You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Dayjest: O‘zbekiston kimni mamlakatga kiritmoqchi emas? Mirziyoyev olimpiya qo‘mitasi raisi, yangi Osiyo boks tashkiloti tuzildi
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar qilishicha, O‘zbekistondagi "ko‘p ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosini inobatga olgan holda" Prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodi Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisligiga ilgari surilgan va qo‘mita Bosh assambleyasidagi ovoz berishda bir ovozdan ma’qullangan.
Milliy Olimpiya qo‘mitasining navbatdagi majlisida Bosh vazir Abdulla Aripov qatnashgan.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Bosh vazir Abdulla Aripov 2028 yildagi Los-Anjeles yozgi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligini ta’kidlagan va shuning uchun ham Prezident Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisi, uning kuyovi, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, Oybek Kasimov Bosh kotib va Sherzod Tashmatov rais o‘rinbosari etib saylanganlar.
World Boxing yangi Osiyo boks tashkilotini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ldi
World Boxing xalqaro boks federatsiyasi Rossiya yetakchiligidagi Xalqaro Boks Assotsiatsiyasidan (IBA) ajralib chiqqan yangi Osiyo Boks Konfederatsiyasini (ASBC) qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Xabar qilinishicha, Osiyo boks federatsiyalarini jamlagan favqulodda majlis o‘tkazgan va IBA tarkibida qolish yoki chiqib ketish masalasini ovozga qo‘ygan.
Shundan so‘ng Osiyo Boks Konfederatsiyasi (ASBC) prezidenti Pichai Chunhavajira darhol iste’fo bergan va World Boxing tarkibida yangi Osiyo konfederatsiyasi tashkil etilganini e’lon qilgan.
Reuters axborot agentligi xabar qilishicha, Tailand Boks Assotsiatsiyasining prezidenti bo‘lgan Pichai Chunhavajira, yangi tashkilot "sportimizning shaffof, adolatli va barqaror kelajagini ta’minlaydi", deb aytdi.
Ushbu yangilikni World Boxing Prezidenti Boris van der Vorst olqishlab chiqdi.
Dunyodagi olimpiada boksi tarixida eng dongdor 10 mamlakat ro‘yxatiga kiritiladigan O‘zbekiston va Qozog‘iston noyabr oyi boshida World Boxing federatsiyasiga qo‘shilgan edi.
Boks hozircha 2028 yildagi Los-Anjeles yozgi olimpiya o‘yinlari ichiga kiritilgani yo‘q.
Yaqin-yaqingacha Boks sport turini Xalqaro Boks assotsiatsiyasi IBA taqdim qilib kelgan, biroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi IBA tashkilotini boshqaruv, moliya kabi masalalarda uzoq yildan berib tanqid qilib kelar, boksni olimpiadada taqdim qilish huquqidan ayirib qo‘yishi haqida ogohlantirgan edi.
Xalqaro Boks assotsiatsiyasini 2020 yildan buyon Umar Kremlyov boshqaradi, u assotsiatsiyaga rais bo‘lib kelgan payti tashkilotdagi kamchiliklarni tuzatishga va’da bergan, tashkilotning ancha qarzlarini uzgan.
IBAga Rossiyaning davlat nazoratidagi "Gazprom" shirkati homiylik qilishi sababidan xorij matbuoti Umar Kremlyovni Kremlga aloqasi bor shaxs deb ko‘radi.
Bu yilgi Parij-2024 olimpiadasida qaysi bokschilar qatnashishi qarorini Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining o‘zi berdi.
Xalqaro Olispiya qo‘mitasi Prezidenti Tomas Bax boks bo‘yicha milliy federatsiyalarni yangi, "ishonchli" xalqaro tashkilot topishga chaqirdi, aks holda bokschilari 2028 yildagi olimpiadaga qo‘yilmasligini aytdi.
Buning uchun XOQ 2025 yilgacha muhlat berdi.
2023 yili AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya va Braziliya boks tashkilotlari IBAga muqobil World Boxing xalqaro boks federatsiyasini tashkil qildilar.
Yaqinda World Boxing Prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekistonga borgan, o‘shanda O‘zbekiston bu tashkilotga qo‘shilishi e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston kimni mamlakatga kiritmoqchi emas?
2024 yil 15 noyabridan O‘zbekiston hukumati nomaqbul deb topgan insonlarning O‘zbekiston hududiga kiritilishi taqiqlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadidagi qonunni imzoladi.
Istalmagan shaxslarni O‘zbekistonga kiritmaslik maqsadidagi qonunni xalqaro tashkilotlar tanqid qilishgan, bu O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga zid ekanini ta’kidlashgan.
Bu qonun "erkin harakatlanish va xalqaro almashishni jiddiy cheklashi, O‘zbekistonning qaytadan xalqaro darajada ihotalanishiga olib kelishi, Prezident Mirziyoyevning siyosiy islohotlari barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan xalqaro inson huquqlari faollari, jurnalistlar, olimlar va boshqalar bilan konstruktiv muloqotga putur yetkazishi mumkin. Bunaqa choralar O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini to‘kadi", deya hali loyiha muhokamasida bayonot bergan edi inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Xalqaro Xelsinki qo‘mitasi.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistonning nomaqbul shaxslar ro‘yxati Rossiyadagi imperiyaparast siyosatchilarning buzg‘unchi bayonotlariga javob bo‘lishi mumkin.
Oxirgi yillarda rossiyalik siyosatchi, jurnalist yoki faollarning sobiq Sovet respublikalari va rahbariyatiga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik, "Ukraina kunini boshiga solish" bilan tahdid, xususan, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishgacha bo‘lgan bayonotlari kuzatildi.
Ammo ikki oy oldin Kanadada istiqomat qiladigan taniqli jurnalist, yozuvchi va huqushunos Baxtiyor Shohnazar vataniga kiritilmadi, Toshkent aeroportidan qaytishga majbur bo‘ldi.
U o‘ziga nega O‘zbekistonga kiritilmagani sababi bo‘yicha birorta aniq, yuridik asosga ega vaj ko‘rsatilmaganini bildirdi.
Nomaqbul shaxs qonuni hali qabul qilinmagani Baxtiyor Shohnazar, taniqli O‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil, jurnalist Shohida Yoqub va qator o‘zbekistonlik muxolifat va inson huquqlari faollarining O‘zbekistonga kiritilmasligiga mone’lik qilmagan.
Yangi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning nomaqbul shaxslari ro‘yxati Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Senat, va boshqa maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimotiga asosan tuziladi.
Bu ro‘yxatni tuzishda biror bir shaxsning O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etganiga alohida e’tibor qaratiladi.
Telegram kanalimiz: