Husanov O‘zbekistonining jahon chempionatiga chiqishiga yaqin qoldimi – "Manchester Siti" milliy terma jamoaning Toshkentdagi o‘yinini bee’tibor qoldirmadi

Surat manbasi, Getty Images
"Manchester Siti" O‘zbekistonning guruhdan chiqishiga yaqin qolganini sarlavhasiga olib chiqdi. Toshkentda mezbonlar o‘yin boshidan oxirigacha ustunlik qilishdi, deb yozdi.
Toshkentdagi o‘yin

Surat manbasi, Getty Images
Bu Angliyaning eng top klublaridan biri bo‘lgan "Manchester Siti"ga o‘tishidan keyin Abduqodir Husanovning ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tushishi bo‘ldi.
O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati Osiyo qit’asi 3-bosqich saralash bellashuvlarining yettinchi turi doirasida kecha, 20 mart kuni Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushdi, o‘yinni o‘zining foydasiga hal qildi.
Milliy terma jamoa raqiblarini Toshkentning "Bunyodkor" stadionida 1:0 hisobida mag‘lub etdi, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
"A" guruhida Erondan keyin o‘zining ikkinchi o‘rnini yanada mustahkamlab oldi.
Eng yaqin raqibi Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘rtasidagi farqni esa, 6 ochkoga yetkazdi.
O‘zining tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini yanada yaxshiladi.
Kechagi o‘yinini Eronga yutqazib qo‘ygan Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistonning o‘rniga ko‘z tikishi uchun guruhdagi qolgan uch uchrashuvini g‘alaba bilan yakunlashi shart bo‘lib qoldi.
Kichik hisobda bo‘lsa-da, O‘zbekistonning dramatik kechgan va natijasi o‘zi uchun muhim bo‘lgan o‘yindagi g‘alabasi mamlakatning o‘zida ham "2026 yilgi jahon chempionatiga yana bir qadam yaqinlashdik", degan talqindagi baholarga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Futbol Uyushmasi ham "manzilga yaqin qolgani"ni o‘z suratiga tagso‘z o‘laroq yozdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Jahon chempionati

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo O‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritgan, Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqib, qit’aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan bittasiga aylangan esa-da, halicha jahon chempionatida to‘p sura olmagan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining qachon jahon chempionatiga chiqishi, yillarki, mahalliy futbol ishqibozlarining tilida yurgan savollardan biri bo‘ladi.
Terma jamoaning 2018 yilgi jahon chempionati Osiyo qit’asi yakuniy bosqich saralash bellashuvlarida qayd etgan ustma-ust mag‘lubiyati ularning hatto mamlakatning o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziriga murojaat bilan chiqishlariga ham sabab bo‘lgani xabar berilgan.
Abdulaziz Komilovning xalq bilan ilk ochiq muloqotiga oid xabar manzarasida ayni shu mazmundagi savolning vazirlik matbuot xizmatiga kelib tushgani o‘shanda alohida yangilik bo‘lgan.
Bi-bi-si O‘zbek xizmatining orada prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi bilan ochiq muloqot qilish imkoni bo‘lganida, siz u kishidan nimalarni so‘ragan bo‘lardingiz, degan so‘roviga javob berganlarning orasida ham, "O‘zbekistonning qachon jahon chempionatiga chiqishini so‘ragan bo‘lardim", deganlarining borliklari ko‘rilgan.
Gazeta.uz muxbirlarining xabar berishicha, O‘zbekistonning Qirg‘izistonga qarshi o‘yinini kecha, payshanba kuni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripovning shaxsan o‘zi stadion tribunalaridan turib kuzatgan.
Abduqodir Husanov va "Manchester Siti"
Lekin hali oldinda o‘yinlar bor. Tehronda o‘yin oson bo‘lmaydi, ammo kerakli natijani qo‘lga kiritishga intilamiz.
"Manchester Siti" o‘zining xabarida O‘zbekistonning Qirg‘izistonga qarshi o‘yinida Abduqodir Husanovning maydonda to‘liq 90 daqiqa o‘ynaganini alohida ta’kidlagan.
Bu Husanovning o‘z mamlakati sharafini 19-bor himoya qilishi bo‘lgani, mezbonlar o‘yin boshidan oxirigacha ustunlik qilishgani haqida yozarkan, "Manchester Siti" O‘zbekiston milliy terma jamoasi bergan zarbalar soniyu ulardan qanchasining nishonga tekkanligi tafsilotlarigacha birma-bir to‘xtalgan.
Toshkentdagi kechagi o‘yin va o‘zbekistonlik o‘yinchisining undagi ishtirokiga oid xabarini esa, "Manchester Siti" Eronning Birlashgan Arab Amirliklarini mag‘lub etishi manzarasida O‘zbekistonning g‘alabasi uni tarixiy kvalifikatsiyaga yaqinlashtirgani haqidagi xulosa bilan tugatgan.
Abduqodir Husanovning o‘zi Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘yin oldidan jurnalistlarga bergan suhbatida, "tayyorgarliklari yaxshi ekani, uchrashuvga tayyor ekanliklari, inshaalloh, yutishlari"ni aytib, ularning savollariga javob bergandi.
Yo‘llanmalar taqdiri

Surat manbasi, rasmiy
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining qolgan uch uchrashuvini Eron va Birlashgan Arab Amirliklari bilan safarda, Qatarga qarshi esa, o‘z maydonida, poytaxt Toshkentda o‘tkazadi.
Guruh yetakchisi Eronga qarshi o‘yini 25 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Shu uch o‘yindan birida yutsa, qolgan ikkitasida esa, kamida durang o‘ynasa, O‘zbekistonning jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishi uchun imkoniyati yuqori bo‘ladi.
O‘zbekiston qolgan o‘yinlarida durang natija qayd etib, Birlashgan Arab Amirliklari har uch uchrashuvini ham g‘alaba bilan yakunlagan taqdirda esa, guruhdan ikkinchi da’vogarning taqdirini to‘plar hisobidagi farq hal qiladi.
Birlashgan Arab Amirliklari qolgan uchrashuvlarini Shimoliy Koreya, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadi.
Bundan tashqari, Qatar ham "A" guruhida yetti o‘yindan jami 10 ochko to‘plab, BAA bilan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni faqat to‘plar hisobidagi farq bilan bo‘lishib turgan yana bir jamoa bo‘ladi.
Bu bosqichda o‘z guruhida yuqori ikki o‘rinni egallagan ikki jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Kecha, 20 mart kuni bo‘lib o‘tgan saralash bellashuvlari manzarasida Yaponiya 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqqan mezbon bo‘lmagan birinchi davlatga aylangan, jamoa bu vazifani muddatidan ilgari hal qilgan.
Qirg‘iziston bilan o‘yindan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Timur Kapadze ham o‘zlarining jahon chempionatiga "juda yaqin qolganliklari"ni ta’kidlagan.
"Lekin hali oldinda o‘yinlar bor. Tehronda o‘yin oson bo‘lmaydi, ammo kerakli natijani qo‘lga kiritishga intilamiz", - deb aytgan.
O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan nashrlar esa, O‘zbekiston Qirg‘izistonga qarshi o‘yindagi g‘alabasi ortidan, FIFA reytingidagi mavqe’ini bir pog‘ona yaxshilab, 57-o‘ringa chiqib olgani haqida yozishga ham ulgurishgan.












