You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston, Markaziy Osiyoga bugun kim jiddiy tahdid? Video
Mintaqa jiddiy tahdid qarshisidami - Rossiya tomoni ogohlantirdi. Xavf kimdan?
Aloqador mavzular:
IShID omili
IShID tahdidi haliyam susaymadimi?
Uning Markaziy Osiyoga chegaradosh Afg‘onistondagi Xuroson qanoti "mintaqa tashqarisidagi eng yirik terror tahdidi"ga aylandimi?
Guruh solayotgan tahdid bugun mintaqani ortda qoldirib, Yevropayu Amerikaga yetdimi?
U o‘z saflariga Markaziy osiyoliklarni yollashni shunchalik kuchaytirdimi?
IShID va ayniqsa, Xuroson qanotining xavfi shu kunlarda yana Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashida ko‘tarildi.
Bu haqda ko‘proq yana Rossiya tomoni vakillari gapirishgani ko‘rildi.
Ularning bugungi qudrati xalqaro tashkilot maxsus ekspertlar guruhining yangi hisobotida ham xos e’tibor topdi.
Hisobotda aytilishicha, IShID va tarmoqlari solayotgan tahdid susaymagan.
Ular o‘zlariga qarshi bosimlarga moslashuvchan va chidamliligicha qolgan.
IShIDning Xuroson qanoti Afg‘oniston, mintaqa va hatto undan tashqarida katta xavf tug‘dirishda davom etgan.
So‘nggi xabarlar xalqaro ittifoq kuchlari Afg‘onistonni butkul tark etishi, IShID esa, Yaqin Sharqda mavh etilganiga oid bayonotlardan sanoqli yillar o‘tib olinmoqda.
Shunday ekan, "Diqqat, BBS" dasturimizning bu galgi sonida IShID va Xuroson qanotining bugungi qudratiga tahliliy bir nazar.
Mintaqa jiddiy xavf qarshisidami? Videoni ko‘ring:
End of Bizga a’zo bo‘ling:
IShID bugun nimaga qodir?
IShID bundan o‘n yil avval dunyoni larzaga solgan, Iroq va Suriyada o‘zining Islomiy Xalifaligiga ham asos solgan edi.
Guruh Suriya va Iroqdagi tayanch nuqtalarida shafqatsiz jazolash va ommaviy qatllarni amalga oshirdi.
Keyin zo‘ravonliklari terror to‘lqini bilan butun dunyoga tarqaldi.
80 dan ortiq davlat IShIDga qarshi kurashish uchun birlashdi – guruh 2019 yilda so‘nggi tayanch nuqtasini yo‘qotdi.
Yaqin Sharqda mavh etilgach, IShID bu hududlarning katta qismini qo‘ldan boy berdi, ammo g‘oyasi qoldi.
Keyin guruh o‘zining taktikasini o‘zgartirdi.
Hududni davlat kabi ushlab turishning o‘rniga zaiflashgan guruh butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi.
Janubiy-Sharqiy Osiyodan to G‘arbiy Afrikagacha "viloyatlar" deb ataladigan hududlarda faoliyat yurita boshladi.
Bu tarmoqlarning eng kattasi va strategik jihatdan muhimlari Qora Afrikada joylashgan.
IShID – boshqa jihodchi guruhlar bilan birga – qit’aga o‘tdi va turli natijalarga erishdi.
2024 yilda IShID da’vo qilgan hujumlarning 70% Afrikaga to‘g‘ri keladi.
Bu qit’aning guruh uchun qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ba’zi mintaqalarda tinch aholi zo‘ravonlik nishoniga aylanmoqda. Guruh muntazam ravishda boshni tanasidan judo qilish va cherkovga o‘t qo‘yish tasvirlarini chop etib keladi.
Boshqa joylarda tarmoqlari qurolli amaliyotlar olib borishadi. Ular mahalliy hukumat kuchlari, yarim harbiy guruhlar yoki raqib jihodchilarga qarshi bo‘lishi mumkin.
Biroq IShID faqat jang qilmaydi. U Islomning qat’iy va so‘zma-so‘z shaklini targ‘ib qilib, ong va qalblarni zabt etishga ham urinmoqda.
Guruh tashviqotida ularning mahalliy jamoalar bilan muloqotda bo‘lishayotgani ko‘rinadi.
O‘tgan yil Ramazon oyida IShIDning Sahel tarmog‘i varaqalar va xotin-qizlarga shar’iy liboslar ham tarqatdi.
Jangarilar qishloqma-qishloq yurib, va’z qilishadi, o‘z talqinlaridagi Islomga ko‘ra "harom", deb bilgan mahsulotlarini musodara etishadi.
Biroq bularning barchasi oyoq-qo‘llarni kesish va toshbo‘ron qilish kabi qattiq Islomiy jazo choralarini ko‘zda tutuvchi guruhga xos zo‘ravonliklarsiz ham kechmaydi.
Nima uchun Afrika?
IShID butun dunyo bo‘ylab o‘z ta’sirini yoyishni istaydi – lekin unga faoliyat yuritishi uchun baza kerak.
Qora Afrikada zaif boshqaruv va mahalliy bo‘linishlar sabab, beqarorlikka yuz tutgan katta hududlar bor.
Ayrim mahalliy isyonchi guruhlar esa, IShIDning dunyodagi nomiga uchib, uzoqroq yashab qolish istagida uning nazoratiga o‘tishgan.
Qolaversa, Afrikada Iroq va Suriyada IShIDga qarshi kurashga boshchilik qilgan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kabi afzallik ham yo‘q.
Bularning barchasiga qaramay, Afrika hali global jihodchilar uchun bir paytlar Iroq va Suriya bo‘lganchalik jo‘g‘rofiy ohanraboga aylangani yo‘q.
10 yil avval Iroq va Suriyadagi xalifalik, deb atalmish tuzum dunyoning 110 davlatidan 40.000 dan ziyod xorijiy jangarini o‘ziga jalb qilgan.
Bu gal guruhga qo‘shilish uchun ko‘ngillilar oqib kelayotgani yo‘q – ammo IShID da hali ham yollanganlar ko‘p.
Ulardan ko‘pi boshqa yerda o‘zlariga deyarli biror bir imkoniyat ko‘rmagan yoshlar va mahalliy erkaklardir.
IShID bugun o‘n yil avvalgidek jahon yangiliklarida ko‘p sarlavhalarga chiqayotgani yo‘q.
Ammo guruh yo‘q bo‘ldi, deb o‘ylash ham xato.
IShID, bundan tashqari, asoslari O‘zbekistonga borib taqaluvchi O‘zbekiston Islomiy harakati Afg‘onistonda ekan, eng so‘nggida to‘lig‘icha bay’at keltirgan jangari guruh bo‘ladi.
Asoslari O‘zbekistonga borib taqaluvchi mazkur harakat o‘z vaqtida dunyodagi eng yirik O‘zbek jangari guruhida sifatida ko‘rilgan.
Yaqin Sharqda IShID saflarida jang qilgan o‘zbekistonliklar soni esa, imkonli bo‘lgan so‘nggi xalqaro hisobotlarda 500 nafar ekani aytilgan.
Butun postsovet makoni nazarda tutilganida, o‘shanda buning 1500 tani tashkil etuvchi rossiyaliklardan keyin ikkinchi eng yirik raqam ekani ko‘rilgan.
IShID xalqaro koalitsiya kuchlari, Iroq va Suriya qo‘shinlari tomonidan Yaqin Sharqda mavh etilganidan keyin o‘zbekistonlik jangarilar taqdiriga oid aniq ma’lumotlar imkonli emas.
Hanuz Suriyaning kurdlar nazorati ostidagi qamoqxonalarda saqlanayotgan va sonlari minglab ekani aytiluvchi IShID gumondorlari orasida o‘zbekistonlik va yoki Markaziy osiyoliklar bor-yo‘qligi ham noayon.
O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda ular oilalari va farzandlaridan bir necha yuz nafarini ortga va tinch hayotga qaytargan, uning bu kabi siyosati xalqaro miqyosda e’tibor va e’tirof topgani ham ko‘rilgan.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati suhbatlashgan ayrim yetakchi siyosiy tahlilchilar esa, buni o‘shanda O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi fuqarolari bilan bog‘liq muammoni anglab yetgani bilan izohlashgan.
"Davlat ularni qaytarish bilan o‘zining istiqboldagi, kelajakdagi xavfsizligini o‘ylab, jiddiy ish qilayotganligi"ni aytishgan.
O‘zbekiston Prezidenti, bundan tashqari, Mirziyoyev 2018 yil sentyabrь oyida afv to‘g‘risida maxsus farmon qabul qilgan.
Bu farmon jangari guruhlarga "adashib kirib qolgan va pushaymon bo‘lgan fuqarolarni afv" etishni ko‘zda tutadi.
Uning qabul qilinishi ortidan, qancha sondagi o‘zbekistonlik jangarining ortga qaytgani ma’lum emas.
O‘zbekiston matbuoti Suriya va Iroqdan qaytgan va olib kelingan qator sobiq jangarilarga uzoq yillik qamoq jazolari berilgani haqida ham xabar berib keladi.
Orada Yaqin Sharqdagi ayrim IShID jangarilarining turli yo‘llar bilan Afg‘onistonga ham qaytishayotganiga oid xabarlar olingan, ammo ularda jangarilarning soni, shaxsi, ya’ni qay bir davlat fuqarolari ekanliklariga oydinlik kiritilmagan.
Agar, G‘arbdagi ayrim yetakchi ekspertlarning so‘nggi tahlillariga tayanilsa, IShIDning Xuroson qanoti saflaridagi O‘zbekiston Islomiy harakati sobiq a’zolarining aksariyati yaxshiroq imkoniyat ilinjida Afg‘onistonning Tojikistonga chegaradosh shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyatining olis va chekka vodiylarida yashirinib yurishibdi.
Eng xatarli qanoti...
Aynan O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga chegaradosh Afg‘onistondagi Xuroson qanoti hozir IShIDning eng faol va eng jangari tarmoqlaridan biri sanaladi.
IShIDning Janubiy Osiyodagi tarmog‘i o‘laroq Xuroson qanotiga dastlab Pokistonda asos solingan.
Lekin IShIDning Xuroson qanoti Tolibon qudratga qaytgan so‘nggi uch yil ichida Afg‘onistonda qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan.
Shu vaqt oralig‘ida Afg‘oniston tuprog‘idan turib O‘zbekiston va Tojikistonga uyushtirilgan raketa hujumlariga mas’uliyatni ham aynan IShIDning Xuroson qanoti o‘z zimmasiga olib chiqqan.
Bunaqasi ham mintaqa davlatlari ham ham IShID o‘zining faoliyatida ko‘rilmagani bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Rossiya bo‘ladimi yoki Eron, o‘tgan yili dunyoning qator davlatlarida amalga oshirilgan ustma-ust qonli hujumlarga mas’ullikda ham aynan IShID Xuroson qanotining nomi tilga olingan.
IShID Xuroson qanoti hujumlari barobarida Markaziy Osiyoni ham ko‘zlab, o‘zining targ‘ibot va tashviqotiga ham zo‘r bergan, o‘z targ‘ibotida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nomini tilga olishgacha borgan.
O‘tgan yili poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman chog‘ida ham IShID-Xuroson qanotining tahdidi alohida muhokama mavzusiga aylangan.
O‘zbekiston tomoni "dushmanga qarshi birgalikda kurashish kerakligi", bu masalada "Afg‘onistonga yordam berishning muhim"ligini ta’kidlagan.
Jumladan, O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmatining o‘sha paytdagi rahbari buning sababini "qarshi choralarning zaiflashishi guruhning kuchayishiga olib kelishi va bu, o‘z navbatida, butun mintaqa xavfsizligiga tahdid solishi" bilan ogohlantirgandi.
IShID-Xuroson qanoti so‘nggi yillarda Rossiya tomoni ham Markaziy Osiyo davlatlarini kattayu kichik minbarlardan eng ko‘p ogohlantirib kelayotgan tahdidlardan biri bo‘ladi.
Boshqa tomondan, xuddi shu omil aksariyat tahlilchilar tomonidan mintaqa mamlakatlariga o‘zining siyosiy, iqtisodiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishda Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ham ko‘riladi.
Rossiya dunyoning Markaziy Osiyoda o‘zining ko‘plab harbiy bazalari va inshootlariga ega yagona davlati bo‘ladi.
Uning chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham Afg‘oniston bilan chegaradosh Tojikistonda joylashgan.
IShID, Xuroson qanoti va Markaziy Osiyo
BMT qoshidagi maxsus guruh hisobotida aytilishicha, IShIDning Xuroson qanoti Afg‘oniston shimolidan Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid solib, o‘z imkoniyatlarini kengaytirishda davom etgan.
Hisobotda aytilishicha, guruh o‘zining saflariga Markaziy osiyoliklarni faol yollagan. Bu jarayonda, ayniqsa, tojikistonliklarga ko‘proq e’tibor qaratgan.
Bundan tashqari, yollangan jangarilarni Afg‘onistonga olib kirishga ustivor ahamiyat bergan.
Guruh o‘zining e’tiborini mintaqa va undan tashqariga qaratganiga Eron va Rossiyadagi hujumlar dalolat qiladi, deyiladi mazkur hisobotda.
O‘tgan yil Moskvaning Krokusida yuz bergan va mas’uliyatini IShID o‘z zimmasiga olgan hujum ortidan ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida uning "Xuroson qanoti minglab jangarilarining yarmidan ko‘prog‘i tojiklar ekani, guruh o‘z jangarilarining yarmini Tojikistondan yollashi"ga oid iddaolar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Ayni mazmundagi da’volarga IShID Xuroson qanotining munosabati ma’lum emas.
Boshqa tomondan, Eron va Rossiyadagi hujumlarga ham asosan Tojikiston fuqarolari aloqadorlikda gumon qilinganlar, so‘nggi yillarda ayrim Yevropa davlatlari, hatto, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham aynan tojikistonliklarning IShIDga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olinganliklariga oid xabarlar olingan.
Xuddi shu manzarada IShID-Xuroson qanotining saflaridagi Markaziy osiyoliklarga oid aniq raqamlar keng matbuotga imkonli emas.
Shunday ekan, bularning barchasi nima degani va voqealarning bu kabi rivoji mintaqa xavfsizligi uchun nimani anglatadi?
Dosum Satpaev: Ob’ektiv aytishimiz kerak, bu kabi trend umuman olganda butun Markaziy Osiyoda kuzatilmoqda. Ya’ni, asosan yoshlarning bir qismi radikal tuzilmalarga qo‘shilib ketayotir.
Buni Qozog‘iston misolida ham aytishimiz mumkin.
Chunki har yili Qozog‘istonning turli mintaqalarida terrorchilik xurujlarini uyushtirganlik, ekstremistik g‘oyalarni tarqatganlik va yana hokazolarda gumonlanganlar qo‘lga olinayotgani haqida xabarlar bo‘y ko‘rsatmoqda.
Tojikistonga kelsak, eng avvalo uning Afg‘onistonga yaqin ekanligini inobatga olishimiz lozim. Ya’ni, ayni o‘rinda jo‘g‘rofiy omillar ham juda muhim o‘rin tutadi.
Ikkinchisi esa, ijtimoiy-iqtisodiy faktorlar.
Chunki jahon tajribasi ham ekstremizm va terrorchilik odatda qashshoqlik, ijtimoiy himoyasizlik va qonunsizlik darajasi yuqori bo‘lgan jamiyatlarda ildiz otishi va qo‘llovga ega bo‘lishini ko‘rsatadi.
Bundan bir necha yil avval o‘tkazilgan ayrim tadqiqotlar ham xuddi shu narsaga dalolat qiladi.
Ya’ni, ba’zi davlatlarda yuqori darajadagi korruptsiya undan norozi va bunga qarshi kurashish lozim, degan o‘yda bo‘lgan odamlar uchun radikal tuzilmalarga qo‘shilishlariga turtki bergan omillardan biri bo‘lib chiqqan.
Ular bu kabi tuzilmalar korruptsiyasiz yangicha siyosiy tizimni ham yaratish maqsadida, deb hisoblashgan.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, jumladan, Tojikistonda ham korruptsiya darajasi ancha yuqori ekanini inobatga olsak, tabiiyki, bu ham aholining bir qismi tomonidan katta minus va kurashish lozim bo‘lgan muammo sifatida ko‘riladi.
Korruptsiyaga qarshi, tabiiyki, turli yo‘llar bilan kurashiladi.
Deylik, huquq himoyachilari buni ma’lum bir huquqiy soha doirasida amalga oshiradilar va hokazo.
Radikal tuzilmalar vakillari esa, oqlab bo‘lmasa-da, tabiiyki, bunga qarshi radikal yo‘lda, o‘z faoliyatlari orqali kurashishga harakat qilishadi.
Shuning uchun ham, menimcha, odamlarning nega turli radikal tuzilmalarga kirib ketayotganining sababi Tojikistonda kuzatilayotgan keng qamrovli muammolarga borib taqaladi.
Yana shuni unutmasligimiz kerakki, Tojikiston ham Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi muxolifat amalda yo‘q qilingan mamlakat.
Tojikistonda o‘z vaqtida Markaziy Osiyodagi yagona diniy partiya – Islom Uyg‘onish partiyasi faoliyat yuritgan.
Ammo keyinchalik muxolifatda bo‘lgan bu partiyaning faoliyati taqiqlangan va ta’qibga uchragan.
Ya’ni, Tojikiston siyosiy maydonida Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi amaldagi hukumat muxoliflariga joy yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Demoqchimanki, bu tizimlarda norozilik kayfiyati siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati faoliyati orqali chiqish yo‘lini topa oladigan biron bir vosita yo‘q.
Hamma narsa kuchli siquv ostida bo‘lib, barcha murvatlar qattiq tortilgan paytda bu kabi norozilik hissi tabiiy ravishda boshqa, shu jumladan, biz guvoh bo‘lib turgan radikal shakllar orqali chiqadi.
Shuning uchun yana bir bor takror aytamanki, barcha Markaziy Osiyo davlatlari va ayniqsa, avtoritarlarining muammosi shundaki, ular, aytaylik, fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, yangi siyosiy institutlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasalar, shunchaki bug‘ qozoniga o‘xshagan holatni paydo qilishadi.
Ya’ni, norozilikning ijtimoiy bug‘i to‘planib, to‘planib, yoki Qozog‘istonda bo‘lgani kabi portlaydi va yo boshqa, jumladan, radikal vositalar orqali chiqish yo‘lini topadi...
Menimcha, bu butun mintaqa uchun qo‘shimcha tahdid.
Hamma narsa o‘z qo‘lida bo‘lgan odamlar - men hokimiyat, axborot resurslari, kuch, mablag‘ va hokazolarni nazarda tutayapman - bu tahdidlarni minimallashtirish uchun ulardan samarali va lozim darajada foydalanishmayapti.
Agar biz fuqarolik jamiyatini rivojlantirmasak, muqobil variantlarni yaratmasak, ertami-kechmi, shunday, ya’ni radikal g‘oyalar tarafdorlari bo‘lgan odamlar ham hokimiyatga kelishi mumkin.
Menimcha, bu biz oldini olishimiz lozim bo‘lgan eng yomon stsenariy.
Savol: Shunday ekan, mintaqa davlatlari hukumatlari hozir bu xavfni jiddiy anglab yetishgan, deb ayta olamizmi?
Dosum Satpaev: Men bunday demagan bo‘lardim. Agar qilayotgan ishlariga diqqat qilsangiz, ular asosan faqat kuch omiliga tayanib, ish yuritishmoqda. Ya’ni, buning sabablari emas, oqibatlari bilan kurashishmoqda. Bu, shu jumladan, Qozog‘iston misolida ham ko‘rinadi.
Afsuski, nima uchun bunday bo‘layotgani, ketayotgan bu odamlar kimlar ekani, ularni radikal faoliyat bilan shug‘ullanishga aynan nimalar undayotgani bilan bog‘liq tahliliy ishlarni ko‘rmayapmiz. Menimcha, hech bir yerda buning uddasidan chiqilmayapti.
Tahlil qilinayotgan bo‘lsa ham, bu haqda rasmiy darajada gapirmaslikka harakat bor.
Chunki, agar, haqiqatan ham samarali, jiddiy tahlil o‘tkazsangiz, sabablar bevosita mutasaddilar o‘zlarining iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy, ya’ni mutlaqo barcha sohalarda samarasiz faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib chiqadi.
Natijada esa, hokimiyat va jamiyat ko‘p sonli radikallarning paydo bo‘lishida, avvalambor, amaldagi hukumatning o‘zi aybdor, aslida ularni yaratgan va hozirda ularga qarshi kurashayotgan mavjud siyosiy tizimlar o‘zlarining aybi, degan paradoksal xulosaga kelishi mumkin bo‘ladi.
Agar boshdayoq tez va sal boshqacharoq yondashilganida, bu kabi holat bo‘y ko‘rsatmasligi ham mumkin edi.
Shuning uchun ham, menimcha, Markaziy Osiyoda teraktlar, ko‘plab turli xorijiy va mahalliy ekstremistik guruhlarning faoliyati bilan bog‘liq hodisalar yuz berganiga qaramay, afsuski, hukumatlar hanuz bundan saboq chiqarishmayapti.
Menimcha, bu butun mintaqa uchun qo‘shimcha tahdid. O‘z qo‘lida hamma narsaga ega bo‘lgan odamlar - men hokimiyat, axborot resurslari, kuch, mablag‘ va hokazolarni nazarda tutayapman - bu tahdidlarni minimallashtirish uchun ulardan samarali va lozim darajada foydalanishmayapti.
Savol: Bularning barchasi Markaziy Osiyo uchun qanday yakun topishi mumkin?
Dosum Satpaev: Eng yomon variant, agar shartli ravishda aytadigan bo‘lsak, 20-30 yildan keyin radikal qarashlar tarafdorlarining soni shunchalik ko‘p bo‘lishi mumkinki, bu hatto qandaydir hokimiyat almashinuvi va yana boshqa, boshqalarga olib kelishi mumkinligidir.
Bunga Misrdagi voqealar ham bir misol. O‘z vaqtida u yerda ham qudratga radikal g‘oyalar tarafdorlari kelishdi.
Ular hokimiyatni uncha uzoq qolishmagan bo‘lsalar-da, Husni Muborakdan keyingi Misr misoli bunga juda yaqqol misol bo‘ldi.
Diktator, deb ko‘rilgan Husni Muborak ham Misrni 35 yildan ziyod boshqargan.
Hokimiyati qulaganidan keyin esa, qudratga kim – radikal g‘oyalar tarafdorlari kelishdi. Bu ham biz uchun muayyan saboq.
Agar biz fuqarolik jamiyatini rivojlantirmasak, muqobil variantlarni yaratmasak, ertami-kechmi, shunday odamlar ham hokimiyatga kelishi mumkin.
Menimcha, bu biz oldini olishimiz lozim bo‘lgan eng yomon stsenariydir.
IShID-Xuroson jiddiy xavfmi?
Tolibon IShIDning Xuroson qanoti bilan 2015 yildan buyon qattiq urushib keladi.
Hokimiyatni egallashidan avval ham, keyin ham guruhni o‘zining qudratiga eng katta xavf sifatida ko‘radi.
Tolibon Afg‘onistonda qudratga qaytishi ortidan, guruhni jilovlashga muvaffaq bo‘lganliklarini ham bir emas, bir necha bor iddao qilgan.
Harakat IShID Xuroson qanotining Afg‘onistonda yana kuchayib borayotganiga oid bayonotlarga ham qo‘shilmaydi. Ularni "targ‘ibot", deb ataydi.
Ammo guruh o‘tgan yili Tolibon muvaqqat hukumati vazirini o‘zlari o‘ldirganliklarini iddao qilib chiqqan.
Bunaqasi Tolibon hokimiyatni egallashi ortidan kuzatilmagani bilan e’tiborni o‘ziga tortgan. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Tolibon o‘z vaqtida mintaqadagi eng yirik jangari guruh, deb ko‘rilgan. A’zolari va tarafdorlarining soni o‘n minglab ekani aytilgan.
Ammo bu gal ham Afg‘onistondagi muvaqqat hukumati hali-hanuz dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan.
Shunday ekan, IShIDning Xuroson qanoti bugun qanchalik katta tahdid?
Dovud A’zamiy: Bundan bir necha yil avvalgi qudrati bilan qiyoslanganda, IShIDning Xuroson qanoti bugun nisbatan kuchsizlangan. Chunki Afg‘onistondagi o‘zi nazorat qilgan hududlarni deyarli boy berib bo‘lgan. To‘g‘ri, guruh hozir ham mamlakatning aksariyat qismlarida o‘zining jangarilariga ega. Ammo ular oshkora faoliyat yuritishmaydi. Uxlab yotgan kichik-kichik yacheykalar shaklida hujum qilish imkoniyatini kutib yurishadi. Bundan avval ular Afg‘onistonda muayyan hududlarni nazorat qilishgan. Bu yerlarda guruh o‘z hujumlarini rejalashtirgan. Keyin yana jangarilarini ham tayyorgarlikdan o‘tkazgan. Hozir esa, bunday emas. Ular ortiq biror bir hududni nazorat qilishmaydi. Asosan shaharlar va ular markazlarida kichik-kichik uxlab yotgan yacheykalar ko‘rinishida yashirinib yurishadi. Ya’ni, hujum va nishon uchun maqbul vaqtni poylashadi. Ular, odatda, ta’bir joiz, "yumshoq" mo‘jallarni nishonga olishadi. Masalan, masjidlar, muqaddas qadamjolar, maktablar, xullas, shunga o‘xshash joylarga hujum qilishadi. Shu bilan birga, guruh Tolibon mulozimlarini ham nishonga olishga harakat qiladi. Guruh orada Tolibonning viloyat va tuman miqyosidagi bir qancha mulozimlarini o‘ldirishga ham muvaffaq bo‘lgan. Tolibon hukumat kuchlari hozirgacha IShIDning Xuroson qanoti bilan urushib kelmoqda. IShID partizan guruh, yashirincha faoliyat yuritadi, Tolibon esa, ularni ta’qib qiladi. Tolibon mamlakatning qaysidir bir yerida IShID Xuroson qanotining yana bitta yacheykasini yo‘q qilgani yoki qanchadir jangarisini o‘ldirgani haqida vaqti-vaqti bilan bayonotlar berib keladi. Tolibon muvaqqat hukumati IShID Xuroson qanotining jiddiy tahdid emasligi, o‘zlarining guruhni yo‘q qilishga qodir ekanliklarini ta’kidlaydi.
Savol: Birgina o‘tgan yilning o‘zini oladigan bo‘lsak, IShIDning Xuroson qanoti AQSh tomonidan Eron va Rossiyada ketma-ket amalga oshirilgan halokatli hujumlarga mas’ul ko‘rildi. Shu ikki hujumga aloqadorlik gumoni bilan qo‘lga olingan va ayblanayotganlar misolida esa, Markaziy osiyoliklarning nomlari tilga olindi. Birgina shu ikki hujum nazarda tutilganida, IShIDning Xuroson qanoti bugun mintaqaga qanchalik katta tahdid?
Dovud A’zamiy: IShID xalqaro guruh. U bitta mintaqa yoki bitta davlat bilan chegaralanmagan. IShIDning Xuroson qanotiga kelsak, u birgina Afg‘onistonning o‘zida faoliyat yuritmaydi. Guruhning butun mintaqada a’zolari bor. Misol uchun, ularning orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Pokiston va hatto, Eron fuqarolari ham uchraydi. Ularning barchasi IShID Xuroson qanotining bir qismi bo‘ladi. IShID Xuroson qanoti o‘z saflariga yangi odamlar yollash maqsadida so‘ngi yillarda o‘zining targ‘iboti va tashviqotini ham kuchaytirgan. Xuddi shu maqsadda yangi tillardan foydalanish yoki pashtuncha, forscha, tojikcha, o‘zbekcha bo‘ladimi, mahalliy tillarda ko‘proq targ‘ibot materiallari tayyorlashga o‘tgan. Ular bu bilan butun mintaqadan o‘zlariga yangi a’zolarni yollashni maqsad qilishgan. Chunki ularga yangi odamlar, fidoyi jangchilar kerak. Guruh, bundan tashqari, mablag‘ topish uchun ham targ‘ibot yo‘lidan ham foydalanadi. Bu esa, guruhning pulga ham ehtiyojmand ekanligini anglatadi. Chunki qudratli bo‘lgan paytida IShID boshqa tarmoqlari qatori ularni ham moliyalab kelgan. Ammo IShID hozir ancha zaiflashgan va bo‘hron ichida. Shu bois, Xuroson qanotining pulga zoriqmagan kunlari ortda qolgan. IShID endi o‘zining mahalliy tarmoqlariga ko‘rsatma berishga o‘tgan. Ular esa, o‘zlarining e’tiborlarini mintaqadan yangi a’zolar va pul topishga qaratishgan. Chunki dunyoning boshqa hududlaridagi tarmoqlari yo‘q bo‘lib ketish tahdidi ostida. Shuning uchun ham, uning Xuroson qanoti saflariga yangi odamlar yollash barobarida o‘z faoliyatini moliyalashtirish maqsadida mablag‘ va zaxira ilinjida ham mintaqaga ko‘z tikkan.
Savol: IShIDning Xuroson qanoti qanchalik uzoqqa bora oladi? Tarmoqlarining o‘rtasidagi bugungi aloqalar qanchalik xavotirga molik? Umuman olganda, IShID yana o‘zining avvalgi qudratiga qayta olishi mumkinmi?
Dovud A’zamiy: Ular bir soyabon ostidagi guruh. Dunyoning turli burchaklarida faoliyat olib boruvchi har xil "viloyatlari" va tarmoqlari bor. Ular o‘zaro aloqada, gohida zaxira, ba’zida tajribalari bilan o‘rtoqlashishadi, bir-birlarining taktikalaridan o‘rganishadi. Bundan tashqari, bir-birlarini berilgan ko‘rsatmalardan boxabar etishadi. Shu bois ham, IShID, uning xalqaro va mintaqaviy tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro muloqot bor. Ammo ta’minotlari izdan chiqqan. Chunki IShIDning o‘zi jangari va mablag‘ taqchilligiga yuz tutgan. Shuning uchun ham mahalliy tarmoqlarini moliyalash yoki ularni hatto jangarilar bilan ta’minlashga qurbi yetmaydi. Boshqa tomondan, IShID mablag‘ va odam ilinjida dunyo bo‘ylab o‘zining tarafdorlari va xayrixohlariga ham ko‘z tikkan. Bu masalada Yevropa davlatlarida yashovchi odamlarni ham nazardan qochirmagan. Targ‘ibotidan ko‘zlangan maqsad ham shu. Bundan ham muhimi, IShID bu odamlarning hujum uyushtirib, unga mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlarini ham xohlaydi. Chunki bu narsa guruh uchun yaxshigina targ‘ibot vazifasini o‘taydi, ularni tanitadi. Guruh esa, shu yo‘l bilan ham o‘zlariga yanada ko‘proq pul va odamni jalb qilmoqchi. IShIDning o‘zi bo‘ladimi yoki boshqa tarmoqlari, asosiy maqsadi shu, ya’ni imkon qadar ko‘proq hujumlarning ishtirokchisiga aylanib, yangiliklar sarlavhalariga chiqishsa, bu o‘zlariga yanada ko‘proq odam, xayrixoh va homiy keltiradi, degan umid.
Savol: Bugun birgina Tolibonning o‘zi Afg‘onistondagi IShID-Xuroson qanotini jilovlay oladimi? Sizningcha, bu masalada xalqaro hamkorlik qanchalik muhim? Boshqa tomondan, hali-hanuz Tolibon muvaqqat hukumatining dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmagani omilining o‘ziyoq bu kabi hamkorlik istiqbolini qanchalik yo‘qqa chiqarishi mumkin?
Dovud A’zamiy: Bu masalada na-da xalqaro va na-da mintaqaviy hamkorlikning ko‘ngildagidek ekani haqida so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi. Chunki davlatlar o‘zaro adovatda, yoki oralari tang va yo boshqa, boshqa. IShIDga kelganda, dunyoning aksariyat hukumatlari unga qarshi. Ammo IShIDga qarshi hamkorlik masalasiga kelganda, ular o‘zaro hamkorlikka borishmaydi. Markaziy va Janubiy Osiyodagi deyarli barcha davlatlar ham IShIDni o‘z xavfsizliklariga yirik tahdid sifatida ko‘rishadi. Ammo hamkorlik, josuslik ma’lumotlarini ayirboshlash va IShIDning turli tarmoqlariga qarshi xavfsizlik amaliyotlarini muvofiqlashtirish masalasida hamkorliklari ko‘ngildagidek emas. Chunki mintaqa o‘zining e’tiborini siyosiy bo‘ladimi yoki maishiy, boshqa masalalarga qaratgan. Ularning josuslik ma’lumotlarini ayirboshlash va xavfsizlik amaliyotlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha risoladagidek mexanizmlari ham yo‘q. IShIDning Xuroson qanoti birgina Afg‘onistonning o‘z muammosi emas. Bu – mintaqaviy muammo. Chunki bu guruh mintaqadagi deyarli barcha davlatlardan a’zolarga ega va mintaqadagi deyarli har bir davlat uning nishoni bo‘ladi. Shu bois ham guruh ular so‘zlashayotgan tillarda o‘zining targ‘ibot va tashviqot materiallarini tayyorlaydi. U ham mintaqaviy va ham xalqaro miqyosda o‘z maqsadlariga ega. Guruh deyarli mintaqaning har bir davlatida o‘zining a’zolari va xayrixohlariga ega. Shu bois ham, Tolibon hukumati faqat Afg‘oniston ichkarisidagi IShID tahdidiga bas kela olishi mumkin. Ammo IShID butun mintaqa bo‘ylab minglab tarafdorlari, faol jangarilari va xayrixohlariga ega. Shunday ekan, josuslik ma’lumotlari ayirboshlanmas va harbiy amaliyotlar muvofiqlashtirilmas ekan, IShID muayyan hukumatlar tomonidan zaiflashtirilishi mumkin esa-da, uni butkul yo‘q etib bo‘lmaydi. Chunki odamlar harakatlanishi, turli joylarda yashirinishlari mumkin. Mintaqa davlatlari hukumatlarida esa, shu paytgacha risoladagidek mexanizm bo‘lmagan. Agar ana shunday muqim bir mexanizm bo‘lmasa, IShIDni mavh etib bo‘lmaydi.
Savol: Sizningcha, IShID haqida so‘z ketganda, bu kabi yondashuvning oqibati nima bo‘ladi?
Dovud A’zamiy: Josuslik ma’lumotlari ayirboshlanmas, IShIDga qarshi xavfsizlik amaliyotlarida hamkorlik va muvofiqlik bo‘lmas ekan, bu IShID uchun yaxshi mujda. Chunki guruh o‘zining amaliyotlari, targ‘ibot-tashviqot ishlarini davom ettira oladi. Hujum uyushtirishga qodir bo‘ladi. Chunki IShID jangarilari qanchalik harakatlanishga qodir ekaniga so‘nggi hisobotlar ham dalolat qilayotir. Deylik, o‘zbekistonlik bir jangari Pokistonga, Pokistondan keyin Afg‘onistonga kelib, hujum uyushtirgan. Yoki Tojikistondan kimdir yo‘lini qilib chegaradan o‘tgan va Afg‘onistonda hujumni amalga oshirgan. Boshqasida esa, tojikistonliklar Eronga borib, Eron ichkarisida hujumga qo‘l urishgan. Yana bir holatda Afg‘onistonda bo‘lgan jangarilar Eronga o‘tib, shu ishni qilishgan. Va yo IShIDning Markaziy osiyolik bo‘lgan a’zolari Rossiyaga borib, hujum uyushtirishgan. Shunday ekan, yuqorida ham tilga olib o‘tganimdek, bu mintaqaviy fenomen va mintaqaviy hamkorlikkina unga bas kela olishi mumkin.
Savol: Bugun IShIDga qarshi eng samarali kurashning yo‘li nima?
Dovud A’zamiy: Bu xususda mintaqa davlatlari qilishlari lozim bo‘lgan uch narsa bor. Birinchisi – ularning moliyasi manbasini to‘sish. Ikkinchisi – ularning targ‘ibot-tashviqot qilishlariga imkon bermaslik. Ijtimoiy tarmoqlardagi akauntlari masalasiga e’tibor qaratish. Bundan tashqari, ular jurnallar ham chop etishadi. O‘z jurnallarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishadi. Bundan tashqari, o‘zlarining jurnallari, risolalari va axborotlarini odamlarga qo‘lda ham tarqatishadi. Shunday ekan, IShIDning targ‘ibot va tashviqoti faqat mintaqaviy hamkorlik bilan chek qo‘yilishi mumkin bo‘lgan yana bir masala. Uchinchisi esa, odam yollash. Bu uch narsa bir-biriga bog‘liq. Shunday ekan, mintaqa davlatlari bu uch jabahada hamkorlikka borishmas ekan, IShIDni yo‘qotib bo‘lmaydi.
Yangi xavotirlar
IShID-Xuroson qanoti so‘nggi yillarda Rossiya tomoni ham Markaziy Osiyo davlatlarini kattayu kichik minbarlardan eng ko‘p ogohlantirib kelayotgan tahdidlardan biri bo‘ladi.
Boshqa tomondan, xuddi shu omil aksariyat tahlilchilar tomonidan mintaqa mamlakatlariga o‘zining siyosiy, iqtisodiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishda Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ham ko‘riladi.
Asad tuzumining qulashi bilan yakun topgan Suriyadagi so‘nggi voqealar esa, IShIDning yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib qolishiga oid jiddiy xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Isyonchi kuchlar poytaxt Damashqni egallagan kunning o‘zidayoq AQSh hatto IShIDning Suriyadagi istehkomlariga havodan o‘nlab zarba berishgacha borgan.
Asad tuzumi qulatilishi ortidan gapirgan Amerikaning o‘sha paytdagi prezidenti Suriyadagi guruhlarni IShID bilan hamkorlik qilmasliklari haqida ogohlantirgan.
Jo Bayden, shunday qilgan taqdirlarida, buning bejavob qolmasligini ta’kidlagan.
Ayrim ekspertlar esa, bungacha aynan Suriya inqirozini O‘zbek jangariligi Yaqin Sharqda boshqa bir qiyofada namoyon bo‘lishining asosiy omili o‘laroq tilga olishgani ham bor gap.
IShIDning Xuroson qanoti
- Xuroson qanoti hozir IShID tarmoqlari ichida eng xatarlisi va jangarisi sanaladi.
- Afg‘onistondagi jihodchi guruhlar orasida esa, eng ashaddiysi va zo‘ravoni, deb ko‘riladi.
- Guruh dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan terrorchi tashkilot, deb tan olingan.
- E’tiborini Afg‘oniston, Eron, Pokiston va Markaziy Osiyoga qaratgan.
- Guruh o‘ziga Xuroson nomini bergan. Bu hududlarni qamrab oluvchi Xuroson o‘z vaqtida islom xalifaligining bir qismi bo‘lgan.
- U Suriya va Iroqdagi omon qolgan rahbariyati bilan birga Shariat va Islom qonunlarining o‘ta qattiq talqini orqali boshqariladigan umummilliy islomiy xalifalikka intilmoqda.
- IShID global tarmog‘ining bir qismi, unga 2015 yilda, IShID Suriya va Iroqda eng qudratga to‘lgan paytda asos solingan.
- Eng kuchaygan paytida IShID-Xuroson qanoti a’zolarining soni qariyb uch mingga nisbat berilgan.
- Guruhning faoliyati birgina Afg‘onistonning o‘zi bilan cheklanmaydi.
- U G‘arb bo‘ladimi yoki boshqa, imkoni bo‘lguncha dunyoning boshqa qismlarida ham hujum uyushtirishga harakat qiladi, ayniqsa, so‘nggi yillarda IShIDning eng halokatli tarmog‘i o‘laroq o‘rtaga chiqqan.
- Eron va Rossiya misolida so‘nggi yillarda, hatto, jahon miqyosida ham eng qonlilaridan, deb ko‘rilgan qator yirik hujumlarga ham mas’ul, deb ko‘rilgan.
- So‘nggi tayanch nuqtasi sifatida Afg‘onistonning sharqiy Nangarhor viloyati tilga olinadi, ammo hozir ham Afg‘onistonning istalgan qismida hujum uyushtirishga qodir ekani ko‘riladi.
- Afg‘onistonda Tolibonga "ashaddiy raqib", mafkurasi ham bir-biriga zid, harakat guruhga qarshi 2015 yildan buyon kurashib keladi.
- Ammo harbiy ekspertlar uning "Haqqoniy" tarmog‘i orqali Tolibonga bog‘liqligi borligini ham ta’kidlashadi.
- Guruh Tolibonni Dohaning "hashamatli mehmonxonalari"da erishilgan tinchlik bitimi deb, jihod va jang maydonini tark etishda ayblaydi.
- IShIDning Xuroson qanoti Tolibon jangarilarini "murtad", deb hisoblaydi va ularning o‘ldirilishini islomiy qonunlar talqiniga ko‘ra, "qonuniy", deb biladi.