You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Suriyada endi hayot qanday o‘zgaradi – Idlibda buni ko‘rish mumkin
Suriya shimoli-g‘arbidagi chekka hudud bo‘lmish Idlibga olib boradigan yo‘lda hamon eski front chizig‘i izlari ko‘zga tashlanadi: xandaqlar, tashlab ketilgan harbiy mavqelar, raketa snaryadlari va o‘q-dorilar.
Ikki haftadan sal oldinroqqacha bu mamlakatdagi muxolifat nazoratidagi yagona hudud edi.
Idlibdan "Hay’at Tahrir ash-Shom" yoki HTSh deb nomlanuvchi islomiy guruh boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asadni ag‘darib tashlagan va uning oilasining Suriyadagi ellik yillik hukmronligiga barham bergan kutilmagan hujumni amalga oshirdi.
Natijada, ular mamlakatning de-fakto hokimiyatiga aylanib, o‘z boshqaruvlarini Suriyaning qolgan qismiga joriy etishga urinmoqda.
Idlib shahri markazida Asadning ag‘darilishi ortidan jamoat maydonlarida yashil yo‘lli va uch qizil yulduzli muxolifat bayroqlari baland hilpiramoqda, yoshu qari, erkagu ayol ularni ko‘tarib yuribdi. Devorlardagi bitiklar rejimga qarshi kurashni ulug‘laydi.
Vayron bo‘lgan binolar va xarobalar yaqindagi urushni eslatsa-da, ta’mirlangan uylar, yangi ochilgan do‘konlar va yaxshi saqlanayotgan yo‘llar ayrim narsalar rostdan ham yaxshilanganidan darak beradi. Biroq hokimiyatning qattiqqo‘l boshqaruvidan shikoyatlar ham yo‘q emas.
Biz shu hafta boshida borganimizda ko‘chalar nisbatan ozoda, svetofor va ko‘cha chiroqlari ishlayotgan, eng gavjum joylarda nazoratchilar bor edi. Oddiy bo‘lib ko‘ringan bu narsalar Suriyaning boshqa hududlarida yo‘q va bu yerda faxrlanish manbaiga aylangan.
HTSh al-Qoidadan kelib chiqqan, ammo so‘nggi yillarda o‘zini jihodiy o‘tmishidan uzoqlashgan va Asadni ag‘darishni maqsad qilgan millatparvar kuch sifatida qayta ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
Isyonchilar shu oy boshida Damashqqa yurish qilganida, uning rahbarlari barcha suriyaliklar uchun Suriya qurish haqida so‘zlashdi. Biroq, u hali ham AQSh, Buyuk Britaniya, BMT va boshqalar, shu jumladan, ba’zi suriyalik isyonchilarni qo‘llab-quvvatlovchi Turkiya tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tavsiflanmoqda.
Guruh 2017 yilda 4,5 million aholiga ega bo‘lgan ushbu mintaqaning katta qismini nazorat ostiga olib, fuqarolar urushidan so‘ng barqarorlikni ta’minlagandi.
Najot hukumati nomi bilan tanilgan ma’muriyat suv va elektr ta’minoti, chiqindilarni yig‘ish va yo‘llarni ta’mirlashni yo‘lga qo‘ygan.
Biznes, fermerlar va Turkiya bilan chegaradagi o‘tish punktlaridan yig‘ilgan soliqlar uning davlat xizmatlarini, shuningdek, harbiy operatsiyalarini moliyalashtiradi.
"Asad davrida ular Idlibni unutilgan shahar deb atashardi," deydi kardiolog doktor Hamza Almorav eski pochta omborxonasida tashkil etilgan shifoxonada bemorlarni davolayotib.
U 2015 yilda urush avj olgan paytda xotini bilan Halabdan ko‘chib kelgan, ammo shahar isyonchilar nazoratiga o‘tgan bo‘lsa ham qaytishni rejalashtirmayapti.
"Biz bu yerda ko‘plab o‘zgarishlarni ko‘rdik. Idlibda Asad rejimi davrida bo‘lmagan ko‘p narsalar bor."
Mahalliy muxolifat orasida xalqaro tan olinishga intilish jarayonida o‘z pozitsiyasini yumshatgani sababli, HTSh hokimiyat tepasiga kelganida joriy etgan ba’zi qat’iy ijtimoiy qoidalarni, jumladan, ayollar uchun kiyim-kechak qoidalarini va maktablarda musiqa taqiqini bekor qildi.
Ba’zi kishilar so‘nggi norozilik namoyishlarini, shu jumladan hukumat tomonidan joriy etilgan soliqlarga qarshi chiqishlarni, Asadlar davridan farqli o‘laroq, ma’lum darajadagi tanqidga yo‘l qo‘yilayotganining isboti sifatida keltirmoqda.
"Bu to‘liq demokratiya emas, ammo erkinlik bor," deydi faol Fuad Sayidissa.
"Boshida ayrim muammolar bo‘lgan, biroq so‘nggi yillarda ular yaxshiroq harakat qilishmoqda va o‘zgarishga intilishmoqda."
Asli idliblik bo‘lgan Sayidissa hozirda Turkiyada istiqomat qiladi va u yerda Violet nodavlat tashkilotini boshqaradi. Minglab suriyaliklar kabi, Asadning ag‘darilishi uning o‘z shahriga qaytish imkoniyatini berdi – uning holatida, o‘n yil ichida birinchi marta.
Biroq, ba’zilar avtoritar boshqaruv deb atagan holatga qarshi namoyishlar ham o‘tkazildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, hokimiyatni mustahkamlash uchun guruh ekstremistlarni nishonga olgan, raqiblarni o‘ziga qo‘shib olgan va muxoliflarni qamoqqa tashlagan.
"Hukumat butun Suriyada qanday harakat qilishi boshqa masala," deydi Sayidissa. Suriya xilma-xil mamlakat bo‘lib, rejim va uning ittifoqchilari tomonidan o‘nlab yillar davomida amalga oshirilgan zulm va zo‘ravonlikdan so‘ng, ko‘pchilik adolatga chanqoq. "Odamlar hali ham nishonlashmoqda, lekin ular kelajakdan ham xavotirda."
Mahalliy amaldordan suhbat olishga harakat qildik, ammo ularning barchasi yangi hukumatga yordam berish uchun Damashqqa ketgani aytildi.
Idlibdan bir soatlik masofada joylashgan kichik nasroniy Quniya qishlog‘ida 8 dekabrь kuni Asadning ag‘darilishini nishonlash uchun o‘n yil ichida birinchi marta cherkov qo‘ng‘iroqlari jarangladi.
Turkiya chegarasi yaqinidagi jamoa 2011 yilda Asad unga qarshi tinch namoyishlarni bostirganda boshlanib ketgan fuqarolar urushi paytida bombalangan va uning ko‘plab aholisi qochib ketgan.
Faqat 250 kishi qolgan.
"Asad ag‘darilganidan beri Suriya yaxshilanmoqda," dedi ruhoniy Fodi Azar.
Biroq, islomchilarning ko‘payishi, HTShning diniy va etnik guruhlarni himoya qilishiga ishontirishiga qaramay, ozchiliklar, jumladan, Asad alaviylari xavf ostida qolishi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo‘ldi.
"So‘nggi ikki yil ichida ular [HTSh] o‘zgarishni boshladilar... Ilgari juda qiyin edi," deydi Hazrat Azar.
Mulklar musodara qilinib, diniy marosimlar cheklangan.
"Ular [bizning jamoamizga] ko‘proq erkinlik berdilar, qochqin bo‘lgan boshqa nasroniylarni o‘z yerlari va uylarini qaytarib olishga da’vat etdilar."
Lekin bu o‘zgarish haqiqiymi? Ularga ishonsa bo‘ladimi? "Nima ham qila olardik? Boshqa tanlovimiz yo‘q, – deydi u. –Biz ularga ishonishga majburmiz."
Men faol Sayidissadan, nima uchun hatto muxoliflar ham guruhni tanqid qilishdan cho‘chishayotganini so‘radim.
"Ular endi qahramonlar... [Lekin] bizda qizil chiziqlar bor. Biz endi diktatorlarga, Jo‘loniy yoki boshqa birovga yo‘l qo‘ymaymiz," deydi u hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Abu Muhammad al-Jo‘loniy taxallusini tashlagan HTSh rahbari Ahmad al-Sharaaga ishora qilib.
"Agar ular diktatorlarday ish tutishsa, xalq "yo‘q" deyishga tayyor, chunki endi ular erkinlikni his qilishdi."