Rossiyaning Ukrainaga bosqinidagi "ko‘rinmas yo‘qotishlar": Nega o‘n minglab odamlarning frontda halok bo‘lishi ham rossiyaliklarni qo‘rqitmayapti?

O'qilish vaqti: 6 daq

BBC tahlili xulosalariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urushdagi umumiy yo‘qotishlarning yarmigacha bo‘lgan qismi Rossiya jamiyati hayotida deyarli ishtirok etmagan insonlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Urushning uchinchi yil oxiriga kelib, "Mediazona" nashri va ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda ochiq ma’lumotlar asosida 95 026 nafar halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning ism-sharifini aniqladik.

Ushbu ro‘yxat, shuningdek, unga kiritilmagan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali bu yo‘qotishlar mamlakat hayotida qanday aks etayotgani haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Izsiz ketgan talaba

21 yoshli Daniil Dudnikov Donetsk Milliy Universitetining tarix fakultetida o‘qir, xalqaro munosabatlar yo‘nalishini o‘rganar, "Nima? Qachon? Qayerda?" intellektual o‘yinida qatnashar va suzish sporti bilan shug‘ullanar edi.

Tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) ma’muriyati uni Rossiya keng ko‘lamli bosqin boshlagan kunning o‘zidayoq safarbar qilib, Xarkov viloyatiga jo‘natgan.

Atigi bir oy o‘tib — 25 mart kuni Daniil bilan aloqa uzilib qolgan va u uzoq vaqt bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turgan.

Uning vzvodidan hech kim qaytib kelmagan – 13 kishi halok bo‘ldi.

Yana besh kishi asirga tushgan – to‘rt oy o‘tib ular almashinuv natijasida Donetskga qaytib kelgan va Daniil halok bo‘lganini xabar qilishgan.

Daniilning — va uning vzvodining — hikoyasi juda odatiy – o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR (Lugansk Xalq Respublikasi) hududlaridan frontga yuborilgan minglab boshqa odamlarniki bilan deyarli bir xil.

Ularning aksari shoshma-shosharlik bilan safarbar qilingan, tayyorgarlik va kiyim-bosh kamomadi, bajarib bo‘lmas vazifalar natijasida o‘n minglab inson halok bo‘lgan va bedarak ketgan. Ularning taqdiri faqat oylar yoki yillar o‘tibgina ma’lum bo‘ladi.

DXR va LXR qurolli bo‘linmalari safida jang qilgan hamda halok bo‘lganlar odatda biz ismma-ism tuzayotgan yo‘qotishlar ro‘yxatiga kiritilmaydi.

Biroq ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan ta’ziyalar va bedarak yo‘qolganlar borasidagi xabarlarni o‘rganib chiqqach, biz DXR va LXR qurolli bo‘linmalari 21 mingdan 23,5 minggacha askarini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldik.

Urushda o‘lim va aholi zichligi nisbati

Aholi zichligi nisbatidan kelib chiqqanda, Rossiyaning quyida ko‘rsatilgan hududlari aholisi urushda ko‘proq qurbon bo‘lgan.

Manbalar: rasmiy statistika, OAV va BBC to‘plagan ma’lumotlar

Bu yo‘qotishlarning aksar qismi urushning birinchi yiliga to‘g‘ri keladi — va bu raqam o‘sha davrda Rossiyaning barcha rasmiy harbiy bo‘linmalari ko‘rgan yo‘qotishlar (25 769 kishi) bilan deyarli teng.

Ammo DXR va LXRdan safarbar qilinganlar kamdan-kam hollarda Rossiyada dafn etiladi, ularning aksariyati Rossiya maktablarida o‘qimagan va rossiyaliklar bilan ijtimoiy aloqalari ancha cheklangan.

O‘ntadan uchtasi

"Men kontraktga shunday tushib qoldim: Kursk vokzalida bir yo‘lovchining sumkasini o‘g‘irlagan edim. Tezkor xodimlar darhol ushlashdi. Ular menga "Agar yana qamoqqa tushishni istamasang, kontrakt imzola" deyishdi. Mening yoshimda birinchi liniyaga yuborilishim ehtimoli yo‘qligini, front ortida ishlab yurishimni aytishdi. Men rozi bo‘ldim", hikoya qiladi 2024 yil yozida Ukrainaga asirga tushgan Ildus Sodiqov.

U shartnoma imzolagan payt 59 yoshda edi.

Ildusning so‘zlariga ko‘ra, u qamoqdan chiqqanidan keyin atigi sakkiz oy erkinlikda yurgan.

Koloniyadan navbatdagi jazo muddatini o‘tab chiqqach, Moskva viloyatida turli mavsumiy ishlarda ishlagan.

E’lon qilingan sud hukmlarga ko‘ra, Sodiqov uch marta sudlangan, jami 16 yil umrini qamoqda o‘tkazgan.

Ildus mahbuslar almashinuvi natijasida Ukraina asirligidan ozod etilib, Rossiyaga qaytgan va keyin yana frontga yuborilgan. 2025 yil fevralida u halok bo‘ldi.

Bizning hozirgi ro‘yxatimizda koloniyalardan urushga jo‘natilgan 16 171 nafar sudlangan shaxs mavjud.

Bu raqam faqat ochiq manbalarda tasdiqlangan sudlanganlar sonini o‘z ichiga oladi. Haqiqiy ko‘rsatkich bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Xususiy harbiy kompaniya (XHK) "Vagner" tarkibida halok bo‘lganlar borasida bizga taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, shunday xulosa qilish mumkin: so‘nggi uch yilda Rossiya armiyasi ko‘rayotgan yo‘qotishlarning uchdan bir qismigacha bo‘lgani aynan koloniyalardan jalb qilinganlar hissasiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Ularning ko‘p qismi yillar davomida jazoni ijro etish koloniyalarida saqlangan va amalda jamiyatdan ixotalab qo‘yilgan.

Bu ma’lumotlarni umumlash natijasida shunday xulosa yuzaga keladi: Rossiya tarafida jang qilib halok bo‘lgan har o‘n askardan uch kishi — sobiq mahbus, yana ikki kishi — o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR yashovchilari bo‘lgan.

Jamiyat urushni payqayaptimi?

Birinchi jahon urushi yillarida Britaniyada "do‘stlar batalonlari" deya atalgan qurolli bo‘linmalar mavjud edi — ular birga voyaga yetgan va birga frontga ketishni istagan odamlardan tuzilgan edi.

Somma jangida kechgan bir kun ichida Sheffild shahridan yig‘ilgan ana shunday batalon halok bo‘lgan va yaralanganlar bilan birga 512 nafar yo‘qotishga uchragan.

Oradan bir hafta o‘tib Sheffilddagi oilalarning deyarli yarmi qoraxat olgan. Shaharda hayot go‘yo muzlab qolgandi.

"Urushni idrok qilish va qurbonlarning "ko‘rinishi" faqat halok bo‘lganlar hamda yaradorlar sonining o‘zi bilangina belgilanmaydi, balki u ijtimoiy to‘rning zichligi bilan bevosita bog‘liq ham. Parchalanib ketgan jamiyatda qurbonlar "ko‘rinmaydi", deydi Tel-Aviv Universitetining katta ilmiy xodimi, jamiyatshunos Viktor Vaxshteyn.

Britaniyada aynan shunday yo‘qotishlar ta’siri tufayli harbiy bo‘linmalarni hududiy tamoyil asosida shakllantirishdan voz kechishgan.

Frontga asosan mahbuslarni yuborish ham xuddi shunday maqsad yo‘lida xizmat qilishi mumkin.

"Rossiya jamiyatining urushni ko‘proq his qiladigan qismi azaldan kamroq resurs (ta’lim, moliyaviy yoki siyosiy) imkoniyatlariga ega. Kreml boshidanoq jamiyatning ko‘proq resursga ega qatlamini urushni maksimal darajada "ko‘rmaslik" holatida ushlab turishni maqsad qilgan. Koloniyalardagi mahkumlarni frontga jo‘natish, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlaridan kelgan chet elliklarni armiyaga yollash ham shunday siyosatning bir qismi", deydi London Qirollik kollejidagi Rossiyani o‘rganish instituti direktori Gulnaz Sharafutdinova.

"Kichik aholi punktlarida odamlar tabiiyki, harbiy yo‘qotishlarni ko‘proq his qiladi. Urush jamiyatning ko‘proq resursga ega bo‘lmagan qatlamlariga hamda norozilik bildirish yoki hatto o‘z fikrini ochiq ifoda etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan guruhlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular orasidagi suhbatlar va muhokamalar ko‘pincha oshxonadan tashqariga chiqmaydi", deya qo‘shimcha qiladi u.

2024 yil sentabr oyida "Xronika" loyihasi tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning atigi 30 foizi urush ta’siri bilan bevosita to‘qnash kelgan — shaxsan o‘zi unda qatnashgan yoki qarindoshlari frontda bo‘lgan.

Taqqoslash uchun, Ukrainada o‘tkazilgan o‘xshash so‘rovda qatnashganlarning 78 foizi urushda yarador bo‘lgan yoki halok bo‘lgan kishini shaxsan tanishini bildirgan.

Rossiyada urushni qanchalik qo‘llab-quvvatlashayotganini aniqlash oson emas, chunki ko‘p odamlar bu haqda ochiq so‘zlashdan cho‘chishadi.

Shunga qaramay, Helsinki Universiteti ko‘magida PROPA loyihasi buyurtmasi asosida o‘tkazilgan tadqiqoti doirasida o‘tkazilgan so‘rovnoma ishtirokchilarining 43 foizi bosqinni ochiq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

"Agar odamlar halok bo‘lganlar sonini ko‘proq ko‘rib, ularni shaxsan taniganlarida, urushga bo‘lgan munosabat va uning jamiyatning unga nisbatan idroki boshqacha bo‘larmidi? Ha, albatta", deydi jamiyatshunos Viktor Vaxshteyn.

Asl raqamlar

Rossiyaning haqiqiy yo‘qotishlari ochiq manbalar orqali aniqlanganidan ancha ko‘p ekani aniq.

Biz suhbatlashgan harbiy mutaxassislar Rossiyadagi qabristonlar, harbiy yodgorliklar va e’lon qilingan ta’ziyalar asosida qilgan tahlilimiz urushda halok bo‘lganlar haqiqiy sonining 45 foizidan 65 foizigacha qismini qamrab olishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Buning sababi shundaki, so‘nggi oylarda halok bo‘lgan ko‘plab askarlarning jasadlari jang maydonida qolgan bo‘lishi ehtimol.

Dron zarbalari xavfi mavjudligi sabab jasadlarni olib chiqish uchun harbiylar o‘z salomatligini xavf ostiga qo‘yishi kerak,

Yuqoridagi baholarga tayansak, Rossiya armiyasi safida halok bo‘lgan harbiylarining haqiqiy soni 146 194 dan 211 169 nafargacha bo‘lishi mumkin.

Xalqaro maydonda tan olinmagan DXR va LXR yo‘qotishlarini ham qo‘shib hisoblaganda, Rossiya tomonida halok bo‘lganlar umumiy soni 167 194 dan 234 669 nafargacha yetishi mumkin.

Rossiya rasmiylari oxirgi marta umumiy yo‘qotishlar haqida 2022 yil sentyabrida ma’lumot bergan edi. O‘shanda Mudofaa vazirligi 6 mingga yaqin halok bo‘lganlar borligini aytgandi. O‘sha paytning o‘zida bizning ro‘yxatimizdagi halok bo‘lganlar soni vazirlik e’tirofidan ko‘proq edi.

Ukraina o‘z yo‘qotishlari haqida eng so‘nggi marta 2024 yil dekabrida xabar bergan: o‘shanda prezident Vladimir Zelenskiy 43 ming ukrain askari va ofitseri halok bo‘lganini tasdiqlagandi.

G‘arb mutaxassislarining fikricha, bu raqam kamaytirilgan bo‘lishi ehtimol.

Ukraina yo‘qotishlari bo‘yicha ismma-ism ro‘yxatni "Ukraine Losses" nomli anonim sayt yuritib boradi — hozirgi paytda unda 70 400 dan ortiq familiyalar keltirilgan.

Biz bu saytdagi 400 ta tasodiy ismni tekshirib chiqdik va baza ancha ishonchli, degan xulosaga keldik.

Ukraina prezidentining halok bo‘lgan askarlarni vafotidan keyin taqdirlashga oid chiqayotgan farmonlari Rossiyadagi kabi maxfiy emasligi hisobga olinsa, Ukraina tomoni keltirayotgan yo‘qotishlar ro‘yxati Rossiyanikidan to‘laroq bo‘lishi mumkin.