Urushni kim boshladi? Ukraina urushi haqidagi Tramp da’volari bo‘yicha faktcheking (video)

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Met Myorfi va Jeyk Horton
- Role, BBC Verify
- O'qilish vaqti: 4 daq
AQSh prezidenti Donald Tramp Florida shtatidagi Mar-a-Lago saroyidan turib, Ukrainani Rossiya bilan urushda ayblaganday qator bayonotlar berdi.
Tramp jurnalistlar bilan suhbatda prezident Volodimir Zelenskiyning obro‘si haqida gapirdi va Ukrainada harbiy holat tufayli rejalashtirilgan saylovlar hamon o‘tkazilmaganini ta’kidladi.
Trampning izohlari (ularning ba’zilari Rossiyaning urush haqidagi pozitsiyasini aks ettirgandek tuyuldi) AQSh rasmiylari Ar-Riyodda Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashib, deyarli uch yildan beri davom etayotgan mojaroni tugatish bo‘yicha muzokaralar boshlaganidan bir necha soat o‘tib paydo bo‘ldi.
Keyinchalik Zelenskiy Trampni Rossiya yaratgan "dezinformatsion makonda yashayotganlikda" aybladi.
BBC Verify Trampning da’volarini tekshirdi.
Da’vo: "Buni boshlamasliginglar kerak edi"
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ukraina hukumati 18 fevraldagi Ar-Riyoddagi muzokaralarda ishtirok etmaganidan noroziligini bildirdi. Ammo Tramp bu xavotirlarni rad etib, jurnalistlarga Ukrainada urushni tugatish uchun uch yil vaqt bo‘lganini aytdi, keyin esa Kievni mojaroni boshlaganlikda aybladi.
"Hech qachon boshlamasligingiz kerak edi," dedi u. Kreml avvalroq Ukrainani Rossiyaga qarshi urush boshlaganlikda ayblagan edi.
"2014 yili aynan ular urushni boshlashdi. Maqsadimiz – bu urushni to‘xtatish. Biz bu urushni 2022 yilda boshlaganimiz yo‘q," dedi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2024 yil fevral oyida AQSh tok-shousi boshlovchisi Taker Karlsonga bergan intervyusida.
Urushni Ukraina boshlamadi. Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshladi, 2014 yilda esa Qrimni anneksiya qilgan edi.
Anneksiya Ukrainaning rossiyaparast prezidenti xalq namoyishlari tufayli hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin amalga oshirildi.

Surat manbasi, .
Rossiya, shuningdek, Ukraina sharqidagi hududlarni egallab olgan separatist kuchlarni qo‘llab-quvvatladi va Kievdagi yangi hukumatni rusiyzabonlarga nisbatan kamsitish va genotsidda aybladi. Xalqaro sud Moskvaning da’volarini rad etdi.
2014 yildan keyingi mojaroni tugatishga qaratilgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Rossiya 2021 yil oxirida Ukraina bilan chegarasida qo‘shin to‘play boshladi.
Putin 2022 yil 24 fevralda bosqinni boshladi va operatsiyaning maqsadi Volodimir Zelenskiyning g‘arbparast hukumatini "demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish" va mamlakatning NATOga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanligini aytdi.
Ukrainaning so‘nggi parlament saylovlarida o‘ta o‘ng nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash 2 foizni tashkil etdi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Zelenskiy yahudiy va uning partiyasi markazchi deb hisoblangan.
NATO rasmiylari 2021 yilda Ukraina kelajakda tashkilotga qo‘shilish uchun nomzod ekanligini aytishgan bo‘lsa-da, bu hech qanday rasmiy jarayonning bir qismi emas edi.
Da’vo: "Buni aytishni istamasdim, lekin uning xalq orasidagi reytingi 4 foizga tushib ketgan"
Prezident Tramp, shuningdek, Zelenskiyning reytingi 4 foizga tushib ketganini da’vo qildi.
Prezident dalil keltirmagani uchun qaysi manbaga ishora qilgani aniq emas. Biz Oq uydan bunga oydinlik kiritishni so‘radik.
Shu oyda o‘tkazilgan so‘rov ko‘rsatishicha, ukrainaliklarning 57 foizi prezidentga ishonishini aytgan, deb xabar berdi Ukrainaning Kiev xalqaro sotsiologiya instituti.
Biroq, bu ko‘rsatkich 2023 yil oxiridagi 77 foizdan pastlagan. 2022 yil may oyida 90 foiz edi – bu prezidentning obro‘si pasayganini ko‘rsatadi.
Ba’zi boshqa so‘rovnomalarga ko‘ra, Zelenskiy bo‘lajak har qanday saylovning birinchi bosqichida o‘zining eng yaqin raqibi, sobiq armiya qo‘mondoni Valeriy Zalujniydan ortda qoladi, bu esa ularning ikkinchi bosqichda to‘qnash kelishidan darak beradi.
Rasmiy so‘rovlar cheklangan va urush davrida aniq so‘rovlar o‘tkazish juda qiyin. Millionlab ukrainaliklar qochgan, mamlakatning beshdan bir qismi Rossiya ishg‘oli ostida.

Surat manbasi, Getty Images
Trampning izohlaridan so‘ng, Rossiyaning ba’zi yirik ommaviy axborot vositalari bu da’voga yopishib oldilar.
Telegram'da ukrainalik deputat va Zelenskiy tanqidchisi Aleksandr Dubinskiy o‘tkazgan so‘rovnomaga tayanib, Trampning bahosi to‘g‘ri deb da’vo qildi.
Dubinskiy Ukrainada davlatga xiyonat qilishda, "Rossiya razvedkasiga ishlaganlikda" ayblanadi.
Uning o‘zi buni rad etadi.
Da’vo: "Ukrainada saylovlar o‘tkazilmagan, aslida u yerda harbiy holat joriy etilgan."
Tramp, shuningdek, Ukrainada 2019 yildan beri prezidentlik saylovlari o‘tkazilmaganiga e’tibor qaratdi. O‘shanda Zelenskiy – ilgari hech qanday siyosiy tajribasi bo‘lmagan komediyachi – hokimiyatga kelgan edi.
Uning birinchi besh yillik vakolat muddati 2024 yil may oyida tugashi kerak edi. Biroq Ukraina 2022 yil fevralida Rossiya bosqini boshlanganidan beri harbiy holatda bo‘lib, saylovlar to‘xtatilgan.
Ukrainaning harbiy holat to‘g‘risidagi qonunlari 2015 yilda – Rossiya Qrim yarim orolini anneksiya qilganidan ko‘p o‘tmay va Zelenskiy hamda uning "Xalq xizmatkori" partiyasi hokimiyatga kelishidan bir necha yil oldin ishlab chiqilgan edi.
2024 yil noyabr oyida Ukraina parlamentidagi barcha partiyalar saylovlarni urush tugagunga qadar qoldirishni qo‘llab-quvvatladilar. So‘rovlar natijalariga ko‘ra, bu qarorni ukrainaliklar ham asosan ma’qullaydilar.
Xalqaro Respublika Instituti tomonidan sentyabr va oktyabr oylarida ukrainaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, 60 foizdan ortiq aholi urush paytida saylovlar o‘tkazishga qarshi ekan.
Zelenskiy mojaro tugagach, yangi saylovlar o‘tkazishga va’da berdi, ammo hozircha saylovda qatnashmoqchi ekanini tasdiqlamadi. Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, Ukrainada urush tugamasdan saylovlar o‘tkazish deyarli imkonsiz, chunki Rossiyaning ko‘plab shaharlarga hujumlari davom etmoqda va millionlab fuqarolar chet elga ko‘chgan yoki Rossiya okkupatsiyasi ostida yashamoqda.
Trampning bu mavzuga aralashuvi Kreml Zelenskiyning qonuniyligini shubha ostiga qo‘yganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. Chunki uning vakolat muddati tugagan, bu haqda Moskva so‘nggi oylarda bir necha bor ta’kidlagan. 28 yanvar kuni Putin Rossiya ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Zelenskiyni "noqonuniy" deb atadi.
Saylov vaziyatiga ishora qilar ekan, Tramp Rossiyaning tez-tez takrorlanayotgan ayblovlaridan xabardor ekanini ko‘rsatib, shunday dedi: "Bu Rossiyaning gapi emas, bu men va boshqa mamlakatlardan kelayotgan fikr."
O‘z navbatida, Zelenskiy avvalroq "saylovlar mavzusini urush o‘rtasiga tashlash mutlaqo mas’uliyatsizlik bo‘lishini" aytgan edi.
BBC Monitoring materiallaridan foydalanildi.












