Netanyahu Tramp Nobel tinchlik mukofotini yutishini istaydi - mana avval uni olgan olti ziddiyatli shaxs

Surat manbasi, Washington Post via Getty Images
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Donald Tramp nomzodini Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surganini aytti. Xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti bu mukofotni ko‘pdan beri orzu qiladi.
"U hozirning o‘zidayoq bir mamlakatda, bir hududdan keyin ikkinchisida tinchlikni o‘rnatyapti", - dedi Netanyahu Nobel qo‘mitasiga yuborgan xatining nusxasini Trampga topshira turib.
Netanyahu yolg‘iz emas - iyunda Pokiston hukumati ham Hindiston va Pokiston o‘rtasida may oyida erishilgan otashkesim uchun Trampning nomzodligini Nobelga ilgari surayotganini e’lon qildi.
Bundan bir kun o‘tib AQSh Eronni bombardimon qilar ekan, mukofotga nomzodlik haqidagi yangilik ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Jahondagi eng oliy mukofotlardan sanalgan Nobel Tinchlik mukofoti shvetsiyalik olim, tadbirkor va filantrop Alfred Nobel sharafiga nomlangan oltita mukofotdan biridir.
G‘olibni Norvegiya parlamenti saylagan besh kishidan iborat qo‘mita tanlaydi.
Agar bu mukofotga u sazovor topilsa, Tramp ziddiyatli g‘olib bo‘ladi. Lekin, o‘zining siyosiy tabiati tufayli, ushbu mukofot qolgan beshta kategoriyadan ko‘ra ancha ko‘proq bahsu-munozaralarga guvoh bo‘lib kelgan.
Mana eng ko‘p bahsga sabab bo‘lgan oltita g‘olib - ba’zilari mukofot berilgan davrda, ba’zilari esa keyinroq. Bitta bo‘sh joyga e’tibor bering.
Barak Obama

Surat manbasi, AFP
AQSh Prezidenti Barak Obama 2009 yilda Nobel Tinchlik mukofotini yutganida, ko‘plar hayron bo‘lgandi. Hatto Obamaning o‘zi ham.
Obama 2020 yilgi memuarida yozishicha, e’lonni eshitganida uning o‘zi "nega", deb so‘ragan.
U o‘shanda prezidentlik lavozimida atigi to‘qqiz oygina o‘tirgan bo‘lgan va tanqidchilar bunday mukofotga hali erta ekanini aytishgan. Nomzodlarni topshirish uchun ajratilgan muddat Obama inauguratsiyasidan atigi 12 kun o‘tib yopilgan.
2015 yilda Nobel institutining sobiq direktori Geyr Lundestad Bi-bi-siga qo‘mita so‘ng o‘z qaroridan afsuslanganiga ishora qilgan.
Prezident Obamaning Oq uyda o‘tkazgan ikki muddati davomida AQSh qo‘shinlari Afg‘oniston, Iroq va Suriyada urushda qatnashganlar.
Yosir Arofat

Surat manbasi, Sygma via Getty Images
Marhum Falastin lideri Yosir Arofatga Nobel Tinchlik mukofoti 1994 yilda Isroil Bosh vaziri Yitsxak Rabin va Isroil Tashqi ishlar vaziri Shimon Peres bilan birgalikda berilgandi. Bunda ularning 1990-yillarda Isroil-Falastin mojarosi yechilishiga umidlarni uyg‘otgan Oslo tinchlik bitimlari yo‘lidagi xizmatlari mukofotlangan.
O‘tmishda yollanma harbiy amaliyotlarda qatnashgan Yosir Arofatga bu mukofotning berilishi Isroil va uning tashqarisida tanqidlarga sabab bo‘lgandi.
Arofatning nominatsiyasi hatto Nobel qo‘mitasining ichida ham tortishuvlarni keltirib chiqargan.
Qo‘mitaning a’zolaridan biri, norvegiyalik siyosatchi Kare Kristiansen qarordan norozi bo‘lib iste’fo bergandi.
Genri Kissinjer

Surat manbasi, Gamma-Rapho via Getty Images
1973 yilda AQSh Davlat kotibi bo‘lib ishlayotgan Genri Kissinjer mukofotga sazovor topilgandi.
Amerika tashqi siyosatidagi eng ziddiyatli holatlar, jumladan Kambodjani xufyona bombardimon qilish va Janubiy Amerikadagi qonxo‘r harbiy rejimlarni qo‘llab-quvvatlash qarorlariga aloqador arbobning mukofotlanishi ko‘plarni hayratga solgan.
Kissinjer mukofotni Shimoliy Vьetnam lideri Le Duk To bilan birga olgan. Ular Vьetnam urushidagi otashkesimga erishish muzokaralari uchun shunga loyiq ko‘rilganlar.
Nobel mukofoti qo‘mitasining ikki norozi a’zosi iste’fo bergan, New York Times esa o‘shanda mukofotni Nobel Urush mukofoti deb atagandi.
Abiy Ahmed

Surat manbasi, Getty Images
2019 yilda Efiopiya bosh vaziri qo‘shni Eritreya bilan uzoq davom etgan chegara mojarosini hal qilish harakatlari uchun Tinchlik mukofotini olgan.
Lekin, bir yil o‘tar-o‘tmay, bu qaror qanchalar oqilona bo‘lgani haqida savollar chiqa boshladi.
Xalqaro hamjamiyat Abiy Ahmedning shimoldagi Tigray hududiga qo‘shinlarni kiritish qarorini qoralagan.
Buning ortidan fuqarolar urushi kelib chiqdi, yuz minglab odamlar o‘ldi va millionlab odamlar oziq-ovqat va dori-darmonsiz qoldi.
Aun San Su Chji

Surat manbasi, Getty Images
Birmalik siyosatchi 1991 yilda Myanmardagi harbiy hukumatga qarshi nozo‘ravon kurashni olib borgani uchun Nobel Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan va jahon bo‘ylab mashhurlikka erishgandi.
Lekin, 20 yil o‘tib Aun San Su Chji o‘z mamlakatidagi musulmon rohinjalarga qarshi ommaviy qirg‘in va jiddiy inson huquqlari buzilishi holatlariga qarshi gapirmagani uchun qattiq xalqaro tanqid ostida qoldi. BMT o‘shanda rohinjalar qismatini "genotsid" deya ta’riflagandi.
Uni hatto mukofotdan mahrum qilishga ham chaqiriqlar bo‘ldi, lekin oltita Nobel mukofoti qoidalarida unday shart yo‘q.
Vangari Maatay

Surat manbasi, Corbis via Getty
Marhum keniyalik faol 2004 yilda Nobel Tinchlik mukofotini olgan ilk afrikalik ayol bo‘ldi.
Bu biolog o‘zining millionlab daraxtlar ekilishiga mas’ul "Yashil kamar harakati" uchun mukofotlangandi.
Ammo, uning OITS va VICh haqida aytgan gaplari fosh bo‘lgach, ko‘plar uning mukofotga loyiqligini savol ostiga oldi.
Maatay VICh virusini qora tanli odamlarni yo‘q qilish uchun biologik qurol sifatida atayin yaratishganini da’vo qilgan.
Uning da’vosiga hech qanday ilmiy asos yo‘q.
Bo‘sh joy: Quruq qolgan Gandi

Surat manbasi, Keystone/Getty Images
Nobel Tinchlik mukofoti nafaqat sovrindorlar, balki undan quruq qolganlar bilan ham mashhur.
Tinchlik tasnifida eng yaqqol misol Mahatma Gandining mukofotsiz qolishi bo‘lsa kerak.
Besh marta nomzodi ilgari surilganiga qaramay, 20 asrdagi patsifist harakatlarning ramziga aylangan hind siyosatchisi hech qachon mukofotni olmagan.
2006 yilda Tinchlik mukofoti sovrindonlarini tanlovchi qo‘mitaning rahbari bo‘lgan norvegiyalik tarixchi Geyr Lundestad Gandining bunday sharafga loyiq topilmagani Nobel mukofoti tarixidagi eng katta xato bo‘lganini aytgan.












