Rossiya qanday qilib Ukraina bolalarini o‘z vataniga qarshi kurashga tayyorlamoqda?

Surat manbasi, BBC/ Angelina Korba
- Author, Zhanna Bezpiatchuk
- Role, VVS News Ukraine
- Reporting from, Kyiv
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ukraina janubidagi Xerson viloyatining Rossiya ishg‘oli ostidagi hududida maktab o‘quvchilari och jigarrang harbiy kiyim va qizil beret kiygan sinfdoshlari medal va sovg‘alar olayotganini jimgina kuzatmoqda.
Forma kiygan bolalar Rossiyaning "Yunarmiya" – "Yosh armiya" deb nomlangan umummilliy harbiy-vatanparvarlik yoshlar harakati a’zolaridir. Eng kichik a’zolar atigi 8 yoshda.
Yunarmiya a’zolari qator imtiyozlardan foydalanadi: oshxonada alohida ovqatlanish, sifatliroq taomlar va muallimlarning alohida e’tibori.
A’zolikdan bosh tortish
12 yoshli Sergey ismli o‘quvchi Bi-bi-siga Yunarmiyaga qo‘shilishdan bosh tortgani va buning oqibatida, jumladan, past baholar bilan jazolangani haqida so‘zlab berdi.
"Ularga fanni bilmasa ham a’lo baho qo‘yishadi," deydi u maktabidagi Yunarmiya a’zolarini nazarda tutib.
Sergey rus bosqini davrida uch yil davomida bir necha marta maktabini o‘zgartirgan.

Surat manbasi, BBC/ Angelina Korba /Yunarmiya Telegram Channel
Hozir Ukraina nazoratidagi hududga ko‘chib o‘tgan Sergeyning chamalashicha, avvalgi sinfdoshlarining qariyb yarmi Yunarmiya yoki Rossiyaning Tergov qo‘mitasi boshqaradigan kursantlar sinflari orqali harbiylashtirilgan dasturlarga yoki Rossiya armiyasidan alohida bo‘lgan, ammo davlat nazoratidagi Rosgvardiya maxsus qo‘riqlash bo‘linmalariga jalb qilingan.
Tanqidchilar fikricha, bu dasturlar bolalarni kelajakda Rossiya armiyasi yoki boshqa xavfsizlik kuchlarida xizmatga tayyorlaydi. Ishtirokchilar maxsus forma oladi va maktab ta’tillari vaqtida Rossiyadagi harbiy mashg‘ulot lagerlariga yuboriladi.
Yunarmiya qanday paydo bo‘lgan?
Yunarmiyani 2016 yilda Rossiyaning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri, prezident Vladimir Putinning yaqin safdoshi Sergey Shoygu tashkil etgan.
Hozirgi kunda tashkilotda taxminan 1,8 million bola bor, ularning aksariyati Rossiyada, shuningdek, Rossiya bosib olgan Ukraina hududlarida 43 ming bola ham bor.
Tashkilot Rossiya ishg‘ol qilgan barcha hududlarda yanada ko‘proq ukrainalik bolalarni faol jalb qilayotgani taxmin qilinmoqda.
2025 yil may oyiga kelib, uning 120 mingdan ortiq bitiruvchisi Rossiya armiyasida xizmat qilmoqda, deb ma’lum qildi Yunarmiya rahbari Vladislav Golovin.

Surat manbasi, ВВС
Golovin 2022 yilda keng ko‘lamli bosqinning dastlabki haftalarida Ukraina janubidagi Mariupol shahrini qamal qilishda ishtirok etgan rus harbiy dengiz piyodasi. O‘shanda minglab tinch aholi halok bo‘lgan, o‘n minglab uylar vayron qilingan edi.
Golovin Yunarmiyaning vazifasini bola hayotining "har oniga Rossiyani singdirish" deb ta’riflaydi.
Bolalarga Rossiya bayrog‘ini o‘pish, davlat madhiyasini kuylash, o‘qotar qurollarni yig‘ish va qo‘llash o‘rgatiladi. Ular jang qilishga ham rag‘batlantiriladi.
O‘quvchilardan biri yoshning ahamiyati yo‘qligini aytishganini eslaydi – agar Ukraina "Rossiyaga hujum qilsa", qurollanishinglar kerak, deb uqtirilgan yosh a’zolarga.
Golovin, shuningdek, "Russkiy mir"ning "an’anaviy ma’naviy va axloqiy qadriyatlari"ni targ‘ib qiluvchi "Dvijenie pervыx" deb nomlangan boshqa yoshlar tashkiloti rahbari o‘rinbosari lavozimida ham ishlaydi.
Ukrainalik bolalarni yollash
2022 yilda Rossiya Ukrainaning to‘rtta viloyatini qo‘shib olgandan so‘ng, Yunarmiya u yerda bolalarni ommaviy jalb qilishni boshladi. Faqatgina Donetsk viloyatida Bi-bi-si hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda Yunarmiyaning 180 ta rasmiy bo‘linmasi mavjud.
Mariupolda mahalliy amaldorlar "yovuzlikka qarshi kurashing" va "qat’iy turing" kabi shiorlardan foydalanib, yoshlarni ochiqcha urushga tayyorlanishga undamoqda.
Ukrainaning dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi maktablarda "Yunarmiya sinflari tashkil etilgan... ota-onalar jarimalar yoki maktabda o‘qishdagi cheklovlar tahdidi ostida bolalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga majburlanmoqda."

Surat manbasi, BBC/ Angelina Korba /Yunarmiya
Bi-bi-si ma’lumotiga ko‘ra, maktablardagi majburiy darslarda, shuningdek, Yunarmiya sinflarida – ham bosib olingan Ukrainada, ham Rossiyada – Ukraina ko‘pincha neonatsist davlat sifatida tasvirlanadi va uning millat sifatida mavjudligi inkor etiladi.
Bolalarga Rossiya qudratli ekani, Ukraina esa 30 yildan ortiq vaqt oldin Sovet Ittifoqi parchalanishiga sababchi bo‘lgani o‘rgatiladi.
Sinfdan tashqarida, Yunarmiyaga qarashli ijtimoiy tarmoq sahifalari harbiy tayyorgarlik va harbiy faoliyat keng ko‘lamda targ‘ib qilinadi: nishonga otishdan tortib birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarigacha, hatto Ikkinchi jahon urushi askarlari qoldiqlarini qidirishgacha.
Bi-bi-si hisob-kitobiga ko‘ra, 2025 yilning yanvarь-avgust oylarida guruh Ukrainaning bosib olingan Donetsk viloyatida kamida 1275 ta shunday tadbir o‘tkazgan.

Aynan shu yerda bolalar rus harbiy yollovchilari va "Maxsus harbiy operatsiya" (Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini shunday ataydilar) ishtirokchilari bilan uchrashadi.
Ishtirokchilarga qurol-yarog‘, jumladan, alangapurkagichlar, pulemyotlar va granatalar bilan ishlash, dronlarni boshqarish va sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlarini buzish o‘rgatiladi.
Bi-bi-si hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu tadbirlarning 15 foizdan ortig‘i harbiy bo‘lmagan tadbirlar, masalan, bog‘larni tozalash yoki muzeylarga borish, biroq bular ham ko‘pincha mafkuraviy targ‘ibotsiz bo‘lmaydi.
Bi-bi-sining aniqlashicha, bu tadbirlarda ko‘pincha Ikkinchi jahon urushiga e’tibor qaratiladi, natsistlar va Rossiya hukumati Ukrainadagi "neonatsistlar" deb ataydiganlar o‘rtasida «o‘xshashliklar» ko‘rsatiladi.
Ushbu lagerlarda bosib olingan Ukrainadan, shuningdek, Rossiyadan kelgan bolalar qabul qilinadi va tayyorlanadi.
Yel universiteti Jamoat salomatligi maktabi tadqiqotchilari 210 ta shunday joyni aniqladi, ularning taxminan 20 foizi faqat harbiy tayyorgarlikka qaratilgan.
Rossiya hukumati tashkil etgan "Jangchi" va "Avangard" kabi markazlar jangovar taktika, muhandislik va jang maydonidagi tibbiy yordamni o‘rgatadi.
Bosib olingan hududlardagi ukrainalik bolalar ham maktablarda o‘tkaziladigan va jangovar sharoitlarni modellashtiruvchi "Zarnitsa 2.0" kabi Rossiya harbiy musobaqalarida ishtirok etadi.
"Yunarmiya" a’zolari, shuningdek, yangi a’zolarni jalb qilish maqsadida maktablarga borib, muntazam tadbirlar o‘tkazadi.

Surat manbasi, BBC/ Angelina Korba /Yunarmiya Telegram Channel
Inson huquqlarining ehtimoliy buzilishlari
Ukraina rasmiylari mojaro boshlanganidan beri Rossiya kamida 19,6 ming ukrainalik bolani Rossiyaga "deportatsiya qilgani"ni aytdi va bir qator ukrainalik o‘smirlar 18 yoshga to‘lganidan keyin Rossiya armiyasiga chaqirilgan holatlarni hujjatlashtirdi.
2023 yil mart oyida Xalqaro jinoyat sudi prezident Vladimir Putin va Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarni majburan ko‘chirishda ayblab, ularni hibsga olish orderini chiqardi. BMT bu harakatlarni harbiy jinoyatlar deb baholadi.
Moskva bular zo‘ravonlik bilan amalga oshirilganini rad etib, bolalarni himoya qilish maqsadida qilinganini ta’kidlamoqda. Rossiya hukumati yana ukrainalik bolalarning o‘z uylariga qaytishiga to‘sqinlik qilganini inkor etmoqda.
Ukraina "Save Ukraine" kabi tashkilotlar yordami bilan 1500 dan ortiq bolani mamlakatga qaytarishga erishdi. Xalqaro sa’y-harakatlar, jumladan, birinchi xonim Olena Zelenskayaning tashviqoti va Qatarning vositachiligi ham davom etmoqda.
Ukraina harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, armiyaga chaqiruv ishg‘ol qilingan hududlarning o‘zida ham amalga oshirilmoqda, uning so‘nggi bosqichi 2024 yil oxirida bo‘lib o‘tgan. Buning oqibatida ukrainaliklar o‘z mamlakatiga qarshi urushda halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Huquq himoyachilari buni Moskvaning Ukraina jamiyatini bo‘lib tashlash va safarbarlik bazasini yaratish strategiyasining bir qismi deb hisoblashmoqda.

Surat manbasi, BBC/ Angelina Korba /Yunarmiya Telegram Channel
Ukraina prokuraturasi "Yunarmiya"ning bir qator rahbarlarini urush qonunlari va taomillariga zid ravishda bolalarni harbiylashtirganini tekshirmoqda.
Xalqaro huquq voyaga yetmaganlarni bosqinchi kuchlar armiyasiga yollashni taqiqlaydi. Shu bois, Rossiya harakatlari bir nechta shartnomani buzishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
"Yunarmiya" bu ayblovlarga javob bermadi, ammo Rossiya hukumati har doim bolalar o‘z ixtiyori bilan qatnashayotganini va yaxshi rus fuqarolari hamda Rossiyaning kelajakdagi himoyachilari bo‘lish uchun harakat qilayotganini ta’kidlamoqda.
Maqolaga hissa qo‘shgan ba’zi odamlar ismlari ularning xavfsizligi tufayli o‘zgartirildi. Maqolani tayyorlashda Mariana Matveychuk ham yordam berdi.












