O‘zbekiston, Markaziy Osiyo 'yangi o‘yin'ga tayyor bo‘lishi kerakmi? Video

Kollaj

Surat manbasi, official/afp/bbc

Surat tagso‘zi, Dovud A’zamiy: " Tarix xorijiy o‘yinchilarning ta’sir uchun raqobati dunyoning bu muhim qismida ko‘p hollarda vaziyatning izdan chiqishi, ya’ni tartibsizliklar bilan yakun topishini ko‘rsatgan".
    • Author, Feruza Rahmon
    • Role, bbc.com/uzbek
  • O'qilish vaqti: 16 daq

Afg‘onistonda "yangi o‘yin" boshlanadimi?

Mintaqada global qudratlar o‘rtasida raqobat yanada kuchayadimi?

Markaziy Osiyo davlatlariga-chi, qiyin bo‘ladimi?

Yangi xavotirlar o‘rtaga chiqdi…

Ammo nega?

Mavzu tahlili "Diqqat, BBS" dasturimizning so‘nggi haftadagi sonida - videomiz quyida ilova qilingan, kiring va tomosha qiling:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Nima bo‘ldi?

Tolibon liderlari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Afg‘oniston Tolibon harakati mintaqadagi eng yirik jangari guruh sanalgan. AQSh va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari bilan Afg‘onistonda yigirma yilcha urushgan, alal-oqibat, rasmiy Vashington bilan kelishish va xorijiy qo‘shinlarning mamlakatdan butkul chiqib ketishlariga erishgan.

Amerikadan yaqinda kutilmagan xabarlar olindi.

Yangilik qisqa vaqtning o‘zida turli-tuman talqinlarga sabab bo‘ldi.

Tolibon ham, mintaqa davlatlari poytaxtlari ham, rasmiy Moskvayu Pekin ham hozircha jim.

Ekspertlar esa allaqachon xavotirda.

Tramp ma’muriyati Tolibonni xorijiy terrorchi tashkilot, deb topish-topmaslik masalasini qayta ko‘rib chiqishga kirishdi.

AQSh Davlat kotibi shu kunlarda bu haqda rasman ma’lum qildi.

Marko Rubioning ayni mazmundagi so‘zlari yaqinda Vakillar palatasi Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasining tinglovi chog‘ida yangradi.

Xabarlarga ko‘ra, u Tolibon Amerika Qo‘shma Shtatlarida xorijiy terrorchi tashkilot sifatida tan olinishi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob bergan.

AQSh Davlat kotibi o‘zining javobida harakat maqomini tasniflash masalasi "endi yana bir bor ko‘rib chiqilayotgani"ni aytgan.

Rubioga ko‘ra, Davlat departamenti bu qadamni Afg‘onistonga nisbatan AQSh siyosati qayta baholanishining bir qismi sifatida ko‘radi.

Tolibon Amerika Qo‘shma Shtatlarida alohida e’tibordagi global terrorchi guruh hisoblanadi.

"Xorijiy terrorchi tashkilot" tasnifi esa, yanada keskinroq jazo choralarini ko‘zda tutadi.

Afg‘oniston Tolibon harakati qanday guruh?

Infografika
  • Afg‘oniston Tolibon harakati o‘z vaqtida mintaqadagi eng yirik jangari guruh sifatida ko‘rilgan.
  • Doimiy jangarilari, tarafdorlari, yordamchilari va qo‘llovchilarining jami soni 200 000 dan ortishi aytilgan.
  • Harakat o‘zining siyosiy qanotiga ham ega bo‘lgan.
  • Ilk tuzumi Afg‘onistonda 1996-2001 yillar oralig‘ida amal qilgan.
  • Faqat uch davlat – Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan tan olingan.
  • U 2001 yilda AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan qulatilgan.
  • Shundan so‘ng 20 yil davomida Amerika kabi dunyoning eng qudratli davlatiga qarshi turgan.
  • 2018 yili harakat AQSh bilan bevosita muzokaralarga kirishgan.
  • 2020 yil fevralida Dohada ikki tomon tinchlik bitimiga imzo chekkan.
  • Xalqaro ittifoq kuchlarining Afg‘onistonni butkul tark etishlariga erishgan.
  • Oradan yil o‘tib, Afg‘onistonni qayta egallagan va uch yildan oshiqki, qudratda.
  • Afg‘onistonni yana o‘zining Islomiy Amirligi, deb e’lon qilgan.
  • Tolibon 1990-yillar boshlarida Pokiston shimolida paydo bo‘lgan.
  • Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng bo‘y ko‘rsatgan.
  • Aytilishicha, Saudiya Arabistoni mablag‘ ajratadigan, sunniy Islomning murosasiz shakli targ‘ib qilinadigan madrasalardan chiqqan.
  • Millatchi g‘oyaga ega jihodchi guruh, asosini mahalliy pashtun qavmiga mansub jangarilar tashkil etishgan.
  • Afg‘oniston va Pokistondagi har ikki Tolibon harakati ham shu paytgacha e’tiborlarini faqat o‘z davlatlariga qaratishgan.
  • Hukumatga kelishsa, Shariatning o‘z talqinlaridagi qat’iy shaklini qaror toptirishni maqsad qilishgan.
  • Tolibon harakatining ikkinchi tuzumi hozircha faqat Rossiya tomonidan rasman tan olingan.

Aks-sadolar

Tolibon lideri
Surat tagso‘zi, Xalqaro Jinoyat mahkamasi shu kunlarda xotin-qizlarni ta’qib qilish bilan insoniyatga qarshi jinoyat sodir etishda ayblab, Oliy rahbari ilova ikki yuqori martabali Tolibon vakilini hibsga olishga order berdi.

Yangilik Afg‘onistondagi aksariyat yetakchi nashrlarda sarlavhalarga chiqdi.

Mintaqada ham ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi.

Bu haqda G‘arb qolib, Hindistonu Isroilning nashrlarigacha yozishdi.

Rossiyada esa, xabar ko‘proq "G‘arb Tolibonning terrorchi tashkilot sifatidagi maqomini bekor qilishi mumkin", degan talqinda bo‘y ko‘rsatdi.

So‘nggi yangilik Tolibonning Afg‘onistonda ikkinchi bor asos solgan hukumati dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan bir vaziyatda o‘rtaga chiqdi.

Ammo, ayni mazmundagi xabarlardan qisqa vaqt o‘tmay, Rossiya Tolibonning Afg‘onistondagi hukumatini rasman tan olgan dunyodagi birinchi davlatga ham aylandi.

Kutilgan va kutilmagan yangilik mintaqada ham e’tibor tortdi. O‘sha soatlarning o‘zidayoq yetakchi nashrlarida o‘zining ifodasini topdi.

Tolibon hukumati Rossiyaning qarorini "qadrlashlari"ni aytdi.

Rossiyaning o‘zlariga chegaradosh Afg‘oniston bilan bog‘liq mazkur qaroriga Markaziy Osiyo davlatlarining munosabati hozircha imkonsiz.

Ammo yangilik Afg‘onistonning o‘zida ham, tashqarisida ham bir xil qarshi olinmadi.

Ko‘plab tanqid, qoralovlarga sabab bo‘ldi, yangi xavotirlarni uyg‘otdi.

Bu mintaqada geosiyosiy tanglikni kuchaytirishi, afg‘onistondagi sonlari oz bo‘lmagan boshqa jangari guruhlarga yanglish ishora berajagiga oid talqinlarga ham sabab bo‘ldi.

Tolibon esa, Rossiyaning qarori endi boshqa davlatlarga namuna bo‘ladi, degan umidda.

Afg‘oniston dunyoning ko‘pmillatli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Afg‘onistonda O‘zbekistondan keyin eng katta sondagi o‘zbeklar ham yashashadi.

Aksariyat mintaqa davlatlari Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonni yakkalab qo‘ymaslik mavqe’ida.

Ammo ular ham bugungi Kobulni keng qamrovli hukumat tuzishga chaqirib kelishadi va hozir ham xuddi shu mavqe’larida sobit.

Xuddi shu manzarada Xalqaro Jinoyat mahkamasi xotin-qizlarni ta’qib qilish bilan insoniyatga qarshi jinoyat sodir etishda ayblab, Oliy rahbari ilova ikki yuqori martabali Tolibon vakilini hibsga olishga order berganiga oid xabarlar ham olindi.

Ammo har ikki yangilikka ham hozircha rasmiy Vashingtonning munosabati ko‘zga tashlanmaydi.

Tolibon so‘nggi yigirma yilcha Afg‘onistonda AQSh va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi urushgan.

2020 yilda, aynan Trampning ilk prezidentligi davrida Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan kelishuvga erishgan, xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondan butkul chiqib ketishlariga muvaffaq bo‘lgan.

2021 yilning avgustida qudratga qaytgan, tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqargan, Afg‘onistonni qayta Islomiy Amirlik, deb e’lon qilgan va uning o‘zlari talqinidagi Shar’iy qadriyatlar asosida boshqarilishini e’lon qilgan.

Koalitsion hukumat bo‘ladimi, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarining to‘laqonli kafolati – uch yildan oshiqki, hali-hanuz o‘zining rasman tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy shartlarni bajarmay keladi.

Mintaqa va Tolibon

Mintaqa xaritasi
Surat tagso‘zi, Afg‘oniston dunyoning boshqa o‘nlabi qatorida eng yirigi ilova qator O‘zbek jangari guruhlari ham boshpana topgan, jang qilgan va hozir ham jon saqlab kelayotgan sanoqli mamlakatlaridan biri bo‘ladi.

So‘nggi yangilik qator Markaziy Osiyo davlatlari ortidan Rossiyaning ham uzoq yillar deganda Tolibonni o‘zining "terrorchi tashkilotlar ro‘yxati"dan chiqarishga oid shov-shuvli qaroridan qisqa vaqt o‘tmay olindi.

Afg‘onistonga qo‘shni aksariyat davlatlar, ayniqsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya va Xitoy Tolibon hukumati bilan muloqotlarini faollashtirayotgan, har tomonlama hamkorliklari, ayniqsa, savdo aloqalarini kuchaytirayotgan, ular bilan turli mintaqaviy loyihalar rejasiyu ijrosiga bosh qo‘shayotgan, o‘zlari yetakchiligidagi tashkilotlarga tortish harakatida bo‘lgan, ayrimlari esa, hatto qiymati bir necha yuz million dollarga baholanayotgan loyihalar ham imzolashga ulgurgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Putin O‘zbekistonda ekan, o‘tgan yil poytaxt Toshkentda Tolibonni tan olish-olmaslik savoli ham yangragan, Rossiya prezidenti o‘shanda bu boradagi qarorning "birgalikda ishlab chiqilishi"ni aytgan.

Putin bu xususda ko‘plab boshqalari qatori "Markaziy Osiyodagi hamkorlari, do‘stlarining ham fikrlari inobatga olinishi", ular bilan muloqotda ekanliklarini ta’kidlagan.

Rossiya tomoni o‘zining so‘nggi istak va rejalari fonida Tolibonni Afg‘onistondagi "yagona va real hokimiyat" sifatida tilga olgan.

"Mavjud reallikdan kelib chiqib, shunga mos ravishda munosabat qurishlari kerak"ligini Tashqi ishlar vaziridan tortib, prezidenti darajasida ustma-ust takrorlagan.

Rossiyadan olinayotgan ayni mazmundagi xabarlar o‘shanda Amerika Qo‘shma Shtatlarini ham bee’tibor qoldirmagan.

Oq uyning o‘sha paytdagi maslahatchisi mamlakati Tolibon hukumatini rasman tan olish rejasida emasligini bayon qilgan.

Jon Kirbi, "Agar, Rossiya bu ishni qilsa, boshqalarga yanglish ishora berajagi"ni aytgandi.

AQSh va Tolibon

Donald Tramp

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Tramp o‘sha paytda Afg‘onistonda qoldirilgan AQSh harbiy texnikasi masalasiga ikkinchi bor prezidentlikka qaytishi arafasida ham, qaytishi bilanoq ham e’tibor qaratgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Respublikachi Tramp boshchiligidagi ikkinchi ma’muriyati Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga nisbatan o‘zining siyosatini halicha rasman ochiqlamagan.

Ammo voqealarning so‘nggi rivoji Afg‘onistonda qolayotgan katta miqdordagi AQSh harbiy texnikasi Trampning e’tiborini o‘ziga qayta-qayta tortayotgan va ayrim G‘arb nashrlarida ularni qaytarib olish masalasi hatto Afg‘onistonning qayta ishg‘oliga sabab bo‘lishi mumkin, degan talqinlarga ham sabab bo‘layotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Agar, rasmiy hisob-kitoblarga tayanilsa, 2005-2021 yillar oralig‘ida AQSh Afg‘onistonning Milliy Mudofaa va xavfsizlik kuchlariga umumiy qiymati $18,6 milliard dollarga teng miqdorda harbiy jihoz yetkazib bergan.

AQSh Afg‘onistonda qiymati $7 milliard dollarga teng harbiy texnika qoldirgan bo‘lsa, ularning 70 foizi Tolibon nazoratiga o‘tgan.

Yaqinda Bi-bi-si olib borgan surishtiruv Afg‘onistonda AQSh harbiylari tomonidan qolgan, sobiq afg‘on hukumat kuchlariga berilgan va Tolibon tomonidan qo‘lga kiritilgan yarim million qurol yo‘qolgan, sotilgan yoki kontrabanda yo‘li bilan boshqa jangari guruhlar ixtiyoriga o‘tkazilganiga oid ma’lumotlarni o‘rtaga olib chiqqan.

Xuddi shu manzarada ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan qolgan harbiy aslaha Afg‘onistonni jangari guruhlar uchun qurol-yarog‘ omboriga aylantirganiga oid tahlillar ham ko‘zga tashlangan.

Ularda "qayta sotilgan bu qurol-aslahalardan ayrimlari Kashmirdagisidan tortib, Yaqin Sharqdagi mojarolarga qadar kirib borgan"iga oid da’volar o‘rtaga otilgan.

Xorijiy qo‘shinlar chiqib ketishi ortidan Afg‘onistonda paydo bo‘lgan xavfsizlik bo‘shlig‘i isyonchilik, chegaraosha terrorizm va Janubiy Osiyo hanuz iskanjasida bo‘lgan mintaqaviy qudratlar o‘rtasidagi o‘yinni kuchaytirganiga oid fikrlar bilan ham bo‘lishilgan.

Tolibon esa AQSh harbiy texnikasini qaytarib bermaslik ahdida qat’iyligicha qolmoqda, Amerikaga G‘arb tomonidan dastaklangan afg‘on hukumati qulayotgan paytda O‘zbekiston va Tojikistonga olib qochilganlarini ham bizga berasan, deb turibdi.

So‘nggi yangilik Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonda ekan, "al-Qoida" tarmog‘i qo‘shni davlatlarda o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida turli xorijiy mintaqaviy terrorchi tashkilotlar bilan ham hamkorligini rivojlantirish harakatida ekan, Tolibon esa, "butun Afg‘oniston bo‘ylab boshpanalar bo‘ladimi yoki tayyorgarlik jamloqlari – tarmoqning mamlakatda o‘rnashib olishiga qulay shart-sharoit yaratishga intilayotgani"ga oid xavotirlari manzarasida ham bo‘y ko‘rsatgan.

Tolibonning 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshlaridagi Afg‘onistondagi ilk tuzumini ham AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari qulatishgan.

Bunga o‘shanda aynan 2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-Yorku Vashingtonga uyushtirilgan va aynan Tolibon harakatining Afg‘onistondan boshpana topgan eng yaqin ittifoqchisi "al-Qoida" tarmog‘ining hozirda marhum lideri Usama bin Lodin ayblangan qo‘shaloq hujumlar sabab bo‘lgan.

Donald Tramp bundan avval, agar o‘z harbiy texnikalarini qaytarmasa, Afg‘onistonga Amerika Qo‘shma Shtatlarining barcha moliyaviy ko‘maklarini kesib qo‘yishlari bilan ham po‘pisa qilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Tolibon qudratga qaytishi ortidan ham, Afg‘onistonning eng yirik tashqi donoriligicha qolgan yagona davlat bo‘lgan, ular yaqin-yaqingacha berib kelayotgan moliyaviy yordamlar miqdori bir necha milliard dollarga baholangan.

Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston esa, so‘nggi yillarda nufuzli xalqaro hisobotlarda aynan u yerdagi ijtimoiy, iqtisodiy vaziyat sabab, millionlab sondagi aholisi ochlikka yuz tutishi, mamlakatning o‘zi "Yer yuzining jahannami"ga aylanishiga oid jiddiy xavotirlarga sabab davlatlardan biri bo‘ladi.

Xuddi shu ehtimolning ham mintaqa xavfsizligiga ta’siri Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari qolib, bugungi kunda, hatto, Rossiyaning ham chuqur tashvishlariga molik masalasi ekani ko‘riladi.

Bularning barchasi bois, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga yirik miqdordagi xorijiy moliyaviy ko‘maklar mamlakatning o‘zi qolib, butun mintaqa uchun ham eng hassos mavzulardan biri bo‘ladi.

Mavzuga aloqador:

Tarixiy bitim

Tarixiy kelishuv

Surat manbasi, Getty Images

AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistonni butkul tark etishi va qudratga yana Tolibonning qaytishiga yo‘l ochgan hamda "tarixiy", deb baho berilgan bitim Trampning birinchi prezidentlik vakolati davrida imzolangan.

Mazkur bitim Afg‘onistonda yigirma yillik urushning yakuniy topishi, xorijiy kuchlar afg‘on tuprog‘ini butkul tark etishiga zamin yaratgan, lekin G‘arbning tinchlik muzokaralari orqali mamlakatda koalitsion hukumat tuzilishiga bo‘lgan umidlari o‘zini oqlamagan.

Amerika Mudofaa vaziri esa, Pentagonga uzoq vaqtdan buyon Respublikachilarning tanqidlariga sabab bo‘lib kelayotgan Afg‘onistondan chiqish nega shosha-pisha va tartibsiz bo‘lganini tekshirishni ham buyurgan.

Tramp shu oy Afg‘onistondan kelgan qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga oid qarorini ham e’lon qilgan, 12 iyuldan boshlab AQSh hukumati ular uchun vaqtinchalik himoya maqomi (Temporary Protected Status, TPS) ni bekor qilishini aytgan.

Afg‘on qochqinlarining Pokiston va Erondan ommaviy deportatsiyalari fonida olingan bu xabar ham Afg‘onistonning istiqboli haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirmay qolmagan.

Kecha, 15 iyul kuni AQSh mahkamasi mazkur taklif ijrosini vaqtincha to‘xtatib turishga qaror qilganiga oid xabarlar ham olingan.

Tolibon muvaqqat hukumati esa, Tramp qudratga qaytarkan, uning ma’muriyati bilan yaxshi aloqada bo‘lish umidini izhor etgan.

Donald Trampning so‘nggi AQSh prezident saylovidagi g‘alabasi Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining ham e’tiboridan chetda qolmagan.

O‘shanda Tolibon hukumatining muvaqqat Tashqi ishlar vazirligi bu xususda xosan bayonot bilan chiqqan.

"Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyat "AQSh-Tolibon munosabatlarida sezilarli taraqqiyotga erishish va o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish uchun real qadamlar tashlashiga umid qilayotganlik"larini bayon qilgandi.

Tolibon yangi AQSh ma’muriyati bilan aloqalarini qayta boshdan boshlash, Afg‘onistonning chetda muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollarlik aktivlariga imkonli bo‘lish va hukumatining rasman tan olinishini istaydi.

Tramp qudratga qaytgan qisqa vaqtning o‘zida tomonlar bir emas, bir necha bor mahkumlarni almashishga ham ulgurishgan.

Bu ham so‘nggi oylarda Tramp ma’muriyati va Tolibon Afg‘onistoni bilan bog‘liq xalqaro miqyosda sarlavhalarga chiqqan yangiliklarga aylangan.

Shu yil boshida esa, AQSh davlat kotibi Tolibon xabar qilinganidan ko‘ra ko‘proq amerikalik asirlarni ushlab turganiga oid o‘zi eshitayotgan xabarlar to‘g‘ri bo‘lsa, ularning yetakchilariga hatto Usama bin Lodinga belgilanganidan ko‘ra ham kattaroq mukofot puli belgilashlari lozim"ligini aytib, tvit qilgan.

Bu yangilik o‘shanda ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida "AQSh va Tolibon bir-birlariga tahdid qilarkan, keskinlik kuchaymoqda", degan sarlavhalarga ham sabab bo‘lgandi.

Rossiya, G‘arb va Afg‘oniston

Rossiya Tashqi ishlar vaziri

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Sergey Lavrov ta’biricha, G‘arb "Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin koalitsiyaning o‘sha mamlakatdan qochishi paytida "afg‘on o‘yini"dan chiqqan".

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘tgan oy O‘zbekistonga qilgan safari yakunlari bo‘yicha bergan matbuot anjumani chog‘ida esa, Afg‘oniston va G‘arb masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

"G‘arbning afg‘on "o‘yini"ga qaytishga faol harakat qilayotgani" o‘zlarining e’tiborlarini tortganligini aytgan.

Sergey Lavrov ta’biricha, G‘arb "Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin koalitsiyaning o‘sha mamlakatdan qochishi paytida bu o‘yindan chiqqan".

U, "G‘arb davlatlarining ushbu umumiy sa’y-harakatlardagi ishtiroki samimiy bo‘lsa, boshqa yashirin maqsadlarni ko‘zda tutmasa, bunga qarshi emaslik"larini ham ta’kidlagan.

Ammo shunday urinishlar bo‘layotganini qistirib, bu yerga yana turli bahonalar bilan NATO davlatlari harbiy infratuzilmasini qaytarishga bo‘lgan harakatlarni qabul qilib bo‘lmasligini ham qayd etgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri, o‘z nazdida, "bunday urinishlar sekin harakatga keluvchi yangi bombani paydo qilishi va u hatto sekin bo‘lmasligi mumkinligi" bilan ham ogohlantirgan.

Shunday derkan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘zlarining Markaziy osiyolik hamkasblari bilan aloqada ekanliklari, mazkur masala yuzasidan mavqe’lari farq qilmasligi, ularning hech biri o‘zlarida NATO harbiy infratuzilmasi elementlarini joylashtirishni istamasligi va Pokiston ham xuddi shunday pozitsiyada ekanligini ham da’vo qilgan.

Sergey Lavrovning ayni mazmundagi so‘zlariga o‘shanda mintaqa davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati noayon qolgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistonda Tolibonning ilk tuzumi qulatilishi bilan yakun topgan "terrorga qarshi urushi" paytida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ularning harbiy bazalariga joy bergan ikki Markaziy Osiyo davlati bo‘lishgan.

Harbiylari Afg‘onistonni butkul tark etishi ortidan ham, ular ayrim G‘arb nashrlarida Vashington AQSh harbiy bazalarini qaytarish istagida muzokaralar olib borayotgan davlatlar qatorida tilga olinishgan.

O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoning Afg‘onistonga chegaradosh uch davlati bo‘lishadi.

Afg‘oniston esa dunyoning boshqa o‘nlabi qatorida eng yirigi ilova qator O‘zbek jangari guruhlari ham boshpana topgan, jang qilgan va hozir ham jon saqlab kelayotgan sanoqli mamlakatlaridan biri sanaladi, ular ham o‘z vaqtida Tolibonning yaqin ittifoqchilari sifatida ko‘rilishgan.

Shunday ekan, Tramp ma’muriyati nega aynan bugun Tolibonni xorijiy terrorchi tashkilot, deb topish-topmaslik masalasini ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin? Voqealarning bu kabi rivoji O‘zbekiston, qolgan mintaqa davlatlari, bundan tashqari, Rossiya va Xitoy kabi global mintaqaviy o‘yinchilar uchun nimani anglatishi mumkin? AQSh ma’muriyati Tolibonni xorijiy terrorchi tashkilot deb topgan, harakatga nisbatan mavqeini keskin o‘zgartirgan taqdirda, bu Afg‘onistonda AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, bu qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi va mintaqa uchun oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

Довуд Аъзамий
taqdim
Tarix xorijiy o‘yinchilarning ta’sir uchun raqobati dunyoning bu muhim qismida ko‘p hollarda vaziyatning izdan chiqishi, ya’ni tartibsizliklar bilan yakun topishini ko‘rsatgan.
Doktor Dovud A’zamiy
Bi-bi-si Jahon xizmati muharriri. Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Doktor Dovud A’zamiy

Bi-bi-si Jahon xizmati muharriri

Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert

Dovud A’zamiy: So‘nggi ikki o‘n yillikda Afg‘onistonda AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi jang qilganiga qaramay, Afg‘oniston Tolibon harakati shu paytgacha AQSh Davlat departamenti tomonidan xorijiy terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Ammo ijroiya farmoyishlari asosida Tolibon va harakatning ko‘plab muhim a’zolariga sanksiya qo‘llangan. Bu sanksiyalar aktivlarini muzlatish va ular bilan moliyaviy operatsiyalar olib borishni cheklaydi.

So‘nggi yillarda AQSh Kongressining ayrim a’zolari Tolibonga nisbatan keskinroq ketish, uni rasman xorijiy terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga undashdi.

Lekin bu sa’y-harakatlar AQSh Kongressi va Amerika hukumati tomonidan katta qo‘llovga ega bo‘lmadi.

Donald Trampning yondashuvi sobiq Jo Bayden ma’muriyatinikidan farq qiladi.

Shu oy AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Vakillar Palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasiga hukumati Tolibonni xorijiy terrorchi tashkilot, deb tasniflash-tasniflamaslik masalasini ko‘rib chiqayotganligini bildirdi.

Aftidan, prezident Tramp ma’muriyati imkon qadar ko‘proq yon berishlarga borishi uchun Tolibon hukumatiga yanada ko‘proq bosim o‘tkazmoqchi.

AQSh Tolibonning "al-Qoida" tarmog‘i bilan aloqalari, IShID va uning Xuroson qanotiga o‘xshash jangari guruhlarning Afg‘onistondagi faoliyatidan o‘z xavotirlarini bildirgan.

Afg‘on Toliboni esa, IShID va uning Xuroson qanotini allaqachon o‘ziga dushman, deb biladi va urushib keladi.

Biroq Vashington Tolibon o‘zi bilan do‘stona munosabatlarda bo‘lgan "al-Qoida"ga o‘xshash guruhlar bilan ham aloqalarini uzishi va hattoki, ularga qarshi jang qilishini xohlaydi.

AQSh Tolibon biror bir guruhning o‘zlari va dunyoning qay bir burchagida bo‘lmasin, Amerika fuqarolari xavfsizligiga tahdid solishiga imkon bermasligini istaydi.

Shu bilan birga, AQSh Tolibon hukumatining Afg‘onistonda hibsda qolayotgan qolgan fuqarolarini ham qo‘yib yuborishini xohlaydi.

Rasmiy Vashington allaqachon Tolibon tomonidan Afg‘onistonda hibsga olingan bir qancha Amerika fuqarosining ozod etilishiga erishgan.

Boshqa tomondan, AQShning Tolibondan rasman oshkor qilinmagan boshqa talablari ham borga o‘xshaydi.

Bu Afg‘oniston uchun nimani anglatadi?

Dovud A’zamiy: Afg‘oniston allaqachon iqtisodiy o‘nglanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator sanksiyalar ostida.

Bu sanksiyalar va moliyaviy cheklovlar afg‘on banklarining xalqaro transaktsiyalari olib borishlarini qiyinlashtirib qo‘ygan.

Ular, shuningdek, savdoga salbiy ta’sir qiladi, xorijiy sarmoya va global bozorlarga chiqishni cheklaydi.

Shu bilan birga, Tolibon qudratga qaytishi bilanoq, Afg‘oniston Markaziy Bankining G‘arb, xosan, Amerika Qo‘shma Shtatlar banklaridagi milliardlab dollarlik aktivlari muzlatib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, xorijiy yordamlarning kesilishi, ayniqsa, AQSh hukumatining chetdagi eng yirik yordam tashkiloti – USAID ning qayta isloh etilishi va aksariyat insonparvarlik dasturlarining bekor qilinishi Afg‘onistondagi iqtisodiy va gumanitar vaziyatga yirik zarba bo‘lib xizmat qildi.

Tolibonning yuz minglab dehqonlar uchun eng zo‘r daromad manbai bo‘lgan ko‘knori yetishtirishni taqiqlab qo‘yishi ham ulardan ko‘pchiligini nochorlik girdobiga tashlagan.

Bundan tashqari, afg‘on qochqinlarining Pokiston va Erondan ortga ommaviy deportatsiyasi ham Afg‘oniston iqtisodiga qo‘shimcha yuk bo‘lgan.

Xuddi shu nuqtai nazardan, Tolibonning Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan "xorijiy terrorchi tashkilot", deb topilishi ham Afg‘onistondagi tizimni yanada og‘ir ahvolda qoldirishi va bundan o‘zini o‘nglab olishi nihoyatda qiyin bo‘lishi mumkin.

Bu Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

Dovud A’zamiy: AQSh tomonidan Tolibonning xorijiy terrorchi tashkilot, deb topilishining oqibatlari Markaziy Osiyo uchun ham salbiy bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistonning strategik joylashuvidan kengroq mintaqa bilan savdo aloqalarini kuchaytirish uchun foydalanmoqchi.

Ular Afg‘onistonning turli sohalari, jumladan, konlar, konchilik sohalari va infratuzilmasiga ham sarmoya kiritishayapti.

Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo energetika loyihasi (CASA 1000), O‘zbekistondan Afg‘onistonga va undan keyin Pokistonga temir yo‘l qurilishi, shuningdek, Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston quvuri (TAPI) kabi bir qancha mintaqaviy loyihalar mintaqa davlatlarida siyosiy iroda yo‘qligi, afg‘onistondagi beqarorlik va mablag‘ yetishmasligi sababli yillar davomida ortga surib kelinayotgandi.

So‘nggi yillarda bu va shunga o‘xshash boshqa mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish sa’y-harakatlari kuchayib borayotgandi.

Biroq Tolibonning AQSh tomonidan xorijiy terrorchi tashkilot, deb topilishi uning hukumati bilan ish olib borish va Afg‘onistonga xorijiy sarmoyani anchayin qiyinlashtirishi mumkin.

Rossiya va Xitoy uchun-chi?

Dovud A’zamiy: Amerika Qo‘shma Shtatlarining Tolibonga bosimi Xitoy va Rossiya bilan geosiyosiy hamda geoiqtisodiy raqobatining bir qismi bo‘lishi mumkin.

Tolibon qudratga qaytgan 2021 yilning avgustidan buyon Xitoy ular bilan do‘stona munosabatda.

Shu yilning aprel oyida esa Rossiya Tolibonni o‘zining terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi va ular bilan o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirishga ahd qilgan.

Afg‘oniston bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlarini kuchaytirish uchun ham Rossiya va ham Xitoy yangidan-yangi qadamlarga bormoqda.

Amerikalik turli mulozim va siyosatchilar Xitoy Afg‘onistonning noyob minerallariga sarmoya kiritayotganidan ham allaqachon o‘z xavotirlarini izhor etib bo‘lishgan.

Boshqa tomondan, AQSh Afg‘onistonda ko‘proq mavqe’ga ega bo‘lishdan manfaatdor.

Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoyning Afg‘onistonda o‘z ta’sirini kuchaytirishini, boshqa qudratlarning Tolibon bilan do‘stona munosabat o‘rnatishlariga bir chekkadan turib qarab o‘tirishni istamaydi.

Global qudratlar Afg‘onistonda yana ta’sir uchun kurash boshlashgan.

Ular o‘zlarini yanada muhimroq qilish va yanada ishonchliroq rol o‘ynashga intilishmoqda.

Ammo tarix xorijiy o‘yinchilarning ta’sir uchun raqobati dunyoning bu muhim qismida ko‘p hollarda vaziyatning izdan chiqishi, ya’ni tartibsizliklar bilan yakun topishini ko‘rsatgan.

Mintaqaga barqarorlik va farovonlikni ta’minlaydigan ko‘p tomonlama hamkorlik va xorijiy sarmoya kerak.

Tolibon xorijiy terrorchi tashkilot, deb topiladimi?

Antonio Justotstsi

Xalqaro ekspert, Buyuk Britaniya

Antonio Justotsi
skrinshot
AQSh talablarining ayrimlari o‘ta qaltis. Shu bois, amerikaliklarning ko‘nglini topish Tolibonning qo‘lidan kelmasligi mumkin.
Аntonio Justotstsi
Xalqaro ekspert, Buyuk Britaniya (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Antonio Justotstsi: Bu muhokamalar Amerika Qo‘shma Shtatlarida ancha paytdan buyon davom etib keladi.

Kongressdagilar, ayniqsa, Respublikachi kongressmenlar xuddi shu narsaga undab kelishadi.

Shuning uchun ham, Marko Rubioning mazkur masalani ko‘rib chiqishni boshlaganliklarini aytishi uning mutlaq amalga oshishini anglatmaydi.

Chunki Rubio, boya ham aytganimdek, Kongressning bosimi ostida va bu masala ancha paytdan buyon muhokamalar markazida.

Shunday ekan, Tolibon xorijiy terrorchi tashkilot deb topilishi, topilmasligi ham mumkin.

Ikkinchidan, so‘zsiz, bu yana Tolibonga bosim o‘tkazishning vositasi sifatida sifatida ham talqin qilinishi mumkin.

Chunki AQSh ma’muriyati va Tolibonning Islomiy Amirligi o‘rtasida, ta’bir joiz, diplomatik muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Ayni shu muloqotlar chog‘ida Tramp ma’muriyati Tolibonga ba’zi talablarini ilgari surgan, Rubio esa, ularga bosim o‘tkazish maqsadida ushbu masalani ko‘tarayotgan, agar bu talablarni bajarmasangiz, xorijiy terrorchi tashkilot, deb topilishingiz mumkin, deya ularni ogohlantirayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Chunki Amerika Qo‘shma Shtatlarining qo‘lida Tolibonga bosim o‘tkazishi uchun ta’sir vositalari ko‘p emas.

Deylik, ular Afg‘onistonga tarif siyosatini qo‘llay olishmaydi, oralarida savdo-sotiq deyarli yo‘q.

Anchayin an’anaviy ta’sir vositalari esa ortiq mavjud emas.

Sababi, Afg‘onistonga AQSh yordami ham to‘xtagan.

Shunday ekan, ularning ixtiyorlarida yana qanday ta’sir vositalari qolgan bo‘lishi mumkin?

Shuning uchun ham, menimcha, bu aniq amalga oshadigan narsadan ko‘ra, Tolibonga bosim o‘tkazishga bo‘lgan bir harakat.

Savol: Tolibon bunga qarshi nima qila oladi?

Antonio Justotstsi: Tolibon ko‘p narsa qila olmaydi.

Men, misol uchun, ular Pokiston Tolibon harakatini butkul yakson eta olish mavqeida, deb o‘ylamayman.

Pokiston Tolibon harakati yirik jangari guruh. E’tiborini Afg‘onistonning ayrim hududlariga qaratgan. Mamlakatning sharqi va janubi-sharqida ayrim vodiylarni nazorat qiladi.

Shuning uchun ham, ularni yo‘q qilish oson bo‘lmaydi. Tolibon guruhga o‘z bosimini kuchaytirayotganining ayrim belgilari bor.

Deylik, a’zolarini hibsga olayapti va boshqa, boshqa...

Ammo bular guruhni Afg‘onistondan siqib chiqarish yoki ularning Pokistondagi amaliyotlariga chek qo‘yish uchun kifoya qilmaydi.

Biroq Tolibon allaqachon bunday bir ehtimolning oqibatlarini yumshatish, o‘zi uchun daromadning muqobil yo‘llarini topish harakatida.

Misol uchun, yaqinda Xitoy, Pokiston tomoni bilan uchrashdi. Bizda imkoniyat bor, jiddiy sarmoya kiritishni qachon boshlaysiz, demoqchi bo‘ldi.

Xitoy allaqachon oz-moz konchilik ishlarini boshlagan.

Ammo bu Tolibonning moliyaviy muammolarini hal qilishga kamlik qiladi.

Tolibon Xitoy "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi ijrosiga qattiq kirishishi, infratuzilmalarni qurishni boshlashini xohlaydi.

Chunki Xitoy buning uchun afg‘onlarni ishga yollaydi, haq to‘laydi. Maosh bu – soliq degani. Tolibonga pul keladi.

Keyin bunga konlarni o‘zlashtirish qo‘shiladi. Iqtisod rivojlanadi. Tolibonning Amirligi foyda ko‘rishni boshlaydi.

Lekin xitoyliklar qanchalik tezkor bo‘lmasin, bu bir kechada bo‘ladigan ish emas.

Tolibon esa, allaqachon AQSh yordamisiz qiynala boshlagan. Bu, ayniqsa, soliq tushumlarida sezilgan.

Xorijiy terrorchi tashkilot, deb topilgan taqdirda esa, bu ko‘mak umuman qayta tiklanmasligi mumkin.

Kimdir Amerikaning o‘rnini bosar. Ammo joriy paytda bu kabi bir ehtimol haqiqatdan juda yiroq.

Chunki ko‘plab davlatlar insonparvarlik yoki taraqqiyot ko‘maklarini kesishmoqda.

Tolibon yaqinda barcha vazirliklarida 20 foizlik qisqartirishlarni boshladi, ta’siri juda katta. Bunga ham xuddi shu narsa sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yana talablarning ayrimlari o‘ta qaltis. Shu bois, amerikaliklarning ko‘nglini topish Tolibonning qo‘lidan kelmasligi mumkin.

Misol uchun, Bagrom havo bazasi bilan bog‘liq talab. Men shuncha bo‘lib o‘tgan ishlardan keyin Tolibon Bagromni yana Amerikaga beradi, deb o‘ylamayman.

Chunki bu Tolibon uchun o‘ta ziddiyatli masala.

Rossiya bo‘ladimi, Eron yoki Xitoy, bu ishning qo‘shnilariga ham yoqmasligi tayin. Ya’ni, mintaqada ham katta mashmashalarga sabab bo‘ladigan ish.

Shuning uchun ham, bu talab amalga oshadi, deb o‘ylamayman.

Amerikaliklarning ommaga oshkor qilinmagan boshqa talablari ham bo‘lishi mumkin.

Lekin, umuman olganda, menimcha, Tolibon Amerikaning talablarini qondirishga imkonsiz.

Savol: Bu Rossiyaning uzoq yillar deganda Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish, buning ortidan qisqa vaqtning o‘zida uning hukumatini dunyoda birinchilardan bo‘lib rasman tan olish qaroriga qanchalik bog‘liq bo‘lishi mumkin? Ya’ni, voqealarning bu ikki rivojini bir-biriga bog‘lash qanchalik o‘rinli?

Antonio Justotstsi: Menimcha, bu ikki voqe’likning bir-biriga bevosita aloqasi yo‘q.

Chunki Rossiyaning niyati haqida bir necha oy oldin ma’lum edi.

Rossiya bu ishni ancha avval rejalagan, ijrosiga kirishgan va buning uchun lozim barcha jarayonlar ham bosib o‘tilgan.

Putin o‘z qoidalari bo‘yicha o‘ynashni yaxshi ko‘radi va menimcha, Tolibon bilan aloqalar bundan nariga o‘tmaydi.

Bu Tolibon uchun katta yutuq. Chunki boshqa davlatlar ham endi Rossiyadan o‘rnak olishlari mumkin bo‘ladi.

Rossiyaning Tolibondan o‘z so‘rovlari bo‘lishi mumkin.

Deylik, ular Tolibonning terrorchi guruhlarga oid josuslik ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashishi, Amerika yoki boshqalar bilan nimalarni gaplashganliklarini baham ko‘rishini istar. Yoki boshqa, boshqa... Bir narsa deyish qiyin.

Shuning uchun ham, men bu Amerikaning Tolibonni xorijiy terrorchi tashkilot deb topish, topmaslik harakatiga javoban qilingan ish, degan fikrdan yiroqman.

Menimcha, hattoki, aksinchasi ham bo‘lishi mumkin.

Chunki Rossiyaning shunga qarab ketayayotgani ularga ma’lum edi.

Ular Xitoyning ham ushbu yo‘nalishda harakat qilayotganini ko‘rishdi.

Shu bois, bu Tolibonni ushbu yo‘ldan ortga qaytarish uchun o‘ziga xos ogohlantirish ham bo‘lishi mumkin.

Bu, xususan, Xitoy uchun ham ogohlantirishdir balki.

Siz Afg‘onistonda Tolibon bo‘ladimi, boshqami – hech kimni qudratda ushlab turish kabi mas’uliyat yukini diplomatik tarzda o‘z yelkangizga ololmaysiz.

Siz Kobulda Tolibon bilan maslahat qilib o‘tirarkansiz, biz yordam bermaymiz, ko‘mak yubormaymiz. Keyin buni siz qilasiz yoki boshqa birov qiladi. Lekin bizga orqa qilmang, deyilayotgan ham bo‘lishi mumkin.

Sababi, avval shunga o‘xshash shikoyatlar bo‘lgan.

AQSh Afg‘onistonga trillionlab dollar mablag‘ sarflagani, urushgani va mamlakatni barqarorlashtirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgani, xitoyliklar bo‘ladimi yoki boshqalar esa, tijoratini qilgani qabilidagi noroziliklar bo‘y ko‘rsatgan.

Boshqalar foyda ko‘rishi uchun to‘lovini Amerika to‘lamasligi kerak, degan qarash Tramp ma’muriyatida ham keng tarqalgan.

Ular bunga o‘xshash gapni hatto yevropaliklarga aytib turgan bir paytda Xitoy va rossiyaliklarni-ku, endi qo‘yaturing.

Ammo keng jamoatchilikka imkonli bo‘lgan xabar va ma’lumotlardan bu ikki voqe’likning bir-biriga bevosita bog‘liqligi haqida hozircha qat’iy xulosa chiqarish qiyin.