Sizdirilgan suratlar Eronda yuzlab inson halok bo‘lganini ko‘rsatadi

BBCga sizdirilgan fotosuratlarda Erondagi namoyishlar vaqtida o‘lgan yuzlab insonlar yuzlari ko‘rinadi
O'qilish vaqti: 4 daq

Muxbirlar: Merlin Tomas, Shoyon Sardorizodah, G‘uncha Habibiozod

Ogohlantirish: Bu maqolada ko‘ngilni xira qiladigan tafsilotlar bor.

BBC Verify'ga sizdirilgan suratlarda Eronda zo‘ravonlik bilan bostirilgan namoyishlar chog‘i halok bo‘lgan insonlarning yuzlari aks etgan.

Bu suratlarni xiralashtirmasdan ko‘rsatishning imkonsiz.

Suratlarda kamida 326 nafar qurbonning yuzi aks etgan bo‘lib, ularning 18 nafari ayollardir. Yuzlarda qon izlari, shish va ko‘karishlar ko‘rinadi.

Marhumlarning suratlari Tehron janubidagi o‘likxonada osilgan va bu ularning yaqinlari shu fotolarga qarab o‘z yaqinlarini tanib olishlari uchun berilgan yagona imkoniyat bo‘lgan.

Aksariyat suratlardan qurbonlarni tanib olishning iloji bo‘lmagan. Ulardan 69 nafari fors tilida "Jon" yoki "Jeyn Do" deb nomlangan.

Bu suratga olingan paytda ularning shaxsi aniqlanmaganini anglatadi.

Faqat 28 nafar qurbonning ism-shariflari ochiq yozib qo‘yilgan.

100 nafardan ortiq surat ostida o‘lim sanasi qayd etilgan:

9 yanvar.

Aynan shu kun Tehronda namoyishlar eng qonli bir tarzda bostirilgan tunlardan biri bo‘lgan.

Shaharda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan, ko‘chalarda yong‘inlar chiqqan. Norozilar Eron Oliy rahbari va Islomiy respublikaga qarshi shiorlar bilan ko‘chalarni to‘ldirishgandi.

Shu kuni Eron so‘nggi shohining o‘g‘li, hozirda muhojirlikda yashayotgan Reza Pahlaviy butun mamlakatni norozilik chiqishlariga da’vat qilgandi.

BBC'ga sizdirilgan ushbu suratlar Eron hukumati tomonidan o‘ldirilgani taxmin qilinayotgan minglab insonlarning fojiali taqdiridan kichik bir parchani aks ettiradi, xolos.

BBC Verify o‘tgan yil dekabr oyi oxirida boshlangan va qisqa vaqt ichida butun mamlakatga yoyilgan norozilik namoyishlarini yaqindan kuzatib kelayotgan edi.

Ammo hukumat internetni o‘chirib qo‘yar ekan, Erondagi rejim o‘z muxoliflariga qarshi naqadar shafqatsiz munosabatda bo‘lganini hujjatlashtirish o‘ta mushkul bo‘lib qolgan.

Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bir necha ming kishi halok bo‘lganini ochiq tan olgan, ammo bunda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Isroil va u o‘z ta’birida "fitnakorlar" deb atagan kuchlarni ayblagan edi.

Internet o‘chganiga uchinchi hafta bo‘layotganiga qaramay, ayrim odamlar Eronda yuz berayotgan qonli voqealar haqidagi ma’lumotlarni tashqi dunyoga yetkazishga muvaffaq bo‘lishgan.

Kahrizak sud-tibbiyot markazida olingan yuzlab suratlar BBC Verify'ga sizdirilgan.

BBC Verify jami 392 ta suratni tahlil qilgan va ular orqali 326 nafar insonni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, aslida o‘likxonadagi jasadlar soni bir necha ming nafarga yetishi mumkin.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan biz nomini oshkor qilmayotgan manbalardan biriga ko‘ra, ular o‘likxonada bu qadar dahshatga guvoh bo‘lishlarini kutishmagan. Qurbonlar yoshi 12-13 yoshdan to 60-70 yoshga qadar bo‘lgan.

"Bu juda og‘ir edi", deydi u.

Manbaning aytishicha, o‘likxona ichidagi sarosima orasida yaqinlarini yo‘qotganlar bir ekran atrofida to‘planishgan. Ekranda o‘lgan yuzlab odamlarning suratlari birin-ketin o‘tar ekan, odamlar ular orasidan o‘z jigarbandlarini tanib olishga harakat qilishgan.

Ushbu "suratlar taqdimoti" soatlab davom etgan.

Ayrim qurbonlarning yuzlari jarohatlar sabab tanib bo‘lmaydigan ahvolda bo‘lgan.

Manbalardan biriga ko‘ra, bir insonning yuzi shu qadar shishib ketganki, uning ko‘zlarini ko‘rish imkonsiz bo‘lgan.

Yana bir qurbon og‘zida nafas olish naychasi bilan suratga olingan. Aftidan u tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan paytda vafot etgan.

Ayrim qurbonlar shunchalik og‘ir jarohat olganki, ularning yaqinlari suratlarni yana bir bor ko‘rsatishni va yuz qismini yaqinlashtirib ko‘rishni so‘rashgan. Manbalarga ko‘ra, ular shu yo‘sin o‘z yaqinlarini tanib olishga urinishgan.

Ba’zan suratlarni tanib qolgan qarindoshlar o‘sha yerdayoq hushdan ketishgan, yig‘lashgan va qichqirib yuborishgan.

Ko‘plab suratlarda jasad solingan qoplar ochiq holda bo‘lgan. Qop yonida ularning ismi, ID raqami yoki o‘lim sanasi yozilgan qog‘ozlar qo‘yilgan.

Ko‘plab suratlarda jasad solingan qopning og‘zi ochiq bo‘lib, yuz qismi yaqiniga ism, ID raqami yoki o‘lim sanasi yozilgan qog‘ozlar qo‘yilgan..

Ba’zan esa, qop ustiga faqat bank kartasi qo‘yilgan, bu marhumga tegishli so‘nggi buyum bo‘lgan.

BBC Verify o‘sha o‘likxonadan olingan videolarni ham alohida tarzda tasdiqladi. Ushbu videolar namoyishchilarga nisbatan qo‘llanilgan zo‘ravonlikni ko‘rsatadi.

Videolardan birida bolanikiga o‘xshagan jasad ko‘rinadi, yana birida esa peshonasida o‘q izi bo‘lgan erkakning tanasi aks etgan.

Ikki videoni ham ko‘rsatishning imkonsiz, chunki tasvirlarda o‘ta shafqatsiz manzara aks etgan.

Ayrim eronliklar xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan insonlar ismlarini internetga ulanish imkon topilgan kamdan-kam paytlarda, Starlink orqali yoki qo‘shni mamlakatlar tarmoqlaridan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib kelishmoqda. Biroq bu kamdan kam ro‘y beradigan holat.

Biz o‘likxonada aniqlangan qurbonlar ismlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘lim haqida xabar qilingan postlar bilan solishtirdik va beshta moslikni topishga muvaffaq bo‘ldik.

Biroq marhumlar oilalari bilan bog‘lanish imkonimiz bo‘lmagani uchun ularning ismlarini oshkor etolmaymiz.

BBC Verify 28 dekabrdan beri Eron bo‘ylab avj olgan hukumatga bo‘ylab hukumatga qarshi namoyishlarni tekshiruvdan o‘tgan videolar orqali kuzatib kelmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, namoyishlar kamida 71 ta shahar va aholi punktlariga tarqalgan.

Ammo namoyishlar o‘tgan hududlar haqiqiy soni katta ehtimol bilan bundan ancha ko‘p.

Starlink orqali yuklashga muvaffaq bo‘lingan kamsonli tasvirlarda ko‘chalarda qolib ketgan yondirilgan avtomobillar ko‘rinadi. Shu bilan birga, tasdiqlangan videolarda namoyishlar paytida Tehron atrofida o‘q ovozlari ham qayd etilgan.

Internetning o‘chirilishi namoyishlar oqibatidagi halok bo‘lganlar sonini to‘liq hujjatlashtirishni juda qiyinlashtirdi.

AQShda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA) hisob kitoblariga ko‘ra, o‘lganlar soni 4 ming nafardan oshgan.