O‘zbekiston dayjesti: Turkiyaga rasmiy safar, o‘zbek migrantlarga yengillik, erkaklar oldinda

O'qilish vaqti: 2 daq

Prezident.uz sahifasida xabar berilishicha, Anqaradagi Prezident saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida tor doirada uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuv boshida ikki davlat rahbari bir-birini yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi bilan samimiy tabriklashgan.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Gap asosan siyosat, savdo-iqtisodiyot, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlik haqida boradi.

Tomonlar so‘nggi paytlarda barcha darajalarda va muloqotlar juda faol kechayotganidan mamnun ekanliklarini bildirishgan. Yaqinda o‘tkazilgan "4+4" shaklidagi strategik rejalashtirish uchrashuvi ham samarali bo‘lganini ta’kidlab o‘tishgan.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va boshqa muhim yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi aytilgan.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari, jumladan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Turkiyadagi mehnat migrantlari bo‘yicha yangi kelishuvlar

O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musaev va Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzDaily.uz sayti o‘z sahifasida xabar beradi. Uchrashuvda mehnat migrantlari masalasi, ayniqsa ularning huquqlarini himoya qilish va qonuniy ishlash sharoitlarini yaxshilash muhokama qilingan.

Ikki rasmiy tomon Turkiyada hozirda nolegal holatda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qilmasdan, ularning hujjatlarini qonuniylashtirish amaliyotini davom ettirishga kelishib olishgan.

Eng muhim yangiliklardan biri - Turkiyada kamida 3 yildan beri yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ishlash uchun ruxsatnoma berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu tartib 1-martdan kuchga kiradi va bunday amaliyotning ilk marta yo‘lga qo‘yilishi bo‘ladi deyilmoqda.

Shuningdek, tomonlar alohida bitim imzolashga ham kelishib oldilar. Unga ko‘ra, Turkiyaning İŞKUR davlat bandlik xizmati Turkiyada eng ko‘p talab qilinayotgan kasblar ro‘yxatini tuzadi va bu ma’lumotlarni O‘zbekiston Migratsiya agentligiga yuboradi. Shunga asosan ishchilar tanlab yuboriladi.

Erkaklar ayollardan ko‘proq

Milliy statistika qo‘mitasining bildirishicha, O‘zbekistonda 2026 1- yanvar holatiga ko‘ra erkaklar soni ayollar soniga qaraganda ko‘proq.

O‘zbekiston aholisi soni 38 mln 236,7 ming kishiga yetgan bo‘lib, ayollar aholi soning 49,6% ni tashkil qiladi. Erkaklar esa bir oz ko‘pchilik - 50,4%.

Aholining qishloq va shaharda joylashishi bo‘yicha statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shahar aholisi qishloq aholisidan bir oz ko‘proq.

19 mln 471,7 ming aholi shaharda, qishloqda esa 18 mln 765,0 ming aholi yashaydi.

Bir yil davomida 267,1 mingta nikoh qayd etilgan, ajrimlar soni esa 46,9 mingtaga yetgan.