O‘zbekiston Rossiya boshchiligidagi ittifoq sari yana bir qadam tashladi – bu nimani anglatadi? Video

O'qilish vaqti: 6 daq

Rossiya ittifoqchisi Qirg‘izistonga kameralar oldida e’tiroz bildirarkan, O‘zbekiston Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo ittifoqi sari yana bir qadam tashladi. Bu xatarlimi yoki O‘zbekiston Rossiya bosimlari mohirlik bilan chap berayotganini anglatadimi?

Olma-otada Rossiya va mintaqaning ikki davlati Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston o‘rtasida muhim hodisa ro‘y berdi.

O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqining bojxona tranziti yagona tizimiga qo‘shilish niyati borligini bildirdi. Rossiya bosh vaziri esa ushbu tashkilotdagi yaqin hamkori Qirg‘izistonga hammaning oldida dakki berdi.

A’zolari yopiq eshiklar ortida o‘zaro kelisholmayotgan va Rossiya "katta og‘alik" qilayotgan tashkilotga yaqinlashish O‘zbekiston uchun qanchalik zarur? O‘zbekiston Rossiya bosimlariga chap berishni mohirlik bilan uddalayaptimi?

Diqqat BBC ning navbatdagi sonida shu masalaga e’tibor qaratdik.

Rossiyaning Bosh vaziri 3 fevral kuni kameralar ko‘z o‘ngida Qirg‘izistonga e’tiroz bildirdi.

Mixail Mishustin Qirg‘izistondagi Rossiya shirkatlariga davlat organlari tomonidan bo‘layotgan bosimdan shikoyat qildi, ularni tovlamachilikda aybladi va Qirg‘iziston bosh vaziriga talab qo‘ydi.

"Qonunga zid, ba’zan tovlamachilik harakatlarining aniq faktlari Rossiya Tashqi ishlar vazirligining diplomatik notasida keltirilgan. Biz Qirg‘iziston rahbariyatidan kompaniyalarimizga nisbatan ma’muriy bosimni bas qilishni va rossiyalik investorlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlashni so‘raymiz"

Rossiya Bosh vazirining Qirg‘izistonga omma oldida e’tiroz bildirishi va talab qo‘yishiga rasmiy Bishkek ham qarab turmadi, munosabat bildirdi.

Mishustin Qirg‘izistonga e’tirozini Olma otada Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishi o‘tayotgan vaqtda bildirdi.

O‘sha yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Bosh vaziri sal oldinroq O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining bojxona tranziti yagona tizimiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb bayonot berdi.

O‘zbekiston qo‘shilmoqchi bo‘layotgan tizim qanday ishlaydi?

Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqining o‘ziga a’zolik va bu ittifoqning bojxona tranzit tizimiga a’zolik o‘rtasida qanday farq bor?

Bojxona tranzit tizimiga a’zo bo‘la turib, O‘zbekiston shu paytgacha rad etib kelgan Yevroosiyo ittifoqining, ta’bir joiz bo‘lsa, qopqoniga tushib qolishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.

Ayni damda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgan 5 ta davlat bor va ular uchun umumiy tashqi tarif bo‘lmish, umumiy boj mavjud.

Agar boshqa davlat Yevroosiyo ittifoqiga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lsa, savdo tizimini o‘sha umumiy tarifga to‘la moslashtirishi kerak bo‘ladi.

"To‘g‘rirog‘i savdo tizimini Rossiya savdo tizimiga moslashtirishi kerak bo‘ladi. Chunki umumiy tarif sifatida Rossiya tarifi asos qilib olingan", deydi savdo va iqtisod tahlilchisi Valijon To‘raqulov.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston bojxona tranziti yagona tizimi bilan hamkorlik bo‘ladigan bo‘lsa, bu majburiyatlarni olmaydi.

"Chunki bu faqatgina shu 5 davlat ichida logistika bo‘yicha hamkorlik xolos. Bu O‘zbekiston uchun qaysidir jihatdan iqtisodiy foydalar olib keladi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining bir qismi bilan test holatida ishlab ko‘rmoqchimiz".

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Bu hali yangi tizim - 2024 yilning 26 dekabrida tasdiqlandi. Nazariyaga qaralsa, shartnomaning asosiy maqsadi yuklarni «uzluksiz» tashish, ya’ni ishtirokchilar o‘rtasida eng qulay va samarali logistikani ta’minlashdan iborat. Lekin amalda bu O‘zbekiston uchun qanday kechadi degan savollar paydo bo‘lmoqda. Chunki hatto ittifoqining a’zolari uchun ham shu paytgacha bojxona tizimi silliq ishlamagan.

"Amaliy jihatdan, sonlar bilan, ilmiy ishlar orqali isbotlab berilgani yo‘q. Chunki hali bu tajribada yo‘q. Lekin nazariy jihatdan foydalari bor. O‘zbekistonning Rossiya, Qozog‘iston bilan yaxshi hamkorligi bo‘lgan taqdirda ham juda ko‘p holatlarda logistika tizimida muammolarini bilamiz. Masalan, yaqinda ham O‘zbekistonga kartoshka juda ham kerak bo‘lib turgan paytda, o‘tkazilmadi. Yoki 2000 yillarning oxirida qaysidir jihatdan Rossiya bosim berib, juda ko‘p pomidor borganda Rossiyaga kiritilmagan va pomidorlar iste’molga yaroqsiz bo‘lib, katta zarar ko‘rgan. Agar nazariy jihatdan olib qaralsa, O‘zbekiston logistika tizimiga a’zo bo‘ladigan bo‘lsa, qaysidir jihatdan ko‘plab ko‘rinmaydigan to‘siqlarni aylanib o‘ta oladi", deydi Valijon To‘raqulov.

Tahlilchiga ko‘ra, Yevroosiyo ittifoqining ichida ham muammolar yetarli. Unda parlament yo‘qligi, Rossiya gegemon davlat sifatida so‘zini o‘tkazishi kabi muammolar bor.

"Agar Xitoy bu tashkilotga kirganida muvozanatni barpo bo‘lardi", deydi u.

Bojxona tranzit tizimiga qo‘shilish iqtisodiy qarormi yoki siyosiy?

Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi haqida gap ketganda, eng muhim argumentlardan biri – Rossiyaning siyosiy ta’siri tilga olinadi.

Rossiya, oxirgi yillarda Ukrainaga bostirib kirib, o‘z ta’sir doirasini qattiq qo‘riqlashini isbotladi va Markaziy Osiyo davlatlarini ham hanuz o‘z tomorqasi deb ko‘radi. Shunday manzarada bojxona tranziti yagona tizimi ishga tushirilishi va unga O‘zbekiston ham qo‘shilishi iqtisodiy qarormi, yoki siyosiy?

"Bu judayam sensitiv holatda qabul qilingan diplomatik qaror. Bu narsaning O‘zbekistonning ko‘p qutblik siyosatiga to‘g‘ri keladigan jihati ham bor. Iqtisodiy jihatdan foydalari bor", deydi Valijon To‘raqulov.

Qirg‘iziston tajribasi qanday?

O‘zbekistonning qo‘shnisi Qirg‘iziston ham Jahon savdo tashkiloti hamda Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi a’zosi.

Rossiya bilan bevosita chegaradosh bo‘lmagan bu davlatning ittifoq ichidagi tajribasi O‘zbekistonga qo‘l kelishi mumkin.

Bishkekdan siyosiy tahlilchi Chinara Esengul Qirg‘izistonning Yevroosiyo ittifoqida ham ijobiy ham salbiy tajribasi borligini aytadi.

Unga ko‘ra, Yevroosiyo ittifoqiga a’zo davlatlarning Qirg‘izistonga qo‘shni bo‘lishi ijobiy tomonlardan biri. Bundan tashqari, Rossiyaning mamlakat ijtimoiy xavfsizligidagi katta roli, ya’ni migrantlarning Rossiyada emin erkin ishlashi nuqtai nazaridan ittifoqqa a’zo bo‘lish Qirg‘izistonda ijtimoiy bosimni kamaytiradi.

"Salbiy tomonlariga keladigan bo‘lsak, boshqa ko‘plab eshiklarning yopilishi bilan bog‘liq. Xitoy bilan savdo aloqalarimiz yomonlashdi. Chunki biz Yevroosiyo ittifoqiga kirishdan oldin, Jahon savdo tashkiloti a’zosi edik. Hozir ham shunday, ammo oldin bojxona tariflari boshqa edi. Xitoydan import qilib Yevroosiyo makoniga reeksport qilish modeli hali ham ishlayapti, ammo rasman bu noqonuniy, kontrabanda hisoblanadi", deydi u.

Tahlilchiga ko‘ra, natijada savdo ko‘lami tushib ketdi va migratsiya oqimi kuchaydi. Xizmat ko‘rsatish doxil iqtisodiy vaziyat yomonlashdi. Shuningdek, uchinchi davlatlar bilan ham savdo munosabatlari nochorlashdi. Masalan, Turkiya va boshqa davlatlar bilan savdo surati risoladagidek emas.

" Hatto qo‘shni Qozog‘iston bilan a’loqalarimiz a’lo emas. Chegaramizda doim Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida mojaro bo‘ladi. Qozog‘iston bizni kontrabandada ayblaydi. Qirg‘iziston "faqat bizni sinchiklab tekshirasizlar, Qozog‘iston-Xitoy chegarasi ham obod emas", deydi. Rossiyaga sanksiyalar kiritilganidan keyin Belarus bilan munosabatlari qanday bo‘lganini eslasangiz kerak. Bularni aytishdan sabab Yevroosiyo hududida umumiy til topishga harakat qilishyapti. Qirg‘iziston bu ittifoqdagi uncha rivojlanmagan va kuchli bo‘lmagan davlat sifatida doim jabr ko‘radi".

Rossiyaning Qirg‘izistonga ochiq dakki berishi "katta og‘alik"mi?

Yevroosiyo ittifoqi yig‘ilishi o‘tayotgan Olma-otada Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinning Qirg‘iziston vaziriga kameralar qarshisida e’tiroz bildirishi va talab qo‘yishi kutilmagan bo‘ldi.

"Meni hayratlantirgan jihati, bu masala ochiq ravishda ommaga yoyilishi va Rossiya federatsiyasi Bosh vazir tomonidan yangrashi. Bu nafaqat ichki siyosat, mamlakatimizda bo‘layotgan narsalardan darak beradi, balki bu davlatlarning munosabatini ko‘rsatadi. Bir tomondan bu masalani o‘ta yuqori darajada olib chiqqan Rossiya rahbariyatini tanqid qilish mumkin. Bu kabi ishlar yopiq eshiklar ortida hal qilinadi. Ammo menimcha, bu atayin qilindi. Go‘yoki "katta og‘a" xavotirlanganini ko‘rsatish uchun. Ya’ni biz bu haqda dunyoga ochiq aytamiz va sizga gapirishimiz mumkin, siz esa quloq tutishingiz kerak, degandek", deydi Chinara Esengul.

O‘zbekiston bir kun kelib Yevroosiyo ittifoqiga a’zo bo‘ladimi?

O‘zbekiston Ittifoqning bojxona tranziti yagona tizimiga qo‘shilishi mumkin. Ammo Rossiya ko‘p yillardan beri O‘zbekistonni ittifoqqa to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishiga undab keladi.

Mutaxassislar ittifoqqa a’zolikning O‘zbekiston uchun foydasidan zarari ko‘pligini aytishadi.

"2005 yilda ittifoq boshqa nomda Yevroosiyo iqtisodiy yagona hududi, deb atalardi. Xalqaro Valyuta jamg‘armasi mutaxassisi MDH davlatlari JST yoki Rossiya tomonidan boshqarilayotgan savdo tashkilotiga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lsa, birinchi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgani yaxshi, degan narsani aytib o‘tgan", deydi Valijon To‘raqulov.

Qirg‘izistonlik tahlilchi esa, ittifoqqa a’zo bo‘lib kirishni O‘zbekistonga tavsiya qilmaydi.

"O‘zbekistonga hech qachon buni tavsiya qilmasdim. O‘zbekiston juda yaxshi joylashib oldi, muvozanatni topdi. Yevroosiyo ittifoqida rasman kuzatuvchi davlat hisoblanadi", deydi Chinara Esengul.

Tahlilchilar ittifoqning aynan bojxonaga oid qismidan O‘zbekiston o‘ta manfaatdorligini aytishmoqda. Buning asosiy sababi jo‘g‘rofiy joylashuv. O‘zbekiston dengiz yo‘liga chiqish uchun ikki davlatni kesib o‘tishi kerak. Shuning uchun O‘zbekiston hech bo‘lmaganda shimoldagi ko‘shnilari bilan bojxona sohasida to‘liq integratsiya bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi Chinara Esengul.

"Ammo to‘liq, ya’ni bojxona, tranzit va tariflardan tashqari a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun noto‘g‘ri va befoyda bo‘ladi. Buni O‘zbekiston tushunadi. U o‘zini ortiqcha majburiyatlar bilan yana bir bor cheklashni istamaydi. Menimcha, O‘zbekiston turgan hozirgi mavqe to‘g‘ri va shunday davom etish mumkin", deydi Chinara Esengul.

Tahlilchining aytishicha, Rossiya O‘zbekistonning to‘liq a’zo bo‘lib kirib, ittifoqni kuchaytirishini istayotgan bo‘lsa-da, hozircha Toshkent o‘z pozitsiyasida tura olyapti.

"Keling, ochiq aytsak, O‘zbekiston o‘ta pragmatik davlat. Balki bu madaniyat bilan biroz bog‘liqdir. O‘zbekiston hech qachon foydasiz ishni qilmaydi. Nafaqat hozir, balki strategik rejada ham shunday. O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqining to‘liq a’zosi bo‘lishi uchun Rossiya juda katta narsa taklif qilishi kerak. Ya’ni, istiqbolga potentsial bo‘ladigan haddan ziyod katta taklif. O‘zbekistonning aholisi eng ko‘p, armiyasi juda kuchli. Shuning uchun ham Putin qayta saylangach ilk tashrifni O‘zbekistonga qildi, O‘zbekiston haqida ko‘p gapirdi. U Markaziy Osiyoda O‘zbekiston yetakchilardan biri ekanligini tushunadi. Ayniqsa hokimiyat almashib, Mirziyoyev kelgach islohotlarni boshlagach, Putin O‘zbekiston qanchalik sub’ektligini, ya’ni mustaqilligini va unga bosim qilib bo‘lmasligini, ammo uni ishontirish mumkinligini biladi".

Hozirgi urush vaziyatida kelasi 10 yil Rossiya uchun o‘ta qiyin davrlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shu sabab Rossiya O‘zbekistonni ko‘ndira oladigan biror kattaroq taklif berishi dargumon.

"Shuning uchun Rossiya baribir O‘zbekistonning qaram jihatlariga bosim o‘tkazadi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi migratsiya masalasida qaram. Rossiyadagi o‘zbek migrantlariga nima bo‘ladi, degan masala ochiq. O‘zbekiston bu muammoni strategik nuqtai nazardan sekin-sekin yechishga harakat qilyapti", deydi Chinara Esengul.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni keskin – 6 barobarga qisqardi.

2016 yili ularning soni 4 milliondan 6 milliongacha ekanligi aytilgan bo‘lsa, 2024 yili bu raqam bir million atrofida ekanligi e’lon qilindi.

Qirg‘izistonlik tahlilchining aytishicha, Rossiyaga migrantlar borasida qaramlik saqlanib qolarkan, O‘zbekiston Rossiya siyosatini e’tiborsiz qoldirolmaydi.

"Ya’ni u na Xitoy bilan yoki G‘arb, na arab davlatlari bilan o‘ta yaqinlasha oladi. Ammo u hozircha muvozanatni juda yaxshi ushlayapti. Teng taqsimlangan siyosat deyiladi bunga. Katta o‘yinchilar orasida masofani to‘g‘ri saqlayapti. Menimcha, u shunday davom etadi. Teng taqsimlangan tashqi siyosat tufayli O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqining to‘liq a’zosi bo‘lmasligi kerak va bo‘lolmaydi".