Bloomberg: YeI Qirg‘izistonga nisbatan jazo choralarini muhokama qilmoqda

Surat manbasi, Расмий
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan tayyorlanayotgan navbatdagi cheklovlar doirasida Qirg‘izistonga qarshi jazo choralari joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukrainadagi urush sabab Rossiyaga qarshi yangi 20-sanksiya paketi tayyorlanyapti. Unda sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi yangi qoidalar bor. Bu qoidalar birinchi bo‘lib Qirg‘izistonga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan ehtimoliy choralar orasida Qirg‘izistonga stanoklar va radioelektron uskunalar eksport qilishga cheklov joriy etish masalasi ham bor. Biroq nashr bu choralar Qirg‘izistonda aynan qaysi tarmoqlarga taalluqli bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.
G‘arb davlatlari Ukrainada urush boshlanganidan beri Qirg‘iziston Rossiyaga taqiqlangan tovarlarni yetkazib berishda asosiy tranzit yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidlab keladi. Ularning qayd etishicha, Yevropadan Qirg‘izistonga eksport qilinayotgan tovarlarning salmoqli qismi amalda Rossiya bozoriga yo‘naltirilmoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Brookings Institution tahliliy markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Yevropa davlatlaridan Qirg‘izistonga eksport hajmlari keskin oshgan. Xususan, Estoniyadan eksport 10 ming foizga, Finlandiyadan 3100 foizga, Polshadan 2200 foizga, Gretsiyadan 2100 foizga o‘sgan. Norvegiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Chexiyadan yetkazib berish hajmlari ham 1000 foizdan ortiqqa ko‘paygan.
"Qirg‘iziston Rossiyaga yetkazib berilayotgan Yevropa tovarlarining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib qoldi", deydi Brookings Institution iqtisodchisi Robin Bruks.
Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri AQSh, Britaniya va Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistondagi bir qator kompaniyalarni, banklarni va kripto-korxonalarni "Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashgan" degan vaj bilan qora ro‘yxatga kiritgan. Ularning orasida KIFIKO LLC, Grinex LLC, Old Vector LLC, Tengricoin kabi kompaniyalar, shuningdek "Kapital", "Keremet", "Tolubay Bank" va "Yevraziya omonat banki" kabi banklar bor.
Ushbu ishxonalar orasida kripto tarmog‘ida faoliyat yuritadiganlari ham bor. Masalan, Qirg‘izistonda o‘tgan yili Grinex kriptovalyuta birjasi ish boshlagan.
Ushbu platformada rublga bog‘langan A7A5 steyblkoinigina qo‘llaniladi. Financial Times o‘z surishtiruvida ushbu birja Rossiyada yashovchi va G‘arb sanksiyasiga tushgan moldovalik oligarx Ilan Shor hamda Rossiya mudofaa sohasiga aloqador "Promsvyazbank" tomonidan tashkil etilganini yozgan.
G‘arb nashrlari 2025-2026 yillarda Grinex kriptobirjasi orqali milliardlab AQSh dollaridagi mablag‘ aylanganini va buning Rossiyaning sanksiyalar ostidagi yashirin to‘lovlari bilan bog‘liqligini yozishmoqda.
Bryusselda bunday sxemalar sanksiyalar samaradorligini pasaytiradi deb hisoblashadi. Shu sababli Yevropa Ittifoqi "ikkinchi darajali sanksiyalar" deb ataluvchi mexanizmni, boshqacha aytganda, sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashayotgan uchinchi davlatlarga bosim o‘tkazish choralarini qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiya paketini 24 fevralda tasdiqlashni rejalashtirgan.
Qirg‘iziston bunga nima deydi?
Sanksiyalar joriy etilganiga qaramay, Qirg‘iziston an’anaviy va barqaror sheriklari bilan savdo-sotiqni to‘xtata olmaydi...
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubaev 15 yanvardagi matbuot anjumanida mamlakatga nisbatan joriy etilayotgan sanksiyalar bo‘yicha G‘arb davlatlari bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston tomoni o‘z argumentlarini taqdim etib, hatto mustaqil audit o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan. Biroq, "hamkorlar buni maqsadga muvofiq emas deb topib, bir tomonlama sanksiyalar kiritishda davom etmoqdalar".
"Biz Yevropa Ittifoqi va AQShdagi hamkorlarimiz bilan kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha doimiy ravishda ishlayapmiz. Bir qator maslahatlashuvlar o‘tkazdik, unda o‘z dalillarimizni keltirib, hatto mustaqil audit o‘tkazishni taklif qildik. Biroq hozirda bizning hamkorlar buni maqsadga muvofiq emas deb hisoblab, bir tomonlama tartibda sanksiyalar kiritishda davom etishmoqda, Biz buni noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va biz orqali katta tranzit va savdo oqimi o‘tadi. Biz sanksiya rejimlari bo‘yicha ishni davom ettiramiz, lekin ular sanksiya kirityapti deb, an’anaviy va barqaror sheriklarimiz bilan savdo-sotiqni to‘xtatib qo‘ya olmaymiz", dedi Kulubaev.
Vazir ta’kidlaganidek, dunyodagi inqirozlar davrida Qirg‘izistonning iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan, shu bois davlatning asosiy vazifasi — xalq farovonligi va xavfsizligini ta’minlash uchun savdo-sotiqni davom ettirishdir. "Biz buni G‘arbdagi hamkasblarimizga yetkazmoqdamiz", — dedi Kulubaev.
Shuningdek vazir Qirg‘iziston barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni qat’iy bajarib kelayotganini qo‘shimcha qildi.
"Biz xalqaro majburiyat va kelishuvlarga amal qilayotganimizni aytmoqdamiz. Agar jiddiy dalillar bo‘lsa, marhamat, ularni bizga isbotlab bering, deyapmiz. Ular hali isbotlab berishgani yo‘q. Biroq, shunga qaramay, bir tomonlama tartibda sanksiyalar e’lon qilishmoqda. Biz buni noto‘g‘ri deb hisoblaymiz, bu haqda prezidentimiz ham aytgan edi. Biz Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya vakillari bilan muzokaralar olib boryapmiz va bu ish joriy yilda ham davom ettiriladi", — dedi vazir.
Prezident Sadir Japarov 2025 yilning sentyabrida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatga qo‘yilgan sanksiyalarni asossiz deb atab, buni ichki ishlarga aralashish sifatida baholagan edi.
Japarov Qirg‘iziston o‘z iqtisodiyotini mustaqil ravishda yuksaltirishga intilayotganini va xalqaro majburiyatlarini doimo qat’iy bajarib kelayotganini ta’kidlagan.
"2024 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya bilan 141 milliard dollarlik savdo qilgan bo‘lsa, shundan 36 milliard dollari Rossiyadan import qilingan tovarlar bo‘lgan. Bizning ikkita bankimizga qarshi sanksiya e’lon qilgan Britaniyaning o‘zi esa 2024 yilda Rossiya bilan 2,2 milliard dollarlik savdo aylanmasiga ega bo‘lgan. Kimdir Rossiya bilan hamkorlik qilish imkoniyatini xudbinlik bilan faqat o‘zida qoldirib, o‘z manfaatlarini himoya qilib, boshqalarga taqiq qo‘ygan. Bizga Rossiya bilan hamkorlik qilmanglar degan talabni qo‘yasiz-u, lekin o‘zlaringiz keng ko‘lamda hamkorlik qilyapsizlar. Bizni sizlarga qaraganda Rossiya bilan ancha ko‘p iqtisodiy rishtalar bog‘lab turadi", — degan Japarov.
U Qirg‘iziston boshqalar bilan ziddiyatga kirishishni istamasligini, deyarli barcha davlatlar bilan hamkorlik qilib, ko‘p vektorli siyosat yuritishini aytib, Qirg‘iziston xuddi shu Angliyaning o‘ziga yiliga 1 milliard dollarlik oltin sotishini misol qilgan.















