AQShning aralashuvi va faol harakatlari tufayli Gʻazodagi odamlarga gumanitar yordam yetkazishda muvaffaqiyatga erishildi. Ammo bu ish hali tugagani yoʻq. Bu davom etadigan jarayon", deydi departament matbuot kotibi Mettyu Miller.

Mintaqada Baydenning asosiy qarorlari uning bosh kotibi Entoni Blinken tomonidan amalga oshiriladi.

U oktyabrdan beri Yaqin Sharqqa oʻn marta safar uyushtirdi va Gʻazoda Isroil va Hamas oʻrtasida kelishuv bitimiga erishish yoʻlida ochiq diplomatik harakatlar bilan bir qatorda Markaziy razvedka boshqarmasining yashirin urinishlarini ham amalda sinab koʻrdi.

Men kelishuvga erishish uchun qilingan koʻplab urinishlarni kuzatdim.

Blinkenning avgust oyidagi toʻqqizinchi safari chogʻida biz C-17 harbiy transport samolyotida uchayotganimizda, amerikaliklar tobora tushkunlikka tushayotganiga amin boʻldim.

Qatar amiri betob ekanligi tufayli Hamas bilan aloqani taʼminlashda muhim boʻlgan delegatsiya Blinken bilan uchrashishga kela olmasligi haqidagi xabarning olinishi katta umidlar bilan boshlangan tashrifning muvaffaqiyatsiz tugashiga sabab boʻldi.

Bu haqorat edimi yoki yoʻq aniq bilmadik (rasmiylar muloqot keyinroq telefon orqali qilinganini aytishdi), ammo sayohat Netanyahu Blinkenni Isroil qoʻshinlarini Misr va Gʻazo chegarasi boʻylab joylashtirish zarurligiga "ishontirganini" daʼvo qilishi bilan izdan chiqishni boshlagandek tuyuldi.

Bu esa Hamas va misrliklar uchun kelishuvni buzuvchi nuqta edi. AQSh rasmiysi Netanyahuni kelishuvni sabotaj qilishga harakat qilganlikda aybladi.

Blinken Doha aeroportidan hech narsaga erishmasdan chiqib ketdi. Kelishuv amalga oshmadi. Biz esa Vashingtonga qaytdik.

Oʻtgan oy Blinken mintaqaga oʻninchi marta safar qilganida, Isroilga tashrif buyurmadi.

Yuzaki diplomatiya?

Tanqidchilar, jumladan, baʼzi sobiq amaldorlar, 7-oktyabrdan keyin AQSh tomonidan Isroilga kamida 3,8 milliard dollar miqdorida qurol yetkazib berilgani holda urushni toʻxtatishga chaqirish yo taʼsir kuchining yoʻqolishiga, yo oshkora ziddiyatga olib boradi, deb baholamoqda.

Ular urushning hozirgi kengayish koʻlami AQSh diplomatik siyosatining muvaffaqiyatsizligi emas, balki bu siyosatning ayni mevasi ekanligini taʼkidlashmoqda.

"Hukumat diplomatiya olib borganini aytish toʻgʻri, chunki ular koʻplab uchrashuvlar oʻtkazishdi. Ammo asosiy oʻyinchilardan biri boʻlgan Isroilning xatti-harakatlarini oʻzgartirishga hech qanday urinish qilinmadi", deydi sobiq razvedka xodimi, AQSh armiyasi mayori Harison J. Mann.

Mann Isroilning Gʻazoga hujumida Amerika qurollari bilan tinch aholini oʻldirishni tanqid qilib, oktyabr oyidagi hujumlardan soʻng oʻz lavozimini tark etgan.

Bayden tarafdorlari bu tanqidlarni qatʼiyan rad etishadi.

Jumladan, ular oʻtgan noyabr oyida Gʻazoda 100 dan ortiq garovga olinganlar va Isroilda 300 ga yaqin falastinlik mahbuslarni almashtirish Misr va Qatar bilan olib borilgan muzokaralarning natijasi ekanligiga ishora qilishadi.

AQSh rasmiylari, shuningdek, maʼmuriyat Isroil rahbariyatini urushning boshidanoq Livanga hujum qilishdan qaytarishga muvaffaq boʻlganini aytadi.

Senator Kris Kunz, Baydenning sodiq tarafdori va Senatning tashqi ishlar qoʻmitasi aʼzosi boʻlib, oʻtgan yil oxirida Isroil, Misr va Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan.

U Bayden diplomatiyasini oʻtgan yilgi kontekstda baholash muhimligini aytadi.

"Menimcha, har ikki tomonda kelishuvga erishishdan bosh tortish uchun yetarlicha sabablar bor, ammo bu hujumlarni Hamas boshlaganini unutmasligimiz kerak", deydi u.

"Yamandagi Husiylar, Hizbulloh va Iroqdagi shia jangarilarining tajovuzkor provokatsiyalariga qaramay, Bayden urush kengayishining oldini olishga muvaffaqiyatli boʻldi", qoʻshimcha qiladi u.

Sobiq Isroil bosh vaziri Ehud Olmert Bayden diplomatiyasi misli koʻrilmagan darajadagi qoʻllovni oʻz ichiga olishini taʼkidlab, oktyabr oyidagi hujumlardan keyin AQSh tomonidan katta harbiy kuchlarning joylashtirilishi, jumladan, aviatashuvchi zarba guruhlari va yadroviy quvvat bilan ishlaydigan suvosti kemasini bunga misol qilib keltiradi.

Ammo u Bayden Netanyahuning qarshiligini yengib oʻta olmaganiga ishonadi.

"U har safar bunga yaqin kelganida, Netanyahu qandaydir sabab topib, buni qabul qilmasdi. Shuning uchun bu diplomatiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashining asosiy sababi Netanyahuning doimiy qarshiligidir", deydi Olmert.

Olmertning fikricha, kelishuvga erishishda toʻsiq boʻlgan asosiy sabab Netanyahu hukumatini qoʻllab-quvvatlayotgan "masihiy" ultramillatchilar.

Ular Gʻazo va Livanda yanada kuchli harbiy javob berish tarafdorlari edi.

Yozda ikki oʻta oʻng kayfiyatdagi vazirlar Netanyahu kelishuv bitimini imzolasa, hukumatni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatishlari bilan tahdid qilgandi.

"Garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha kelishuv asosida urushni tugatish Netanyahu uchun katta tahdid boʻladi.

U buni qabul qilishni istamaydi, shuning uchun ham doim shartlarni buzib keladi", deydi u.

Isroil bosh vaziri bu daʼvolarni rad etib, amerikaliklar qoʻllab-quvvatlagan rejalarni qabul qilishga tayyor ekanini, ammo faqatgina "aniqlik" talab qilishini, Hamas esa oʻz talablarini bir necha marta oʻzgartirganini, taʼkidlab keladi.

Bosim masalasi

Ammo qanday diplomatiya boʻlishidan qatʼi nazar, koʻp narsa AQSh prezidenti va Netanyahu oʻrtasidagi munosabatlarga bogʻliq boʻlib qolgan.

Ular oʻn yilliklardan beri bir-birlarini yaxshi tanishadi va ularning munosabatlari koʻp hollarda ijobiy yoʻsinda kechmagan. Ammo Baydenning Isroil boʻyicha pozitsiyasi uning Netanyahu bilan munosabatlari boshlanishidan avvalroq davrga borib taqaladi.

Isroilni jon-dilidan qoʻllab-quvvatlovchi Bayden 1970-yillarda senator boʻlib Isroilga qilgan tashriflarini koʻpincha esga oladi.

Uning tarafdorlari va tanqidchilari Baydenning yahudiy davlatiga boʻlgan qattiq simpatiyasi haqida gapirishadi — baʼzilar buni kamchilik, boshqalar esa yutuq sifatida baholashadi.

Tanqidchilarga koʻra, Gʻazodagi qon toʻkilishlari Bayden oʻz taʼsir kuchidan toʻgʻri foydalana olmagan eng katta xato boʻldi.

Prezidentlik muddatining soʻnggi yilida koʻpchiligini demokratlar tashkil etuvchi minglab namoyishchilar Amerika koʻchalarida va universitetlarida Bayden siyosatini qoralab, "Genotsid Jo" bannerlarini koʻtarib yurishdi.

Baydenning maʼmuriyat pozitsiyasiga asos boʻlgan qarashlari Isroil davlatining mavjudligi xavf ostida boʻlgan paytlarda shakllangan, deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida zamonaviy arabshunoslik boʻyicha professor Emiritus Rashid Xolidiy.

"Amerika diplomatiyasi asosan ʼIsroilning urush talablari va ushbu talablarni qondirishʼ tamoyiliga asoslanadi", deya mulohaza qiladi professor Xolidiy.

"Bu shuni anglatadiki, Isroilning hozirgi hukumati tugatib boʻlmaydigan urush olib bormoqchi, chunki ular Hamasni yoʻq qilish kabi erishib boʻlmaydigan rejalarni maqsad qilishgan. AQSh esa Isroil otiga bogʻlangan aravaga oʻxshaydi", deydi u.

Uning aytishicha, Baydenning hozirgi mojaro boʻyicha yondashuvi mintaqadagi kuchlar muvozanati haqida anchayin eski tasavvurga asoslangan va oʻz davlatlari boʻlmagan falastinliklarning taqdirini toʻlaligicha eʼtiborsiz qoldiradi.

"Menimcha, Bayden oʻtmish qarashlarida oʻralashib qolgan. U 57 yillik ishgʻolni, Gʻazodagi qirgʻinni faqat Isroil koʻzlari bilan koʻradi", deydi u.

Professor Xolidiyning aytishicha, bugungi yosh amerikaliklar avlodi ijtimoiy tarmoqlar orqali Gʻazoda nimalar boʻlayotganining ochiq guvohi boʻlishmoqda va koʻpchilik hukumatnikidan tubdan farq qiluvchi nuqtai nazarga ega.

"Ular Gʻazoda nimalar boʻlayotganidan Instagram va TikTok orqali yaxshi xabardor", deydi u.

78 yoshli Donald Trampning Demokratik partiyadan raqibi 59 yoshli Kamala Harris esa Baydendek oʻtgan davrning fikr yuki bilan mulohaza qilmaydi.

Biroq na Harris, na Donald Tramp tinchlikka erishish uchun mavjud reja va jarayondan tashqari yangi strategiyalarni taklif qilgani yoʻq.

Saylov yanada keskinlashayotgan mojaroda keyingi burilish nuqtasini belgilashi mumkin, ammo bu qanday yuz berishi hali nomaʼlum.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002