Xitoy va Hindiston yarasha boshlayotgandek ko‘rinmoqda. Bunga nima sabab bo‘ldi? Video

O'qilish vaqti: 4 daq

Xitoy va Hindiston askarlari bahsli Himolay chegarasidagi halokatli to‘qnashuvda ishtirok etganidan to‘rt yil o‘tib, ikki davlat rahbarlari nihoyat rasmiy uchrashuv o‘tkazishdi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Xitoy Prezidenti Si Szinpin chorshanba kuni Rossiyada bo‘lib o‘tgan BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) sammitida uchrashishdi.

Uchrashuv ikki tomon “hududdagi masalalarni hal qilish va harbiy bo‘linmalarni ajratish” bo‘yicha kelishuvga erishganliklarini e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.

Chorshanba kuni Modi va Si bu qadamni olqishlab, davlatlar o‘rtasidagi muloqotni qayta tiklashga va’da berishdi.

Bu qanday yuz berdi?

Rahbarlar mavjud muammolarni hal qilish uchun “yaqin muddatda” yuqori martabali amaldorlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishga kelishib olishdi.

Hindiston-Xitoy munosabatlari o‘n yilliklar davomida ziddiyatlar ostida bo‘lib kelgan.

Buning asosiy sababi esa aniq belgilab bo‘lmaydigan, 3,440 km (2,100 mil) uzunlikdagi bahsli chegaradir.

Chegaraning o‘zi undagi daryolar, ko‘llar va qorli tog‘lar tufayli ko‘pincha siljiydi va askarlar bir-biriga yaqinlashishiga olib keladi.

Bu esa ba’zan to‘qnashuvlar bilan yakun topadi.

Ikki mamlakat o‘rtasida 1962 yilda bo‘lib o‘tgan urushda Hindiston jiddiy mag‘lubiyatga uchragandi.

Undan keyin ham tomonlar yana bir necha bor o‘zaro to‘qnashuvlarda ishtirok etgan.

2019 yilda Hindiston o‘z konstitutsiyasining 370-moddasini bekor qilib, Hindiston boshqaruvidagi Kashmirning avtonom maqomini olib tashlaganida, Xitoy bu harakatni BMT Xavfsizlik Kengashida qattiq tanqid ostiga olgan edi.

Sababi, Xitoy Kashmirning baland tog‘li Ladax hududida ayrim yerlarga egalikni da’vo qilib keladi.

2020 yilda Galvan vodiysida yuz bergan to‘qnashuv so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy qarama-qarshilik bo‘ldi. Unda 20 dan ortiq hind va to‘rt nafar xitoy askari halok bo‘ldi.

O‘sha yilning oxirida ikki davlat chegaraning ba’zi qismlaridan qo‘shinlarni olib chiqib ketishdi va keskinlikni yumshatishga va’da berishdi, lekin vaziyat baribir tarangligicha qolaverdi.

Ikki tomon qo‘shinlari 2021 yilda Shimoliy Sikkim hududida va 2022 yilda chegaraning Tavang sektorida yana to‘qnash keldi.

Harbiy qarama-qarshiliklar ikki davlat o‘rtasidagi biznes aloqalariga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi.

Dehli Xitoy investitsiyalariga nisbatan nazoratni kuchaytirdi va TikTok kabi bir nechta mashhur Xitoy mobil ilovalarini taqiqladi.

Shuningdek, Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reyslari ham to‘xtatildi.

Modi va Si chorshanba kuni o‘tkazilgan uchrashuvda 2019 yil oktyabridan beri birinchi marta rasmiy muzokaralar olib borishdi.

Ushbu uchrashuvdan oldin, rahbarlar 2022 yilda Balidagi G20 sammitida qisqa muloqot qilishgan edi, xolos.

Bir necha oy o‘tgach, Xitoy uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni tiklash uchun “konsensus”ga erishilganini e’lon qilgandi.

Reutersʼning xabar berishicha, 2023 yilgi BRIKS sammitida rahbarlar norasmiy uchrashuvda qo‘shinlarni ajratish va keskinlikni yumshatish uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib olishgan.

O‘sha yili Hindiston tashqi ishlar vaziri S.Jashankar Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti doirasida Xitoylik hamkasbi Van I bilan uchrashib, ular muzokaralarni tezlashtirishga kelishishgandi.

O‘tgan oy esa Jashankar chegara bo‘yicha “bo‘linish”ning 75% hal qilinganini e’lon qildi.

Bir necha kun o‘tib, ikki davlatning fuqarolik aviatsiya organlari uchrashib, yo‘lovchi reyslarini tiklashni muhokama qilishdi.

Bloomberg kabi bir necha ommaviy axborot vositalari Hindistonning yuqori texnologik ishlab chiqarishi, masalan, chip ishlab chiqarish sektori zarar ko‘rayotganini aytib, Hindiston biznesi hukumatga Xitoyga nisbatan cheklovlarni yumshatishda bosim o‘tkazayotganini xabar qilgan edi.

Ammo Hindiston moliya vaziri Nirmala Sitharaman seshanba kuni Hindiston Xitoy bizneslariga nisbatan cheklovlarni yumshatishda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishini aytdi.

Oktyabrь oxirida nima e’lon qilindi?

Dushanba kuni Jashankar ikki davlat chegara patrullarini qayta boshlashga va 2020 yildagi to‘qnashuvdan avvalgi holatga qaytishga kelishib olganini e’lon qildi.

“Shu bilan biz Xitoy bilan chegarani bo‘lish bo‘yicha jarayonni yakunladik, deb ayta olamiz,” deya qo‘shimcha qildi u.

Hindiston armiyasi boshlig‘i ikki davlat endi ishonchni qayta tiklashga harakat qilayotganini aytdi.

“Bu biz bir-birimizni ko‘rib, bir-birimizni ishontira olganimizdagina amalga oshadi. Shuningdek, yaratilgan bufer zonalarga kirib bormayotganimizga ishonch hosil qilishimiz kerak”, deydi general Upendra Dvivedi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi bitimning tafsilotlariga izoh bermadi, lekin ikki tomon “tegishli masalalar bo‘yicha kelishuvga erishgani”ni tasdiqladi.

“Xitoy erishilgan yutuqlarni olqishlaydi va Hindiston bilan birgalikda bu kelishuvlarni to‘g‘ri amalga oshirish uchun hamkorlik qilishda davom etadi,” deydi seshanba kuni matbuot anjumanida nutq so‘zlagan vakil Lin Yuanь.

Kelgusida nima bo‘ladi?

Modi va Si ikki davlatning maxsus vakillari chegarani hal qilish uchun “adolatli, maqbul va ikki tomon uchun ham mos bo‘lgan yechimlar qidirish” maqsadida uchrashishlarini e’lon qilishdi, deyiladi Hindiston tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

Shuningdek, vazirlar va boshqa amaldorlar ikki tomonlama aloqalarni barqarorlashtirish va qayta tiklash ustida ishlashlari ham keltirib o‘tilgan.

Rahbarlar o‘zaro aloqalarni saqlab qolish zarurligini ta’kidlar ekan, bosh vazir Modi ularning munosabatlari global tinchlik uchun muhim ahamiyat kasb etishini urg‘uladi.

“Chegarada tinchlik va barqarorlikni saqlash bizning ustuvor vazifamizdir. O‘zaro ishonch, o‘zaro hurmat va o‘zaro ogohlik munosabatlarimizning asosi bo‘lmog‘i lozim,” dedi u.

36 mamlakat rahbarlari ishtirok etgan BRIKS sammitida, davlatlar o‘rtasidagi savdoda dollarga qaramlikni kamaytirish yo‘llari ham muhokama qilindi.

Sammitda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham qatnashdi.

Prezident Si Modi bilan uchrashuvni xalqaro hamjamiyat diqqat bilan kuzatayotganini ta’kidladi.

U Dehli va Pekin rivojlanayotgan davlatlar birligini mustahkamlashda o‘rnak bo‘lishlari hamda “xalqaro munosabatlarda ko‘p qutblilik va demokratiyani rivojlantirishga hissa qo‘shishlari kerak”ligini aytib o‘tdi.

“Xitoy va Hindiston qadimiy tsivilizatsiyalar, yirik rivojlanayotgan davlatlar va Global Janubning muhim a’zolaridir. Bizning har ikkovimiz modernizatsiya jarayonimizning muhim bosqichidamiz,” deya qo‘shimcha qildi u.