You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Xudo haqqi, u yagona" - Suriya yangi birinchi xonimi Latifa ash-Shar’a kim?
- Author, Sofьya Samoxina
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 8 daq
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a Turkiya rahbari Rajab Erdog‘an bilan ilk muzokaralarga rafiqasi Latifa bilan bordi. Suriya birinchi xonimining Turkiya birinchi xonimi bilan uchrashuvidan so‘ng hech qanday bayonot berilmadi, biroq ijtimoiy tarmoqlarda ularning birgalikdagi surati paydo bo‘ldi. Xo‘sh, Latifa ash-Shar’a kim o‘zi?
"Hay’at Tahrir ash-Shom" Damashqni egallagani va Bashar Asad oilasi bilan Moskvaga qochishga majbur bo‘lganiga ham uch oy bo‘ldi (kecha sobiq prezident tarafdorlari xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashgani ma’lum bo‘ldi).
Bu vaqt mobaynida asosiy e’tibor isyonchilar yetakchisi Muhammad al-Juloniyga qaratildi: u jihodiy o‘tmishi bilan bog‘liq mazkur taxallusdan voz kechib, asl ismi Ahmad ash-Shar’aga qaytdi; mamlakatning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi; jahon ommaviy axborot vositalariga ko‘plab intervyular berdi; ilgari Suriyaning Arab davlatlari ligasidagi a’zoligini 10 yilga to‘xtatib qo‘ygan arab davlatlari rahbarlari bilan munosabatlarni iliqlashtirdi.
Fevral boshida Suriya rahbari sifatidagi ilk xorijiy safari doirasida ash-Shar’a Saudiya Arabistoniga bordi va u yerda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi.
Ash-Shar’aning yozma bayonotida shahzoda bilan gumanitar va iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, "energetika, texnologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi keng qamrovli kelajak rejalari" muhokama qilingani aytilgan.
Biroq OAV va ijtimoiy tarmoqlar nafaqat Suriya yangi hokimiyatining Ar-Riyod bilan munosabatlarni mustahkamlashga urinishlariga, balki ash-Shar’a umra marosimini birga o‘tkazgan ayolga ham e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng, Suriya muvaqqat prezidenti Turkiya rahbari Rajab Tayyip Erdog‘an bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Anqaraga bordi.
Rasmiy tadbirlarda nafaqat ash-Shar’aning o‘zi, balki Suriyaning birinchi xonimi ham ishtirok etdi. Xo‘sh, Latifa ash-Shar’a kim o‘zi?
Mashhur oila va magistrlik darajasi
Latifa ad-Darubiyning (ko‘pincha uning familiyasi ad-Drubiy deb yoziladi) rasmiy tarjimai holi yo‘q. Biroq, u ilk bor ommaga ko‘ringandan so‘ng, arab ommaviy axborot vositalari uning oilasi va hayoti haqida ba’zi tafsilotlarni ma’lum qildi.
Jumladan, Saudiya Arabistonining "Okaz" gazetasi Latifa Samir ad-Drubiyning Xoms viloyatidagi Al-Qaryatayn shahridan ekanligini va uning ash-Shar’a bilan uchta o‘g‘li borligini yozdi.
Nashr "norasmiy manbalarga" tayanib, uning arab tili va adabiyoti bo‘yicha magistrlik darajasiga egaligini ham ma’lum qilgan.
Latifa ad-Drubiy oilasiga suriyalik Qur’on qorisi Shayx Abdul G‘affor ad-Drubiy (2009 yilda vafot etgan) kabi taniqli diniy arboblar ham mansub.
Amerikaning Yaqin Sharq voqealarini tahlil qilishga ixtisoslashgan eng mashhur ommaviy axborot vositalaridan biri "Al-Monitor" ta’kidlashicha, "Suriyadagi ad-Drubiy oilasi ildizlari Usmonli imperiyasi davriga borib taqaladi.
Uning ajdodlaridan biri Ala ad-Drubiy Usmonli imperiyasi elchisi va 1920 yilda Suriyaning ikkinchi bosh vaziri bo‘lgan, ammo lavozimga kirishganidan atigi 26 kun o‘tgach o‘ldirilgan."
1970 yildagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng alaviylar Suriyani asrlar davomida boshqargan sunniy zodagon oilalarni siyosiy sahnadan siqib chiqardi. Endi bu oilalar yana o‘yinda, deb yozadi Italiyaning "La Repubblica" nashri tadqiqotchi Sedrik Labrussga tayanib.
Shuningdek, u nashrga Latifa universitetda o‘qib yurgan paytida Damashqda ash-Shar’a bilan tanishganini aytgan (bu ma’lumotni qayerdan olganini aniqlashtirmagan). 2013 yilda u "Jabhat an-Nusra" yetakchisi bo‘lganida unga turmushga chiqqan va fuqarolar urushi paytida u bilan yashagan.
"Qizig‘i shundaki, – deb ta’kidlaydi Labruss, – Asad ham Xomsning zodagon urug‘idan bo‘lgan ayolga uylangan va buning tarixiy sababi bor: bu shahar sunniy islomning beshigi hisoblanadi."
X'dagi o‘z sahifasida Labruss, shuningdek, bunday ayol "ajoyib siyosiy, diniy va ijtimoiy faol" ekanligini ta’kidlaydi: "U o‘zi bilan tan olingan va nufuzli oilaning hurmatini olib keladi." Biroq, uning qo‘shimcha qilishicha, ash-Shar’a ham Suriyada hurmatli urug‘dan kelib chiqqan. "Shunday qilib, Suriya prezidentlik juftligini hamon nufuzli oilalarning ikki merosxo‘ri tashkil etadi," deya xulosa qiladi tadqiqotchi.
Yagona xotin
Latifa ash-Shar’a tarjimai holidagi yana bir muhim ma’lumot uning turmush o‘rtog‘i yanvarь oyi oxirida Damashqda suriyalik-amerikalik ayollar delegatsiyasi bilan uchrashganida ma’lum bo‘ldi. Suriya ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, bu yig‘ilishning amaliy maqsadlari bor edi: yangi Suriya ma’muriyati xorijdagi suriyalik diasporalar bilan aloqalarni mustahkamlashga va shu bilan birga yanada ochiq hokimiyat qiyofasini yaratishga harakat qilmoqda.
O‘tgan ikki oy ichida ash-Shar’a jahon ommaviy axborot vositalariga, jumladan, Bi-bi-si telekanaliga o‘nlab intervyular berdi. U o‘zining jihodchilik o‘tmishidan voz kechgani haqida ko‘p gapirdi, mamlakatda ayollar huquqlari cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi xavotirlarni aritishga harakat qildi va alaviylarga (Suriyaning sobiq rahbari Bashar Asad oilasi mansub bo‘lgan va uning tarafdorlari hisoblangan diniy-etnik guruh) tazyiq o‘tkazmaslikka va’da berdi.
Ehtimol, xuddi shu sabablarga ko‘ra, suriyalik-amerikalik ayollar delegatsiyasi bilan uchrashuv chog‘ida Suriya muvaqqat prezidenti kutilmaganda mehmonlarga o‘z rafiqasini tanishtirdi. "Xudo haqi, u yagona, boshqa hech kim yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda eshitayotganlaringiz shunchaki mish-mishlar," dedi ash-Shar’a ochiqchasiga kinoya bilan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Uchrashuvda ishtirok etgan suriyalik-amerikalik shifokor doktor Rim al-Bazm Livanning "An-Nahar" gazetasiga Suriya muvaqqat prezidentining rafiqasi "Damashq ayollariga o‘xshashini" aytdi: "Yoqimtoy, xotirjam, go‘zal, chodrasiz, o‘ziga ishongan va bilimli."
Uchrashuvda qatnashgan Suriya-Amerika tinchlik va farovonlik alyansi a’zosi doktor Abdulhafiz Sharaf Latifa ash-Shar’ani hijob kiygan, ammo niqob taqmagan va an’anaviy Suriya uslubida kiyinadigan hurmatli yosh ayol deya ta’rifladi.
Latifa shu chiqishidan so‘ng suhbatda ishtirok etgan-etmaganini bilish qiyin – Suriya muvaqqat prezidentining delegatsiya a’zolari bilan tushgan rasmiy suratida u yo‘q. Na Suriya, na boshqa arab OAVlari uning ushbu tadbirdan iqtiboslarini keltirmagan. Ash-Shar’a suhbatdoshlarini "suriyalik ayollar har doim jamiyatda faol rol o‘ynaganiga" ishontirdi va ayollarning turli sohalardagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirajagini yana bir bor tasdiqladi.
O‘sha uchrashuvdan bir necha kun o‘tib, The Economist jurnalistlari Suriyaning muvaqqat prezidentidan uning rafiqasi mamlakatning birinchi xonimi bo‘lish-bo‘lmasligini so‘rashdi. "Bu an’ana – prezidentning rafiqasi avtomatik ravishda bu maqomni egallaydi. Shuning uchun, albatta, agar "Birinchi xonim" degan maqom bo‘lsa, uni ko‘chadagi tasodifiy ayol egallamaydi," deb javob berdi ash-Shar’a. Darhol qo‘shib qo‘ydi: "Biroq bizning birinchi xonim haqidagi tushunchamiz shundan iboratki, u jamiyat xizmatchisi, odamlardan yuqori maqomdagi xonim emas."
Bu Suriyaning uzoq yillik sobiq rahbari Bashar Asadning rafiqasi Asmaga yaqqol ishora edi.
Asma Asad va Suriya siyosati
"Arab malikasi Diana" deb atalgan Asma Asad Londonda tug‘ilib o‘sgan. Buyuk Britaniya poytaxtida universitetni tugatgach, u yerda Amerikaning eng yirik GP Morgan bankida investitsiya bankiri bo‘lib ishlagan.
2000 yilda u Suriyada kutilmaganda hokimiyatni qo‘lga kiritgan Bashar Asadga (Suriya rahbari Hafiz Asadning to‘ng‘ich o‘g‘li avtohalokatda vafot etgan) turmushga chiqdi va Damashqqa ko‘chib o‘tdi.
Asma Asadni Suriya rejimining yumshoq kuchi deb atashgan, uning nomi bilan Suriyaning tezroq modernizatsiya qilinishiga umid bog‘lashgan. O‘shanda Suriya G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilashi mumkindek edi.
Endilikda tanqidchilarning fikricha, Asma 2011 yilda muxolifat namoyishlari bilan boshlangan va yuz minglab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan Suriyadagi shafqatsiz fuqarolar urushi davomida Asad rejimini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynagan.
Bundan tashqari, 20 yildan ortiq vaqt davomida Suriyaning birinchi xonimi sifatida Asma Asadning ismi Suriyadagi siyosiy va moliyaviy hokimiyat markazlashuvi bilan bog‘lanadi.
2023 yilda Financial Times o‘tkazgan katta surishtiruvda Asmaning qo‘li iqtisodiyotning turli sohalarida sezilayotgani aytilgan: vositachilar orqali u aslida butun tarmoqlarni – telekommunikatsiya, ko‘chmas mulk, banklar, savdoni nazorat qiladi. Times gazetasi esa "oddiy suriyaliklar qiynoqqa solinib, och qolgan" bir paytda Asmaning London va Parijda hashamatli xaridlar qilgani, jumladan, Christian Louboutinʼning kristalli poyabzallarini buyurtma qilgani haqida yozgandi. 2012 yilda u Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining aktivlarni muzlatish va sayohatlarni taqiqlashni nazarda tutuvchi sanksiyalari ostida qoldi.
2018 yilda Suriyaning sobiq birinchi xonimida ko‘krak saratoni aniqlangan va u buni yengishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq oradan besh yil o‘tgach, unga mieloid leykoz – qon va suyak iligining xavfli kasalligi tashxisi qo‘yilgan.
O‘tgan yil dekabrida Suriyada Asad rejimi qulaganidan so‘ng, Asma oilasi bilan Moskvada qoldi. Britaniyaning Telegraph nashri noma’lum manbaga tayanib, u yuqumli kasalliklarni yuqtirmaslik uchun boshqa odamlardan ajratilganini, unga Londondan kelgan kardiolog otasi qarayotganini yozgan.
Ba’zi ommaviy axborot vositalari Asma Asadning davolanish uchun Angliyaga qaytish maqsadida Rossiyada ajrashishga ariza berishi mumkinligi haqida (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar berdi. Biroq Britaniyaning Times nashri o‘tgan yil oxirida Asmaning Britaniya pasporti amal qilish muddati 2020 yildayoq tugaganini ma’lum qilgandi. Gazeta iqtibos keltirgan Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Ivett Kuper unga sog‘lig‘i bahonasida mamlakatga kirishga ruxsat bermasligini aytdi.
Fevral oyi o‘rtalarida Asma Asad X ijtimoiy tarmog‘ida hisob ochib, "bir muddatlik sukutdan so‘ng yana boshlash vaqti kelganini" ma’lum qildi. U Vatan, uning xalqi va farovonligi haqida bir nechta batafsil tvitlardan so‘ng shunday deb yozdi: "Hayotda shunday bosqichlar borki, ular o‘chmas, barcha tafsilotlari bilan xotirada qoladi... Ularni baham ko‘rish vaqti keldimikan?" Ko‘p o‘tmay, uning hisobi o‘chirildi.
Suriyaning yangi birinchi xonimi qanday bo‘ladi?
Ikki ayolning tashqi qiyofasi bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi ko‘rinsa-da, Asma Asad va Latifa ash-Shar’a o‘rtasida umumiylik ham bor. Ularning oilasi Suriyaning Xoms shahridan bo‘lib, ikkala ayolning ham uch farzandi bor: Latifaning uch o‘g‘li, Asmaning ikki o‘g‘li va bir qizi.
"Asma Asad ham dastlab erining soyasida ish boshlagan, keyinchalik uning oilasi va unga yaqin bo‘lgan odamlar iqtisodiy resurslarning katta qismini o‘z qo‘llarida jamladi va mamlakatdagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishdi," deydi Bi-bi-siga sharqshunos va "Falafelnaya" Telegram kanali muallifi Marianna Belenkaya (Rossiyada "xorijiy agentlar" ro‘yxatiga kiritilgan). U Latifa ash-Shar’aning ba’zi oilaviy aloqalari ham namoyon bo‘la boshlaganiga e’tibor qaratadi. "Singlisining eri Damashq gubernatori etib tayinlangani muhokama qilinmoqda," deydi Belenkaya.
Shu bilan birga, Suriyaning yangi birinchi xonimining ommaviy qiyofasi hali ham sir qolmoqda. U allaqachon uch marta omma oldida paydo bo‘lgan – Amerika-Suriya delegatsiyasi bilan uchrashuvda, Saudiya Arabistoni va Turkiyada – shundan beri jim.
"Hozircha Suriya birinchi xonimining ommaviy qiyofasi qanday bo‘lishini aytish qiyin. Ammo uni targ‘ib qilishlari, ommaga ko‘rsatishlari aniq, chunki Ahmad ash-Shar’a o‘zini ochiq rahbar, tor fikrli islomchi emasligini ko‘rsatmoqchi," deb hisoblaydi Belenkaya.
"Ash-Shar’a turmush o‘rtog‘ini ko‘rsatmoqda, chunki hozir vaziyat shuni talab qilmoqda. Ammo bu har doim ham shunday bo‘lavermaydi: hozir bu Suriyadan sanksiyalarni olib tashlash, XTShni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish uchun zarur, – deydi Bi-bi-si bilan suhbatda sharqshunos va "Suleymanov" telegram-kanali muallifi Ruslan Suleymanov. – Agar Suriyaning yangi hokimiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinsa, ash-Shar’aning xotinini namoyish etishga ehtiyoji qolmaydi."
Uning eslatishicha, "Hay’at Tahrir ash-Shom" (HTSh) Idlib viloyatini nazorat qilgan davrda ash-Shar’a turmush o‘rtog‘ini ko‘rsatmagan. Mutaxassis ta’kidlashicha, XTSh guruhi va radikal islomga e’tiqod qiluvchi boshqa guruhlarda o‘z xotinlari va umuman oilalarini namoyish etish odat tusiga kirmagan.
Shu bilan birga, ikkala ekspert ham Asma Asad arab dunyosidagi nufuzli ayol va/yoki birinchi xonimning yagona namunasi emasligini aytadi. Marianna Belenkaya Qatarning sobiq amirining rafiqasi, hozirgi amirning onasi – "G‘arbda tahsil olgan, Qatarni rivojlantirish va unga zamonaviy qiyofa berish uchun ko‘p ishlar qilgan" Shayxa Mozani, shuningdek, Saudiya Arabistoni birinchi qirolining singlisi va uning maslahatchisi bo‘lgan Nura As-Saudni eslaydi.
Suleymanovning tushuntirishicha, arab mamlakatlarida birinchi xonimlarning ta’sir darajasi davlatlarning dunyoviylik darajasiga va g‘arblashuvning ta’siriga bog‘liq. U Misr prezidentining xotini Entissar as-Sisi va Iordaniya qiroli xotini Raniya al-Abdullani misol qilib keltiradi. Ikkalasi ham, Suleymanovning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy, faol ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyat ko‘rsatadi, intervyu beradi. Masalan, G‘azodagi keskinlashuvdan so‘ng arab dunyosida Raniya ayniqsa hurmat qozondi, chunki u falastinliklarni himoya qila boshladi, deya qo‘shimcha qiladi ekspert.