Dinozavrlar haqidagi ilmiy xulosalar endi butkul o‘zgaradimi – yangi topilmalar siri

Surat manbasi, Masato Hattori
- Author, Viktoriya Gill
- Role, BBC News ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 4 daq
Olimlar Mo‘g‘ulistondagi muzey kollektsiyasini o‘rganar ekan, yangi dinozavr turini kashf etishdi. Ularning aytishicha, bu topilma tiranozavrlarning evolyutsion tarixini tubdan o‘zgartiradi.
Tadqiqotchilar o‘rgangan 86 million yillik ikki skelet hozirgacha ma’lum bo‘lgan barcha tiranozavrlar – jumladan, mashhur T. rex'ning eng yaqin ajdodi bo‘lgan yangi tur vakillari ekani aniqlandi.
Olimlar ushbu yangi turga Khankhuuluu mongoliensis deb nom berishdi (talaffuzi: xanxuulu), bu esa "Mo‘g‘ulistonning ajdar shahzodasi" degan ma’noni anglatadi.
Nature jurnalida e’lon qilingan ushbu kashfiyot, tiranozavrlar qanday qilib Shimoliy Amerika va Osiyoda dinozavrlar davri yakunigacha hukmronlik qilgan ulkan yirtqichlarga aylangani haqida muhim ma’lumot beradi.
T. rex kabi dinozavrlarning to‘liq saqlangan qoldiqlari bizga ularning tashqi ko‘rinishini aniq tasvirlash imkonini beradi.
Ammo ularning qadimgi ajdodlari hanuzgacha ilm-fan uchun sirligicha qolmoqda.
"Shahzoda" deb atashimiz sababi – bu hali kichik, dastlabki tiranozavroid bo‘lgani," deydi Kanadadagi Kalgari universiteti paleontologi, professor Darla Zelenitskaya.
Tiranozavroidlar – bu ikki oyoqda harakatlangan go‘shtxo‘r dinozavrlar guruhidir.
Dastlabki tiranozavroidlar nihoyatda kichik bo‘lgan.

Surat manbasi, Darla Zelenitsky
Tadqiqot mualliflaridan biri, doktorant Jared Voris shunday deydi: "Ular juda kichik, chaqqon yirtqichlar bo‘lib, yirik yirtqich dinozavrlar soyasida yashashgan."
Khankhuuluu esa muhim evolyutsion o‘tish bosqichini ifodalaydi – ya’ni chopqillab yurgan mayda yirtqichlardan T. rex kabi ulkan gigantlarga aylanish oraliq bosqichi.
Bu dinozavr taxminan 750 kilogramm og‘irlikda bo‘lgan. Taqqoslash uchun, voyaga yetgan T. rex bundan sakkiz baravar og‘irroq bo‘lgan.
"Shuning uchun bu topilma biz uchun muhim o‘tish davri foscilidir [tosh qotgan qoldiq], – deydi professor Zelenitskaya, – u qadimgi ajdodlar bilan qudratli tiranozavrlar orasidagi ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi."
"Bu kashfiyot tiranozavrlar nasab daraxtini qayta ko‘rib chiqishga imkon berdi va ularning evolyutsiyasi haqidagi tasavvurlarimizni yangiladi," deya qo‘shimcha qiladi u.

Surat manbasi, Julius Csotonyi
Yangi tur tiranozavrlarning hukmronligini ta’minlagan belgilar, xususan, kuchli jag‘ shakllangan bosh suyak tuzilmasining dastlabki bosqichlarini ham ko‘rsatadi.
Jared Voris bunday izoh beradi: "Uning burun suyagida biz keyinchalik tiranozavrlarning qudratli tishlam kuchini yuzaga keltirgan belgilarni ko‘ramiz."
Aynan ana shunday qudratli jag‘lar rivojlanishi T. rex'ga katta o‘ljalarga hujum qilish va hatto suyakni parchalash imkonini bergan.

Surat manbasi, .
Tadqiqot ob’ekti bo‘lgan ikkita skelet parchasi dastlab 1970-yillarda Mo‘g‘ulistonda topilgan.
Ular avval Alectrosaurus turiga mansub deb hisoblangan, biroq Jared Voris ularni qayta o‘rganib, tiranozavrsimon o‘ziga xos belgilarni aniqlagan.
"U menga bu yangi tur bo‘lishi mumkinligini aytib xabar yuborgani hali ham yodimda," deya eslaydi professor Zelenitskaya.

Surat manbasi, Riley Brandt/University of Calgary
Ushbu dinozavrlar guruhi o‘z vaqtida Sibir va Alyaskani bog‘lab turgan quruqlik ko‘priklari orqali Shimoliy Amerika va Osiyo o‘rtasida erkin ko‘chib yurgan. Bu esa ularga turli ekologik muhitlarga moslashish imkonini bergan.
"Qit’alar o‘rtasidagi bu almashinuv tiranozavrlarning turli guruhlari millionlab yillar davomida turli yo‘nalishlarda evolyutsiyalanishiga turtki bo‘lgan," deydi Voris.
Professor Zelenitskaya yakuniy xulosani shunday ifodalaydi: "Bu kashfiyot bizga tiranozavrlar qirol bo‘lgunga qadar shahzoda bo‘lganini ko‘rsatadi."












