G‘azoda ichki kurash: Hamasga qarshi chiqqan falastinlik guruh rahbari o‘ldirildi

Surat manbasi, Yasser Abu Shabab/Facebook
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
G‘azoda Hamasga qarshi chiqqan taniqli Falastin jangari guruhi rahbari o‘ldirildi.
Yasir Abu Shabab janubiy Rafah shahri yaqinida o‘nlab jangchilari bo‘lgan "Xalq kuchlari" guruhiga rahbarlik qilgan.
Xalq kuchlari o‘z bayonotida Abu Shabab Abu Seneyma oilasi a’zolari o‘rtasidagi "nizoni hal qilishga urinayotganda" otib o‘ldirilganini aytdi. U uni Isroil bilan hamkorlik qilishda ayblagan Hamas tomonidan o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni "noto‘g‘ri" deb rad etdi.
Abu Shababning badaviy qabilasi Tarabinning avvalgi bayonotida u "qarshilik qo‘lida" o‘ldirilgani va Falastin xalqiga xiyonat qilganlikda ayblangani aytilgan edi.
Boshqa manbalar uning o‘limi ichki hokimiyat uchun kurash natijasi ekanligini da’vo qilishdi.
Hamas o‘z bayonotida Abu Shababning o‘limiga mas’uliyatni olmadi, lekin Abu Shababning o‘limi "o‘z xalqi va vataniga xiyonat qilgan va bosqinchi [Isroil] qo‘lida qurol bo‘lishga rozi bo‘lganlarning barchasining muqarrar taqdiri" ekanligini aytdi.
Isroil armiyasi radiosi o‘z xavfsizlik manbasiga tayanib, Abu Shabab Isroilning janubidagi Bersheba shahridagi Soroka kasalxonasiga evakuatsiya qilinganidan keyin olgan jarohatlaridan vafot etganini aytdi. Ammo kasalxona uning ularning nazorati ostida vafot etganini rad etdi.
Xalq kuchlari bayonotida "G‘azo tuprog‘idan oxirgi terrorchi yo‘q qilinmaguncha va tinchlikka ishongan xalqimiz uchun yorqin va xavfsiz kelajak yaratilmaguncha" Abu Shababning yo‘lida davom etishga va’da berildi.
O‘z xalqi va vataniga xiyonat qilgan va bosqinchi [Isroil] qo‘lida qurol bo‘lishga rozi bo‘lganlarning barchasining muqarrar taqdiri [shu].
Iyunь oyida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Isroil Hamasga qarshi bo‘lgan G‘azodagi Falastin qavmlarini qurollantirayotganini tasdiqlagandi.
Bu Isroil matbuoti Netanyaxuning «Xalq kuchlari»ga qurol yetkazib berishga ruxsat bergani haqida xabar berganidan keyin ochiqlangan. Biroq, jangari guruh Isroil tomonidan qurollantirilayotganini rad etgan.
Xalq kuchlari urush paytida G‘azoga yuborilgan gumanitar yordam yuk mashinalarini talon-taroj qilishda ayblangan, guruh buni ham rad etgan.
Isroildagi xabarlarda uning ikki a’zosi ilgari Islomiy Davlat guruhi (ID) bilan aloqada bo‘lganligi ham ta’kidlangan.
Isroil va Hamas o‘rtasida sulh tuzish deyarli sakkiz hafta oldin boshlanganidan beri, G‘azo tinchlik rejasining ikkinchi bosqichida ustun kelish uchun ichki kurash ketyapti.

Surat manbasi, EPA
Abu Shabab bir nechta Hamasga qarshi jangarilar yetakchilaridan biri bo‘lganligi haqida xabarlar tarqalgan.
Donald Trampning rejasi vaqtinchalik hukumat tuzishni, xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirishni, Isroil qo‘shinlarini olib chiqishni va Hamasni qurolsizlantirishni o‘z ichiga oladi.
Birinchi bosqichda Hamas Isroil qamoqxonalaridagi yuzlab falastinlik mahbuslar va hibsga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, Isroilning qisman chiqib ketishi va gumanitar yordamning ko‘payishi evaziga hali ham ushlab turgan 48 tirik va o‘lik garovdagilarning barchasini qaytarishga rozi bo‘lgandi.
O‘lgan bir isroillik asirning jasadi hali qaytarilmagan.
Isroil hukumati ilgari Hamas barcha garovdagilarni qaytarmaguncha ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralarga qo‘shilmasligini aytgan. Biroq, Tramp chorshanba kuni ikkinchi bosqichga "tez orada" o‘tilishini aytdi.
G‘azodagi urush 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi Isroilning janubiga qilingan hujum natijasida boshlangan, unda taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan.
Hamas boshqaradigan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shandan beri Isroilning G‘azoga hujumlarida 70120 dan ortiq odam halok bo‘lgan.












