Giyohvandlik va OITS uyatidan din meni qanday qutqardi?

    • Author, Lebo Diseko
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 5 daq

"Men hayotimning 20 yilga yaqinini og‘riqlarimni yengillashtirish va ulardan qochish uchun giyohvand modda iste’mol qilib, ichkilikka berilib, shahvoniy munosabatlar bilan o‘tkazdim."

Qarshimda o‘tirgan, go‘dakdek yuzli bu yosh yigitning shunday bir botqoqqa tushib qolganini tasavvur etish qiyin edi. Hozirda 36 yoshli Hemish Nuh e’tiqodi va o‘tmishdagi sinovlaridan ruhlangan holda boshqalarga yomon odatlarni yengishga yordam bermoqda. Ammo bu yo‘l oson kechmagan. Uning bolalikda boshidan kechirgan voqealari o‘z asoratlarini qoldirgan.

Uning bolaligi oddiy bolalarnikidek o‘tmagan. 10 yoshigacha u Osiyo, Afrika va Yevropada joylashgan yetti mamlakatda yashagan. O‘zining aytishicha, u umri davomida og‘ir stress va murakkab ruhiy jarohatlar bilan yashab kelgan va bularning hammasi dramatik bir voqea bilan boshlangan.

Atigi 11 yoshida u Nayrobiga uchayotgan samolyotdagi fojea natijasida naq 3000 metrdan qulagan uchoqda tirik qolgan. O‘shanda bir telba yo‘lovchi uchoq boshqaruvini o‘z qo‘liga olishga uringan edi. Bu voqeadan so‘ng uning hayoti butunlay o‘zgargan.

O‘smirlikdan boshlab, 30 yoshlarigacha Hemishning fe’l-atvori tobora o‘zini yo‘qotishga olib bordi.

"Men ilgari hech qachon tegmayman deb o‘ylagan og‘ir giyohvand moddalar, masalan, kristall metamfetaminni ishlata boshladim. Hafta orasida, ish paytida ham foydalanardim", deydi Hemish.

2020 yil yanvarida, o‘zini xastaligini his qila boshlaganida, avvaliga ko‘krak infektsiyasi, keyin esa boshqa yengil kasalliklar kuzatildi. U buni avval turmush tarzi va uyqusizlik bilan bog‘ladi. Ammo Yangi yil kechasidagi og‘ir holat va ko‘zida paydo bo‘lgan infektsiya uni shifokorga borishga majbur qildi. Klinikada unga OIV infektsiyasining og‘ir bosqichi – OITS tashxisi qo‘yildi.

"Bu men uchun ulkan zarba bo‘ldi. Men avval giyohvandlik va yomon odatlarga bandiligimni tan olmasdim. Hatto tahlil natijasi chiqqanida ham ishonmasdim – 'bu haqiqat bo‘lishi mumkin emas', derdim."

Biroq ushbu tashxis uning hayotida yangi sahifa ochdi. Hemish Alcoholics Anonymous, Narcotics Anonymous va Sex Addicts Anonymous kabi 12 bosqichli dastur asosida faoliyat yurituvchi guruhlarga qo‘shilib, o‘z odatlaridan qutulish yo‘lini izladi.

Bu bandilikdan xalos bo‘lishning maxsus tuzilgan usuli bo‘lib, ruhiy qadriyatlar, jamoaviy qo‘llab-quvvatlov va shaxsiy mas’uliyatga asoslanadi.

Shu bilan birga, u telefon orqali dunyoviy meditatsiya ilovasidan foydalanib, muntazam meditatsiyani boshladi.

Soyadagi muammolar

Terapiya va 12 bosqichli guruhlar foydali bo‘lganiga qaramay, Hemish bir necha bor yana bandilik girdobiga tushib qoldi.

Uning ta’kidlashicha, giyohvand moddalar va spirtli ichimliklardan foydalanishi "o‘zini o‘zi jarohatlashning bir ko‘rinishi" bo‘lib, bolalikda yig‘ilib qolgan jarohatlarini yashirish urinishi edi.

"Men o‘zimni biseksual ekanimni 30 yoshga yetgunimga qadar qabul qilmadim, garchi buni bolaligimdanoq bilib yurgan bo‘lsam ham", deydi u.

"Agar bunday masalalarga yuzma-yuz kelmasangiz, ular soyada qoladi. Ular oyog‘ingizdagi tushovdek bo‘lib turadi, toki o‘zingiz ularni nurga chiqarmaguncha", deydi Hemish.

Tashxis qo‘yilganidan bir yil o‘tib, uning do‘sti London Budda Markaziga borishga taklif qildi – bu uning hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi.

Somalilik musulmon ona va shotland nasroniy otaning farzandi bo‘lgan Hemish shungacha dindan uzoq edi.

"Budda amaliyoti, asosan meditatsiya, menga ichki mulohazalarimni, qalbim va xayolimda aylanib yurgan barcha xayollarni yaxshiroq tushunishga yordam berdi", deydi u.

"O‘zim bilan sukutda ko‘proq vaqt o‘tkazganim sayin, o‘zimni yaxshiroq angladim va meni orqaga tortayotgan tomonlarimni ko‘ra boshladim. Ular bilan tanishdim, ularni yaxshiroq tushundim va, oxir-oqibat, ular bilan do‘stlashdim."

U "kechirish va qabul qilish madaniyati"ni his qildi – bu unga uyat va aybdorlik tuyg‘ularini yengishda katta yordam berdi. "O‘zni qabul qilish va o‘zga mehribonlik bilan qarash falsafasi mening hayotimni o‘zgartirdi", deydi u.

Hemish hozirda ikki nafar Budda ustozi – Vankuver Budda Markazi rahbari Vimalasara va Milliy sog‘liq xizmatining giyohvandlik bo‘yicha sobiq psixiatri doktor Paramabandxu Grovs ishlab chiqgan tiklanish usuli bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan.

Bu usul uchta asosiy tamoyilga tayanadi:

Miyangizdagi o‘ylardan xabardor bo‘lish – bu hayotdagi voqealarga munosib javob berish qobiliyatini oshiradi.

Qahr, g‘am-anduh yoki xursandlik paytlarida tashqi vositalarga suyanmasdan, o‘z his-tuyg‘ularingizga tayanish.

Ayni damda yaxshiroq tanlov qilish va shunday qilishni boshqalarga ham o‘rgatish.

"Agar siz shu narsalarni uddalay olsangiz, – deydi Hemish, – narkotik yoki spirtli ichimlikka qo‘l uzatishga zarurat qolmaydi, sog‘lomroq va foydali yo‘lni tanlashni o‘rganasiz."

Dunyoviy yoki ruhoniy yechimlar?

Yomon odatlarga bandilik hayot uchun xavfli ekani shubhasiz. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yili 2,6 million odam spirtli ichimliklar sababli vafot etgan – bu dunyo bo‘yicha barcha o‘lim holatlarining deyarli 5%ini tashkil etadi. Psixoaktiv moddalar esa global miqyosda qariyb 600 ming o‘limga sabab bo‘lgan.

Umumiy barchaga mos keladigan yagona yechim yo‘q, ba’zi odamlar uchun Kognitiv-xulqiy terapiyaga (KXT) asoslangan SMART tiklanish dasturi kabi dunyoviy usullar juda samarali bo‘ladi.

Dunyo miqyosida bandilikka qarshi eng mashhur usullardan biri – 12 bosqichli guruhlardir. 1935 yilda tashkil etilgan Alcoholics Anonymous (AA) birinchi shunday dastur bo‘lgan, ammo hozirda turli xil bandilik shakllari bo‘yicha ko‘plab guruhlar mavjud.

AA adabiyotida "a’zolik uchun hech qanday diniy yoki ruhiy talab yo‘q" deb ta’kidlangan bo‘lsa-da, 12 bosqichli dasturning asosiy qismlaridan biri – "o‘zimizdan kattaroq bir kuch aql-idrokimizni tiklashi mumkin" degan ishonchdir.

Ayni mana shu – insondan tashqaridagi kuchga suyanish 12 bosqichli dasturni ruhoniy asosga ega deb hisoblashga asos bo‘ladi.

Doktor Piter Hillen Edinburg Neypir universitetida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat sohalarida bandilik va ruhiyat bo‘yicha dars beradi.

U qaramlikni muvaffaqiyatli yenggan odamlar hayotida uchraydigan to‘rtta asosiy unsurni sanab o‘tadi:

Birinchisi – mushtarak ishonch va maqsadlarga ega bo‘lgan jamoaning bir qismi bo‘lish.

"Ba’zi odamlar uchun bu – 12 bosqichli hamjamiyat. Yoki dunyoviy tiklanish guruhi bo‘lishi mumkin, yoki cherkov, meditatsiya markazi yoxud masjid bo‘lishi mumkin. Jamoada ishtirok etish, qo‘llab-quvvatlovchi odamlarga ega bo‘lish juda muhim," deydi doktor Hillen.

Ikkinchi asosiy unsur – "tiklanishni saqlab turish uchun kundalik marosimlar yaratish". Bu sport zaliga borish yoki har kuni meditatsiya qilish bo‘lishi mumkin.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Keyingisi, doktor Hillen ta’kidlaganidek, "ma’no qurish, ya’ni boshdan kechirganlaringizni tushunib olish va yangi hayot tarzi uchun asos yaratish".

Uning fikricha, din bunda ayniqsa samarali, chunki u "dunyoni anglashda yangi qarashlar berishga yordam beradigan tushunchalar taklif qiladi".

Oxirgi unsur – "o‘zingizda yangi shaxsiyat hissini shakllantirish, yangi 'men'ni topish".

Garchi bunday natijaga dunyoviy yondashuv orqali ham yetish mumkin bo‘lsa-da, din va ruhoniyat ko‘pchilik uchun foydali bo‘ladigan asosiy tushuncha va ramkalarni beradi.

Hemish aytishicha, buddaviylik unga hayotni boricha qabul qilgan holda, yangi maqsad va yangi shaxsiyat topishga yordam bergan.

OIV tashxisi qo‘yilganida u bu haqda jamoat oldida gapirmagan. Bugun esa, ushbu kasallik bilan yashovchi insonlar huquqini himoya qilish borasidagi faoliyati tufayli, Britaniya bosh vaziri bilan Dauning-stritda uchrashdi.

"Buddaviylikdagi eng go‘zal jihatlardan biri – o‘zingning eng yaxshi versiyangga aylanish harakati, o‘zingga shunday savol berish: 'Hozir mening o‘zim va atrofimdagilar uchun eng yaxshi qilishim mumkin bo‘lgan ish shumi?'"

Hemish tan oladi: "Men hayotimning katta qismda bu savolni o‘zimga bermaganman va bu juda ko‘p muammolar keltirgan. Hozir esa shu savolni beraman va bu yaxshi samara beryapti."

Bandilik bilan kurashayotgan har qanday insonga Hemishning maslahati:

"Kim bilandir gaplashing va ochiq bo‘ling. O‘zingizga va o‘zingiz ishongan insonga samimiy bo‘ling."