You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Dolzarb muammoni ko‘tarishmi yo irqchilik? Rossiyada aksilmigrant kayfiyati yanada kuchaymoqda
Shu kunlarda Rossiyadagi televizion kanal va ommaviy axborot vositalari Rossiya jamiyati yaqin orada ro‘para keladigan katta tahdid muammosi muxokamasiga "zo‘r berishni" boshladi: mamlakat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan shifokor va tibbiyot xodimlarining aksarini Markaziy osiyoliklar tashkil etayapti.
"Har qanday poliklinika saytiga kirib vrachlarning familiyasiga qarashning o‘zi yetarli", deb yozdi Xakasiya Respublikasida faoliyat yuritadigan veb-saytlardan biri.
"Migrantlar mamlakatimizda butun boshli sohalarni egallab olayapti", deb ogohlantirdi yana bir ekspert.
E’lon qilinayotgan maqolalarda migrantlar Rossiyadagi meditsina tizimi bag‘rikengligini suiste’mol qilayotganlari, rossiyalik soliq to‘lovchilar migrantlarning bepul davolanishi xarajatini bo‘ynilariga "ko‘tarayotganlari" haqida mushohada yuritadi vatanparvar jurnalistlar.
Rossiya demografik inqirozga duch kelayotgan mamlakat.
2021 yilgi aholi sonini ro‘yxatga olishda 147 milliondan ortiq odam rasman rossiyalik ekani qayd etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga kelib Rossiya aholisining soni 143 millionni tashkil etadi.
Mamlakat rahbariyati demografik qiyinchilikni migrantlar evaziga hal etish niyatida ekanini tan olgan.
Ammo 2022 yil fevralida Rossiya qo‘shnisi Ukrainaga qarshi boshlagan urush, so‘ng Moskva yaqinidagi Krokus Siti savdo markaziga qurolli hujum ortidan Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistondan Rossiyaga ishlashga borgan migrantlarning aksari vataniga qaytishga majbur bo‘ldilar, muhojirlarni ommaviy "ovlash", ommaviy deportatsiya holatlari ko‘paydi.
Rossiya rasmiylari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yili Rossiyadan chiqarib yuborilgan chet elliklarning soni 2023 yildagiga nisbatan ikki baravar ortgan, ularning soni 87000 dan ortiq kishini tashkil qilgan.
Eng ko‘p deportatsiya qilinganlar O‘zbekiston, Tojikiston, Moldova, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Belarus fuqarolari bo‘lganlar.
Shu kecha-kunduzda Nijniy Novgorod rasmiylari o‘tgan yili 760 migrant majburiy chiqarib yuborilganini xabar qildilar.
O‘tgan yil mobaynida Rossiya parlamenti migrantlarga qarshi qaratilgan bir necha yangi qonunlarni qabul qildi.
Rossiya prezidenti alohida farmon chiqardi, unga ko‘ra, 1 aprelgacha Rossiyada yurgan noqonuniy migrantlarning o‘z maqomini qonuniylashtirib olishlari uchun muhlat berildi.
Yaqinda rossiyalik siyosatchi Sergey Mironov Rossiyada ishlab pul topayotgan mehnat muhojirlari o‘z vataniga yuboradigan pul o‘tkazmalariga boj joriy etish taklifi ko‘rib chiqilishi haqida xabar qildi.