Yangiliklar: Polsha ilk bor Rossiya dronlarini urdi, bunaqasi so‘nggi Ukraina urushi tarixida bo‘lmagan – Rossiya Polsha havo hududini buzdimi? Video

O'qilish vaqti: 10 daq

Polshalik harbiylar bayon qilishicha, Ukrainaga havo hujumi oqibatida Rossiya "Polshaning havo hududini misli ko‘rilmagan tarzda buzgan". Ular buni "tajovuzkorlik amali", deb atashgan. Polsha Bosh vaziri hukumatning favqulodda yig‘inini chaqirgan va bundan NATOni ham xabardor qilgan.

Ukraina prezidenti va Qurolli kuchlariga ko‘ra, Polshaning chegarasini Rossiyaning kamida sakkiz droni buzgan.

Polsha Bosh vaziri esa ularning "katta sonda" ekanini aytgan.

Donald Tuskning parlamentga bayon qilishicha, o‘tgan tun Polsha havo hududini 19 ta dron buzib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning xavf tug‘dirgan uch-to‘rtta droni urib tushirilgan.

Polsha so‘nggi Ukraina urushi fonida ilk bor Rossiya dronlarini urib tushirgan, bunda NATO qiruvchi uchoqlarini ishga solgan.

NATOning Yevropadagi ittifoqchi kuchlar qo‘mondoni Aleksus Grinkevichning aytishicha, bu harbiy alyans qiruvchi uchoqlarining ittifoqdosh davlat havo hududida potentsial tahdidlarga ilk bor to‘qnash kelishidir.

Kreml bu xususda izoh berishdan bosh tortgan.

TASSning yozishicha, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur savollarga Mudofaa vazirligi javob berishi kerakligini aytgan.

Agentlikka ko‘ra, Peskov, "Kremlga Polsha rahbariyatidan dronlar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan muloqot bo‘yicha hech qanday so‘rov kelib tushmagan"ligini ham bildirgan.

Yuz bergan hodisa sabab, poytaxt Varshava va yana Polshaning ikki aeroportida fuqaroviy samolyotlar parvozlari to‘xtatilgan, aeroportlar bir necha soatga yopilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini manzarasida bunaqasi ham Yevropada ilk bor kuzatilayotgani aytilmoqda.

NATO buni hozircha hujum, deb ko‘rmayapti.

Polsha Bosh vaziri esa, bu Rossiya tomonidan "keng ko‘lamli provokatsiya" bo‘lishi mumkin, degan taxminda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Donald Tusk NATO nizomining 4-bandidan foydalanishni so‘ragan.

Bu band ittifoq a’zolariga masalani muhokama qilish uchun NATOning asosiy siyosiy organi bo‘lgan Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti Kengashiga olib chiqish imkonini beradi.

Keyin NATOga a’zo davlatning hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi yoki xavfsizligiga tahdid bor-yo‘qligini aniqlash uchun maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.

Tusk bu maslahatlashuvlar chog‘ida Polsha ko‘proq dastakka umid qilayotganligini aytgan.

Polsha Bosh vazirining bayon qilishicha, "Bu urush shunchaki ukrainaliklar uchun emas, balki Rossiya butun erkin dunyoga e’lon qilgan qarama-qarshilikdir".

Xabarlarga ko‘ra, Polshaning Rossiyaning dronlarini urib tushirishga qaratilgan o‘tgan tungi amaliyoti mahalliy vaqt bilan 7:30 atrofida yakunlangan, aeroportlar qayta ochilgan.

Ammo, aytilishicha, urib tushirilgan dronlarni qidirish ishlari hanuz davom etmoqda.

"Bu fuqarolarimiz xavfsizligiga rostmana tahdid solgan tajovuzkorlik harakatidir", - deya bayon qilgan Polsha Qurolli kuchlari qo‘mondonligi o‘zining rasmiy sahifasida.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa shu soatlarda yuz bergan voqeaga ilk bor o‘zining rasmiy munosabatini bildirgan.

Vazirlik, "Polsha hududida hech qanday nishonni yo‘q qilish rejalashtirilmagan. Rossiya bergan hujumda foydalanilgan va go‘yoki Polsha chegarasini kesib o‘tganligi aytilayotgan dronlarning maksimal parvoz masofasi 700 km dan oshmaydi", — deya bayon qilgan.

"Polsha Mudofaa vazirligi bilan bu borada maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyor"liklarini ham bildirgan.

Rossiyaning Polshadagi muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordash esa, "Polsha mamlakat hududi uzra urib tushirilgan dronlarning Rossiyaniki ekanligi haqida dalillar keltirmadi", deb aytgan RIA Novosti agentligiga.

Diplomat, shu bois, mazkur ayblovlarni "asossiz", deb hisoblashlarini bildirgan.

Bu Polsha tomonining da’volariga Rossiya tarafining ilk munosabatidir.

Polsha Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Karolina Galetskaning ma’lum qilishicha esa, "etti dron va kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan bitta raketaning qoldiqlari topilgan".

Uning so‘zlaridan bu iqtibosni "Nemis to‘lqini" keltirgan.

Avvalroq Polsha ommaviy axborot vositalari dronlardan birining Belarus va Ukraina bilan chegaraga yaqin Viriki qishlog‘idagi uyga kelib urilgani haqida xabar berishgan.

Xabarlarda buning oqibatida hech kim jabr ko‘rmagani, uyning tomi va mashinaga shikast yetgani, ammo yong‘in kuzatilmagani aytilgan.

Rossiya 10 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina g‘arbiga navbatdagi yirik dron hujumini amalga oshirgan.

Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya bu hujumida yuzlab dron, o‘nlab qanotli va bitta ballistik raketasini ishga solgan.

Polsha Ukrainaga bevosita chegaradosh NATOga a’zo Yevropa davlatlaridan bittasi bo‘ladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy so‘nggi voqeani "Yevropa uchun o‘ta xavfli pretsedent", deb atagan.

Frantsiya prezidenti esa Rossiyani "xavfli eskalatsiyani bas qilish"ga chaqirgan.

"Ukrainaga hujumi chog‘ida Rossiya dronlarining Polsha havo hududini buzib kirishiga shunchaki toqat qilib bo‘lmaydi. Men buni qat’iy qoralayman. Men Rossiyani bu xavfli eskalatsiyani bas qilishga chaqiraman", - deb yozgan u o‘zining X tarmog‘idagi akauntida.

Bosh vaziri Donald Tuskning aytishicha, Polsha Ikkinchi jahon urushidan beri ochiq mojaroga eng yaqin mamlakatdir.

NATO Bosh kotibi buning "mutlaqo oqibatini o‘ylanmay qilingan va xavfli ish" ekanini bayon qilarkan, hali hodisaga to‘liq baho berilmaganini ham ta’kidlab o‘tgan.

Germaniya esa, buning juda jiddiy voqea ekanligi va u Rossiya Yevropaning qat’iyatini qanday sinovdan o‘tkazayotganini ko‘rsatganini aytgan.

5 sentyabr. Tramp Putin bilan munosabatini buzmoqchi emas, Putin esa Ukrainadagi NATO qo‘shinlari Rossiya nishoniga aylanishi mumkin dedi

Parijdagi Ukrainaga bag‘ishlangan sammitdan keyin 26 mamlakat Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishga rozilik berganlari ortidan AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan telefon so‘zlashuvi bo‘ldi.

Ushbu muloqot ortidan muxbirlarga ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Amerika prezidentining o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik bitimini tuzish haqidagi bir necha martalik talablarini bajarmayotganiga qaramasdan, Prezident Tramp Putin bilan munosabatlari yomonlashishini istamayapti.

4 sentyabrdagi Parij sammitidan keyin Yevropa rahbarlari Trampning Rossiyaga nisbatan mavqe’sini qattiqlashtirishiga umid qilganlar, bunday bo‘lmagani ularni hayron qoldirgan.

AQShning NBC telekanali Oq Uydagi ikki mulozimga tayanib xabar qilishicha, Zelenskiy va Putinning yakkama-yakka uchrashuvini tashkil qilish yoki Ukraina urushini tez orada tugatishga bo‘lgan Trampning umidlari so‘nib borayapti.

Bir kun oldin Yevropa rahbarlari va Zelenskiy bilan telefon muloqotida Tramp, "Yevropa urushni moliyalab kelayotgan Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishi kerak", deb aytdi.

Bunga javoban o‘z ismi-sharifi oshkor etilishini istamagan yevropalik rasmiy mulozim Oq Uyning o‘zi Rossiyani urushni to‘xtatishga majburlash uchun ko‘zga ko‘rinadigan yangi sanksiya kiritmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan.

Buning sabablaridan biri Trampning "Putin bilan munosabatlarni buzmaslik qarorida qat’iy" ekani bo‘lishi mumkin.

U o‘zining maslahatchilariga shunday deb aytgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, sanksiyalar Putinni yon berishga majburlaydigan vosita bo‘lgani bilan ular Trampni o‘rtadagi "adolatli vositachi" rolidan mahrum qilishi mumkin.

O‘zini mahoratli kelishuvlar ustasi deb biladigan Tramp ushbu roldan ayrilishni istamaydi.

Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Vladivostokda har yili tashkil qilinadigan Sharq iqtisodiy forumida gapirgan Prezident Putin Parij sammiti ishtirokchilarining taklifini rad etdi.

Putin aytishicha, Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan yakkama-yakka muloqotdan ma’ni yo‘q.

"Men ma’ni ko‘rmayman, deb aytdim. Nima uchun? Chunki Ukraina tarafi bilan asosiy masalalar bo‘yicha kelishish imkonsiz", dedi Prezident Putin.

Prezident Putin so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishiladigan bo‘lsa, Ukraina hududida G‘arb harbiylariga ehtiyoj bo‘lmaydi.

"Agar Ukrainada qandaydir xorijiy qo‘shinlar paydo bo‘lsa, ayniqsa hozir, jangovar amaliyotlar payti, biz ularni yo‘q qilish lozim bo‘lgan qonuniy nishon deb ish ko‘ramiz", dedi Vladimir Putin.

4 sentyabr. Putinning urushni to‘xtatish niyati yo‘q, Rossiyaning muzlatilgan pullariga Ukrainaga qurol-yarog‘ jo‘natildi - video

Ukraina urushini 24 soat ichida to‘xtatishni va’da bergan AQSh Prezidenti Donald Trampning "Rossiya urushni to‘xtatmoqchi" degan bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ayonlashdi.

Xitoydagi tantanali tadbirlar yakunida Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan, yaqin orada Ukraina urushi tugashi mumkinmi, deb so‘rashdi.

"Agar sog‘lom aql ustun kelsa, ushbu nizoni to‘xtatishning maqbul varianti borasida kelishib olish mumkin", degan Prezident Putin, agar o‘ziga ma’qul keladigan yechim topilmasa, "Rossiyaning o‘z oldiga qo‘ygan barcha vazifalarni harbiy yo‘l bilan hal qilishiga to‘g‘ri kelishini" aytdi.

Oq Uy, Putin Zelenskiy bilan uchrashmoqchi, dedi.

Ammo Kreml bu bayonotga aniq bir gap aytgani yo‘q.

Pekinda Prezident Putin Rossiyaning bundan oldingi taklifini takrorladi: agar Zelenskiy Moskvaga kelishga tayyor bo‘lsa, uchrashish mumkin.

Ammo bu uchrashuvdan naf bo‘lishiga shubha bildirdi.

Prezident Putin Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning besh yillik prezidentlik muhlati bitgan, shuning uchun Ukrainaning hozirgi hukumati noqonuniy, nolegitim hokimiyat bilan muzokaradan ma’ni yo‘q dedi.

Ammo Kremldan boshqa dunyodagi ko‘pchilik mamlakatlar siyosatchilari urush tufayli Ukrainadagi prezidentlik saylovini qoldirishga qaror qilindi, mamlakatning joriy rahbariyatini qonuniy rahbariyat deb hisoblaydi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiha Putin bayonotiga javoban ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday deb yozdi:

"Hozirning o‘zida urushga yakun yasash uchun kamida yetti mamlakat Ukraina va Rossiya rahbarlarini qabul qilishga tayyor. Avstriya, Muqaddas Taxt(Rim Papasi), Shveytsariya, Turkiya va Fors Ko‘rfazidagi uch davlat. Bular jiddiy takliflar va prezident Zelenskiy bunday uchrashuvga har qaysi lahzada tayyor. Biroq Putin qabul qilib bo‘lmasligi ayon takliflar bilan hammani ahmoq qilayapti. Faqat Rossiyaga bosimni oshirish tinchlik jarayoniga jiddiy yondashishga majbur qilishi mumkin".

Pekindagi xavfsizlik sammitida shuningdek, Rossiya va Xitoy prezidentlari "o‘limsiz hayot" istiqbollarini muhokama qilishgan.

4 sentyabr kuni Parijdagi Yelisey saroyida Ukrainaga yordam "Istovchilar koalitsiyasi"ning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda 30 tacha davlat rahbari ishtirok etgan, Prezident Zelenskiyning o‘zi Parijga bordi, rahbarlardan ayrimlari bevosita, ayrimlari onlayn qatnashdilar.

Parijda AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan Ukraina rasmiylari uchrashdilar.

Uchrashuvdan keyin Prezident Zelenskiyning Telegramdagi kanalida yozishicha, koalitsiya a’zolari Rossiyaning muzokara jarayonini orqaga surayapti degan fikrda yakdillar.

Parij uchrashuvidan oldin Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina xavfsizligining kafolati bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakuniga yetdi, deya xabar qildi.

Shu kuni Britaniya Mudofaa vaziri Jon Hili ma’lum qilishicha, Rossiyaning Ukraina bosqinidan keyin muzlatilgan mablag‘laridan tushgan pullarga yuzlab artilleriya o‘q-dorilari, yuzlab zenit raketalari, ehtiyot qismlar sotib olingan va Ukrainaga yuborilgan.

Bu pullar 1 million funt sterling yoki AQSh dollarida 1,2 mln dollardan ziyod ekani aytildi.

Parij uchrashuvidan keyin Yevropa rahbarlari AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan telefonda so‘zlashdilar.

Prezident Makron aytishicha, agar o‘t ochishni to‘xtatilsa, koalitsiyadagi 26 mamlakat Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishga rozilik berganlar.

Oq Uydagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, suhbat payti Prezident Tramp, Ukraina urushini moliyalashga yordam berayotgan Rossiya neftini Yevropa xarid qilishni to‘xtatishi lozim, deb aytgan.

"Prezident Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirayotgan Xitoyga Yevropa rahbarlari iqtisodiy bosim qilmoqlari lozimligini ta’kidladi", deb aytgan o‘z ismi-sharifi ochiqlanishini istamagan Oq Uy rasmiysi.

3 avgust. Yirik Xitoy harbiy paradi qanday mujda berdi?

Xitoy poytaxti Pekinda mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy parad bo‘lib o‘tdi.

U Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlandi.

1945 yil avgustida AQSh Yaponiyaga atom bomba tashlagan, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Xitoy Yapon bosqinchilari ustidan g‘alaba qilganini e’lon qilgan edi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Xitoy rahbari o‘z nutqida Amerikaga minnatdorlik bildirishiga umid qilishini aytdi, lekin Si Szinpin bunday qilmadi.

Paraddan oldingi bazmda so‘zlagan Xitoy Prezidenti Si Szinpin, dunyo "hech qachon kuchli kuchsizni yeydigan jungliga uylanmasligi kerak", dedi.

Muxbirlarga ko‘ra, Xitoy rahbari biror mamlakat nomini tilga olgani yo‘q, ammo bundan oldin Xitoy rasmiylari dunyodagi mamlakatlarga boj tariflarini oshirish amallari uchun AQShni "o‘dag‘aylash yoki tazyiq qilish"da ayblagan edilar.

"Biz barcha mamlakatlar tarixdan saboq chiqarishlari, tinchlikni qadrlashlari va insoniyat uchun yorqin kelajak barpo etish yo‘lida birga ishlashlariga samimiy ishonamiz", dedi Xitoy rahbari.

Poytaxt Pekinning Tyananmen maydonidagi harbiy paradni butun dunyo tomosha qildi, harbiy va siyosiy tahlilchilar dunyoning 26 mamlakati rahbari, ular orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashgan namoyishdan Xitoy yo‘llayotgan mujdani anglashga intildilar.

Aksar tahlilchilar fikricha, harbiy parad Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya yagona frontda birlashganlarini namoyish etdi.

Shimoliy Koreya anchadan buyon, Rossiya esa Ukraina bosqinidan keyin G‘arb tomonidan ihotalandi.

Kim Chen In bilan uchrashuvda Prezident Putin Ukraina urushida yordam berayotgani uchun Shimoliy Koreya xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Minglab harbiylar, 50 ming tomoshabin qatnashgan paradda Xitoy o‘zining harbiy qudratini namoyish etdi.

Harbiy ekspertlarni hayratga solgani - qanday qilib Xitoy qisqa vaqt ichida ishlab chiqarishi murakkab bo‘lgan turli qurollarni o‘zlashtirishning uddasidan chiqqani bo‘ldi.

"Xitoy mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan raketa tizimlari, tanklar, aviatsiya texnikasi va uchuvchisiz uchish apparatlarining eng so‘nggi namunalari namoyish etildi", deya yuqori baho berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

"Paradda Xitoy Qurolli Kuchlarining yangi tizimi, shuningdek, quruqlik, dengiz va havodagi strategik qurollarning ayrim turlari, gipertovushli va yuqori aniqlikdagi zarba qurollari, uchuvchisiz va dronga qarshi apparatlar namoyish etildi", deb yozdi Qozog‘istondagi Kazinform axborot agentligi.

"Paradda Xitoy Xalq ozodlik armiyasining eng yangi qurollari namoyish etildi. Ular orasida zenit va kemaga qarshi majmualar, shu jumladan, yangi lazer zenit kompleksi LY-1 VMS ham bor. Dronlarga qarshi kurashdagi zamonaviy vositalar ham alohida ko‘rsatildi: dronlarga qarshi raketalar, artilleriya moslamalari va radioelektron kurash majmualari.

Maydonda, shuningdek, jangovar va istihborot maqsadidagi uchuvchisiz uchish apparatlari, o‘rta masofaga mo‘ljallangan Dongfeng-17 ballistik raketalari va eng yangi qit’alararo Dongfeng 5C ballistik raketalari ham namoyish etildi", deb yozdi Qirg‘izistondagi 24.kg veb-sayti.

"Bu hafta Xitoyda barcha diplomatiya va ko‘zlar Tramp ma’muriyatiga aniq mujda yuborishga qaratilgan: Siz Amerikani Yana Buyuk qilishni istaysizmi? Amerika birinchi o‘rinda shundaymi? Yaxshi, unda biz Amerika yetakchiligidagi tartibga muqobilni taklif etamiz", deb yozdi Bi-bi-sining Rossiya muharriri Stiv Rozenberg.

"Shuning uchun biz Xitoy, Rossiya va Hindiston rahbarlarining Shanxay Hamkorlik tashkilotida birgalikda kulib turganlarini ko‘rdik. Shuning uchun ham Vladimir Putin Si Szinpinni "haqiqiy do‘st" dedi va Xitoy rahbari rossiyalik hamkasbini "eski do‘st" deb atadi. Va shuning uchun ham Si Szinpin, Vladimir Putin va Kim Chen In chorshanbadagi harbiy paradda birga ko‘rinish berdilar.

Qisqa qilib aytganda geosiyosiy makonda turli qudratlar Amerika hukmronligi tarozisiga o‘z posangilarini qo‘ydilar. Bu degani ushbu hamma mamlakatlar va rahbarlari 100 foiz bir to‘lqin uzunligidalar degani emas. Tafovutlar hamon bor.

Biroq safar yo‘nalishi aniq. Shu hafta "Komsomolskaya Pravda" gazetasi sarlavhasida aytilganidek, Rossiya, Xitoy va Hindiston "Biz yangi dunyo barpo etamiz", demoqchilar", deb yozdi muxbirimiz.

Xitoy paradiga AQSh Prezidenti Donald Tramp taklif etilmagani xabar qilindi.

Yevropa mamlakatlaridan faqat Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich qatnashdilar.

Janubiy Koreya prezidenti taklif etilgani, biroq u bormaslikka qaror qilgani xabar qilindi.

Bi-bi-si tahlilchisi Jeyms Lendeyl yozishicha, Xitoy yetakchiligida Amerika muqobil dunyo tartibini qurish bayonoti G‘arb diplomatlarini junjiktiradi, chunki Amerikaning xalqaro normalardan chiqish qaroridan keyin yuzaga kelgan bo‘shliqni Xitoy to‘ldirishi mumkin.