Iroqdagi urush va sevgi

Iroqlik askar Btu Allamiy va AQSh harbiylari tarjimoni Nayif Hrebid Iroq urushining eng keskin pallasida bir-birlarini sevib qolishadi.
Biroq birga bo`lishlari uchun 12 yil ketdi.
Chunki Iroqda gey juftliklarni jamiyat tan olmaydi.
So'nggi yillari esa bu mamlakatda geylar hayoti yanada qattiq xavf ostiga tushmoqda.
Urush va sevgi
2003 yil. Iroq urushi qizigan pallalar. San'at bilim yurtini bitirgan Nayif ish topolmay, AQSh harbiylari uchun tarjimonlik qila boshlaydi.
"Biz Ramadida ishlardik. Eng xavfli paytlar edi. Ko'pchilik navbatchilikka chiqqanida yo'l chetidagi bombaga duch kelib, halok bo'lardi" - eslaydi u.
Ammo bu erda iroqlik askar yigitni uchratgach, uning hayoti o'zgarib ketadi.
"Bir kuni ko'chada o'tirsam, bir yigit chiqib qoldi, uni ko'rgach, atrof yorishib ketgandek bo`ldi".
Nayif gey ekanligini hayotida hech qachon hech kimga aytmagan. Chunki Iroqda bu oilangni sharmanda qilish, o'zingni esa o'lim changaliga tashlashga teng.
Ammo haligi askar Btu Allamiy ham o'zini yoqtirib qolganini Nayib bilmagan.
"Doimo atrofga qarab Nayifni izlardim" - eslaydi Btu ham - "U bilan gaplashgim kelardi".

Bir kuni Ramadi kasalxonasini isyonkorlardan tozalash amaliyoti chog'i, nihoyat, ular gaplashishadi.
"Birga ovqatlinib qoldik. Keyin kechalari bilan suhbatlashib chiqardik".
Nihoyat bir oqshom ular yolg'iz qolishganida Btu ilk bora Nayifga yuragini ochadi.
Ular tez-tez gaplasha boshlashadi. Ko'p o'tmay, ham amerikalik, ham iroqlik askarlar "g'ayritabiiy" munosabatni payqab qolishadi.
"Ba'zi askarlar menga gapirmay qo'yishdi, bir iroqlik hamshahrim esa hatto meni do'pposladi" - eslaydi Nayif.
Sarsonlik
Bir necha yildan keyin ikkovlon ham Iroq janubiga jo'natiladi. Biroq ular munosabatlarini doimo sir tutishga majbur edilar.
Nihoyat, 2009 yili Nayif AQShga ko'chib o'tish uchun boshpana so'raydi. Amerikalik harbiylar uchun ishlagan odamning Iroqda qolishi o'ta xavfli edi.
Nayif AQShga ko'chib o'tadi, lekin Btu Allamiy uchun viza olib, yoniga chaqrish harakatlari ish bermaydi.
Iroqda esa Btuning ota-onasi uning geyligini bilib qolgan, biron qizga uylanasan, deb majburlay boshlashgandi.
Shunda Nayifning xorijlik do'stlari yordamida Btu bir amallab, Livanga qochib o'tadi.
"Bu men uchun juda og'ir qaror edi" - deydi Btu - "Qolaversa, men oilamining yagona boquvchisi edim".
Nihoyat, 2013 yili Nayifning xorijlik do'stlari yordamida Btu Kanadaning Livandagi elchixonasida suhbatdan o'tadi. Btu Kanadaning Vankuver shahriga jo'natiladi.

Ular chegaraning ikki tarafida, bir-biridan 225 chaqirim uzoqda yashay boshlaydilar.
Iroqlik yigitlar 2014 yili Kanadada oila qurishadi. Oradan bir yil o'tib, Nayif va Btu AQShga ko'chib o'tishadi.
Hozir Nayif uylarni bezash shirkatida, Btu esa qurilish sohasida ishlashmoqda.
"Yashiradigan hech nimamiz yo'q. Ko'chada bemalol qo'l ushlashib yuramiz" - deyishadi Nayif va Btu.
Iroqda gey bo'lish jinoyat sanalmaydi. Ammo ko'plab gey erkaklar va ayollar kaltaklanadi, hatto o'ldiriladi.
2012 yilgi Bi-bi-si maxsus jurnalistik surishtiruvida aniqlanishicha, hatto Iroq huquq-tartibot idoralari ham muntazam ravishda geylarni tahqirlab, qiynab kelishadi.
IShID jangarilari esa o'tgan ikki yil davomida o'nlab erkaklarni faqatgina gey bo'lgani uchun minoradan yoki ko'p qavatli binolar tomidan tashlab, o'ldirishgan.
Maqola muallifi: Clair Bates.
Rasmlar muallifi: World of Wonder Productions
Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - uzbekbbclondon
bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring













