Eronning Rossiyaga raketalar berishi Ukraina bahsini oʻzgartirib yubordi – Britaniya tashqi ishlar vaziri

blinken

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, AQSh Davlat kotibi Blinken (chapda) va Britaniya tashqi ishlar vaziri Lemmi 11-sentyabr kuni Kiyevga borgan.
Ўқилиш вақти: 2 дақ

Eronning Rossiyaga raketalar joʻnatishi Ukrainaga Rossiya hududidagi obyektlarni nishonga olish uchun Gʻarbning uzoq masofaga uchuvchi raketalarini berish boʻyicha bahslarni oʻzgartirib yubordi, deydi Britaniya bosh diplomati Devid Lemmi.

Devid Lemmi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan Kiyevga borgan.

Ikki top diplomat Gʻarb qurollaridan Rossiya ichkarisidagi obyektlarni nishonga olishda foydalanishga boʻlgan cheklovlarni olib tashlashni soʻrab kelayotgan prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan.

AQSh va Britaniya vaziyatni yanada murakkablashtirmaslik maqsadida Zelenskiyning bu soʻroviga ruxsat bermay kelmoqda.

Biroq 11-sentyabr kuni Kiyevda oʻtgan matbuot anjumanida Blinken prezident Jo Bayden va Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ushbu masalani 13-sentyabr kuni Oq Uyda muhokama qilishini bildirgan.

"Biz Rossiya Erondan ballistik raketalar olayotganini koʻryapmiz. Bu bilan Ukrainaga tajovuz yanada ortadi. Agar kimdir urushni olovlantirayotgan boʻlsa - bu janob Putin va Rossiyadir", deya javob qaytargan u jurnalistlarning xavotir bildirilgan savoliga.

Devid Lemmi esa Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalar beriladimi, degan savolga aniq javob bermagan.

"Men Putinga ustunlik bermoqchi emasman", deya oʻz ehtiyotkorligini izohlagan u.

Bayden maʼmuriyati qurollarga boʻlgan cheklovni olib tashlash masalasini koʻrib chiqayotgani maʼlum, ammo hali biror qaror ommaga ochiqlanmagan.

AQSh va Britaniya top diplomatlari bilan uchrashuvda Zelenskiy Kiyevning urushdagi gʻalabasi asosan Amerikaning koʻmagiga bogʻliq ekanini yana bir bor taʼkidlagan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiha esa Eronning Rossiyaga ballistik raketalar joʻnatgani haqidagi xabarlar fonida Gʻarb qurollaridan foydalanishdagi taqiqning olib tashlanishi ahamiyatini urgʻulagan.

"Biz dadil harakat qilishimiz zarur", degan u.

Devid Lemmi BBC bilan intervyuda Eronning bu amali ortidan Ukrainaga qurol berilishi masalasiga oid bahslar oʻzgargani haqida gapirgan.

"Vaziyat juda xatarli. Rossiya oʻz hamkorlari bilan ishlayotgani, Erondan Rossiyaga ballistik raketalar joʻnatilayotganini koʻryapmiz. Ularni yutib chiqishi uchun Ukrainaga koʻproq koʻmak berishimiz zarur", degan u.

11-sentyabr kuni Lemmi Britaniya Ukrainaning "gumanitar, energetik va stabilizatsiya ehtiyojlari uchun" $780 million ajratayotganini aytgan ham.

Oʻz navbatida, Entoni Blinken ham AQSH tomonidan Ukrainaga qoʻshimcha $700 million koʻmak koʻrsatilishini bildirgan.

Bu yangi yordam paketlari AQSh, Britaniya, Fransiya va Germaniya Ukrainadagi urushda foydalanish uchun Rossiyaga ballistik raketalar joʻnatgani sabab Eronga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishi ortidan eʼlon qilingan.

Avvalroq AQSh ayrim cheklovlarni yumshatgan va ukrainlarning chegara ortidan oʻq uzayotgan rus qoʻshinlarini uzoq masofaga yetuvchi qurollar bilan nishonga olishiga imkon paydo boʻlgan edi.

Kiyevning boshqa ittifoqdoshlari ham Ukrainaga baʼzi uzoq masofaga yetuvchi qurollarni bergan.

Chorshanba kuni Kreml agar AQSh Ukrainaga Rossiya hududini raketalar bilan nishonga olishga ruxsat bersa, bunga nisbatan "tegishli javob" qaytarilishini taʼkidlagan.

Kiyevga kelishdan avvalroq Entoni Blinken Eron Rossiya qisqa masofaga yetuvchi ballistik raketalar yuborgani va ular bir necha hafta ichida Ukrainaga qarshi ishlatila boshlanishi mumkinligini aytgan edi.

Lemmi esa Eronning bu harakatini "jiddiy va xavfli" deya atagan.

Bu raketalar Rossiyaga Ukrainaning chegaraga yaqin shaharlarini nishonga olish salohiyatini oshirishi mumkin.

Eronning tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi esa Gʻarbning bu ayblovlarini qatʼiyan rad etgan va ular "notoʻgʻri razvedka maʼlumotlari hamda buzuq mantiqqa tayangan"ini taʼkidlagan.

Britaniya avvalroq Ukrainaga 250 chaqirim olisdagi nishonni ura oluvchi Storm Shadow raketalarini bergan edi.

Shu vaqtga qadar ular faqat Ukrainaning oʻz hududidagi rus qoʻshinlariga qarshi ishlatilgan.

Ukraina hukumati oʻz shaharlarini bombardimon qilayotgan rus harbiy uchoqlari saqlanadigan Rossiya hududining ichkarisidagi aviabazalarni yoʻq qilish uchun raketalar zarurligini taʼkidlab keladi.

Tomas Makintosh va Robert Plammer ushbu reportajga hissa qoʻshgan.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002