Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasidagi "Dostuk" posti: Tizimli korruptsiya zanjiri uzildimi? Video

- Author, Davron Hotam
- Role, BBC muxbiri, Qirg'iziston
- O'qilish vaqti: 4 daq
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) O‘sh viloyatidagi eng yirik "Dostuk" chegara posti rahbarini hibsga oldi.
O‘zbekiston va qirg‘izistonlik aksariyat yo‘lovchilarning tinimsiz shikoyatlariga sabab bo‘lgan "sun’iy navbatlar" va "pul evaziga o‘tkazish" tizimi ortida kim turganligi rasman ochiqlandi.
MXDQ xabarida aytilishicha, amaldor chegara postida tizimli ravishda pul undirish mexanizmini yo‘lga qo‘ygan.
Ma’lum bo‘lishicha, chegarada sun’iy ravishda tirbandlik va uzun navbatlar tashkil etilgan. Navbatda soatlab qolib ketishni istamagan yo‘lovchilar uchun "o‘rtamchilar" paydo bo‘lib, ma’lum miqdordagi pul evaziga to‘siqsiz o‘tish taklif qilingan.
"Gumonlanuvchi vositachilar orqali chet ellik fuqarolardan doimiy ravishda pul olib turgan va chegarada jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga homiylik qilib kelgan," — deyiladi MXDQning rasmiy xabarida.
Hozircha hibsga olingan A.N.O. yoki uning himoyachisi ayblovlarga nisbatan rasmiy munosabat bildirmagan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Qirg‘iziston MXDQ raisi Qamchibek Tashiev «Dostuk» chegara postidagi vaziyatni o‘rganish maqsadida bunga qadar bir necha bor ushbu maskanga borgan. Qo‘mita matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolarda Tashiev ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilar tomonidan bildirilgan shikoyatlar — uzun navbatlar va pul talab qilish holatlari bo‘yicha post mutasaddilaridan izoh so‘raganini ko‘rish mumkin.
Tekshiruv vaqtida MXDQ raisi chegara xizmati xodimlari o‘rtasida korruptsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani yoki yo‘qligi bilan qiziqqan. O‘sha vaqtda "Dostuk" nazorat o‘tkazish punktining yetakchisi navbatlarning yuzaga kelishini hujjatlarni tekshiruvchi xodimlar sonining kamligi bilan izohlab, chegarada korruptsiya holatlari mavjud emasligini, navbatlar esa faqat texnik va xodimlar yetishmovchiligi sababli paydo bo‘layotganini bildirgan.
Bugungi vaziyat: Postda «havo» o‘zgardimi?
"Dostuk" nazorat-o‘tkazish punkti boshlig‘i qo‘lga olinganidan ikki kun o‘tib, mazkur chegara hududidan o‘tayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashdik.

Ular bugun chegaradan o‘tuvchilar ancha kam ekani va shu bilan birga navbat kutishlar ham bo‘lmayotganini aytishdi.
"Bugun juda yaxshi. Hech ham "ochered" yo‘q. Hammasi yaxshi. Kirsak, kim kelar ekan deb, qator o‘tirishgan ekan. Kirishimiz bilan pechatlarimizni bosib berdi. Men bu chegaradan ko‘p o‘taman. Oldin rostdan ham navbat kutish ko‘p bo‘lardi. Bugun unday emas. O‘zimiz ham juda xursand bo‘lib, o‘tib kelyapmiz", - deydi o‘zbekistonlik Inobatxon Xojimatova BBC bilan suhbatda.
O‘zini Matlubaxon Xolmirzaeva deb tanishtirgan yana bir o‘zbekistonlik yo‘lovchi esa, avval Rossiyada yurgani uchun, ko‘p yillardan beri endi birinchi marta O‘shga kelganini aytdi.
"Men Rossiyadan yaqinda keldim. Bu chegaradan oxirgi marta o‘tganimga ko‘p yil bo‘lib ketdi. Bugun ertalab O‘shga o‘tgandim, hozir endi qaytib ketyapman. Hech muammo bo‘lmadi. Ko‘p kutmadim".

BBC savollariga javob bergan boshqa yo‘lovchilar va og‘ir yuk tashuvchi avtomobil haydovchilari ham chegaradan o‘tishda qiyinchilik yo‘q ekanini ta’kidlashdi.
Chegara xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, "Dostuk"postining kunlik o‘tkazish quvvati 16 ming kishiga mo‘ljallangan. Ammo amalda sutkasiga 18 mingdan 26 minggacha odam o‘tmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistondagi Qorasuv bozorida ulgurji savdo bo‘ladigan kunlari oqim keskin ortadi.
"Meni qamoq bilan qo‘rqitishdi"
O‘shlik mustaqil jurnalist Shohrux Soipov o‘z Facebook sahifasida so‘nggi 3-4 yil davomida ushbu postdagi vaziyat haqida shunday deydi:
"O‘sh shahridagi "Dostuk" nazorat-o‘tkazish punkti boshlig‘ining Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) xodimlari tomonidan hibsga olinishi ushbu o‘tkazish punktida tizimli korruptsiya mavjudligini yaqqol ko‘rsatib bermoqda.
So‘nggi 3-4 yil davomida men bu muammoni bir necha bor yoritib, aniq qonunbuzarlik faktlarini ko‘rsatib kelganman", - deb yozadi Shoxrux Soipov.
Jurnalistning yozishicha, u 2023 yil fevralida shaxsan postdan o‘tib, korruptsiya holatini videoga olgan. Shundan keyin u militsiyaga so‘roqqa chaqirilib, "millatlararo adovat qo‘zg‘ish" va "provokatsiya"da ayblangan.
"Chegara bo‘yicha korruptsiya haqida ko‘plab murojaatlardan so‘ng, 2023 yil fevral oyida erta tongda men shaxsan "Dostuk" nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tishga qaror qildim. Chegarachilar tomonidan korruptsiya faktlari haqiqatan ham tasdiqlandi. Men sodir bo‘layotgan voqealarni videoga tushirdim va o‘zimning surishtiruv natijalarimni e’lon qildim.
"Dostuk" punktidagi korruptsiyani yoritganimdan keyin meni provokatsiya qilishda, milliy adovat uyg‘otishda ayblashdi, qamoqqa tashlanishim kerakligini aytishdi.
Bu muammo haqida yozganlarimdan so‘ng meni militsiyaga so‘roqqa chaqirishdi, shuningdek, ayrim shaxslar tomonidan tahdid va qo‘rqitishlarga duch keldim. Ayniqsa, "Dostuk" nazorat-o‘tkazish punktidagi korruptsiyani yoritganimdan keyin qattiq bosim ko‘rsatildi: meni provokatsiya qilishda, milliy adovat uyg‘otishda ayblashdi, qamoqqa tashlanishim kerakligini aytishdi va boshqa bema’ni ayblovlar bildirdilar", - deb yozadi Shoxrux Soipov.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi eng yirik hamda gavjum bo‘lgan "Dostuk" chegara postida tez-tez tekshiruvlar o‘tkazib turish kerak. Bu Qirg‘izistonning obro‘si uchun muhim, deb hisoblaydi mustaqil jurnalist.
"Do‘stlik": Yopiq eshiklardan strategik darvozagacha
"Dostuk" (Do‘stlik) nazorat-o‘tkazish maskani nafaqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston, balki butun Farg‘ona vodiysi uchun strategik ahamiyatga ega. Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanini O‘sh shahri bilan bog‘lovchi ushbu post ikki xalq o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarning asosiy bog‘lovchi yo‘lagi hisoblanadi.
Biroq, bu yo‘lak doim ham ochiq bo‘lmagan. 2005 yildagi Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi voqealar, xususan, Andijondagi namoyishlarning qonli bostirilishi ortidan ikki davlat o‘rtasidagi chegara aloqalari yomonlashib, ko‘plab o‘tkazish punktlari, jumladan, "Dostuk" ham yillar davomida deyarli yopiq holatda qolgan yoki o‘tish tartibi o‘ta qattiq cheklangan edi. O‘sha vaqtlarda oddiy fuqarolar uchun chegaradan o‘tish haqiqiy sinovga aylangan, oilaviy rishtalar va savdo aloqalari uzilib qolgandi.
Vaziyat 2016 yilda O‘zbekistonda siyosiy hokimiyat almashganidan so‘ng tubdan o‘zgardi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Prezident Mirziyoyevning ochiqlik siyosati natijasi o‘laroq Bishkek va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashdi. 2017 yil sentyabrь oyida "Dostuk" posti tantanali ravishda qayta ochildi. Bu voqea ikki xalq uchun tarixiy kun sifatida esda qoldi — odamlar chegarada bir-birlarini ko‘z yoshlari va karnay-surnaylar bilan kutib olishgan edi.
Bugungi kunda "Dostuk" orqali nafaqat minglab yo‘lovchilar, balki millionlab dollarlik tovarlar aylanmasi o‘tadi.
Hozirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida umumiy 15 nazorat o‘tkazish punkti ishlamoqda.





























