IIV kriptobozorda 34 milliard so‘m ishlagani aytilgan yigitni "virtual valyutchik" deb atadi. Raqamli valyuta o‘zbekistonliklar orasida nega ommalashmoqda o‘zi?

O'qilish vaqti: 4 daq

IIV kriptoaktivlar savdosi orqali 34 milliard so‘m "ishlab topgan"i aytilgan buxorolik yigit ishi borasida bayonot bilan chiqdi. Avvalroq faollar rasmiylarni "yangilikka intiluvchan yoshlar oyog‘iga bolta urish"da ayblagan edi.

Dekabrь oyi o‘rtasida Buxoro viloyati IIB xodimlari Jondor tumanida yashovchi 17 yoshli yigitni kriptoaktivlarni noqonuniy ravishda aylantirishda gumonlab qo‘lga olgani haqidagi xabar O‘zbekistonda shov-shuvga aylangan.

Bu xabar mamlakatda kriptoaktivlarga bo‘lgan qiziqish shiddat bilan ortib borayotgan bir vaqtda chiqqan.

Milliy telekanalida efirga uzatilgan reportajda yigit "belgilangan tartibda litsenziya olmasdan" 34 milliard so‘m ($2,6 milliondan ziyodroq) miqdoridagi mablag‘ni ishlab topgani haqida aytilgan.

Ushbu xabar esa o‘zbekistonlik ayrim faollar va ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan jiddiy tanqidlar ila qarshi olingan.

Qoldirilgan aksar post va fikrlarda rasmiylar "zamonaviy yo‘llar bilan pul ishlab topayotgan iqtidorli yoshlar yo‘lini to‘sish"da ayblangan.

Bunday tanqidlar ortidan IIV mazkur ish bo‘yicha batafsil bayonot berib, yigitning 34 milliard so‘m miqdorida pul ishlab topganini rad etgan va uni "oddiy virtual valyutchik" deya atagan.

"Virtual valyutchik"

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan buxorolik yigit, ko‘pchilik o‘ylagandek, treyding bilan emas, balki raqamli valyutalar ayirboshlovi, blokcheyn va boshqa onlayn xizmatlarni taklif etuvchi Binance kompaniyasining kriptoaktivlar oldi-sotdisi amalga oshiriladigan platformasida "shubhali vositachilik operatsiyalari" bilan shug‘ullanib kelgan.

"17 yoshli Z.M. 7 oy davomida "Binans" platformasida 4 mingdan ortiq 34 mlrd so‘mlik shubhali vositachilik ("virtual valyutchik"lik) operatsiyalarini amalga oshirgan hamda vositachilik haqi undirib kelgan. Bu holatda ayonki, 34 mlrd so‘m ishlab topilgan "iqtidorli" yigitning daromadi emas, balki tizimdan o‘tkazilgan boshqa bir insonlarning puli summasidir", deyiladi G‘iyosov 19 dekabrь kuni tarqatgan bayonotda.

IIV matbuot kotibining yozishicha, "bugun telegramdagi yopiq (anonim) kanallar, guruhlarda kriptovalyutani sotishga, sotib olishga chaqiradigan resurslar ko‘paygan".

"Ushbu kanallarda "sotuvchi" va "xaridor"lar o‘zaro tanishadi va elektron pullarini kriptovalyutaga yoki kriptovalyutani pulga aylantirib bergan holda "virtual valyutchik"lik bilan shug‘ullanishadi.

Shu ko‘rsatgan xizmatlari uchun ular o‘tkazib bergan pullari miqdorining 0,1-2 foizi miqdorida vositachilik haqi olishadi (o‘tkazib bergan pulining anonimligi qancha yuqori bo‘lsa, olib qolinadigan foiz to‘lovi ham shunga mos bo‘ladi)", tushuntiradi u.

G‘iyosov bunday platformalardan foydalanish anchayin sodda ekani, ulardan "axborot texnologiyalari, hatto kriptovalyuta sohasida chuqur bilimga ega bo‘lmagan kishilar ham bemalol foydalana olishi"ni ta’kidlagan.

U bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanish xavfini uyushgan jinoiy guruhlar hisob-kitoblarni asosan anonim kriptoaktivlar orqali amalga oshirayotgani bilan izohlagan.

"Shuningdek, terrorchi guruhlar o‘zlarini moliyalashtirish uchun kriptovalyuta orqali mablag‘ yig‘moqda. Buning sababi shundaki, uning yordamidan foydalanib pul mablag‘larini qisqa vaqt ichida, dunyoning istalgan nuqtasiga, anonim tarzda o‘tkazish mumkin".

IIV matbuot kotibi, shuningdek, buxorolik yigit amalga oshirgan operatsiyalar tahlillaridan mablag‘larning "aksariyat qismi pensiya, oylik, onlayn kredit kartalaridan kelib tushganligi aniqlangan"ini ham ma’lum qilgan.

"…ya’ni ushbu mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan pullarni legalizatsiya qilishga va ularni izini yo‘qotishga qaratilgan harakat ekanligi gumon qilinmoqda. Bunga javobni esa tergov va sud organlari beradi. Aybsizlik prezumptsiyasiga ham to‘liq amal qilinadi", qo‘shimcha qilgan u.

Kriptoaktivlar nega ommalashmoqda?

Yuqoridagi rasmiy bayonotdan buxorolik yigit P2P (Peer-to-peer) ayirboshlov faoliyati bilan shug‘ullangani anglashiladi.

P2P biror aktiv, masalan, raqamli valyutalarni markaziy nazorat qiluvchi institut ishtirokisiz bozor ishtirokchilari orasida mustaqil ayirboshlashni angladi.

Bunday ayirboshlov nazorat qilinuvchi P2P o‘tkazmalari (masalan, bir bank kartasidan boshqasiga pul yuborish)dan farqli o‘laroq anonimlikni yuqori darajada saqlashga imkon beradi.

O‘zi umuman olganda, bugun eng mashhur kriptovalyuta bo‘lmish Bitcoin ham markaziy regulyator nazoratidan xalos bo‘lish maqsadida yaratilgan.

IIV bayonotida ta’kidlangandek, P2P taqdim etuvchi anonimlikdan jinoiy guruhlar ham keng foydalansada, bu sohani yaqindan biluvchilar ushbu usulda amalga oshirilgan barcha o‘tkazmalar ortida g‘araz maqsad yotadi, degan fikrga borish noto‘g‘ri ekanini aytadi.

Oxirgi yillarda P2P O‘zbekiston kabi moliya sohasida davlat ta’siri yuqori, global moliya tizimlariga u qadar bog‘lanmagan mamlakatlarda, ayniqsa, yoshlar orasida shiddat bilan ommalashib borayotgani kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqdagi mavzuga aloqador guruhlar va turli forumlardagi muhokamalarga nazar tashlansa, o‘zbekistonliklarning P2P usuliga qiziqishi qator sabablar orqali ortib borayotgani ko‘rinadi.

Avvalo, bu usul orqali o‘tkazmalar yuqori tezlikda amalga oshiriladi. Shuningdek, ishtirokchilar aktivlar narxlari bo‘yicha savdolashish imkoniga ega. Bu esa ularga regulyatsiya qilinadigan platformalardagi narxlardan arzonroq takliflarni izlab topish imkonini beradi.

Shuningdek, global banking xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari cheklangan O‘zbekistonda kriptovalyuta orqali xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish ommalashib borayotgani aytiladi.

Mamlakatdagi banklarning yuqori komissiyalari va ular taklif etadigan xizmatlar cheklangani tufayli xorijiy bozor bilan bog‘liq o‘z biznesida kriptovalyutadan foydalanayotgan hamda ayni sabab tufayli frilanslik xizmatlari evaziga chet el kompaniyalaridan haqini kriptovalyuta ko‘rinishida olishni ma’qul ko‘rayotgan o‘zbekistonliklar soni ham oshib borayotgani kuzatiladi.

Bir vaqtning o‘zida, xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar orasida ham uyiga P2P usulida pul jo‘natish odatga kirayotgani ko‘zga tashlanadi – bu usul ularga an’anaviy xizmatlardan ko‘ra tezroq va arzonroq yo‘lda pul yuborish imkonini beradi.

Buxorolik yigit ishi ortidan ijtimoiy tarmoqda kuzatilgan muhokamalarda o‘zbekistonliklar, shuningdek, faqatgina regulyatsiya qilinadigan birjalar orqali ayirboshlovni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi qonunchilik talabini chetlab o‘tish maqsadida ham P2P usulidan foydalanishni ma’qul ko‘rishini yozgani ko‘zga tashlangan – ularning bildirishicha, Uznex kabi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan birjalardagi takliflar erkin bozordagidek jozibador emas.

Shuningdek, ayrim fikr bildiruvchilar o‘zbek so‘mining inflyatsiyaga moyilligi yuqoriligi sabab ham mablag‘ini kriptovalyuta kabi zamonaviy aktivlar ko‘rinishida saqlashni afzal bilishi haqida yozgan.

Shunga qaramay, kriptoaktivlar ayirboshlovida firibgarlik holatlari ham tez-tez sodir bo‘lib turishi haqidagi xabarlar muntazam chiqib turadi.

O‘tgan yil 1 yanvaridan kuchga kirgan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy xizmatlar provayderlari orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari mumkin.

O‘zbekiston hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya olmagan xorijiy platformalarda kripto-aktivlar bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish ma’muriy, jinoiy va boshqa turdagi javobgarlik choralarini qo‘llashga majburlovchi qoidabuzarlik hisoblanadi.

Bu sohada litsenziyalovchi vakolatga ega organ – Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan elektron reestrda litsentsiyaga ega provayderlarni tekshirib ko‘rish mumkin.