Britaniyada o'qish: O'zbek va Bangladesh palovini farqlagan Safin O'zbekiston Ta'lim Dunyo Yangiliklar

London Qirollik kolleji binosi
Сурат тагсўзи, London Qirollik kolleji binosi
    • Author, Komron Ergashev
    • Role, Buyuk Britaniya

O'zbekiston hukumati oliy ta'limni dunyoning ilg'or universitetlari tartiblariga moslayapti, tobora ko'p sondagi O'zbek yoshlari jahonning eng oldi oliy o'quv muassasalari imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tib, nufuzli universitetlarda ta'lim olish imkoniyatini qo'lga kiritayaptilar.

Britaniya universitetlarida o'qish imkoniyatlarini izlayotganlar ham bor, shuning uchun ham biz Britaniya universitetlari va talabalari haqida maqolalar tayyorlashga qaror qildik.

London Qirollik kolleji

London Qirollik kolleji binosi
Сурат тагсўзи, London Qirollik kolleji binosi

London Qirollik kolleji Buyuk Britaniyadagi eng yirik, keksa va eng nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi.

London Qirollik kolleji Oksford va Kembrij universitetlaridan keyingi Angliyaning qadimiy universiteti sanaladi.

U 1836 London Universiteti ta'sischilaridan bo'lgan, 1910 yildan London Universiteti tarkibiga kiradi.

Kollejning 8 fakulteti bor, ular tarkibida 10 dan ortiq institut, 60 dan ziyod bo'lim faoliyat yuritadi.

Qirollik kollejining 6 ta tibbiy markazi, bir necha shifoxonasi bor.

Ham ta'lim berish bo'yicha va ham olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bo'yicha dunyodagi reytingi baland universitetlardan biri hisoblanadi.

Nobel mukofotining 12 sovrindori London Qirollik kollejida tahsil olgan.

London Qirollik kolleji talabasi SafinHusayn bilan suhbat

Сафиннинг Лондон Қироллик коллежида тушган фотоси

Сурат манбаси, Safin shaxsiy arxividan

Сурат тагсўзи, Safin London Qirollik kollejida meditsinani o'rganayapti

Savol: Siz qayerliksiz?

Safin Husayn:Men asli kelib chiqishi Bangladeshlik Britaniyalikman. Niderlandiyada tug'ilganman, hozir Londonda yashayman.Savol: Universitetda nima o'rganyapsiz va nega?

Safin Husayn: Men London Qirollik kollejida meditsinani o'rganayapman - men doim ilm-fanning ushbu sohasida ishlash va boshqa insonlarga yordam berishni orzu qilganman. Shifokor bo'lib etishganimda, ushbu ikki orzuimni ro'yobga chiqarish, inson tanasining murakkabliklarini anglab etish imkoniyatlariga ega bo'laman. Shuning uchun ham shifokorlik karerasi mening hayotiy intilishimga eng mos keladi.

Savol:Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

Safin Husayn: Men shifokorlikda band bo'lish bilan birga ilmiy tadqiqot bilan ham shug'ullanish haqida o'ylab turibman. Meni immunologiya ko'proq qiziqtiradi. Shuningdek, men dunyoni ko'proq ko'rish, ko'proq narsani o'rganishni xohlayman. Shu maqsadda biroz muddat boshqa biror mamlakatlarda yashab ko'rarman balki. Hozircha men uchun hammasidan ham muhimi kasbimga oid imtihonlarimdan muvaffaqiyatli o'tib olish.

Savol: Talabalikdagi moliyaviy xarajatlaringizni qanday qoplayapsiz?

Safin Husayn: Men talabalik kreditini olganman, ana shu kreditim va mendan yosh talabalarga repetitorlik qilib topayotgan daromadim o'zimni moliyaviy jihatdan ta'minlashga etarli bo'layapti. Hozir men bir necha talabaga bir necha fandan saboq berayapman, bu narsa menga durustgina daromad keltirayapti.

London Qirollik kolleji binosi
Сурат тагсўзи, London Qirollik kolleji binosi

Savol: Talabalikni boshlagandan keyin uyni sog'inyapsizmi?

Safin Husayn: Yaxshiyamki hozir men ota-onam bilan birga o'z uyimizda yashab turibman, shuning uchun ham menda uy sog'inchi yo'q. Universitetim uyimizdan juda uzoq emas, har kuni o'qishga poezdda borib kelaman. Keyingi yil sabog'imning keyingi bosqichida men alohida yashab ko'rmoqchiman, o'z mustaqil hayotimning navbatdagi qismini chindan his qilmoqchiman.

Men London shahrini juda yaxshi ko'raman. U madaniy rang-barang shahar, bu erda rosa ko'p xalqlar va mamlakatlarni tamsil etadigan narsalarni ko'rasiz. Musulmon inson sifatida bu erda men o'zimga zarur do'kon, emakxona va odamlar jamoasini osonlik bilan topa olaman. Hammasidan ham muhimi, bu erda men har doim o'zimga qiziq, kashf qilishni istaydigan yangidan-yangi makonlarni topolaman, bunday joylar Londonda rosa ko'p. Faqat bir salbiy jihati, London shahri qimmat, ba'zan juda band va juda shovqinli bo'ladi.

Сафиндан иқтибос

Сурат манбаси, .

Savol: Kelajak haqida o'ylaganda sizni nima ko'proq tashvishlantiradi?

Safin Husayn: Meditsinani o'rganish natijasida men salomatlikning naqadar muhimligini yanada chuqurroq anglab etdim. Mening eng asosiy tashvishim - oila a'zolarim va o'zimning kelajakdagi sog'ligimga e'tiborli bo'lish, parvarish qilish, agar tobimiz qochsa, tibbiy yordamga imkonli bo'lish. Yanada kengroq miqyosga chiqadigan bo'lsak, sun'iy idrokdan foydalanish boshlangani hayajonlanarli, ammo ayni vaqtning o'zida xavotirlanarli ham. U hozirning o'zida kelajak haqida, o'zim va yaqinlarim haqida shubha-gumonlarni yuzaga keltirgan. Va tashvishlantiradigan eng oxirgi narsa, albattaki, butun dunyo va shu jumladan, avlod-ajdodlarim vatani Bangladeshdagi siyosiy beqarorlik va mojarolardir.

Savol: Siz O'zbekiston haqida nimalarni bilasiz?

Safin Husayn: O'zbekiston - tarixi va madaniy merosi boy mamlakat ekani yaxshi ma'lum. O'zbekiston o'tmishda sivilizatsiyalar chorrahasi, Buyuk Ipak Yo'lining muhim tarkibiy qismi bo'lgan. Men O'zbekistonning juda noyob, go'zal me'morchilikka ega ekanini ham yaxshi bilaman. Amir Temur va Al-Buxoriydek buyuk tarixiy shaxslar shu yerda etishib chiqqanlaridan xabardorman. Men o'zim juda mazali O'zbek palovini tatib ko'rganman. U Bangladeshi palovdan ancha farq qiladi. Shirin choyingiz men odatda o'z uyimda ichib yuradigan choydan butkul farq qiladi. Men o'zim va oilam bilan O'zbek mehmondo'stligining guvohi bo'lganmiz.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002