"Tig‘ yordamida psixoterapiya". Nima uchun Rossiyada ko‘proq yosh qizlar plastik jarrohlik qildirmoqda?

Surat manbasi, Диананинг шахсий архиви
- Author, Amaliya Zatari, Anastasiya Platonova
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 13 daq
2024 yilda dunyoda 17 million plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan – bu daqiqasiga 33 ta amaliyot degani. Mashhurlar plastik jarrohlik qildirganini yashirmayapti ham, ijtimoiy tarmoqlardagi qizlar esa plastik jarrohlikdan so‘ng ko‘kargan, gipslangan yuzlari suratlarini e’lon qilmoqda. Rossiyada ham, butun dunyoda ham plastik jarrohlikni tobora ko‘proq yosh qizlar qildirmoqda. Bi-bi-si ularning ba’zilari bilan suhbatlashdi, shuningdek, shifokorlar va psixologdan nima uchun ko‘proq ayollar bunga qaror qilayotgani va bu holat bugungi jamiyat haqida nimani anglatishi to‘g‘risida so‘radi.
"Ular o‘zlariga nimadir qildirgan, men ham qildiraman"
25 yoshli Diana o‘smirligida-yoq tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni orzu qilardi. U Shimoliy Kavkazda tug‘ilib o‘sgan va shu hududga xos qirrador burunlarni yoqtirardi. Ammo o‘zining burni, uning fikricha, keng va yo‘g‘on bo‘lib, "chiroyli emasdi".
Maktab yillarida u o‘zini xunuk o‘rdakcha deb hisoblardi: "Men ichki dunyomga qamalib olgan edim, tashqi ko‘rinishim menga umuman yoqmasdi. To‘g‘risi, ma’lum vaqtgacha o‘zimni o‘g‘il boladek tutardim. Qiz ekanligimni tan olmas, sochimni kalta qilib oldirardim. Odatim shunday g‘alati edi".
O‘rta maktabda sinfdoshlari uning tashqi ko‘rinishini masxara qila boshladi, bu ham uning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazdi. "Ular mana bu qiz sendan chiroyliroq, deb meni boshqalar bilan taqqoslashar edi, – deb eslaydi Diana, – Menga: "Sen eshakka o‘xshaysan, sen erkakshoda qizsan, sen unaqasan-bunaqasan, burning katta" deb masxaralashardi".
Maktab yillari unda "katta komplekslar" paydo qildi: "Meni hech kim urmagan, kamsitmagan, ammo bolalarning og‘zidan vaqti-vaqti bilan chiqadigan ba’zi gaplar meni jarohatlardi. Bolalar shunday, berahm bo‘ladi. Bu mening ishonchimni sindirardi".

Surat manbasi, Диананинг шахсий архиви
Diana 18 yoshidan 21 yoshigacha breketlar yordamida "eshak" deb masxara qilinishiga sabab bo‘lgan tishlarini tuzatdi. Ammo burun tufayli paydo bo‘lgan komplekslar hech yo‘qolmadi, aksincha, yillar o‘tishi bilan uning burni o‘ziga "to‘g‘ri kelmasligi" haqidagi ishonchi yanada mustahkamlandi.
O‘zining aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar ham unda o‘ziga ishonchsizlikni zo‘raytirgan: "Shahrimdagi qizlar mendan ancha chiroyliroq ko‘rinardi va o‘ylardim: ular 100% o‘zlariga nimadir qildirgan, men ham qildiraman. Oxir-oqibat shunday qildim ham".
17 yoshida Diana tug‘ilgan shahridan Moskvaga ko‘chib o‘tdi, universitetni "mehmonxona biznesi" ixtisosligi bo‘yicha tamomladi va poytaxt mehmonxonalaridan birida administrator bo‘lib ishlay boshladi. U har oy plastik jarrohlik qildirish uchun maoshining bir qismini jamg‘arib bordi. Bir yarim yil ichida u kerakli summani – 230 ming rublni to‘pladi.
Maxachqaladagi klinikalardan birida rinoplastika, ya’ni burunni kichraytirish jarrohlik amaliyoti narxi shuncha edi. Diana u yerga plastik jarrohlik uchun 2024 yilda uchib bordi. U Dog‘istondagi klinikani, birinchidan, u yerdagi narxlar Moskvadagidan bir necha barobar arzon bo‘lgani, ikkinchidan, bir nechta tanishlari allaqachon Dog‘istonda plastik jarrohlik qildirib, natijadan mamnun bo‘lib qaytgani uchun tanladi.

Surat manbasi, Диананинг шахсий архиви
"Kavkaz aslida jarrohlikning katta markazi, – deydi Diana. – Bizda juda chiroyli qizlar bor, ular mukammallikka intiladi, [o‘zlarida] yana nimanidir o‘zgartirish, to‘g‘rilash haqida o‘ylaydi".
Diananing so‘zlariga ko‘ra, do‘stlari uni operatsiyadan qaytarishga uringan: "Menga: "Sen hozirgi holingda yaxshisan, hech narsani o‘zgartirishga hojat yo‘q", derdi. Men shu burun bilan yashashga ko‘nikishga harakat qildim. Ammo burun o‘sib boradi, vaqt o‘tishi bilan kattalashadi. Bunga rozi bo‘lolmadim va bir kuni to‘satdan qaror qildim: tamom, hoziroq yozilaman, hoziroq buni qildiraman".
Uning aytishicha, ota-onasi dastlab bu niyatidan bexabar bo‘lgan va unga moliyaviy yordam bermagan – "ular o‘zimni majruh qilishim uchun hech qachon pul bermagan bo‘lishardi".
Onasiga bu haqda operatsiyaga yozilgandan so‘ng aytdi. Onasi qizini bu yo‘ldan qaytarishga behuda urindi. Otasi har qanday jarrohlik aralashuviga qarshi edi, shuning uchun qizining jarrohlik stolida yotgani haqida u operatsiya tugagandan keyin bildi, Diana shunday deydi: "U yaxshi qabul qildi – baribir hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasdi, bo‘lar ish bo‘lgandi".

Surat manbasi, Диананинг шахсий архиви
"Ota-ona mukammal ko‘rinadigan oilada o‘sganman"
18 yoshli Polina Aksenova ham maktabdayoq burnini kichraytirishni orzu qilgan: "Burnim otamnikiga o‘xshardi, biroz kengroq va yuzimga unchalik mos emasdi."
Ammo uning aytishicha, bu istak o‘smirlik komplekslari bilan bog‘liq emas: "O‘zimni juda kompleksli odamman deb ayta olmayman. Shunchaki, ota-onam mukammal ko‘rinadigan oilada ulg‘ayganman. Men ham ularga munosib bo‘lishni istardim. Onam plastik operatsiyalarga juda oddiy qaraydi, o‘zi ham qildirgan, hatto bir necha marta."
Polina rossiyalik teleboshlovchi Dana Borisova va tadbirkor Maksim Aksenovning qizi. 18 yoshida u bir nechta plastik operatsiyalarni qildirdi, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ochiq ma’lum qildi ham.

Surat manbasi, Диананинг шахсий архиви
Polina 17 yoshida rinoplastika bo‘yicha birinchi operatsiyani o‘tkazgan, natija o‘ziga yoqqandi: "Menimcha, yangi burnim menga juda mos". Balog‘at yoshiga yetishiga bir hafta qolganda yana tig‘ga bordi. Bu safar uning ko‘kragi kichraytirildi va xuddi shu narkoz ostida yog‘ning bir qismi qorin zonasidan dumbasiga o‘tkazildi.
Polinaning aytishicha, bu operatsiyani shifokorlar tavsiya qilgan – katta ko‘krak noqulaylik tug‘dirgan va uni jarrohlik aralashuvisiz kichraytirish imkonsiz edi. Amaliyotni o‘n yil oldin onasining ko‘kragini kattalashtirib bergan plastik jarroh amalga oshirgan.
Polina ko‘krakni kichraytirish bilan birga yog‘ ko‘chirtirishga ham o‘zi qaror qilgan: "Narkozga yotish kerak ekan, bir yo‘la ikkala amaliyotni bajartirdim".
"Bunga tibbiy ko‘rsatmalar yo‘q edi, – deb davom etadi u, – Faqat chiroyli qomat, ideal bel istagi sabab edi. Qum soat shaklidek qomat".
Uning aytishicha, onasi bu operatsiyaga qarshi bo‘lgan: "Onam ortiqcha yog‘ni olib tashlashlarini xohlamadi, chunki bunga zarurat yo‘q deb hisoblardi".
Shunga qaramay, ona qizining operatsiyasi uchun o‘zi to‘lagan, to‘lov unga voyaga yetishi munosabati bilan qilingan sovg‘a edi. Polinaning aytishicha, ko‘krakni kichraytirish va yog‘ ko‘chirish 1,2 million rubl (taxminan 13,1 ming yevroga) tushgan.
Dastlab operatsiya 2025 yil sentyabrga belgilangan, ammo Polina uni avgustga ko‘chirishni so‘ragan: "Men onamga: "Qiyin bo‘ladi, sentyabrda ham o‘qishim, ham ishlashim kerak, qanday qilaman? Yaxshisi, ertaroq qilaylik", dedim. Tug‘ilgan kunimni to‘liq shu kompression kostyumda nishonladim – ustimda ko‘ylak, tagida qonli bintlar va shu kabilar edi".

Surat manbasi, Arina Antonova/TASS
Polinaning eslashicha, u hech qachon ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammoga duch kelmagan, ammo ikki yil oldin, 16 yoshida, onasi unga "Ozempik" in’ektsiyasi yordamida birgalikda ozishni taklif qilgan. Bu ikkinchi turdagi diabetni davolash uchun mo‘ljallangan, ammo ozishga ham yordam beradigan preparat bo‘lib, butun dunyoda ommalashgan.
"Avvaliga rad etdim, lekin keyin [onamning] ta’siriga tushib qoldim, bir oycha o‘zimga ukol qildim, – deydi u. – Menimcha, bu juda ahmoqona qaror edi. Bu dori ozish uchun mo‘ljallanmagan, sehrli tabletka yo‘qki, ichsang-u, darhol ozsang. Bu sog‘liqqa jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, umuman takrorlamaslik kerak. Men shunchaki yosh va tajribasiz edim".
Polinaning plastik jarrohlik qildirishiga onasi ham o‘rnak bo‘lgandi: "U 50 yoshida ham ajoyib ko‘rinadi. Plastik operatsiyalardan umuman qo‘rqmaydi. Albatta, bunday o‘rnakni ko‘rgach, sen ham shunday bo‘lasan-da. Ona – hayotimizdagi eng yaqin insonlardan biri".
Polina tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lmaganda plastik operatsiyalarni kattaroq yoshda qilgan yaxshiroq ekanligini tan oladi, lekin o‘ziga kelganda shunday deydi: "Menimcha, buni ertaroq qilib, baxtli yashagan yaxshiroq, o‘zing bilan kurashishdan ko‘ra. Agar ongli bo‘lsang, o‘zingda nimanidir o‘zgartirmoqchi ekaningga ishonching komil bo‘lsa, nima uchun buni qilmaslik kerak?"

Surat manbasi, telegram/poxenovaa
Global tendentsiya
Xalqaro estetik plastik jarrohlik jamiyati (XEPJJ) ma’lumotiga ko‘ra, plastik jarrohlikka qiziqish butun dunyoda, jumladan, yosh qizlar orasida ham ortib bormoqda.
"Yoshlar orasida operatsiyalar soni ko‘payishi tendentsiyasi kuzatilmoqda, – dedi Bi-bi-siga XEPJJ matbuot xizmati. – Bu, shubhasiz, ijtimoiy tarmoqlar ta’siri bilan bog‘liq. Yosh qizlar boshqalarning operatsiya qildirayotganini ko‘rib, ularga taqlid qiladi".
Ilgari mashhurlar odatda har qanday plastik jarrohlikni yashirgan bo‘lsa, hozir tobora ko‘proq mashhurlar buni ochiq gapirmoqda. Ular orasida 27 yoshida TikTok'dagi izohlarida ko‘kragiga qanday o‘lchamdagi silikon implant qo‘ygani haqida gapirgan model va tadbirkor Kayli Jenner, rep ijrochisi Kardi Bi, "Do‘stlar" seriali yulduzi Liza Kudrou, rossiyalik qo‘shiqchi Instasamka, bloger Nadejda Strelets va boshqalar bor.
"Ijtimoiy tarmoqlarda ularga qarab: "Biram chiroyli ekan" deb o‘ylaysan. Ijtimoiy tarmoqlar haqiqatni aks ettirmaydi, shuning uchun men imkon qadar ochiq bo‘lishga harakat qilaman," degan 28 yoshli amerikalik gimnastikachi Simona Baylz People jurnaliga. Sportchi ko‘kragini kattalashtirgan, blefaroplastika (qovoqlarni tuzatish) va quloq solinchagini o‘zgartirgan. Baylz bu haqda ochiq gapirishga qaror qilganini "yosh qizlarga tanlov huquqiga ega ekanliklarini va bunda hech qanday uyatli narsa yo‘qligini ko‘rsatish" istagi bilan izohlagan.

Surat manbasi, Getty Images
Ijtimoiy tarmoqlar tufayli yuz plastik jarrohligi ommalashdi, deydi XEPJJ Bi-bi-siga. 2024 yil yakuniga ko‘ra, dunyodagi eng mashhur plastik operatsiya blefaroplastika bo‘lgan – XEPJJ 2,1 million shunday operatsiyani qayd etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 13,5 foizga ko‘p. 2023 yilda qovoqlar plastikasi bo‘yicha operatsiyalar soni 2022 yilga nisbatan 24 foizga oshgan.
Odatda eng keng tarqalgan operatsiyalar uchligiga liposaksiya va ko‘krakni kattalashtirish kiradi, ammo so‘nggi bir necha yil ichida ularning ommaviyligi pasayib bormoqda. 2023 yilga nisbatan dunyoda liposaksiyalar soni 12,6 foizga, ko‘krakni kattalashtirish bo‘yicha operatsiyalar soni esa 17,5 foizga kamaygan.
XEPJJ Rossiya bo‘yicha ma’lumotlarni 2020 yilgacha o‘z hisobotlariga kiritgan. O‘sha paytda Rossiyada eng mashhur operatsiya blefaroplastika edi. Vaholanki, bu tur operatsiya o‘sha paytda dunyoda faqat uchinchi o‘rinda edi. Yillik plastik operatsiyalar soni bo‘yicha Rossiya to‘qqizinchi o‘rinni egallagan, yetakchi uchlikda AQSh, Braziliya va Germaniya turibdi.
2020 yildan keyin Rossiya bu hisobotlarga kiritilmagan. XEPJJ vakili Bi-bi-siga buning sababini rossiyalik plastik jarrohlar yetarli ma’lumotlarni taqdim etmagani, deb tushuntirdi. Bi-bi-si Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligidan statistik ma’lumotlarni so‘ragan bo‘lsa-da, javob olgani yo‘q.
Plastik jarrohlikka qiziqish global o‘sishi jihatidan Rossiya "mutlaqo trendda" ekanligini ta’kidlaydi plastik jarroh va Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining plastik jarrohlik bo‘yicha maxsus komissiyasi a’zosi Anton Zaxarov.
"Gidmarket" marketing kompaniyasi tahlilchilarining RBK keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyaning plastik jarrohlik bozori 13,5 foizga, bir yil oldin esa 23,5 foizga o‘sgan.
"Biz ijtimoiy tarmoqlar kirib kelgan, plastik jarrohlik ommalashayotgan, odamlarning o‘z tashqi ko‘rinishiga nisbatan talabchanligi o‘sib borayotgan global jarayonning bir qismimiz. Axborot makoni ham bunga faol hissa qo‘shmoqda", deydi Zaxarov.

Surat manbasi, Шахсий архив
Rossiyada ham dunyodagi kabi odamlarning birinchi plastik operatsiyani o‘tkazish yoshi pasayib borayotganini ta’kidlaydi plastik jarroh Sergey Kruglik. U Moskva sog‘liqni saqlash departamentining SAO va SVAO bo‘yicha bosh okrug shtatdan tashqari mutaxassisi va VIP Clinic plastik jarrohlik klinikalari tarmog‘i rahbari.
"Agar bu yoshartiruvchi plastik jarrohlik bo‘lsa, ilgari bizda asosiy yosh guruhi 45-50 yosh edi, – deydi u, – Hozir esa, masalan, blefaroplastikaga 18-19 yoshdagi qizlar murojaat qilayotganini ko‘ryapmiz. Ular ko‘z ostidagi qopchalar yoki boshqa ba’zi jihatlardan norozi bo‘lishlari mumkin."
2023 yil mart oyida VSIOM tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiyada yoshlarning plastik jarrohlikka munosabati ijobiyroq. 18-24 yoshli respondentlarning 18% plastik jarrohlikka ijobiy, 19% salbiy va 63% neytral fikr bildirgan. Boshqa yosh guruhlarida jarrohlik aralashuvlariga munosabat salbiyroq – so‘ralganlarning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, ular plastikaga shunchalik tanqidiy qaragan.
O‘ziga ishonch va tarmoqlarda mashhurlik uchun yaxshi
Jarrohlik amaliyotlari haqida nafaqat mashhurlar, balki oddiy ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham ochiq gapirmoqda. Qizlar plastikadan oldin va keyin o‘zlarini suratga oladi, operatsiyadan keyingi tiklanish jarayonini Instagram va TikTok uchun hujjatlashtirib, shishgan, ko‘kargan holda va gips bilan tushgan suratlarini e’lon qiladi.
Vizajist va bloger Rita Zaxarova 19 yoshida o‘zining birinchi plastik operatsiyasini o‘tkazdi – Yonoqlaridagi yog‘ to‘qimalarini oldirib tashladi. Uning bu haqdagi videosi TikTok'da 9 milliondan ortiq ko‘rilgan.

Surat manbasi, TikTok/rzaharova
Hozir Rita 24 yoshda, hozirgacha u yana bir nechta plastik operatsiyalarga jur’at etdi – ko‘kragiga implantlar qo‘ydirdi, lipofiling qildirdi, ya’ni tananing alohida qismlaridan dumbaga yog‘ ko‘chirdi.
Rita ko‘krakni kattalashtirish operatsiyasiga kutilmaganda yozilganini eslaydi: "Biz dugonam bilan Dubayda edik, qarasam: "Voy, ko‘kraging paydo bo‘lib qolibdimi! Qayerdan?! Ilgari yo‘q edi-ku!" deb yubordim unga. U plastik operatsiya qildirganini aytib, menga jarrohning kontaktlarini berdi. Vinodan biroz mast edim, tezroq qaror qilvordim, darhol hojatxonaga borib, suratlar oldim, ularni klinikaga jo‘natdim va bir haftadan so‘ng ikki farishtaning onasi bo‘ldim."
Shundan so‘ng uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi keskin oshdi: "Ko‘kragimni kattalashtirgach, o‘zimni yanada kuchliroq his qila boshladim". Rita bu operatsiya unga 5,5 ming yevroga (hozirgi kurs bo‘yicha deyarli 500 ming rubl) tushganini aytadi va uni "eng yaxshi sarmoya" deb ataydi. Lipofiling uchun u taxminan 600 ming rubl (6,6 ming yevro), yonoq yog‘ to‘qimalarini olib tashlash uchun taxminan 20 ming rubl (220 yevro) to‘lagan.
U barcha operatsiyalari haqida obunachilariga ochiq gapirib berdi: "Odamlarga bu qiziq va ular ham shu asosda o‘zlarining ijobiy va salbiy tomonlarini o‘lchaydi. Buni ko‘rsatish kerak deb o‘ylayman. Bu odamlarni xabardor qilish uchun ham, bloger uchun esa auditoriyaning yanada sodiqligi va mashhurlikni oshirish uchun kerak. Bu haqiqatan qiziqarli."

Surat manbasi, instagram/rzaharova
Uning aytishicha, ba’zida u obunachilariga o‘z plastik jarrohini tavsiya qilgan. "Lekin har kimning o‘z tanlovi bor, – deydi u. – Plastikani o‘zimni o‘zgartirish imkoniyati deb bilaman. Yaxshi klinikada va yaxshi shifokorda qildirilsa, nega bunday qilmaslik kerak?"
Ijtimoiy tarmoqlar ta’siri va "boy berilgan imkoniyat sindromi"
So‘nggi bir necha o‘n yilda plastik jarrohlik sohasi sezilarli o‘zgardi, deydi Zaxarov: texnologik taraqqiyot tufayli ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshdi, ijtimoiy tarmoqlar esa ilgari asosan mashhurlar foydalangan sohani keng aholi orasida ommalashtirishga yordam berdi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar salbiy ta’sir ham ko‘rsatdi. Kruglik fotosuratlarni tahrirlovchi filtrlar va maxsus ilovalarni "muammoli tendentsiya" deb ataydi: "Ekranda doim o‘zgartirilgan fotosuratlarni ko‘rasiz, ko‘zguda esa butunlay boshqa narsani, bu hol jarrohlik amaliyoti uchun katta turtki bo‘ladi."
"Ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarni kuzatish boy berilgan imkoniyat sindromini keltirib chiqaradi, bu tashqi ko‘rinishga ham ta’sir qiladi, – deydi Zaxarov. – Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda boshqalar juda chiroyli ko‘rinishini kuzatib, o‘zining holatidan qoniqmay qoladi. Shu sababli ular o‘z tashqi ko‘rinishlariga ko‘proq e’tibor berishga, plastik jarrohlik xizmatlaridan foydalanishga qiziqib qoladi."

Surat manbasi, Шахсий архив
Plastik jarrohlikka qiziqish ortishi ijtimoiy tarmoqlarda bunday xizmatlar reklamasi ko‘payishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida ko‘plab vijdonsiz mutaxassislarga qo‘l keldi, deydi Zaxarov: "Plastik jarrohlarning daromadi ishbay. Ba’zi shifokorlar zarurat bo‘lmasa ham o‘z xizmatlarini ortiqcha tavsiya qiladi."
O‘zidan asossiz norozi bo‘lganlar
Plastik jarrohlik insonning ijtimoiy moslashuvi va hayot sifatini yaxshilashi mumkin, deb ishonadi Zaxarov. Ammo ijtimoiy tarmoqlar voqelikka to‘g‘ri kelmaydigan umidlarni uyg‘otadi: "Odam plastik jarrohlik xizmatlaridan foydalansa-yu, kutgan natijasini olmasa, norozi bo‘lib qoladi, ana shu – muammo."
Uning aytishicha, uning oldiga plastik jarrohlikka zarurat bo‘lmagan bemorlar ko‘p keladi: "Men o‘z amaliyotimda ularga rad javobini beraman. Har qanday plastik jarroh qabulda ma’lum bir ishni bajarishi kerak – nafaqat tibbiy ko‘rsatmalarni baholashi, balki bemorni operatsiyaga nima undaganini, uning motivatsiyasi va umidlarini tushunishi lozim. Bu bizning ishimiz, o‘ziga ishonchni oshirish, umumiy kayfiyatni yaxshilash bizning vazifamiz. Bu skalpel yordamidagi psixoterapiyadir."
Kruglik qo‘shimcha qilishicha, plastik jarrohning vazifalaridan biri – bemorda dismorfofobiya belgilari mavjudligini baholashdir. Bu psixologik buzilish bo‘lib, odam o‘zining tashqi ko‘rinishidan va undagi kichik nuqsonlardan asossiz norozi bo‘laveradi. Ularni tuzatish istagi zo‘rayib, alaloqibat kosmetolog yoki plastik jarrohga murojaat qiladi.
Rossiyalik psixiatr, tibbiyot fanlari nomzodi Oksana Palatinaning 2021 yildagi tadqiqotiga ko‘ra, estetik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bemorlarning 17,2 foizida dismorfofobiya tashxisi qo‘yilgan, ularning barchasi 30 yosh atrofidagi yosh ayollar ekani aniqlangan. "Kuzatuvlarning 70 foizida dismorfofobiya buzilishlari balog‘at yoshidanoq boshlangan", deyiladi ishda.
"Bunday bemorni hech bir plastik amaliyot natijasi qoniqtirolmaydi. Jarroh yomon natija ko‘rsatgani uchun emas, balki bunday bemorlarni rozi qilish deyarli imkonsiz bo‘lgani uchun", deydi Kruglik.

Surat manbasi, YouTube/vipclinic_msk
Shifokorlarning jarrohlik amaliyotidan qaytarishga urinishining yana bir sababi – bemorning juda yoshligi, deya davom etadi Kruglik.
"Kecha 15 yoshli qizcha onasi bilan rinoplastikaga murojaat qildi. Unda hali burun skleti shakllanib bo‘lmagan, yana o‘sadi, uni bu yo‘ldan qaytarmoqchi edim. Rinoplastikadan so‘ng burun va yuz o‘sishda davom etadi va bir necha yildan keyin uyg‘unlik yana yo‘qoladi, – deydi jarroh. – Lekin bu qizni ko‘ndirishning iloji bo‘lmadi, u keyingi haftaga operatsiyaga yozildi. Uning burni haqida tushunchasi juda g‘alati, u barcha fotosuratlarda burnini yashiradi. Onasi shunday deydi: "Men buni uddalay olmayman. Biz psixolog bilan ishlayapmiz, dori ichyapmiz, bari behuda, plastik jarrohlik biz uchun yagona yechim."
Bu yoshda qilish mumkin bo‘lgan operatsiyalar doirasi juda tor, deydi Zaxarov: "Barcha qarishni kechiktirish operatsiyalari istisno qilinadi, uyg‘unlashtiruvchi operatsiyalardan faqat kichik bir qismi qoladi. Tana bo‘yicha operatsiyalar ko‘pincha yoshlikda umuman kerak bo‘lmaydi. Liposaksiya qilishning ma’nosi yo‘q, undan ko‘ra ozish osonroq. 18 yoshda ko‘krakni kattalashtirishni har qanday munosib jarroh rad etadi. Bundan hech qanday foyda yo‘q, chunki ko‘krak bezi hali yana o‘sishi mumkin."
Plastik jarrohlikni odatiylashtirish
Instagram va boshqa vizual ijtimoiy tarmoqlar filtrlar va turli effektlar orqali go‘zallik standartlarini belgilamoqda, bu esa me’yor haqidagi tasavvurlarni buzadi, odamlarda go‘zallik mezonini oshirib qo‘yadi, deydi psixolog Sabina Narimbaeva.
Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarda plastik klinikalar plastik operatsiyadan oldingi va keyingi bemorlar fotosuratlari bilan reklama qilinishi, shuningdek, blogerlarning o‘z jarrohlik amaliyotlari haqidagi videolari odamlarda bunday xizmatlar xavfsiz va qulay degan tasavvur uyg‘otadi:

Surat manbasi, Шахсий архив
"Bunday kontent iste’molchining xavotirini kamaytiradi, unchalik qo‘rqinchli emas ekan, shunday ajoyib natija uchun chidasa bo‘ladi, degan tasavvur paydo bo‘lishi mumkin."
Yaqindagina o‘z tanasini qabul qilish va o‘zini sevish g‘oyasini targ‘ib qilish urf bo‘lgandi, "Ozempik"ning paydo bo‘lishi va plastik jarrohlik ommalashuvi fonida vaziyat chappasiga ketdi, deydi Narimbaeva: "Hozir hamma boshqa tomonga ketmoqda – o‘zingizga e’tibor berishingiz kerakligi, tashqi ko‘rinishingiz uchun mas’ul ekanligingiz va tashqi ko‘rinishingiz sizni shaxs sifatida ko‘rsatishi."
Bu jamiyatda jarrohlik amaliyotlarini odatiylashtiradi: "[Qizlarga shunday uqtiriladi] o‘zingni o‘zgartirishing mumkin, tanangning egasi o‘zingsan, tashqi qiyofangni istaganingcha boshqarishing mumkin."
"Ayollarning tashqi ko‘rinishi ularning maoshiga va jamiyatda qabul qilinishiga ta’sir qilishi haqida tadqiqotlar bor, – deya davom etadi psixolog. – Patriarxal jamiyat sendan go‘zallikning norealistik standartlarini saqlab turishni, bu standartlarga amal qilish uchun barcha resurslaringni – pul, jismoniy va moddiy resurslaringni sarflashni talab qiladi."
Dunyo siyosiy sahnasida "o‘ngga burilish" va umuman siyosiy beqarorlik manzarasida yosh qizlar orasida plastik jarrohlikka bo‘lgan talab ortib bormoqda, deydi Narimbaeva: "Jamiyat qanchalik kam patriarxal bo‘lsa, ayollar go‘zallik standartlariga shunchalik kam qaram bo‘ladi. Urush va beqarorlik sharoiti bizni an’anaviy rollarda qandaydir barqarorlikni topishga undaydi. Patriarxal madaniyatning bu afsonasini qaror toptirish uchun, ya’ni erkak uyda xo‘jayin va qaror qabul qiluvchi, xotin esa go‘zal bo‘lishi shart, degan tushunchani saqlab qolish uchun ayollar go‘zal bo‘lishga majbur."
Plastik jarrohlik ommalashuvi go‘zallikni tijoriylashtirish va standartlashtirishga olib keladi, deydi psixolog: "Qo‘li kalta qishloqdagi qiz go‘zallik men uchun emas, deb o‘ylashi mumkin. Bu uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini butunlay sindirishi mumkin."

Surat manbasi, Шахсий архив
"Plastika – sehr emas"
Diana ijtimoiy tarmoqlar uning o‘zini idrok etishiga ta’sir qilganini tan oladi: "Ko‘zguda bir narsani ko‘raman. Instagram'da boshqa narsani. Hatto rasm norealistik bo‘lsa ham, unda ko‘p fotoshop ishlatilgan yoki sun’iy intellekt bo‘lsa ham. Miyam baribir: "U sendan yaxshiroq, hamma narsa sendan yaxshiroq" deb o‘ylayveradi."
"Ba’zi operatsiyalar, kosmetologiya tufayli go‘zallikning o‘zi qadrsizlangandek tuyuladi, – deb mulohaza qiladi Diana. – Tabiiy go‘zallik endi qadrlanmayapti, shunchaki chiroyli qizlar qadrlanmoqda."
U rinoplastikadan keyin "baxtliroq va o‘ziga ishongan" odam bo‘laman deb o‘ylagan edi: "Ammo hech narsa o‘zgarmadi. O‘zimni avvalgidek his qilyapman. Shunchaki ko‘zgudagi aksim meni ko‘proq qoniqtiradi. Plastika – sehr emas, buning natijasi bo‘lishi uchun o‘z ustingda, o‘z-o‘zingni baholashing ustida ishlashing kerak."
Diananing aytishicha, u qilingan rinoplastikadan afsuslanmaydi. Ammo operatsiyadan bir yil o‘tgach, unda suyak qadog‘i paydo bo‘ldi, ya’ni burun qansharida kichik qattiqlanish yuzaga keldi va Bi-bi-si bilan suhbatdan ko‘p o‘tmay, u qayta operatsiya qilish uchun Maxachqal’aga uchib ketdi.

Surat manbasi, Шахсий архив
"Rinoplastika mening hayotimga mutlaqo ta’sir qilmadi, – deydi u. – Ehtimol, boshqacha umid qilgandirman. Men qirolicha bo‘laman, millionerlar yonimga keladi, deb o‘ylagandim. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Sen qanday bo‘lsang, shundayligingcha qolasan. Shunchaki boshqa burun bilan."
Hozir u hech qanday plastik operatsiyani rejalashtirmayapti, lekin kelajakda liposkulptura qilishi ehtimolini istisno etmaydi: "Tana shaklimni o‘sha idealdagidek, Instagram'da doimiy ko‘rinib turadigan qum soati shakliga o‘zgartirish uchun."
"Ammo bu qanchalik og‘ir operatsiya ekanini tushunaman. Qizlarda oqibatlar qanday bo‘lishini, qanday azob chekishlarini ko‘rdim. Bu operatsiyadan keyin ularning ko‘rinishi xuddi tramvay bosib ketganga o‘xshaydi. Shuning uchun bunday plastikani keyinroqqa qoldirsam kerak. Yaxshisi, sport zaliga bir yil, uch yil, besh yil qatnayman, eng yuqori cho‘qqimga chiqaman va keyin, agar natija yoqmasa, ana o‘shanda toza vijdon bilan deyman: "Bo‘ldi, bu bilan hech narsa qila olmas ekanman. Faqat jarrohlik yordam beradi."





























