Putin Rossiyasi Ukrainaga aslida nega bostirib kirgandi?

    • Author, Pol Kirbi
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga 200 mingcha askar kiritishga buyruq berganida, uning maqsadi bir necha kun ichida poytaxt Kievni olish edi.

U g‘arbparast hukumatni ag‘darib, Ukrainani Rossiya ta’sir doirasiga qaytarmoqchi edi.

Putin muvaffaqiyatsizlikka uchradi, biroq uch yildan ko‘proq vaqt davomida Ukraina hududining beshdan bir qismi Rossiya qo‘lida qolmoqda, boz ustiga, Ukrainaning eng kuchli ittifoqchisi bo‘lgan AQSh Prezident Donald Tramp davrida harbiy yordamni to‘xtatib qo‘ydi va Ukrainani urushni boshlaganlikda aybladi.

Putin Ukrainaga nega bostirib kirdi?

Putin Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan beri Yevropaning eng yirik bosqinini boshlaganida, u televidenieda nutq so‘zlab, o‘z maqsadi Ukrainani "demilitarizatsiya va denatsifikatsiya" qilish ekanligini e’lon etdi.

Rossiya zamonaviy Ukrainani bir necha natsistlar davlati sifatida tasvirlaydi.

Putin Qrim yarimorolini sakkiz yil oldin, Ukrainaning rossiyaparast prezidentini ag‘darib, uning o‘rniga g‘arbparastroq hukumatni keltirgan inqilobdan keyin allaqachon egallab olgan edi.

Keyin Putin Ukrainaning Donbass mintaqasida urushga turtki berdi, rossiyaparast proksi kuchlar hududni egallab, separatist davlatlarni tuzdilar.

Ammo 2022 yilgi bosqinning miqyosi boshqacha edi.

Putin shu paytgacha bo‘lginchi deb bilingan davlatlarni mustaqil deb tan oldi. Keyin bosqin boshlanganida, Donbassdagi odamlar – ularning aksariyati rus tilida so‘zlashuvchilar – Kiev "rejimidan" himoyaga muhtojligini aytdi.

Bir kun o‘tib Putin Ukraina harbiylarini "hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga" va hukumatni boshqarayotgan "giyohvandlar va neonatsist to‘dalar"ni nishonga olishga chaqirdi.

So‘ng Putin yana bir maqsadni qo‘shib qo‘ydi – Ukraina neytral qolishini ta’minlash. U NATOni o‘z qo‘shinlarini Rossiya chegaralariga yaqinlashtirish uchun Ukrainada mustahkam o‘rnashib olishga urinayotganlikda aybladi.

Rossiya rahbari uzoq vaqtdan beri Ukrainaning mavjud bo‘lish huquqini inkor etib keladi, 1917 yilgi kommunistik inqilobdan keyin "Rossiya zamonaviy Ukrainani yaratgan" deb da’vo qiladi.

2021 yilda yozilgan uzun maqolasida u hatto IX asrdan buyon "Ruslar va ukrainlar bir xalq bo‘lgan" deb da’vo qildi. O‘tgan yili u AQSh telekanali tok-shousi boshlovchisi Taker Karlsonga Ukraina "sun’iy davlat" ekanligini yana takrorladi.

Shundan keyin ko‘pchilik bosqindan ko‘zlangan maqsad Ukraina davlatini yo‘q qilish bo‘lganiga ishondi.

Rossiyaning davlatga qarashli RIA Novosti axborot agentligi "denatsifikatsiya muqarrar ravishda deukrainizatsiya hamdir," deb tushuntirdi. Bu Ukrainani yo‘q qilish bosqin maqsadlaridan biri ekaniga ishora edi.

Ukraina madaniyati va o‘ziga xosligi aslida asrlar davomida Rossiyadan mustaqil ravishda mavjud bo‘lgan.

Putin Zelenskiydan qutulishni xohlaydimi?

Putin uzoq vaqtdan beri Ukrainaning g‘arbparast saylangan prezidentidan qutulishga harakat qiladi va Zelenskiy, aftidan, urush boshidanoq nishonga olingan.

Zelenskiy maslahatchisining aytishicha, Rossiya qo‘shinlari bosqindan ko‘p o‘tmay prezident qarorgohiga bostirib kirishga ikki marta uringanlar.

Zelenskiy esa o‘limini istashayotganliklarini aytgandi.

"Dushman meni birinchi nishon deb belgilagan, mening oilam ikkinchi nishon.

"Ular davlat rahbarini yo‘q qilish orqali "Ukrainani siyosiy jihatdan yo‘q qilmoqchi"

Keyinroq Zelenskiy Putin avvaliga uning o‘rniga Ukrainada rossiyaparast partiyaning davlatga xiyonatda ayblangan badavlat rahbari Viktor Medvedchukni qo‘yishga uringanini aytdi.

Hatto hozir, uch yil o‘tgach, Putin Zelenskiy bilan uning prezidentligi "noqonuniy" deya to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralaridan bosh tortmoqda. Uning bu yolg‘on gaplarini Prezident Tramp ham takrorladi.

Putin dalil sifatida Ukrainada 2024 yil mart oyidagi prezidentlik saylovlari qoldirilganini keltiradi. Vaholanki, urushi tufayli Ukraina harbiy holatda va konstitutsiyaga ko‘ra saylov o‘tkazish mumkin emas.

Boshqa tomondan Putinning 2024 yilda qayta saylanganining o‘zi juda shubhali, chunki Rossiyaning muxolifat yetakchilari yo muhojirlikda, yoki o‘ldirilgan.

Urushga NATOning kengayishi sababchimi?

Putin yillar davomida NATOning sharqqa kengayishi xavfsizlikka tahdid sifatida shikoyat qilib keladi va Ukrainaning alyansga qo‘shilishining har qanday imkoniyatini qizil chiziq sifatida ko‘radi.

Rossiyaning 2022 yilgi bosqinidan oldin u NATOdan 1997 yildan keyin unga qo‘shilgan Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlaridan qo‘shinlarni olib chiqishni talab qildi.

Ammo aynan Rossiyaning o‘zi Sharqiy Yevropada harbiy harakatlarni boshlagandi, 2008 yilda Gruziyaga, 2014 yilda esa Qrimga bostirib kirdi.

Qrim bosqinidan so‘ng, NATO Rossiyaga eng yaqin bo‘lgan sharqiy qanotida doimiy hozirligini mustahkamladi.

NATO har doim bosh maqsadi "hujumkor niyatlarsiz" hududlarni himoya qilish ekanligini ta’kidlab kelgan. Shvetsiya va Finlyandiya so‘nggi ikki yil ichida aynan Rossiya tahdidi tufayli NATOga qo‘shildi.

Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishi uning konstitutsiyasiga kiritilgan, ammo keng ko‘lamli urush boshlanganda buning haqiqiy istiqboli yo‘q edi.

O‘shandan beri u NATOga a’zo bo‘lish evaziga iste’foga chiqishni ko‘rib chiqishini aytdi, biroq Tramp Kievga NATOga qo‘shilishni "unutishi" kerakligini aytdi.

Putin NATOni urushda ishtirok etishda aybladi, chunki uning a’zo davlatlari Ukrainaga harbiy texnika, jumladan, tanklar va qiruvchi uchoqlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketa tizimlari, artilleriya va dronlarni tobora ko‘proq jo‘natayapti.

NATO esa Ukrainaga xavfsizlik yordami va ta’lim berganini, ammo bu uni urush ishtirokchisiga aylantirmasligini ta’kidlaydi.

Putinning NATOga nisbatan noroziligi 1990 yilga borib taqaladi, o‘shanda u G‘arb "Sharqqa bir santimetr ham kengaymaslikka" va’da berganini da’vo qiladi.

Biroq bu Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin edi va o‘sha paytdagi SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyovga berilgan cheklangan majburiyatlarga asoslangandi.

Gorbachyov o‘shanda "NATOning kengayishi mavzusi hech qachon muhokama qilinmaganini" aytgan.

Putinning natsistlar va genotsid haqidagi da’volari asoslimi?

2022 yilgi bosqin boshida Putin Ukraina sharqidagi odamlarni sakkiz yillik "zo‘ravonlik va genotsiddan" himoya qilishga va’da berdi.

2014-2022 yillar oralig‘ida frontning ikkala tomonida 14 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, ammo Rossiyaning Ukraina «fashistlari» genotsid sodir etgani haqidagi da’volari tasdiqlangani yo‘q va hech qanday xalqaro tashkilot genotsid haqida gapirmadi. Germaniya kantsleri bu ayblovni "kulgili" deb atadi.

Rossiyaning Kievda rahbarlik qilayotgan natsistlar haqidagi da’volari ham to‘g‘ri emas.

Zamonaviy Ukraina parlamentida o‘ta o‘ng partiyalar yo‘q – ular 2019 yilgi saylovlarda yetarli ovoz ololmagan. Bundan tashqari, Zelenskiy yahudiy va uning ko‘plab qarindoshlari Ikkinchi jahon urushida natsistlar tomonidan o‘ldirilgan.

Putin uni "yahudiy xalqi uchun sharmandalik" deb qoralaydi. Ammo AQShning Xolokost yodgorlik muzeyi uning da’volarini ochiq rad etib, Putin "Xolokost tarixini noto‘g‘ri talqin qilgani"ni aytadi.

Putinning o‘zi 2024 yilda Xalqaro jinoyat sudi tomonidan harbiy jinoyatlarda ayblangan.

Rossiya Ukrainaga qachon bostirib kirdi?

Rossiyaning Ukrainani o‘z ta’sir doirasidan chiqishini to‘xtatishga urinishi uzoq yillarga borib taqaladi va uning dastlabki bosqini 2014 yilda boshlangan. O‘shanda rossiyaparast prezident Viktor Yanukovich bir necha oylik ommaviy namoyishlardan so‘ng hokimiyatdan chetlatilgan edi.

Yanukovich Putinning bosimi ostida Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvdan voz kechgan, bu esa namoyishlarga sabab bo‘lgan va snayperlar o‘nlab namoyishchilarni otib o‘ldirgan edi. Shundan so‘ng Yanukovich Rossiyaga qochib ketdi.

Putin tezda Ukrainaning Qrim yarimorolini egallab oldi, Donbassdagi Rossiya tarafdorlari hukumatga qarshi qurol ko‘tarib, sharqiy Lugansk va Donetsk viloyatlarining bir qismini egallab oldi.

Urushni to‘xtatish uchun qilingan ikki urinish natijasiz yakunlandi.

Ular «Minsk kelishuvlari» deb nomlangan bo‘lib, Frantsiya, Germaniya va Rossiyaning o‘zi vositachiligida tuzilgan edi. Bu kelishuvlar zo‘ravonlik ko‘lamini kamaytirdi, ammo Zelenskiy ularni Rossiya shartlari asosida tuzilgan turg‘un ziddiyatni yaratgan tuzoq deb atadi.

Ikkala tomon ham bir-birini qoidabuzarliklarda aybladi va Kreml oxir-oqibat kelishuvlar buzilishi Moskvaning keng ko‘lamli bosqini sababi bo‘lganini aytdi.

Zelenskiy Tramp ma’muriyatini Putinning aldovidan ogohlantirdi: "U o‘shanda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgan edi, u bizning odamlarni o‘ldirgandi."

Urushda kimning qo‘li baland kelayapti?

Uch yillik hujum va qarshi hujumlardan so‘ng, Rossiya va Ukraina kuchlari 1000 km dan ortiq faol front chizig‘ida holdan toydiradigan urushni olib borayapti.

Ikkala tomon ham bu urushda g‘alaba qozonish uchun haqiqiy imkoniyatga ega emas.

Rossiya 2022 yilda soxta referendumlardan so‘ng Ukraina sharqi va janubidagi to‘rtta viloyatni anneksiya qilib oldi, ammo u Lugansk viloyatini to‘liq nazorat qilishga faqat da’vo qila oladi.

Ukraina qo‘shinlari 2022 yilda shimolning katta hududlari va janubning bir qismini ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi, ammo so‘nggi qarshi hujumlar bunday muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Ular 2024 yil avgustida Rossiyaning Kursk viloyatiga hujum uyushtirganidan keyin hamon uning bir qismini nazorat qilmoqda, ammo sharqda o‘z mavqeini yo‘qotdi.

Urush Rossiya iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda, bu yil yuqori foiz stavkalari, inflyatsiya va mudofaa xarajatlari federal byudjetning kamida 33 foizini tashkil etayapti.

Ukraina o‘z iqtisodiy boyligining katta qismini Rossiya istilosi va vayronagarchiliklar tufayli yo‘qotdi. Energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Inflyatsiya va foiz stavkalari yuqori bo‘lsa-da, Ukraina byudjet taqchilligini qoplash uchun G‘arbdan moliyaviy yordam olishga erishdi.

Ukraina urushida qancha odam halok bo‘ldi?

Putin 2022 yilda qo‘shinlarni yuborgan paytdan beri o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi.

Ukraina prezidenti 43 ming ukrainalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgani haqida ma’lumot berdi, ammo ualosses.org ochiq manbali saytida bu raqam 70 mingdan ortiq ekani aytilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada 12 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan.

Rossiya harbiy yo‘qotishlarni kamdan-kam tan oladi, ammo Bi-bi-si tahlili ko‘rsatishicha, rossiyalik harbiylarning o‘limi 146 194 tadan 211 169 tagacha bo‘lishi mumkin.

Urush oqibatida 6,9 million ukrainalik chet elda boshpana izlashga, yana 3,7 million kishi esa Ukraina ichkarisida o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.

Dastlab Putin buni "maxsus harbiy operatsiya" deb nomladi. Nihoyat, 2024 yilda u buni urush deb tan oldi, ammo bunda Kiev yoki uning "g‘arblik nazoratchilar"ini aybladi.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tarixiy aloqalar qanday?

Putinning fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar tufayli Ukraina Rossiyaning ta’sir doirasida qolishi kerak.

1922-1991 yillarda Ukraina Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan va ko‘plab ukrainaliklar, ayniqsa, sharqda rus tilida so‘zlashadi, shu jumladan, Volodimir Zelenskiyning ham ona tili rus tili bo‘lgan.

Ko‘plab ruslar Qrim yarim orolini o‘ziniki deb hisoblaydi.

Qrim 1783 yilda Rossiya imperatori Yekaterina II tomonidan qo‘shib olingan va 1954 yili Sovet rahbari Xrushchev tomonidan Ukrainaga topshirilgan.

1944 yili Stalin Qrimning tubjoy aholisi tatarlarni deportatsiya qilgani uchun u yerda aholining ko‘pchiligi etnik rus bo‘lib qolgan edi.

1991 yildan beri Ukraina mustaqil davlat hisoblanadi.

U 1994 yili Rossiya, Buyuk Britaniya va AQShning xavfsizlik kafolati evaziga yadro qurolidan voz kechgandi, biroq Moskva bu kafolatga rioya qilmadi.

Urushdan keyin ko‘plab ukrainaliklar rus tilidan voz kechdi, Zelenskiyning o‘zi ham jamoat joylarida rus tilida so‘zlashdan tiyiladi.