You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Nipah tufayli O‘zbekiston Hindiston reyslari nazoratini kuchaytirdi: bu qanday virus? (Video)
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
Hindistonning G‘arbiy Bengal shtatida hayot uchun xavfli Nipah virusi avj olgani haqida xabar berildi. Kasallik tarqalishining oldini olish uchun bir qator Osiyo mamlakatlari rasmiylari Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilarni tekshirishni kuchaytirdilar.
Tailand G‘arbiy Bengaldan reyslarni qabul qiladigan uchta aeroportda yo‘lovchilarni tekshirishni boshladi.
Nepal nafaqat poytaxt Katmandu aeroportiga kelayotganlarni, balki Hindiston bilan quruqlikdagi chegara o‘tish joylari orqali mamlakatga kirayotganlarni ham tekshirmoqda.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari ham chegara o‘tish joylarida tibbiy ko‘rikni kuchaytirdilar.
Yanvar oyi boshida G‘arbiy Bengaldagi besh nafar tibbiyot xodimi virusni yuqtirgandi; ulardan biri og‘ir ahvolda. Ular bilan aloqada bo‘lgan taxminan 110 kishi karantinga olingan.
Virus hayvonlardan odamlarga yuqishi mumkin. Ushbu kasallikka qarshi emlash yoki davolash usuli yo‘qligi sababli, o‘lim darajasi juda yuqori - 40% dan 75% gacha.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegara nazoratini kuchaytirmoqda
Chegara nazorati kuchaytirilgan O‘zbekiston rasmiylari kasallik holatlari haqida xabar bermadi. Ularning ta’kidlashicha, "bu kasallikning mamlakatimizga kirish ehtimoli juda past".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Seshanba kuni 24.kg axborot agentligi Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, mamlakatda kasallik holatlari qayd etilmaganini xabar qildi.
"Vahima qilishga hech qanday sabab yo‘q. Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi har qanday potentsial epidemiologik tahdidlarga tezkorlik bilan javob berishga tayyor", deya ta’kidladi vazirlik.
Agentlik chegarada sanitariya nazorati "infektsiyaning oldini olish uchun" kuchaytirilganini tasdiqladi.
Avvalroq, Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi chegarada sanitariya va karantin nazorati kuchaytirilgani, "ayniqsa, Hindiston va boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan kelgan fuqarolarga" e’tibor qaratilayotgani haqida xabar bergan edi.
Nipah virusi nima va uning belgilari qanday?
Nipah virusi odamlarga cho‘chqa va ko‘rshapalak kabi hayvonlardan yuqishi mumkin. U shuningdek, odamdan odamga ifloslangan oziq-ovqat orqali ham yuqa oladi.
Epidemiya xavfi tufayli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Nipahni COVID-19 va Zika virusi bilan birga eng xavfli 10 ta kasallik qatoriga kiritgan.
Nipah virusining inkubatsiya davri to‘rt kundan 14 kungacha.
Alomatlar har xil bo‘lishi va ba’zida kasallik alomatlarsiz kechishi mumkin.