‘Yolgʻonchiʼ va ‘jinoyatchiʼ – AQSh saylov poygasi qizimoqda, nomzodlar bir-biriga dahanaki hujumlar qilmoqda

Сурат манбаси, Reuters
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris saylovoldi kampaniyasi doirasidagi ilk chiqishida yaqinlashib kelayotgan prezident saylovini sobiq prokuror va sudlangan jinoyatchi oʻrtasidagi tanlov, deya tasvirlagan.
Viskonsin shtatida uch mingga yaqin odam oldidagi chiqishida Harris respublikachi raqibini prokuror oʻlaroq bir vaqtlar oʻzi javobgarlikka torttirgan firibgarlarga oʻxshatgan.
Harris va Tramp oʻrtasidagi bu soʻz hujumlari amaldagi vitse-prezident Demokratik partiya nomzodi boʻlish yoʻlida yetarlicha dastak ola bilganining ertasiga kuzatilgan.
Prezident Jo Bayden saylov poygasidan chiqqani ortidan maydonga koʻtarilgan Kamala Harris 36 soat ichida naqd $100 millionlik dastak toʻplashga muvaffaq boʻlgan.
Bundan tashqari Reuters va Ipsos oʻtkazgan soʻrovnoma Harrisning Trampdan biroz koʻproq qoʻllovga egaligini koʻrsatgan. Mos ravishda, 44 foiz va 42 foiz.

Сурат манбаси, EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK
Seshanba kuni oʻtgan saylovoldi rallida Harris oʻzining Kaliforniyada prokuror sifatida ishlagan davrini yodga olgan.
"Har turdagi jinoyatchilarni javobgarlikka tortganman. Ayollarni xorlagan yirtqichlar, mijozlarni chuv tushirgan firibgarlar, oʻz foydasini koʻzlab, qonunlarni buzgan aldoqchilar".
"Shu sabab men Donald Tramp qaysi toifaga kirishini bilaman, desam menga ishonavering", qoʻshimcha qilgan u.
Harrisning Donald Tramp haqida aytgan soʻzlaridan soʻng rallida qatnashayotganlarning koʻpi ʼuni qamangʻ deya qichqirgan.
Bir vaqtning oʻzida Donald Tramp Harrisning chegara masalasidagi siyosatiga ishora qilgan holda ijtimoiy tarmoqda shunday yozib qoldirgan: "Yolgʻonchi Kamala Harris tegingan joyining rasvosini chiqaradi!"
Shuningdek, u Kamala Harris AQSh tarixidagi eng istalmagan vitse-prezident boʻlgani qayd etilgan ijtimoiy soʻrovnoma natijalarini ham ulashgan.
"Asal oyi"
Kamala Harris seshanba kuni qilgan nutqida qurollar nazorati, abort huquqi, qashshoqlikda yashayotgan bolalar, kasaba uyushmalari va hamyonbop sogʻliqni saqlash xizmati masalalarini ham tilga olgan.
"Ozodlik, mehr-muhabbat va qonun ustuvorligiga toʻla mamlakatda yashashni istaymizmi yoki xaos, qoʻrquv va nafrat davlatidami?", yigʻilganlarga savol bergan vitse-prezident.
Harris bu kelgan imkoniyatni qanchalik ushlab qola olishi hali nomaʼlum.
Amerikalik ijtimoiy soʻrovnomalar boʻyicha tahlilchi Toni Fabrizio seshanba kuni eʼlon qilgan bayonotida Harrisning hozirda ovoz beruvchilar bilan boʻlayotgan "asal oyi" oʻz yakuniga yetishi va unga nisbatan "Baydenning sherigi" oʻlaroq qarash boshlanishini bashorat qilgan.
Trampning jamoasi esa Kamala Harris AQSh-Meksika chegarasidan oʻtayotgan noqonuniy immigrantlar oqimini "toʻxta olmayotgani"ni tinimsiz tilga olmoqda.
23-iyul kuni Tramp jamoasidan chiqqan elektron maktubda Harris "ayblangan qotillar, zoʻravonlar va boshqa vahshiy jinoyatchilarni qoʻyib yuborish", Isroilni haqorat qilish va prezident Baydenning "idrokining pasayishi" masalasida Amerika xalqini aldashda ayblangan.
Jurnalistlar bilan muloqotda esa Tramp Harris haqida shunday degan: "U radikal soʻlchi. Bu mamlakat esa uni vayron qilib tashlovchi radikal soʻlchini istamaydi".
Sentyabr oyida Tramp va Bayden ABC News telekanalida navbatdagi debatni oʻtkazishi kutilayotgan edi.
Tramp, endilikda, bu debatda Harris bilan yuzlashishga ochiq ekanini taʼkidlagan.
"Hali hech narsaga rozi boʻlmadim. Jo Bayden bilan bahslashishga rozi boʻlgandim. Lekin endi Harris bilan debat qilishni xohlayapman. U ham Baydendan farqli boʻlmaydi", ishonch bildirgan AQSh sobiq prezidenti.
Demokratlarning koʻpi Harris nomzodini qoʻllab chiqqan.
Jorj Kluni, Barbra Streysend, Jeymi Li Kurtis kabi Gollivud yulduzlari ham uni dastaklashini bildirgan.
Chorshanba kuni prezident Bayden jamoatchilikka saylov poygasidan chiqishi sabablari boʻyicha bayonot berishi kutilmoqda.
Bir vaqtning oʻzida, AQSh Vakillar palatasining respublikachi aʼzosi Kamala Harrisni impichmentga tortish harakatlarini boshlagan.
Impichment rezolyutsiyasida Harris chegaradagi immigratsiya bilan bogʻliq jiddiy jinoyatlar va qonunbuzarliklarda ayblangan.
Biroq impichment masalasi olgʻa siljishi dargumon, deb hisoblanmoqda.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbekBBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.













