You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Rossiya-Xitoy aloqalari hozir shunchalik zo‘rmi – Putin maqtadi...
Lora Biker Gevin Batler
Xitoydagi muxbir BBC News
Putin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni olqishladi, ularning "misli ko‘rilmagan darajada" ekanini aytdi.
Rossiya va Xitoy prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar Xitoy poytaxtida ertaga, chorshanba kuniga rejalangan yirik harbiy parad arafasida bo‘lib o‘tdi.
"Qadrli do‘stim, men ham, Rossiya hay’ati ham xitoylik o‘rtoqlarimiz va hamkasblarimiz bilan yana bir bor uchrashganimizdan mamnunmiz", - deya Xitoy prezidentiga o‘z mamnuniyatini izhor etdi u.
Rossiya prezidentining bu so‘zlari Kremlning Telegram kanalidagi rasmiy akauntida chop qilingan videoda o‘zining ifodasini topgan.
"Bizning yaqin muloqotimiz Rossiya-Xitoy munosabatlarining strategik xususiyatini aks ettiradi, ular misli ko‘rilmagan darajada yuqori", - deya qo‘shimcha qilgan Vladimir Putin.
Rossiya prezidenti buning ortidan "har doim birga bo‘lganliklari va hozir ham birga ekanliklari"ni bayon qilgan.
Si Szinpin esa Putinga, "Xitoy-Rossiya munosabatlari xalqaro o‘zgarishlar sinovidan o‘tgani"ni aytgan – Pekin "global boshqaruvning yanada adolatli va oqilona tizimini barpo etishga ko‘maklashish" uchun Moskva bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Chorshanba kuni Si Xitoy tarixidagi eng yirik harbiy paradga mezbonlik qiladi.
Parad Xitoyda yaponlarning taslim bo‘lishi, ya’ni Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan.
Shu yil may oyida Rossiya ham xuddi shu sanani bayram qilgan, o‘shanda bo‘lib o‘tgan tantanalarda Xitoy prezidenti ham ishtirok etgan.
Kechayotgan haftadagi uchrashuvlar Si Szinpin Xitoyni xalqaro sahnada nafaqat dunyoning ikkinchi yirik iqtisodi, balki-da, diplomatik qudrat sifatida ham ko‘rsatishga intilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Si Szinpin AQSh prezidenti Donald Trampning bojlar siyosati butun dunyoda iqtisodiy munosabatlarni izdan chiqarayotgan bir vaziyatda mamlakati ishonchli savdo hamkori ekanligini ham ta’kidlagan.
Tramp Rossiya rahbari bilan Ukraina urushini tugatish masalasida haliyam bir to‘xtamga kela olmagan, shunday bir holatda Si Szinpinning Pekinda Putinni xush qarshilashi ikkovlon o‘rtasidagi aloqalarning yaqin ekanini ko‘rsatadi.
Ikkovlon bundan avval o‘z mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarga "cheksiz do‘stlik", deb ham ta’rif berishgan.
Tanqid va qoralov
Kecha, dushanba kungi sammit chog‘ida Si va Putin G‘arb hukumatlarini tanqid qilishgan.
Xitoy prezidenti, aftidan, AQShga ishora qilib, muayyan davlatlarning o‘dag‘aylashlarini qoralagan.
Putin esa, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini himoya qilgan, mojaroga sabab bo‘lganlikda G‘arbni ayblagan.
Muzokaralar Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yakshanba va dushanba kunlari Tyantszin shahrida o‘tkazilgan sammitidan so‘ng bo‘lib o‘tgan.
Sammitda Xitoy prezidenti tashkilotga a’zo davlatlarni, "Sovuq urush davriga xos fikrlash, bloklar o‘rtasidagi qarama-qarshilik va tazyiqona xatti-harakatlarga qarshi turish"ga chaqirgan.
Putin Hindiston, Eron va Pokiston yetakchilari ham ishtirok etgan mazkur sammit eskirgan Yevrotsentrik va Yevro-Atlantik modellar o‘rnini bosadigan yangi tizimga asos solganligini aytgan.
Chorshanba kungi harbiy paradda Shimoliy Koreya Prezidenti Kim Chen In ham ishtirok etadi, u kecha, seshanba kuni o‘zining maxsus poezdida Xitoyga kelgan.
Bu Kimning ilk ko‘p tomonlama xalqaro uchrashuvi bo‘ladi.
Bundan tashqari, bir Shimoliy Koreya lideri bu yaqin o‘n yilliklarda Xitoydagi harbiy paradda ishtirok etmagan – so‘nggi bor bu ishni 1959 yilda Kim Chen Inning bobosi, Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen qilgan.
Aksariyat G‘arb davlatlari yetakchilarining bu paradga kelishlari kutilmayapti.
Ular Putin rejimiga sanksiyalar qo‘llanishiga sabab bo‘lgan Ukraina urushiga qarshi.
Biroq Pekin Putinning Ukrainaga qarshi urushini tanqid qilmagan.
AQSh va uning ittifoqchilari Xitoyni ikki xil maqsadda qo‘llaniluvchi mahsulotlar yetkazib berish va neftini sotib olish bilan Rossiyaning urush harakatlariga yordam berishda ayblashadi.
Ammo Pekin buni izchil ravishda rad etib keladi.
Shimoliy Koreya yetakchisi esa, Rossiyani ham qurol-yarog‘ va ham qo‘shin bilan ta’minlagan.
Xitoy davlat teleradiokompaniyasi CCTVning xabar berishicha, ikki davlat rahbarlari kecha, seshanba kuni Pekindagi Xalq majlislari zalida uchrashishgan.
Qisqacha ma’lumot o‘rnida: Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ulkan jo‘g‘rofiy hududni qamrab olgan va Yer sayyorasi aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot sanaladi.
Aleksey Kalmikov
BBC News Rus xizmati
Bir oy – Jahon siyosati uchun uzoq vaqt.
Vladimir Putin yana Xitoyda. Ammo bu safar vaziyat boshqacha. Ukrainaga bosqindan beri ilk marta Rossiya prezidenti o‘zining asosiy ittifoqchisi – Shi Jinping huzuriga G‘arb sanksiyalaridan qochgan "tobe" sifatida emas, balki AQSh prezidenti bilan teng darajada gaplasha oladigan, yirik siyosiy va harbiy kuch yetakchisi sifatida tashrif buyurmoqda.
Alyaskadan qaytgan Putin uchun bu tashrif g‘alabaga teng. AQShda Donald Tramp uni tantanali tarzda kutib oldi. Putin Trampni Ukrainani bombalamaslik to‘g‘risidagi talablardan hamda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tahdididan voz kechishga ko‘ndirdi.
Tyantszin shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitida Putinni ko‘p sonli mintaqaviy yetakchilar kutib turibdi. Ular orasida KXDR rahbari Kim Chen In ham bor. Shuningdek, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham sammitda ishtirok etmoqda. Uning ham Vashington, ham Pekin bilan munosabati murakkab hisoblanadi.
Biroq bu hali boshlanishi.
Chorshanba kuni Pekinda ko‘plab yetakchilar birgalikda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda qatnashishadi va "Yaponiya tajovuziga qarshi Xitoy xalqi urushdagi g‘alabasi hamda Jahon antifashistik urushidagi g‘alaba"ni nishonlaydilar.
Shunday ekan, bu hafta Xitoydagi voqealar global miqyosda AQShga qarshi yangi ittifoq kuchayishidan darak beryaptimi? Va oxirgi besh yilda sust bo‘lgan Rossiya-Hindiston-Xitoy blogi – G‘arbning jahondagi ustunligiga qarshi turishga qaratilgan kuchli guruh – Trampning savdo urushlari avj olayotgan bir paytda qaytadan uyg‘onish arafasidami?
Tramp Putin va Shini janjalga tortolmaydi
Putinning bu galgi odatdagidan uzoqroq tashrifi G‘arbga Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi "chegara bilmas do‘stlik" yanada mustahkamlanayotganini ko‘rsatish uchun qilingan, deb hisoblaydi ba’zi tahlilchilar. Ularning fikricha, hatto Tramp Ukrainadan voz kechib, sanksiyalarni bekor qilsa ham, Rossiya Xitoydan yuz o‘girmaydi.
Ekspertlar 1970 yillarda AQSh davlat kotibi Henri Kissinjer prezident Richard Nikson davrida Xitoyni Sovet ta’siridan ajrata olganini eslatadilar. Ammo o‘shanda Pekin va Moskva munosabatlari allaqachon tarang bo‘lgan. Bugun esa vaziyat boshqacha.
"Tramp ma’muriyatining Xitoyga savdo bosimini kuchaytirishi faqat Rossiya-Xitoy o‘qini mustahkamlamoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni zaiflashtirish va 'qayta Kissinjer' strategiyasini amalga oshirishga urinishlar aniq natija bermadi", – deydi Pьer Andrie, Osiyo Jamiyati Siyosat instituti eksperti va Rossiya, Tojikiston hamda Moldova davlatlarida faoliyat yuritgan frantsuz diplomati.
"AQShning strategiyasi Ukrainada urushni tugatish va Rossiyaga qaratilgan ba’zi sanksiyalarni olib tashlash orqali Moskva bilan Pekin o‘rtasiga pona qoqish bo‘lsa, u holda Vashington bu sheriklikning chuqurligi va murakkabligini tushnib yetmayapti", – deb yozadi Rossiya-Xitoy munosabatlari bo‘yicha tahlilchi Yevropa Siyosat Tahlillari markazi uchun maqolada.
Xitoy hozirda Rossiyaning asosiy energiya resurslari xaridori va G‘arb kompaniyalari ketganidan so‘ng asosiy avtomobillar hamda boshqa tovarlar yetkazib beruvchisiga aylandi. Ammo Ukrainaga qarshi tajovuz ham ikki davlatning g‘oyaviy do‘stligini mustahkamladi.
"Ikki davlat ham G‘arb liberalizmiga va Amerika 'hukmronligi'ga qarshi chiqmoqda. Ikkalasi ham yadroviy qudrat, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi. Ularning strategik manfaatlari mos keladi", – deydi Andrie.
"Iqtisodiy jihatdan ular bir-birini to‘ldiradi: Rossiya – xomashyoga boy , Xitoy – sanoat va texnologiya jihatidan qudratli", – deb qo‘shimcha qiladi u.
Biroq u yetakchilarning shaxsiy yaqin munosabatlari asosiy omil deb hisoblaydi.
Putin va Shi ko‘p jihatdan o‘xshash: ikkalasi ham 72 yoshda, Sovet davri kommunizmi ostida ulg‘aygan va uzoq yillardan beri hokimiyatda. Ikkalasi ham avtoritar tizim qurgan va muxolifatga toqat qilmaydi.
2022 yil Ukrainaga bosqindan oldin Putin Shi bilan "chegara bilmas do‘stlik va hamkorlik" haqida bayonot imzolagandi. Shi uni "aziz do‘st" deb ataydi. U Putin bilan boshqa har qanday yetakchidan ko‘ra ko‘proq – 40 martadan ziyod uchrashgan.
Ammo bu tashrif alohida ahamiyatga ega.
Vashingtondagi Brukings instituti eksperti Patritsiya Kimning ta’kidlashicha, Xitoy Putinning G‘arbga qayta moyil bo‘lmasligini ta’minlash uchun uning "arqonini qisqa" ushlab turishdan manfaatdor, ammo Rossiyaning kuchayib ketishini ham istamaydi.
"Pekin uchun ideal natija – G‘arbga qarshi tura oladigan, ammo Xitoy orbitasidan chiqmaydigan yetarlicha kuchli, biroq yetarlicha zaif Rossiyadir", – deydi Kim.
"Rossiya Xitoy uchun foydali hamkor. U Shi Jinpingga nafaqat mamlakat ichida, balki butun Markaziy Osiyoda ham barqarorlikni ta’minlashda yordam beradi", – deydi Andrie. – "Shu bilan birga, Pekinga G‘arbiy modelga muqobil dunyo tartibini qo‘llab-quvvatlash va Janubiy globaldan yordam yig‘ish imkoniyatini yaratadi".
Modi sahnaga chiqmoqda
Rossiya-Hindiston-Xitoy uchligidagi uchinchi a’zo – Hindiston – Pekin va Vashington bilan murakkab munosabatlarga ega bo‘lgani sababli bu blokning qayta tiklanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin.
Tyantszindagi ShHT sammiti doirasida Shi va Modining uchrashuvi – Modining yetti yildagi ilk Xitoy tashrifi – katta ahamiyatga ega. Ikki davlat 2020 yildagi Galvan vodiysidagi chegara to‘qnashuvlaridan keyin deyarli muloqot qilmagan edi.
Biroq Hindiston iqtisodiyotidagi qora bulutlar vaziyatni o‘zgartirdi. Tramp Dehlining Rossiya neftni xarid qilishda davom etgani uchun Hindiston tovarlariga katta tariflar joriy qildi va bu sobiq raqiblarni yaqinlashishga majbur qildi.
Shi Modiga "Xitoy va Hindiston raqib emas, sherik bo‘lishi kerak", dedi. Modi esa hozir "tinchlik va barqarorlik muhiti" mavjudligini ta’kidladi.
Har ikki davlat dunyoda aholisi eng ko‘p bo‘lgani bilan birga, eng katta iqtisodiyotlardan ikkisi hamdir.
Modi Hindiston-Xitoy aviaqatnovlari – chegara nizosidan beri besh yildan buyon to‘xtab qolgan parvozlar qayta tiklanishini e’lon qildi, ammo aniq muddat ko‘rsatmadi.
Shi esa: "Ikki tomon munosabatlarimizga strategik va uzoq muddatli nuqtai nazardan yondashishi kerak. Ikki davlat do‘st bo‘lishi to‘g‘ri tanlovdir", dedi.
Ittifoqlar kelajagi
Tahlilchilarning aytishicha, agar Rossiya-Hindiston-Xitoy dunyodagi yirik iqtisodli davlatlar ishtirokida samarali ravishda qayta tiklansa (Rossiya va Xitoy buni xohlaganini bildirishgan) – U Vashington ta’siriga qarshi turishi mumkin.
Biroq Hindiston uchun bu o‘ta nozik muvozanat talab qiladi. Trampning tariflariga qaramay, u Xitoy bilan ishonch muammolarini hal qilishi kerak.
Ekspertlarga ko‘ra, Hindiston mustaqil tashqi siyosatni saqlab qolishni xohlaydi. Xitoy bilan bo‘lgan halokatli chegara to‘qnashuvlari xotirasi ham hanuz yangidir. Shuningdek, Hindiston Xitoyning Pokiston bilan yaqin aloqalaridan ham xavotirda.
Shuningdek, AQSh bilan yaqinlashishga qaratilgan o‘n yilliklar davomidagi shakllangan diplomatiyani ham qayta ko‘rib chiqishga, kerak bo‘lsa bekor qilishga to‘g‘ri keladi. Bu esa Hindiston uchun AQShga qarshi ittifoqka to‘liq qo‘shilish uchun katta badal to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Ammo bu haftagi manzarani inkor etish qiyin.
Putin va Kim 26 davlat rahbarlari orasida, Pekindagi harbiy paradda Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyan bilan birga ishtirok etishlari kutilmoqda.
Yuqori darajada tayyorlangan bu tadbirda o‘n minglab harbiylar tarixiy Tyananmen maydonida saf tortib yurib o‘tishadi. Paradda Xitoy armiyasining 45 ta "eshelon"idan harbiylar hamda urush veteranlari qatnashadi.
"Tarixda ilk marta Xitoy, Rossiya, Eron va KXDR rahbarlari 3 sentyabr kuni Pekinda bir joyda – harbiy paradda yig‘iladi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Bu yig‘ilish avtokratlar 'o‘qi'ning ilk sammitimikan?" – deb so‘raydi Osiyo Jamiyati Siyosat instituti eksperti Nil Tomas.
Uning aytishicha, bu ittifoq uzoqqa cho‘zilmaydi, chunki qatnashchilarning maqsadlari turlicha va ular bir-biriga ishonmaydi.
"Ammo Putin, Pezeshkiyan va Kimning ishtiroki Xitoyning jahondagi yetakchi avtoritar kuch sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi", – deb xulosa qiladi u.
Shunday qilib, bu hafta Xitoydagi voqealar nafaqat ShHT, Rossiya-Hindiston-Xitoy yoki BRIKS kabi ittifoqlarning Vashingtonga qarshi turishini ko‘rsatmoqda, balki Xitoyning shubhasiz ravishda bu kabi ittifoqlarning markaziga aylanayotganini namoyish etmoqda.