Putinni qanday to‘xtatish mumkin yo bu endi imkonsizmi?

Vladimir Putin

Surat manbasi, EPA

    • Author, James Landale
    • Role, BBC muxbiri
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Vladimir Putin ba’zilar nazarida shafqatsiz avtokrat, xalqaro maydonda mohir manipulyator sifatida tanilgan bo‘lishi mumkin. Biroq, Rossiya prezidentida yo‘q narsa – poker yuzi.

AQSh senatori Jon Makkeyn hazillashib Putinning ko‘zlariga qaraganimda uchta narsani ko‘rganman: "K, G va B" degan edi. Bu uning sobiq sovet josusi sifatidagi o‘tmishiga ishora edi.

Kremlda Amerika vakillari qarshisida o‘tirgan Rossiya rahbarining tasvirlarini kuzatar ekanman, shu haqda o‘yladim. U o‘z his-tuyg‘ularini yashira olmasdi, uning qiyofasida o‘ziga nisbatan yuksak ishonch sezilib turardi.

Prezident Putin diplomatik vaziyat o‘z foydasiga o‘zgarganini, Amerika bilan munosabatlar yaxshilanganini va jang maydonida g‘alaba qozonilganini his qilmoqda.

Ba’zi tahlilchilar Putinning o‘z talablaridan voz kechishi uchun sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda: Ukraina hali ham nazorat qilayotgan Donetskning so‘nggi 20 foizidan voz kechishi; bosib olingan barcha hududlar Rossiya mulki sifatida xalqaro miqyosda tan olinishi; Ukraina armiyasining yetarlicha zaiflanguncha qisqartirilishi; NATOga a’zolikning abadiy bekor qilinishi.

Hozirgi vaziyatda bir nechta ehtimoliy stsenariylar mavjud. Birinchisi, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainani maqbul bo‘lmagan shartlar asosida o‘t ochishni to‘xtatishga majburlashi mumkin. Bu esa hududni boy berish va kelajakda Rossiya tajovuzini to‘xtatish uchun yetarli xavfsizlik kafolatiga ega bo‘lmaslikni anglatadi.

Agar Ukraina rozi bo‘lmasa yoki Rossiya veto qo‘ysa, Prezident Tramp urushdan chetlashishi mumkinligiga ishora qildi; hafta boshida u "ba’zida odamlarga kurashish uchun imkon berish kerak" dedi.

Trampning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya bilan aloqalarni tiklash haqida gap ketadi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Trampning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya bilan aloqalarni tiklash haqida gap ketadi.

Tramp ma’muriyatining yangi milliy xavfsizlik strategiyasi AQShni Rossiya bilan "strategik barqarorlikni tiklashga" undaydi.

U Rossiya dronlarini aniqlash va Rossiya energetika ob’ektlarini nishonga olish uchun zarur bo‘lgan muhim AQSh razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga berishni to‘xtatishi ham mumkin.

Yana bir taxminga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari sharqda sekin ilgarilab boradi, urush cho‘ziladi.

Tramp ma’muriyatining yangi milliy xavfsizlik strategiyasi Rossiya endi AQSh uchun "hayotiy tahdid" emasligini nazarda tutadi va AQShni Rossiya bilan "strategik barqarorlikni qayta o‘rnatishga" chaqiradi.

Xo‘sh, Amerikaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi jiddiy savol ostida bo‘lsa, Putinning fikrini nima o‘zgartirishi mumkin? Ukraina, Yevropa va hatto Xitoy boshqacha nima qilishi mumkin?

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yevropa ko‘proq yordam bera oladimi?

Agar AQSh ko‘proq harbiy yordam ko‘rsatmasa, Yevropaning o‘zi ko‘proq harakat qila oladimi?

Hozirda qit’a o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorlanmoqda. "Istovchilar koalitsiyasi" bayrog‘i ostida Yevropa Ukrainaga kelajakdagi Rossiya bosqinini to‘xtatishga yordam beradigan xalqaro harbiy kuchni, shuningdek, urushdan vayron bo‘lgan mamlakatni tiklashga yordam beradigan moliyaviy ko‘makni tayyorlamoqda.

Ammo ba’zi rasmiylar Yevropa urush davom etishiga tayyorlanishi kerakligini aytmoqda. Ular Ukrainaga nafaqat "bugungi jangda g‘alaba qozonish" uchun ko‘proq dronlar va mablag‘ bilan yordam bermoqchi, balki uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlov va Rossiya bilan 15-20 yillik urushga tayyorgarlik ko‘rmoqchi.

Shuningdek, Yevropa Ukraina osmonini dron va raketalardan himoya qilishda ko‘proq yordam ko‘rsatishi mumkin. Yevropa havo mudofaasiga Ukraina g‘arbini himoya qilish imkonini berish uchun kengaytirilishi mumkin bo‘lgan «Yevropa osmon qalqoni tashabbusi» rejasi allaqachon mavjud.

Agar AQSh ko‘proq harbiy yordam ko‘rsatmasa, Yevropaning o‘zi ko‘proq harakat qila oladimi?

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Agar AQSh ko‘proq harbiy yordam ko‘rsatmasa, Yevropaning o‘zi ko‘proq harakat qila oladimi?

Boshqalar fikricha, Yevropa qo‘shinlari Ukraina g‘arbiga chegaralarni qo‘riqlashda yordam berish uchun joylashtirilishi mumkin, bu esa ukrainalik askarlarni front chizig‘iga ko‘chirishga imkoniyat yaratadi. Bunday takliflarning aksariyati Rossiyani g‘azablantirishi yoki mojaroni kuchaytirishidan qo‘rqib rad etilgan.

«Chatham House» tahlil markazining Rossiya va Yevroosiyo dasturi bo‘yicha katta maslahatchisi Keyr Jaylsning aytishicha, bu qo‘rquvlar "asossiz", chunki G‘arb qo‘shinlari allaqachon hududda mavjud va «Osmon qalqoni» Ukraina g‘arbida joylashtirilsa, Rossiya samolyotlari bilan to‘qnashuv ehtimoli oz.

Uning fikricha, Yevropa yetakchilari "mojaroga haqiqatan ham o‘zgarish kiritadigan tarzda aralashishlari" kerak edi.

Janob Jayls shunday dedi: "Rossiyaning tajovuzkorligini so‘zsiz, shubhasiz to‘xtatadigan yagona narsa – Rossiya hujum qilmoqchi bo‘lgan joyda yetarlicha g‘arbiy kuchlarning mavjudligi va ularning mudofaa uchun ishlatilishiga bo‘lgan qat’iyat va iroda".

Bu strategiya, albatta, katta siyosiy qiyinchiliklar bilan kechadi – G‘arbiy Yevropadagi ba’zi saylovchilar Rossiya bilan to‘qnashuvni istamaydi.

Biroq, kamdan-kam tahlilchilar Ukrainaning vaziyatni o‘zgartirib, haqiqiy yutuqlarga erishishiga ishonadi.

Yaqinda Ukrainada bir necha hafta bo‘lganimda, hech qanday bahorgi hujum haqida eshitmadim, faqat Rossiyaning ilgarilab borishini sekinlashtirish va uning yo‘qotishlarini oshirish zarurligi haqida eshitdim.

Ba’zi G‘arb diplomatlari Rossiya generallari Rossiya prezidentiga yolg‘on gapirayotganini, mamlakatdagi vaziyatni aslidan yaxshiroq ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Ular buni Rossiyaning yutuqlarini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun atay ishlab chiqilgan strategiya deb bilishadi, shu orqali ular Ukraina orqada qolayotganini va shu tariqa tinchlik uchun muzokaraga kirishishi kerakligini ko‘rsatmoqchi.

Ukrainian soldiers
Reuters
Ular Rossiyaga nima qilganini bir o‘ylab ko‘ring. Bir qo‘llari bog‘liq holda jang qilishlariga qaramay, shuncha vaqt davomida bardosh berishlari ajablanarli.
Fiona Hill
Brookings Instituti tadqiqotchisi (bbc.com/uzbek)

Tomas Gremning Foreign Affairs nashrida yozishicha, bu yil Rossiya 200 mingdan ortiq o‘lim va yarador evaziga Ukraina hududining atigi 1 foizini qo‘lga kiritgan.

"Ajablanarli tomoni shundaki, ular [Ukraina] shuncha vaqt davomida, bir qo‘li bog‘liq jang qilishlariga qaramay, bardosh berib kelmoqda," deydi Fiona Xill.

Brukings institutining AQSh va Yevropa markazi katta ilmiy xodimi, Trampning birinchi muddatida milliy xavfsizlik kengashida ishlagan Fiona Xillning ta’kidlashicha, Putinning eng katta ustunligi shundaki, ko‘pchilik Ukraina mag‘lub bo‘lmoqda deb o‘ylaydi.

"Hozirda Yevropadagi eng qudratli armiyaga ega bo‘lgan Ukrainani hamma mag‘lub sifatida tilga olmoqda," deydi u.

"Ular Rossiyaga nima qilganini bir o‘ylab ko‘ring. Bir qo‘llari bog‘liq holda jang qilishlariga qaramay, shuncha vaqt davomida bardosh berishlari ajablanarli."

Savdo, sanksiyalar va Rossiya iqtisodiyoti

So‘ng sanksiyalar masalasi bor. Shubhasiz, Rossiya iqtisodiyoti zarar ko‘rmoqda. Inflyatsiya 8 foiz, foiz stavkalari 16 foiz, iqtisodiy o‘sish sekinlashgan, byudjet taqchilligi keskin oshgan, real daromadlar pasaygan, iste’mol soliqlari ko‘tarilgan.

«Tinchlik va mojarolarni hal qilish bo‘yicha dalillar platformasi» hisobotida aytilishicha, Rossiyaning urush iqtisodiyoti uchun vaqt tugab bormoqda. "Rossiya iqtisodiyoti 2022 yil boshidagiga qaraganda urushni moliyalashtirishga ancha kamroq qodir," deydi mualliflar.

Biroq, hozircha bularning hech biri Kremlning fikrlash tarzini o‘zgartirmadi, ayniqsa, shirkatlar neftni ro‘yxatdan o‘tmagan "arvoh" kemalarda tashish kabi sanksiyalardan qochish yo‘llarini topgani tufayli.

Foreign Affairs markaziga ko‘ra, Rossiya bu yil Ukrainaning atigi 1% yerini egallay oldi, ammo o‘zining 200 ming askari yo o‘ldi, yo jarohat oldi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Foreign Affairs markaziga ko‘ra, Rossiya bu yil Ukrainaning atigi 1% yerini egallay oldi, ammo o‘zining 200 ming askari yo o‘ldi, yo jarohat oldi.

Qirollik birlashgan xizmatlar institutining (Rusi) Moliya va xavfsizlik markazi direktori Tom Kitinjning aytishicha, sanksiyalar haqidagi g‘arb xabarlari chalkash va ularda juda ko‘p bo‘shliqlar bor.

Uning aytishicha, Rossiya AQShning ikki Rossiya neft giganti – "Lukoyl" va "Rosneft"ga qarshi so‘nggi sanksiyalarini chetlab o‘tadi, eksport qilinadigan neftni shunchaki sanksiyalanmagan kompaniyalarniki deb qayta nomlaydi.

Janob Kitinjning fikricha, agar G‘arb haqiqatan ham Rossiyaning urush iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, u barcha Rossiya neftiga embargo qo‘yishi va uni sotib olayotgan mamlakatlarga ikkilamchi sanksiyalarni to‘liq joriy etishi kerak. "Biz kengfe’llikni to‘xtatib, to‘liq embargoga o‘tishimiz kerak," deydi u.

"Biz sanksiyalarni amalga oshirishga Kreml ularni chetlab o‘tishga qanchalik jiddiy yondashsa, shunchalik jiddiy qarashimiz lozim."

Nazariy jihatdan, sanksiyalar Rossiya jamoatchilik fikriga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Oktyabrь oyida davlat tomonidan boshqariladigan Jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM) o‘tkazgan so‘rovda respondentlarning 56 foizi o‘tgan yilgi 47 foizga nisbatan mojarodan "juda charchaganligini" aytgan.

Biroq Kremlshunoslar o‘rtasidagi umumiy fikr shuki, Rossiya jamoatchiligining katta qismi Putin strategiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun "reparatsiya krediti" yaratish maqsadida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan taxminan 200 milliard yevro (176 milliard funt sterling) foydalanishga rozi bo‘lishi mumkin. Yevrokomissiyaning so‘nggi taklifi ikki yil ichida 90 milliard yevro (79 milliard funt sterling) yig‘ishdan iborat.

Zelenskiyning Tramp vakillari bilan muzokaralari shu kungacha natija bermadi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Zelenskiyning Tramp vakillari bilan muzokaralari shu kungacha natija bermadi.

Kievdagi amaldorlar allaqachon bu mablag‘ni olishga umid qilmoqda. Ammo Yevropa Ittifoqi hamon ikkilanmoqda.

Rossiya aktivlarining asosiy qismi saqlanadigan Belgiya uzoq vaqtdan beri Rossiya tomonidan sudga berilishidan xavotirda edi – juma kuni Rossiya Markaziy banki Moskva sudida Belgiyaning Euroclear bankiga qarshi sud ishi ochilganini e’lon qildi.

Belgiya, agar huquqiy va moliyaviy xatarlar Yevropa Ittifoqining boshqa a’zolari bilan aniqroq taqsimlanmasa, kreditga rozi bo‘lmasligini bildirmoqda. Frantsiya esa o‘zining ulkan qarzlari tufayli xavotirda va muzlatilgan aktivlardan foydalanish yevrohudud barqarorligiga putur yetkazishi mumkinligidan qo‘rqmoqda.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari 18 dekabrь kuni Bryusselda Mavlud bayrami oldidan o‘tkaziladigan yakuniy sammitda kelishuvga erishishga yana bir bor urinib ko‘radi. Ammo diplomatlar aytishicha, muvaffaqiyatga kafolat yo‘q.

Mablag‘ni nimaga sarflash kerakligi borasida ham kelishmovchilik mavjud: Ukraina davlatining to‘lov qobiliyatini saqlab qolish uchunmi yoki urushdan keyin uni qayta tiklash uchunmi.

Ukrainadagi safarbarlik masalasi

Ukrainaga kelsak, u ko‘proq qurolli kuchlarini safarbar qilishi mumkin.

U Yevropadagi ikkinchi yirik (Rossiyadan keyin) va texnik jihatdan eng rivojlangan armiya bo‘lib qolmoqda, ammo shunga qaramay, 1300 kilometrlik front chizig‘ini himoya qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Deyarli to‘rt yillik urushdan so‘ng, ko‘plab askarlar charchagan va qochqinlar soni ortib bormoqda.

Ukraina Rossiya hujumlaridan o‘zini himoya qilishda qiynalmoqda

Deyarli to‘rt yillik urushdan so‘ng, ko‘plab askarlar charchagan va qochqinlar soni ortib bormoqda.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Deyarli to‘rt yillik urushdan so‘ng, ko‘plab askarlar charchagan va qochqinlar soni ortib bormoqda.

Armiyaga yollovchilar saflarni to‘ldirishda qiyinchilikka uchramoqda, chunki ayrim yosh yigitlar safarbarlik guruhlaridan yashirinmoqda yoki mamlakatdan chiqib ketmoqda. Biroq Ukraina armiyaga chaqiruv to‘g‘risidagi qonunlarini kengaytirishi mumkin. Hozirda faqat 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar jangga chaqirilishi mumkin. Bu Kievning Ukrainaning demografik muammolarini hal qilish uchun atay qo‘llagan strategiyasi; tug‘ilish darajasi past va millionlab fuqarosi xorijda yashaydigan mamlakat "kelajak otalari" deb atalganlarni yo‘qotishni ko‘tara olmaydi.

Lekin bu holat chetdagilarni hayratga solmoqda. "Ukraina o‘z yoshlarini safarbar qilmagani aql bovar qilmac holat," deydi menga Buyuk Britaniyaning yuqori martabali harbiylaridan biri.

"Menimcha, Ukraina tarixda ekzistentsial tahdidga duch kelgan holda o‘zining 20 yoshli yigitlarini jangga tashlamagan juda oz mamlakatlardan biridir."

Fiona Hillning aytishicha, Ukraina shunchaki tarixdan saboq olgan va Birinchi jahon urushining 20-asr Yevropa imperiyalariga ko‘rsatgan halokatli ta’sirini tushungan. Ular iqtisodiy yuksalishga turtki bo‘lgan aholi o‘sishini qayta tiklay olmagani sababli inqirozga yuz tutgan edi.

"Ukraina faqat o‘zining demografik kelajagi haqida o‘ylamoqda."

Zarbalar, diplomatiya va Tramp

Agar Ukraina ko‘proq uzoq masofali raketalarni import qilsa va ishlab chiqarsa, u Rossiyaga qattiqroq va chuqurroq zarba berishi mumkin.

Bu yil u ham bosib olingan hududlardagi, ham Rossiya Federatsiyasidagi nishonlarga havo hujumlarini kuchaytirdi. Shu oy boshida Ukraina harbiy qo‘mondonlari "Ozodlik" radiosiga kuz davomida Rossiyadagi 50 dan ortiq yoqilg‘i va harbiy-sanoat infratuzilmasi ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qildi.

Karnegi Rossiya Yevroosiyo markazi direktori Aleksandr Gabuevning aytishicha, ba’zi rossiyaliklar yil boshida yoqilg‘i tanqisligini boshdan kechirgan. "Oktyabrь oyi oxiriga kelib, Ukraina dronlari Rossiyaning o‘ttiz sakkizta yirik neftni qayta ishlash zavodlarining yarmidan ko‘piga kamida bir marta zarba berdi.

"Ishlab chiqarishdagi uzilishlar ko‘plab hududlarga tarqaldi va Rossiyaning ba’zi yoqilg‘i quyish shoxobchalari yoqilg‘ini me’yorlashtirishga majbur bo‘ldi."

Ammo Kreml ham, Rossiyadagi jamoatchilik fikri ham befarq bo‘lib turganda, Rossiyaga yanada chuqurroq zarbalar ta’sir qiladimi?

Ukrainaning Donetsk viloyatida noyabrь oxirida olingan surat.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Ukrainaning Donetsk viloyatida noyabrь oxirida olingan surat.

Bosib olingan hududlarni himoya qilish bilan bir qatorda, Ukraina Rossiya Federatsiyasida havo hujumlarini kuchaytirdi

Avstraliyalik sobiq general-mayor, hozirda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Mik Rayanning aytishicha, chuqur zarbalar sehrli o‘q emas.

"Ular favqulodda muhim harbiy harakat, ammo Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga yoki urushda g‘alaba qozonishga majburlash uchun yetarli emas."

Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti (Rusi) tahlil markazining harbiy fanlar bo‘yicha katta ilmiy xodimi doktor Sidxart Kaushalning aytishicha, yanada chuqur zarbalar, shubhasiz, Rossiyaning energetika va harbiy infratuzilmasiga zarar yetkazadi, shuningdek, havo hujumidan mudofaa raketalarini sarflaydi. Ammo u ushbu taktika salbiy natija berishi mumkinligidan ogohlantirdi.

"Bu Rossiya rahbariyatining mustaqil Ukraina ulkan harbiy tahdid tug‘dirishi haqidagi fikrlarini kuchaytirishi mumkin," deydi u.

Shuningdek, hali ham diplomatik yo‘l bor.

Ba’zi tahlilchilar ta’kidlashicha, agar Putinga urushdan chiqish yo‘li taklif qilinsa, bunga rozi bo‘lishi mumkin.

Nazariya quyidagicha: ikkala tomonga ham g‘alabaga da’vo qilish imkonini beradigan bitim kelishib olinadi. Masalan, to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish; ba’zi hududlarni qurolsizlantirish; rasmiy hududiy tan olinmaslik; Ukraina armiyasini o‘z chegaralarini himoya qilish uchun yetarli darajada katta qilish; Yevropa Ittifoqiga a’zolik, ammo NATOga a’zolikni noaniq qoldirish. Har tomonlama murosaga kelinadi.

Ammo bu kelishuv AQShdan Rossiya bilan qattiqroq muloqot qilishni, muzokara guruhlarini tuzishni, kelishuvni amalga oshirish uchun o‘z kuchidan foydalanishni talab qiladi.

"Qo‘shma Shtatlar Rossiya ustidan o‘zining kuchli psixologik ta’sirini ishga solishi kerak, – deydi Tomas Grem. – Qo‘shma Shtatlar va shaxsan Trampning Rossiyani buyuk davlat, Putinni esa jahon yetakchisi sifatida tasdiqlashdagi roli katta."

Xitoyning ta’siri

Kutilmagan omil – Xitoy. Prezident Si Szinpin Putin quloq soladigan kam sonli dunyo yetakchilaridan biri. Si avvalroq Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish tahdidlariga qarshi ogohlantirganida, Kreml unga quloq solgan edi.

Putin quloq soladigan kam sonli liderlardan biri - Xitoy rahbari.

Surat manbasi, shutterstock

Surat tagso‘zi, Putin quloq soladigan kam sonli liderlardan biri - Xitoy rahbari.

Rossiya Xitoyning ham fuqaroviy, ham harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan elektronika yoki turli mexanizmlar kabi ikki tomonlama foydalaniladigan tovarlariga juda muhtoj.

Shunday qilib, agar Pekin urushning davom etishi Xitoy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblasa, Kremlga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hozircha AQSh Xitoyni Moskvaga bosim o‘tkazishga undash yoki majburlashga urinish alomatlarini ko‘rsatmayapti. Shunday qilib, savol tug‘iladi: Si Szinpin o‘z tashabbusi bilan ta’sir vositalaridan foydalanishga tayyormi?

Ayni damda Xitoy AQShning chalg‘ishidan, transatlantik ittifoqchilarning bo‘linishidan va dunyoning qolgan qismi Xitoyni barqarorlik manbai sifatida ko‘rishidan mamnunday ko‘rinmoqda. Lekin Rossiyaning bosqini avj olsa, jahon bozorlari izdan chiqsa, AQSh arzon Rossiya energiyasini iste’mol qilgani uchun Xitoyga jazo sifatida ikkilamchi sanksiyalar qo‘llasa, unda Pekinning mavqei o‘zgarishi mumkin.

Hozircha esa, Putin vaqt o‘z foydasiga ishlayotganiga ishonmoqda. Bu mojaro qanchalik uzoq davom etsa, tahlilchilar aytishicha, Ukraina ruhi shunchalik tushadi, uning ittifoqchilari shunchalik bo‘linadi va Rossiya Donetskda shunchalik ko‘p hududni egallaydi.

"Yo biz bu hududlarni qurol kuchi bilan ozod qilamiz yoki Ukraina qo‘shinlari bu hududlarni tark etadi," dedi Putin o‘tgan hafta.

"Hech narsa uning pozitsiyasini o‘zgartira olmaydi, – dedi menga Fiona Hill. – Agar u sahnadan chiqib ketmasa. Putin hozir vaziyat uning foydasiga hal bo‘ladigan darajada uzoq davom etishi mumkinligiga ishonmoqda."