Falastinliklar Isroil qamoqlarida ularni jinsiy tahqirlashganini aytishmoqda

Sami as-Saiy turma qo‘riqchilari tomonidan jinsiy tahqirlanganini aytgan.
Surat tagso‘zi, Sami as-Saiy turma qo‘riqchilari tomonidan jinsiy tahqirlanganini aytgan.
    • Author, Jon Donnison
    • Role, BBC muxbiri
    • Reporting from, Isroil ishg'oli ostidagi G'arbiy sohil
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Ushbu maqolada keltirilgan jinsiy tajovuz va zo‘ravonliklar manzarasi ayrim o‘quvchilar ko‘nglini xira qilishi mumkin.

Ikki falastinlik Bi-bi-si bilan suhbatda Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslarga munosabat haqidagi so‘nggi hisobotlarda ta’kidlangan kaltaklash va jinsiy zo‘ravonlik holatlarini shaxsan boshdan kechirganini aytdi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi o‘tgan oyda Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga nisbatan "tashkillangan va keng tarqalgan qiynoqlar hamda shafqatsiz munosabat davlatning de-fakto siyosati" ekani haqidagi xabarlardan chuqur tashvishda ekanligini bildirdi. Qo‘mita ta’kidlashicha, bu da’volar 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi Isroilga hujumlardan keyin "xavotirli ko‘paygan".

Isroil va Falastin huquq himoyasi tashkilotlarining boshqa hisobotlarida "tizimli" suiiste’molliklar batafsil yoritilgan.

Isroil barcha ayblovlarni rad etdi. Ammo huquq himoyachilari 7 oktyabrdagi hujumlar va G‘azoda garovga olingan isroilliklarga nisbatan munosabat tufayli yuzaga kelgan g‘azab qamoqxonalarda, ayniqsa, Hamas va uning hujumlarini qo‘llab-quvvatlagan mahbuslarga nisbatan shavqatsiz munosabat muhitini yaratganini ta’kidlashmoqda.

O‘tgan yili Isroil harbiy qamoqxonasidan sizib chiqqan videokuzatuv tasvirlarida g‘azolik erkak qamoqxona qo‘riqchilari tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani aks etgan. Bu voqea Isroilning harbiy va siyosiy rahbariyatida iste’fo va ayblovlarga sabab bo‘ldi.

46 yoshli Sami as-Saiy hozirda mebel do‘konida ishlaydi, ilgari esa bosib olingan G‘arbiy Sohilning shimoliy qismidagi Tulkarm shahrida mustaqil jurnalist bo‘lgan.

U 2024 yil yanvarida Hamas va boshqa qurolli guruhlar a’zolari bilan jurnalistlar o‘rtasida suhbatlar uyushtirishga yordam bergani sababli isroillik harbiylar tomonidan hibsga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

U ma’muriy qamoq deb atalgan tartib asosida 16 oy davomida ayblovi e’lon qilinmasdan qamoqda saqlangan va shu yil yozida ozod etilgan.

Uning aytishicha, Isroil shimolidagi Megiddo qamoqxonasida saqlanayotgan paytda, 2024 yil 13 mart kuni yoki shu atrofda qo‘riqchilar uni qisman yechintirgan va kaltak bilan zo‘rlagan.

U G‘arbiy Sohildagi asosan konservativ bo‘lgan Falastin jamiyatidan chetlatilish xavfiga qaramay, jinsiy zo‘ravonlik haqida Bi-bi-siga so‘zlab berishga qaror qilganini aytdi.

"Ular besh-oltita edi," dedi u.

"Ular miriqib kulishardi. Qorovul mendan so‘radi: "Qalay, yoqyaptimi? Sen bilan o‘ynamoqchimiz, xotiningni, singlingni, onangni va do‘stlaringni ham bu yerga olib kelmoqchimiz", deb davom etdi as-Saiy.

"Men o‘lishni va bundan qutulishni xohlardim, chunki og‘riq nafaqat zo‘rlashdan, balki qattiq va shafqatsiz kaltaklashdan ham edi."

Sami as-Saiy
BBC
Qorovul mendan so‘radi: “Qalay, yoqyaptimi? Sen bilan o‘ynamoqchimiz, xotiningni, singlingni, onangni va do‘stlaringni ham bu erga olib kelmoqchimiz.
Sami as-Saiy
Falastinlik sobiq tutqun (bbc.com/uzbek)

Uning aytishicha, qiynoq 15-20 daqiqa davom etgan, bu vaqt ichida qo‘riqchilar uning jinsiy a’zolarini ham siqib, qattiq og‘riq yetkazgan.

U kaltaklashlar deyarli har kuni sodir bo‘lganini, ammo faqat bir marta jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytdi.

Bi-bi-si Isroil qamoqxonalar xizmatidan (IQX) as-Saiyning ayblovlariga javob so‘radi. IQX shunday javob qaytardi: "Biz qonunga to‘liq muvofiq harakat qilamiz, shu bilan birga nazoratimiz ostidagi barcha mahbuslarning xavfsizligi va huquqlarini ta’minlaymiz.

Biz bayon etilgan da’volardan bexabarmiz va bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, IQX nazorati ostida bunday hodisalar sodir bo‘lmagan."

Sobiq harbiy bosh advokat, general Yifat Tomer-Yerushalmi tutqunlar tahqirlangani aks etgan videoni tarqatgani uchun iste’fo berdi.

Surat manbasi, IDF handout

Surat tagso‘zi, Sobiq harbiy bosh advokat, general Yifat Tomer-Yerushalmi tutqunlar tahqirlangani aks etgan videoni tarqatgani uchun iste’fo berdi.
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Shuningdek, biz IQXdan jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha tergov boshlangan-boshlanmagani va tibbiy hujjatlar mavjud-mavjud emasligi haqida so‘radik. Ular bu savolga izoh bermadi.

Isroil qamoqxonalarida falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani haqidagi da’volar o‘nlab yillar davomida ilgari surilgan, ammo yaqinda sodir bo‘lgan bir holat mamlakat tizimini larzaga soldi va Hamasni qo‘llab-quvvatlashda ayblangan mahbuslar va qamoqqa olinganlarga munosabat masalasida Isroil jamiyatidagi bo‘linishni yanada chuqurlashtirdi.

2024 yil avgust oyida Isroil janubidagi Sde Teyman harbiy qamoqxonasidan sizib chiqqan videokuzatuv tasvirlarida g‘azolik mahbusning askarlar tomonidan o‘tkir buyum bilan zo‘rlangani va uning to‘g‘ri ichagi teshilgani ko‘rsatilgan. Bu hujum 2024 yil iyulida sodir bo‘lgan.

Isroilning besh nafar zaxiradagi harbiy xizmatchisi mahbusga nisbatan zo‘ravonlik va og‘ir tan jarohati yetkazganlikda ayblangan.

O‘tgan oyda ular Isroil televideniesida matbuot anjumanida gapirishdi, ulardan to‘rttasi o‘z shaxsini yashirish uchun qora balaklavalarda edi.

14-kanal yangiliklar dasturiga bergan intervyusida beshinchi askar niqobini yechib, yuzini ko‘rsatdi va yashiradigan hech narsasi yo‘qligini aytdi.

Ularning beshovi ham ayblovni rad etgan.

Zaxiradagi harbiylar videokuzatuv tasvirlarini Isroil armiyasining bosh yuridik maslahatchisi, harbiy bosh prokuror general-mayor Yifat Tomer-Yerushalmi sizdirgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng matbuot anjumanini o‘tkazishdi.

General oktyabr oyida iste’foga chiqdi va ma’lumotlar sizib chiqqani uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini aytdi. U "armiyaning huquq-tartibot idoralariga qarshi yolg‘on propagandaga qarshi turmoqchi bo‘lganini" tushuntirdi – bu ba’zi o‘ng qanot siyosatchilarining ayblovlar uydirma ekanligi haqidagi da’volariga ishora edi.

"Ahmad" terrorchilikka chaqiruvda ayblanib qamalgach, qamoqda tahqirlanganini aytadi.
Surat tagso‘zi, "Ahmad" terrorchilikka chaqiruvda ayblanib qamalgach, qamoqda tahqirlanganini aytadi.

O‘ta o‘ng qanot tarafdorlari Sde Teyman qamoqxonasi oldida besh nafar ayblanuvchi rezervistni qo‘llab-quvvatlash uchun norozilik namoyishi o‘tkazdi.

Iyul oyida iste’foga chiqishidan oldin, Isroil parlamentida bo‘lib o‘tgan qizg‘in qo‘mita yig‘ilishida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning o‘ng qanot "Likud" partiyasi siyosatchisi Xanox Milvidskiydan mahbusni zo‘rlash mumkinmi deb so‘rashdi.

"Jim bo‘l, jim bo‘l! – deya qichqirdi u. – Ha, agar ular Nuxba [7 oktyabrь hujumlarida qatnashgan Hamasning elita jangchilari] bo‘lsa, hamma narsa qonuniy. Hamma narsa."

Yaqinda nufuzli Isroil demokratiya instituti o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Isroil jamoatchiligining aksariyati G‘azodagi falastinliklarni tahqirlaganlikda gumon qilinayotgan askarlarni tergov qilishga qarshi ekan.

Ahmad (uning haqiqiy ismi emas) rafiqasi va 11 farzandi bilan G‘arbiy Sohilda yashaydi.

Uni 2024 yil yanvarida askarlar hibsga olgan va 7 oktyabrь kuni Hamas boshchiligidagi hujumlarni maqtab, ijtimoiy tarmoqlarda postlar qoldirganidan so‘ng terrorizmga undashda aybdor deb topilgan. Bu hujumlarda 1200 ga yaqin odam, asosan isroilliklar halok bo‘lgan va yana 251 nafari garovga olingan edi.

U bir yillik qamoq jazosiga va 935 dollar miqdorida jarimaga tortildi.

U o‘zining Isroil qamoqxonasida jiddiy jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytmoqda.

"Qamoqxonaning uch qo‘riqchisi meni hojatxonaga olib kirishdi va butunlay yalang‘och qilib, yerga yotqizishdi," dedi Ahmad uyida bergan intervyusida.

Sami as-Saiy tahqirlanganini aytgan Megiddo turmasi surati.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Sami as-Saiy tahqirlanganini aytgan Megiddo turmasi surati.

"Ular boshimni hojatxona unitaziga tiqishdi va 150 kg keladigan bahaybat odam boshimda turdi, shuning uchun men egilib qoldim. Keyin qamoqxona itini chaqirayotgan kimningdir ovozini eshitdim. Itga futbolchi kabi Messi deb ism qo‘yilgan ekan."

Keyin u it uni jinsiy jihatdan qanday tahqirlaganini batafsil aytib berdi. Uning aytishicha, shimi va ichki kiyimi yechilgan va it uning ustiga chiqqan.

"Men uning nafasini his qildim... keyin u ustimga sakradi... Baqirdim. Qancha ko‘p baqirsam, shuncha ko‘p kaltaklashar edi, hushimni yo‘qotayozdim."

Ahmad hibsda bo‘lgan vaqtida qo‘riqchilar uni muntazam ravishda, shu jumladan jinsiy a’zolariga ham kaltaklaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u jinsiy zo‘ravonlikdan 12 kun o‘tib, jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgach, ozodlikka chiqarilgan.

Biz Ahmaddan uning da’volarini tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar bor-yo‘qligini so‘radik, lekin u bunday hujjatlar yo‘qligini aytdi.

Biz IQX (Isroil qamoqxona xizmati) bilan bog‘lanib, Ahmadning da’volariga izoh va uning zo‘ravonlikka uchrashi bo‘yicha tergov boshlangan-boshlanmaganini so‘radik, ammo javob olmadik.

Isroil qamoqxonalarida 9 mingdan ortiq Falastin xavfsizlik mahbusi saqlanmoqda, bu 7 oktyabrь hujumlaridan oldingi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p. Ko‘pchiligiga hech qanday ayblov qo‘yilmagan.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining yaqinda e’lon qilingan hisobotida 7 oktyabrdagi hujumlar qoralangan, shuningdek, Isroilning javobi va G‘azodagi ulkan insoniy talafotdan chuqur xavotir bildirilgan.

7 oktyabrь kuni o‘g‘irlab ketilgan garovga olinganlarning ba’zilari va hujumlardan omon qolganlar ham Hamas va uning ittifoqchilari tomonidan jinsiy zo‘ravonlik, zo‘rlash va qiynoqlarga duchor bo‘lganliklarini da’vo qilishgan.

Shuningdek, Hamas Isroil bilan hamkorlikda ayblangan g‘azoliklarni omma oldida qatl qilgan.

Bundan tashqari, G‘arbiy Sohilning Isroil nazoratidan tashqari qismlarida mas’ul bo‘lgan va Hamasning siyosiy va harbiy raqibi hisoblangan Falastin ma’muriyati (FM) tomonidan boshqariladigan qamoqxonalarda zo‘ravonlik sodir etilgani haqida da’volar bor.

Bi-bi-si sobiq mahbus bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, FM xavfsizlik xodimlari uni kaltaklagan va unga elektr toki bergan.

Bi-bi-si izoh olish uchun FM bilan bog‘langan, biroq javob olmagan. FM avvalroq muntazam tahqirlovlar haqidagi ayblovlarni rad etgan edi.

Oktyabr oyida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga taqdim etilgan hisobotda Isroilning beshta inson huquqlari tashkiloti "falastinliklarga qarshi barcha hibsxonalarda deyarli to‘liq va davlat siyosati darajasida jazosiz amalga oshirilgan qiynoqlar va shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatlar keskin kuchaygani" haqida ma’lum qildi.

Isroildagi qiynoqlarga qarshi jamoatchilik qo‘mitasi – «Adalah», «Ota-onalar bolalarni hibsga olishga qarshi», «HaMoked» va «Inson huquqlari uchun shifokorlar-Isroil» tashkilotlari Isroil "mavjud himoya kafolatlarini bekor qilgani va endi hibsga olishdan qamoqqa olishgacha bo‘lgan butun jarayonda ishg‘ol ostidagi falastinliklar va Falastin fuqarolariga nisbatan qiynoqlarni qo‘llayotganini ko‘rsatadigan dalillarni taqdim etdi. Yuqori martabali amaldorlar bu suiiste’molliklarga ruxsat bergan, sud va ma’muriy mexanizmlar esa aralasha olmagan."

Hisobotda aytilishicha, bunday amaliyotlar qamoqdagi falastinliklarning o‘limiga olib kelgan, G‘azo urushi boshlanganidan 2025 yil avgust oyi oxirigacha Isroil qamoqxonalarida kamida 94 kishi o‘lgani qayd etilgan.

Isroilning Jenevadagi elchisi BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasida yangragan ayblovlarni "noto‘g‘ri ma’lumot" sifatida rad etdi.

Deniel Meron o‘tgan oyda ekspertlar guruhiga Isroil "hatto terrorchi tashkilot yuzaga keltirayotgan qiyinchiliklarga qaramay, axloqiy qadriyatlarimiz va tamoyillarimizga muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarajagini" ma’lum qildi.

U Isroilning tegishli idoralari qiynoqlarga qarshi taqiqqa to‘liq rioya qilayotganini ta’kidladi va Isroil tizimli tarzda jinsiy hamda genderga asoslangan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yayotganini rad etdi.