You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Rossiya yana bir ittifoqchisidan ayrilib qolishdan qo‘rqayaptimi? Video
- Author, Stiv Rozenberg
- Role, Rossiya muharriri
- Reporting from, Saint Petersburg
- O'qilish vaqti: 3 daq
Isroil "Qalqiyotgan sher" amaliyotini boshlaganida, Rossiya rasmiylari Yaqin Sharqdagi vaziyatni "tashvishli" va "xavfli" deb ta’rifladilar.
Biroq Rossiya ommaviy axborot vositalari bu keskinlik Moskva uchun qanday foydalar keltirishi mumkinligiga darhol urg‘u bera boshladilar.
E’tibor qaratilgan ehtimoliy "ijobiy" jihatlar shular edi:
- Neft narxi oshishi – bu Rossiya byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin;
- Dunyo e’tibori Rossiyaning Ukrainadagi urushidan chalg‘ishi. Masalan, "Moskovskiy Komsomolets" nashrida "Kiev unutildi" sarlavhasi paydo bo‘ldi;
- Agar Kreml mojaroda vositachilik taklifini ilgari sursa va bu qabul qilinsa, Rossiya o‘zini Yaqin Sharqdagi muhim o‘yinchi va tinchlikparvar sifatida ko‘rsatishga urinishi mumkin, hatto Ukrainadagi harakatlariga qaramay.
Ammo Isroilning harbiy amaliyoti cho‘zilar ekan, Moskva bu voqealardan aslida ko‘p narsani yo‘qotishi mumkinligini anglay boshladi.
Dushanba kuni «Kommersant» biznes gazetasida siyosatshunos Andrey Kortunov shunday yozdi:
"Mojaroning kuchayishi Moskva uchun jiddiy xavf va xarajatlar bilan bog‘liq. Fakt shuki, Rossiya bundan atigi besh oy oldin strategik sheriklik bitimi imzolagan davlatga Isroil tomonidan uyushtirilgan ommaviy hujumni to‘xtata olmadi. Aftidan, Moskva Isroilni tanqid qilishdan nariga o‘tolmaydi, Eronni esa harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas."
Vladimir Putin va Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon shu yil boshida imzolagan Rossiya-Eron strategik hamkorlik bitimi harbiy ittifoq emas edi. U Rossiyani Tehronni himoya qilishga majbur qilmaydi. Shunga qaramay, imzolangan paytda bu hujjat Rossiyada katta diplomatik yutuq sifatida taqdim etilgan edi.
RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bitim "mintaqaviy va global xavfsizlik yo‘lida hamkorlikni kuchaytirish" va Moskva hamda Tehronning "xavfsizlik va mudofaa sohalarida yanada yaqin hamkorlik qilish istagini" aks ettirganini ta’kidlagan edi.
So‘nggi olti oy ichida Rossiya Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchilaridan birini – Bashar Asadni allaqachon yo‘qotdi.
Suriya yetakchisi o‘tgan dekabrda hokimiyatdan chetlatilganidan keyin Rossiya unga boshpana taklif qilgan edi.
Endilikda esa Eron rejimida o‘zgarish bo‘lishi ehtimoli, ya’ni yana bir strategik hamkorning yo‘qolishi Moskva uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Seshanba kuni Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida izoh berar ekan, "Moskovskiy Komsomolets" nashri quyidagicha xulosaga keldi:
"Bugun global siyosatda bizning mamlakatimiz hayotiga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladigan ulkan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda."
Bu hafta Vladimir Putin ko‘p vaqtini Sankt-Peterburgda o‘tkazadi.
U yerda an’anaviy Xalqaro iqtisodiy forum bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu tadbir ilgari "Rossiyaning Davosi" deb atalgan edi, biroq bu nom hozir unchalik dolzarb emas.
So‘nggi yillarda, xususan, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bosqini boshlanganidan keyin, G‘arbning yirik kompaniyalari vakillari bu forumga kelmay qo‘ygan.
Shunga qaramay, tashkilotchilar bu yil 140 dan ortiq mamlakat va hududlardan vakillar kelishini da’vo qilmoqdalar.
Rossiya rasmiylari bu forumni Ukrainadagi urush sabab Rossiyani yakkalashga qaratilgan urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ko‘rsatish maydoniga aylantirishga urinmoqda.
Garchi bu forum iqtisodiy mavzuga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, geosiyosiy masalalar unga begona bo‘lmagan.
Shu sababli, Kreml rahbari Yaqin Sharq va Ukraina bo‘yicha qiladigan har qanday izohlarni diqqat bilan kuzatamiz.